BIZ AYTMASAK, kim aytadi?!

 

Maktabda o‘qib yurgan kezlarimiz bolalar nashrini sinf rahbarimiz birinchi soat boshlanishidan avval partamiz ustiga qo‘yib ketardi. Gazetaning keyingi sonini sinfdoshlarimiz bilan intiqlik bilan kutardik… Talabalik davrimizda darsga borishdan avval ishni gazeta do‘konlarida navbatga turishdan boshlar edik. Gohida usha paytdagi sanoqli nomdagi gazeta yoki jurnal yetmay qolsa, o‘sha kun go‘yoki besamar o‘tayotgandek tuyulardi bizga. Kutubxonalardagi “Davriy nashr zali” ham hamisha gavjum edi. Eng muhimi, gazeta va jurnallarning mazmun-saviyasi ancha baland edi.

 

 Bugun-chi?! Mehnat faoliyatim taqozosiga ko‘ra, har kuni respublikada chop etilayotgan barcha bosma ommaviy axborot vositalarini (ular turli soha va muassislikda 1000 dan ortiq nomda ro‘yxatga olingan) mutolaa qilishga to‘g‘ri keladi. To‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, gazeta va jurnallarda e’lon qilinayotgan maqolalar saviyasi o‘tgan yillardagidan ancha farq qiladi. Bu borada, nazarimizda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning virtual qabulxonasi, u kishining xalq bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazib kelayotganligi, Oliy Majlis deputatlari va senatorlari joylardagi islohotlar jarayoni bilan bevosita tanishib borayotganligi, respublika va viloyatlar darajasidagi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari axborot xizmatlarining tashkil etilgani va albatta aholining huquqiy savodxonligi yuksalib borayotgani katta turtki bo‘lib xizmat qilmoqda. Bundan bir yil avval bosma nashrlarda sanoqli tanqidiy-tahliliy materiallar chop etilgani hech kimga sir emas. Ularning aksariyati bozorlarning sanitariya holati, yoki yo‘l qurilishidagi, mahallalardagi kamchiliklar kabi ijtimoiy-maishiy muammolardan iborat edi. Bugungi kunda esa jurnalistlar global mavzularni teran tahlil qilib, muammolarni hal qilish yo‘lini izlab topishga yordam bermoqda. Ya’ni jurnalistlar tanqiddan “parhez qilish”dan voz kechmoqda. Xususan, partiya nashrlari, viloyat gazeta va jurnallaridagi mazmunli, ta’sirchan maqolalar ko‘payib borayotgani quvonarli hol.

 

Masalan, “Zarafshon” — “Samarkandskiy vestnik” gazetalaridagi chop etilgan maqolalar mavzusi, ulardagi ifoda etgan aspektlar zamon bilan hamnafas bo‘lib kelayotganidan darak beradi. “Mulohaza uchun mavzu”, “Prezident tashrifidan so‘ng…”, “Loyiha tasdiqlandi. Keyin-chi?”, “Ro‘zg‘orini uddalayotganlar”, “Tumanlarda nima gap?”, “Xat tahrirsiz bosilmoqda”, “Siz nima deysiz?” kabi ruknlar ostida berilayotgan maqolalarda viloyat hayotidagi sohalarda mavjud kamchiliklar tanqid qilingan. Yaqinda ushbu gazeta tomonidan milliy jurnalistikamizda so‘nggi paytlarda anqoning urug‘iga aylangan “feleton” janri ham “tiklandi”. Bundan tashqari, “Do‘stlik bayrog‘i”—“Znamya drujbы” (Navoiy viloyati), “Qashqadaryo”—“Novosti Kashkadari” gazetalaridagi maqolalarda mavzularni talqin etishda professionallarcha yondashuv yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ushbu gazeta adadlari ham anchagina. Respublika miqyosida tarqatilayotgan “Kitob dunyosi” gazetasi bundan bir necha yil avval atigi 500—700 nusxada chop etilgani ayni haqiqat. Nashr o‘z kasbining ustalari, mohir jurnalistlar va tashkilotchi muassislar qo‘liga o‘tganidan so‘ng keng adabiyot va kitob mutolaasi ixlosmandlari auditoriyasini egalladi, deyishimiz mumkin. Bugungi kunda ushbu gazetada chop etilayotgan maqolalar ham jamiyatimizda olib borilayotgan islohotlar bilan hamohangdir. Tahririyat xalqaro aloqalarni rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratgan. Jahon adabiyotining yetuk adiblarining milliy o‘zbek adabiyoti xususidagi fikr-mulohazalaridan iborat maqolalar, dunyo adabiyoti durdonalaridan bevosita asliyatdan tarjima qilgan holda chop etayotir. Bu o‘z navbatida mushtariylarni befarq qoldirmayapti.

So‘nggi paytlarda ba’zi tuman gazetalari ham o‘z muassislari (hokimliklar) ko‘magi bilan qo‘yilgan vazifalarni to‘laqonli bajaryapti. Jumladan, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani hokimligining bosh nashri sanalgan “Sariosiyo” gazetasida u yoki bu muammoni o‘zida aks etgan qator maqolalarni chop etdi. Nashrning poligrafik sifati, dizayni ham talab darajasida. Shuningdek, “Hazoraspnoma” gazetasi tumanda yaqinda tashkil etilgan “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi ko‘zgusiga aylandi, desak mubolag‘a emas. Gazeta muharriri J.Usmanova tuman kengashi deputati. Uning maqolalarida davr nafasi ufurib turadi. Muharrir respublika miqyosida o‘tkazilayotgan seminar, ko‘rik-tanlovlar, ko‘rgazmalarda har doim gazetasi haqidagi buklet, ajoyib banner bilan hoziru nozir. Hamisha malakasini oshirishga, ilg‘or tajribalarni gazetasida tatbiq etishga intiladi. Gazetada tuman yoshlari hayotiga oid maqolalarga alohida e’tibor qaratilgan. 

Qiziltepa tumani hokimligi nashri sanalgan “Qiziltepa tongi” gazetasini bir necha yildirki, matbuot faxriysi Rahim Maqsudov boshqarib keladi. Tiraji 10 ming nusxadan kam emas. (25 avgust holatida 11872 nusxa). Bu ko‘rsatkich ayrim respublika nashrimiz deb iddao qiladigan nashrlardan anchagina yuqori. Zero, tahririyat o‘z auditoriyasidan uzoqlashmagan. 

Afsuski, markaziy gazetalarimizning viloyat muxbirlari tayyorlayotgan maqola va xabarlar shablondan boshqa narsa emas. Ular o‘z viloyatlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni maqtashdan nariga o‘tmaydi. Qani endi, markaziy nashrlarimizning viloyatlaridagi maxsus muxbirlari ham joylardagi muammolarni chuqur o‘rganib, ilg‘or tajriba va kamchiliklarning ildizini aniqlab tahliliy maqolalar yozsalar, maqsadga muvofiq bo‘lardi. An’anaga kirib qolgan, biz — jurnalistlar Yurtboshimiz joylardagi muammolar haqida gapirganida yoki biror-bir farmon va qaror e’lon qilinganidan so‘ng darhol “qo‘lga qalam” olamiz. Aslida joylardagi muammolar haqida eng avvalo, jurnalistlar bong urishlari kerak. Ya’ni biz birinchi bo‘lib aytmasak, kim aytishi kerak?! Axir, Prezidentimiz jurnalistlarga “eng yaqin hamkor va yordamchi” deb, yuksak baho bergan-ku! 

Gazeta va jurnallar tahlili so‘nggi paytlarda nashrlarda tahrir maktabi oqsayotganidan dalolat bermoqda. Eng achinarlisi, imloviy xatolar talaygina, boy o‘zbek tilimizga bepisandlik va mas’uliyatsizlik bilan yondashish nashrlarning bilim manbai emas, savodsizlik manbai bo‘lib xizmat qilishiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, Xalq ta’limi vazirligi, Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti muassisligidagi “Uzluksiz ta’lim” ilmiy-uslubiy jurnalining 2016 yil 6-soni, 2017 yil 1, 2, 3-sonlari tahlil qilinganda nashr sahifalarida qonunbuzilish holatlari mavjudligi aniqlandi. Nashr sahifalarida bir qator fakt va ismlar noto‘g‘ri talqin qilingan. Masalan, 2016 yil 6-soni 12-betida o‘rta asr shoirasi Robiya Balxiy “Robal Balxiy” deb berilgan. 2017 yil 3-soni 62-betida esa “o‘afur o‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi o‘rnida “o‘ulom nomidagi nashriyot matbaa uyi” deb noto‘g‘ri yozilgan. Mazkur jurnalning 3-sahifasida “Maqolalarda keltirilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligiga mualliflar javobgardir” mazmunidagi eslatma mavjud. Holbuki, O‘zbekiston Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasida “Ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlariga binoan axborotni izlash, olish, tarqatish huquqiga ega hamda tarqatilayotgan axborotning xolisligi va ishonchliligi uchun belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi”deyilgan. Ya’ni nashr — tahririyat mazkur talabga rioya qilmagan.

Jurnal mualliflari asosan professor-o‘qituvchilardan, professional mutaxassislardan iborat. Nashr ta’lim tizimidagi mutaxassislar uchun ilmiy-uslubiy qo‘llanma sifatida ro‘yxatga olingan. Qolaversa, har bir nashr savodxonlik manbai bo‘lib xizmat qilishi zarur. Ammo jurnalning har bir sonida ko‘plab imlo va uslubiy xatolarga yo‘l qo‘yilayotganiga nima deysiz? Jumladan, jurnalning 2016 yil 6-sonining 12-sahifasida mashhur shoiramiz Zebuniso” ismi “Zebiniso”, “adabiyot va san’at nashriyoti” “abadiyot va san’at nashriyoti” shaklida, forscha “nashud” so‘zi “nashut”, “In jost”( “shu yerdur”) “Kelmadi” deb noto‘g‘ri talqin etilgan. Mazkur sonning 61-sahifasida “akademik litsey” iborasi “akademik letsey”, 2017 yil 1-soni 49-betida Abu Nasr Forobiy “Farobiy”, (aynan ushbu sonning 76-betida “Abu Nasr Forobiy), shaklida, 2-sonning (96-betda) “tadqiq” so‘zi “tatqiq” shaklida, 102-betda foydalanilgan adabiyotni ko‘rsatilayotganda asarning nomini “Barkamol avlod — Uzbekiston taravdiyotining poydevori” shaklida noto‘g‘ri talqin etilgan. Jurnalning ushbu sonining 26-betida Respublika Prezidentining o‘qituvchi va murabbiylarga yo‘llagan tabrigi “O‘zbekiston o‘qituvchi murabbiylariga tabrigi”, 106-betda “muammo” so‘zi “muamo” tarzida xato yozilgan. Jurnalning 3-soni 7-sahifasida foydalanilgan kitob muallifi 7-betda “F D Finaroo‘” shaklida, 23-betda “O‘quvchilar” — “O‘2uvchilar”, 58-betda “suiiste’mol” — “suiste’mol”, 59-betda “azbaroi”— “azboroyi”, 66-betda “guruh”— guruq”, “muqaddas”—“muhaddas” shaklida berilgan. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Jurnaldagi materiallarni tahlil qilish jarayonida o‘zbek tiliga umuman begona bo‘lgan, mantiqqa zid iboralar qo‘llanilgani aniqlandi: 2016 yil 6-soni 10-betida “sof “ishqiy muhabbat”, 2017 yil 1-sonining 76-betida “Aqliy tafakkur”, 3-sonda (36-bet) “samarali faoliyat” o‘rniga, “mahsuldor faoliyat”, “qum to‘dasi va hokazo. Shuningdek, jurnal maqolalarida aksar holatlarda “H” va “X” harflari noto‘g‘ri qo‘llanilgan. Jurnalda ta’kidlanganidek, “har qanday odamning adabiy til normasini qay darajada egallaganligi uning umumiy madaniy saviyasi bilan belgilanadi” (3-son, 23-bet). Yuqorida ko‘rsatilgan xatolar jurnal faoliyati maqoladagi ushbu tamoyilga mutlaqo zid ekanligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. O‘zbekiston Respublikasi “Davlat tili haqida”gi qonuni 7-moddasida, davlat tili rasmiy amal qilinadigan doiralarda o‘zbek adabiy tilining ilmiy qoidalari va normalariga rioya etiladi, deyilgan. “A’lo kayfiyat” jurnalining 2017 yil 7-sonining 75-sahifasida Afg‘onistonda xizmat qilgan rus askari tilidan quyidagi xato jumlalar keltirilgan: “Ey patsan, but ostorojnыy, ot vas jenshina avganka rastrelish!”. 77-betda “Patsan, eto delo dorogo oboybittsa”, 78-betda “Pattsan, speshi, a to opozdaesh”. 

SHunday munosabatni “CHASTNЫY SEKTOR”da ham ko‘ramiz. Ushbu reklama gazetasining deyarli har bir sonida o‘zbek tilidagi e’lon va reklamalarda davlat tili haqidagi qonun  qo‘pol ravishda buzilib, chop etilgani aniqlandi. Go‘yoki, o‘zbek tilida yangi atamalar joriy etilgandek. Masalan, gazetaning 2017 yil 3, 24, 31 avgust (№ 31, 34, 35)-sonlarining 12-, 13-sahifalarida ayrim reklamalar quyidagi mazmunda berilgan:“Gushtni kayta ishlash tsexiga: texnolog-kiyma tayerlovchi, boglovchi, pishiruvchi, ishlab-chikarish menedjeri, obvalshik, xisobchi yerdamchisi va oddiy ishchilar. Fakat shu soxa vakillariga. Zangiota tumani xokimiyati, Keles daxasi, “Saxovat tuyxonasi”. Yoki “Paypok tsexiga 18 dan 30 yeshgachaa bulgan yigit va kizlarni ishga taklif kilamiz. Muljal — Zangiota tumani, “Orom” kafesi ruparasida”. Bunday misollarni gazetaning deyarli har bir sonidan keltirish mumkin. Tilga bepisand munosabatda bo‘lish oqibatida bir qator o‘zbek iboralari qo‘pol tarzda gazetxonlar (ayni vaqtda reklama iste’molchilari) e’tiboriga havola etilgan: “Xujalik ishlari bulimi boshligi”, “ael va kizlarni tikuv korxonasiga ishga kabul kilamiz”, “Aellarga va kizlarga kushimcha daromadli ish”, “Muljal-Kukcha Oklon, oylik-800 000 sumdan”, “Guzallik saloni”, “etokxona”, “tuy liboslari”, “ishlab chikarish”, “kurilish mollari”, “tajribasi 3 yildan yukori”, “medik va ukituvchilar”, “Kushimcha daromad”, “boshka ishchilar”, “kime”, “adabiet”, “erdamchilar”, fermer xujaligi”, “daxa” va hokazo. Shuningdek, ayrim reklama matnlarida Toshkent shahrining toponimikasi ham noto‘g‘ri keltirilgan: “Dumbirobod”, Kukcha”, “Oklon”, “Kuylik”, “Urtachirchik”, “Kushkurgon” maxallasi, “Gishtkuprik” maxallasi, “Korakamish” va hokazo. Bunday misollarni ko‘p keltirish mumkin.

Bunday xatolarni boshqa nashrlarda ham kuzatib, 30-35 yil oldin gazetalarda o‘rnatilgan ish tartibi yodimizga keladi. Ya’ni, oliy o‘quv yurtini a’lo baholar bilan tugatib tahririyatga kelgan yosh kadr avval musahhih yordamchisi (podchitchik), bir muddatdan so‘ng musahhihlikka ishga qabul qilinardi. Bo‘lim muxbiri (muharriri) lavozimiga o‘tish uchun kamida 2-3 yil ter to‘kilardi. Bugun esa, ayrim yoshlarning mehnat daftarchasida birinchi qayd “bosh muharrir”likdan boshlangan. Tajriba, “ustoz-shogird” va tahrir maktabi ulug‘ murabbiy ekanligi gohida yoddan chiqqanga o‘xshaydi. Matbuot tili qadimiy va boy o‘zbek tilining etaloni, namunasi bo‘lishi darkor. Zero, til bu — millatning ruhidir. U qancha toza bo‘lsa, fikr ham tiniq bo‘ladi.

 

Shoqahhor SALIMOV, 

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi 

mas’ul xodimi

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × five =