«INTIZORLIK BILAN KUTAMIZ»

Mamlakatimizdagi to‘ng‘ich ommaviy axborot vositalaridan biri — «Bir safda» jurnalining ilk soni bosmadan chiqqaniga oltmish yil to‘ldi. O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatining nashri sifatida o‘z muxlislari hurmat-e’tiborini qozonib kelayotgan jurnal tahririyati jamoasini ushbu tabarruk sana bilan samimiy qutlaymiz. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Qulman Ochilning quyidagi maqolasi ham ushbu sanaga bag‘ishlangan.

 

CHEGALANGAN CHOYNAK

Shunday joylar va odamlar bo‘ladiki, ko‘rganingda, eslaganingda beixtiyor quvonib, yayrab ketasan. Totli bir orziqish bilan qo‘msaysan.

Toshkentning Beshyog‘och maydonidan Bobur ko‘chasi bo‘ylab Nizomiy nomidagi pedagogika universiteti tomon yurganimda meni ana shunday ajib bir hayajon chulg‘ab olganini sezaman. Dorilfunun ro‘parasidagi odmigina imorat – O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatining binosi tomonga qarayman. Nogahon nigohim oppoq pardalar osilgan derazalar tomon shoshiladi. Biror tabaqasi yoki pardasini ochiq ko‘rsam, ko‘nglim taskin topgandek bo‘ladi: demak, ichkarida odamlar bor, ish davom etmoqda. 

O‘tgan asrning saksoninchi yillari boshida men bir muddat shu binoda, shu derazalardan birining ortida o‘tirgan, «Bir safda» jurnali tahririyati xodimi sifatida ko‘p yaxshi odamlarning suhbatlari, o‘gitlariyu ko‘maklaridan bahramand bo‘lgan edim. Xonamizni unchalik shinam, jihozlarimizni juda boy deb bo‘lmasa-da, ko‘ngillarimiz tog‘dek baland, orzularimiz mo‘l, o‘zimiz esa g‘oyat ahil edik. Hali-hamon ko‘z oldimda: ikki burchagiga rangi o‘chgan uch stol, to‘rt-beshta omonat kursi qo‘yilgan chog‘roqqina xona. Zang bosgan ilgaklari allaqachon shalvirab qolgan «uch oyoqli» baland kiyimilgich. Derazalar raxidagi katta-kichik sopol tuvaklardan bo‘y cho‘zgan gullar, to‘rdagi bir parcha marmar tosh ustidan joy olgan eski samovarni aytmasa, ko‘zga ilinadigan deyarli hech vaqo yo‘q. Bo‘m-bo‘sh.

Bu — dahliz.

Dahlizning to‘ridagi mudom ochiq turadigan eshikdan ichkariga mo‘ralasangiz, gavjum manzarani ko‘rasiz: uch burchakni band etgan uchala stolning usti ham lash-lush bilan to‘la: qog‘oz taxlamlari, papkalar, gazeta-jurnallaru kitoblardan kuldongacha bor. To‘rda bosh muharrir o‘rinbosari Normo‘min aka Ochilov, beriroqda mas’ul kotib Anvar aka Qulmuhamedov, o‘ngda yuzidan tabassum, suxanidan hazil-mutoyiba arimaydigan Zokir aka Yigitaliev – bo‘lim mudiri o‘tiradi. 

 O‘rtada — pastqam stol. «Restoran!» Ana endi «restoran»ning mulkiga razm soling: ko‘kragini g‘oz qilib turgan bu tumshug‘i baland idish – xo‘m-choynak. Qorniga ulay-bulay emas, uch litrdan ortiq suv, choy ketadi. Choyini bir hafta yotib olib ichsangiz yetadi. Ko‘ksiga — jo‘mragiga — konserva tunukasidan «orden» taqilgan. Baldog‘ining ikki yoni po‘lat (zanglamaydi!) sim bilan chegalangan. Nomi ham haybatiga mos: «frontovik». Bu yerga u qachon, qanday kelib qolgan — xudo biladi. Lekin xona ahlining faxri, iftixori! Yonida — “shogirdlari”, olti piyola! Har biri ayron ichiladigan tovoqday keladi. Qalin, og‘ir. Oltitasi olti xil! Betakror! Ularni ham go‘yo hozirgina jangu jadaldan chiqib kelgan keksa jangchi deysiz — tana-to‘shiga zaxa yetgan: labi uchgan, darz ketgan…

Shuning uchun ularning orasida boldoqli piyola farishtaga o‘xshaydi. Beli ingichka, gullari nafis. Joyi ham, egasi ham nozik. O‘ng tomondagi toza-ozoda to‘rtinchi stolda. Ovro‘pa tomonlardan kelgani, ajnabiyligi shundoq sezilib turadi. Nomi ham «ajnabiy». Shu bois unga egasi — Murod Muhammad Do‘stdan boshqa hech kim qo‘l tekkiza olmaydi. Jur’ati yetmaydi, chamasi. Boshqa piyolalarning vazifasi ko‘p: goh qadah, goh kuldon, goh siyohdon…

 

«AKA MUROD KELARMISH»

Ish doim qizg‘in. Lekin gurung — dehqonchilik. Zukko va samimiy, o‘z ishining ustasi bo‘lgan fidoyi insonlar bilan ishlash – huzur. Zerikmaysiz, horimaysiz. Ertalab tahririyatga bayram boshlanayotgandek quvonib kirib kelasiz. Oqshom uyga eshitgan yangiliklaringiz, olgan hayotiy saboqlaringizdan qanotlanib uchasiz. Qo‘lingizdan kitob, tilingizdan shukrona tushmaydi. 

Olti yil «Toshkent shahar bosh qurilish boshqarmasi» — «Glavtashkentstroy»da kunduzlari loy kechib, beton quyib, oqshomlari ToshDUning (hozirgi O‘zMU) kechki bo‘limida o‘qigan mendek qora ishchiga jurnal tahririyatidagi shu kamtarin sharoit ham Bog‘i Eramdek mo‘’jiza bo‘lib tuyuladi. Kiyimlaring toza-ozoda, hamkasblaring — elning oldi. O‘qiganing — kitob, gazeta-jurnal, el-ulusning fikru tilaklari bitilgan maktublar, eshitganing — samimiy va oqilona gaplar. 

«Bir safda» ixtisoslashgan jurnal bo‘lsa-da, tahririyat mushtariylar, faol mualliflar, ilg‘or ziyolilar – shoirlar, yozuvchilar, rassomlar, olimlar, shifokorlar bilan doim gavjum bo‘ladi. Jurnalni yanada o‘qishli, qiziqarli, chop etilayotgan materiallarni tag‘in ham rang-barang etish borasidagi qizg‘in muhokamalar to‘xtamaydi. Muqovasidan mundarijasigacha sinchiklab o‘rganiladi, tahrir qilinadi va to‘g‘rilanadi. 

Idoramizda bayramlar, to‘ylar, o‘tirishlar — quvonchli kunlar ko‘p bo‘lardi. Lekin ularning birortasi Murod aka keladigan kundagichalik jo‘shqin o‘tganini eslay olmayman. Bunday paytlarda kattadan-kichik — hamma yayrab ketadi. Kimdir choynak-piyolalarni osh tuzi bilan yuvib tozalagan, kimdir samovarni chayib, suvini yangilagan, kimdir tushlikka pul yiqqan, yana kimdir uzoq-yaqindagi ko‘ngil yetarlarni bu muhim yangilikdan xabardor qilishga shoshilgan.

«Tashrif kuni» ertalab mas’ul kotib Anvar akani juda xushhol ko‘ramiz:

— Muhim yangilik, — deydi u go‘yo qo‘shimcha mukofot berilishidan ogoh etayotgandek. – Bugun aka Murod keladilar. 

— Yo‘g‘-e, — deydi hamma stolidan boshini ko‘tarib. — Qachon?

— Tushlikka yaqin. 

— Unda tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. 

— Ha. Buyog‘i endi tepexo‘rlik.

Ish taqqa to‘xtaydi.

Men, jamoadagi eng yosh xodim, dastyor bola, o‘rtaga tashlangan pullarni g‘ijimlab, «TP» – to‘rt tiyinlik pirojka — gummaga ertaroq navbat olish uchun Beshyog‘och tomon shoshilaman. Ikki soatdan keyin ishxonaga xalloslab yetib kelganimda «restoran»ni marosimga shay holda ko‘raman: choylar damlangan, piyolalar artilgan. Hamma narsa badastir. Hatto sarg‘ish gazeta qog‘ozidan yasalgan salfetkagacha bor. Xonalar ham kelinchakning go‘shangasidek batartib. 

 

TURGAN-BITGANI TALANT 

Gummani o‘rtaga, o‘n kishi osh yeydigan kattakon sopol laganga ag‘daramiz. Ana xirmon!

Shu payt yo‘lakdan guldiragan ovoz keladi:

— Qorinomada tinchlikmi, og‘alar? Yomoni yo‘qmi?

— Assalomu alaykum, Murod aka!

— Salom, salom!.. Uh-hu! Regestoranimizda juda ma’murchilik-ku! Lekin buncha gummani tinchitishga kuchimiz yetarmikan?

 — Yetadi, bemalol yetadi!

 — Hoynahoy, bu yosh avlodning navbatdagi jasorati bo‘lsa kerak? — deydi menga imo qilib.

— Ha.

— Ovqatga qolganda yosh avlod bizdan ancha o‘zib ketishiga jonajon kommunistik partiyamiz bilan odil hukumatimizning ishonchi qat’iy!

Murod aka qo‘lidagi portativ mashinkasi, qog‘oz-pog‘ozlarini chetga qo‘yib, to‘rdan joy oladi va darhol dasturxonga qo‘l uzatadi. Ko‘zlari, qovoqlari qizarib ketgan, o‘ta horg‘in. Tuni bilan ishlab, behad charchagani sezilib turibdi. Adib o‘z asarlari bilan adabiyotimizga katta g‘avg‘olar solib, eskicha qoliplarni buzib tashlayotgan kezlar. Hammaning tilida uning nomi. 

— Bo‘ydoqchilik qursin, — dedi u. — Bir haftadan beri durustroq ovqat yeganim yo‘q… Qorinni o‘ylashga vaqt yo‘q… Oh-oh, qaynoqligini qarang!..

 O‘n daqiqadan so‘ng bir xirmon gummaning changini chiqarib tashlaymiz.

— Tarjimani olib keldingizmi, Murodjon? — deb oshdan ishga o‘tadi Anvar aka. U jurnalning navbatdagi sonini bosmaxonaga topshirish g‘amida. Murod aka — tilmoch. Ruschadan o‘zbekchaga, o‘zbekchadan, o‘zi aytmoqchi, «ikkinchi ona tilimiz»ga o‘giradi. Tahririyatga kam keladi. Lekin hammadan ko‘p va og‘ir ishni bajaradi — jurnalning o‘zbekcha-yu, ruscha nashrlarining yuki yelkasida. 

— Tarjima-ku, tayyor, — deydi mutarjim. — Lekin bir ish chatoq bo‘ldi. 

— Tinchlikmi? — Hamma unga xavotir bilan tikiladi. — Nima bo‘ldi?

Murod aka birpas sukut saqlagach, jiddiy javob qiladi:

— O‘rtoq Elomonov kecha oqshom ishdan ketdilar. Arizasini olishdi. 

Hamma bir-biriga qaraydi: Elomonov kim bo‘ldi? Ministrlarning orasida bunday odam yo‘q edi. Savdo sohasidagi birorta korchalonlardanmikin?

Murod aka sukutini cho‘zgandan-cho‘zadi.

— Murod, bodilanmay ayt, — deydi Normo‘min aka. — Elomonoving kim? 

Normo‘min Ochilov — Murod akaning sinfdoshi. Samarqandning Jomidan. Ikkisi tepishib o‘sgan bo‘yinsalar. 

— Ib-e, — deb ajablanadi sinfdosh. — Boshqalar-ku, mayli, Elomonov kimligini senam bilmaysanmi hali?

Ma’lum bo‘ladiki, Elomonov maydaroq amaldor. Sodda-bayov, bechoratob bir mardum. Murod aka yozayotgan qissaning bosh qahramoni. Kecha oqshom bitikda iste’foga chiqarilgan. Muallif endi uni har ko‘yga solib, ezib, ezg‘ilab rohatlanayotir. 

Keyingi gal adib boshqa gap topib keladi:

— Polvon o‘zini osib qo‘ymasa, go‘rga edi. Ahvoli og‘ir. Xotini Hadicha tashlab ketdi.

Bilamizki, Polvon — keyinchalik katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan, adabiy tanqidchilar muhabbat mavzuidagi qisqa, lekin g‘oyat o‘ziga xos asar sifatida jahon adabiyotining eng noyob durdonalari safidan haqli ravishda joy bergan «Dashtu dalalarda» hikoyasining qahramoni. Asar «Bir safda» jurnalida ham chop etilgan. 

Gurung avj oladi. Birov Chingiz Aytmatovning romanidan, kimdir Abdulla Oripovning yangi she’rlaridan gap ochadi. Erkin Vohidovdan g‘azal o‘qiladi. Jamiyatda, dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalarning u yog‘idan kirib — bu yog‘idan chiqiladi. Tortishuv, bahs-munozara uzoq davom etadi. Hech kimning o‘rnidan qo‘zg‘algisi, ishga qo‘l urgisi yo‘q. Hamma Murod akaning og‘ziga qaragan. Uning esa qaysi gapi jiddiy-yu, qaysi biri hazil — bilish qiyin. Hangomaning uyasi. Shunisi qiziq. 

Bu orada men chegalangan choynakdagi choyni bir necha bor yangilayman.

— Bo‘ldi, og‘ajon, yetar, — deb qo‘zg‘aladi Murod Muhammad Do‘st. — Choy sharob emaski, to‘xtovsiz simiraversang… Yana qorinomada uchrashguncha xayr, do‘stlar!.. 

— Baraka topsin, shu yigitning turgan-bitgani talant-da, — deydi ertasi kuni Anvar aka uning tarjimalarini o‘qib. — Ikki tilda ham so‘z deganingizni o‘ynatib yuboradi. Shunday yigitlarimizning borligi — jurnalimizning, xalqimizning baxti. 

 

IBRATLI AMAL

Aslini olganda, u zamonlarda jurnalimiz tahririyatidagi kabi kamko‘rim manzara va jihozlar allaqachon yo‘qlik qa’riga ketgan sovetlar saltanatidagi barcha korxonayu ro‘zg‘orlariga xos emasmidi. Keyinchalik men qizil imperiyaning turli hududlaridagi katta-kichik idoralar, jumladan, anchayin nomdor gazeta-jurnallar tahririyatlarida bo‘lganimda ham ana shunday g‘arib manzaralarni ko‘rdim. Tanqislik har qadamda, barcha sohada o‘z hukmini o‘tkazib turar, el-ulus ham shunga ko‘nikkan. Ko‘nikishga mahkum edi. Bugungidek to‘kinlik, fayzu baraka, kompyuteru noutbuklar, qishda iliq, saratonda yoqimli shabada ufurib turadigan konditsionerlar, zamonaviy binolar, avtomobillar, aloqa vositalari, rang-barang jihozlar eng xayolparast jurnalistning ham tushiga kirmas, kira olmas edi. Arzimagan bir narsa-buyumni olish, xarid qilish uchun soatlab, kunlab, oylab, yillab navbatda turish kerak. O‘shanda men tushlikka pirojka olish uchun Beshyog‘ochdagi gummafurushga choy-chaqa tashlab, ertalabdan navbatga yozilib kelardim, desam, kulmang. Bor gap. Negaki, butun shahar ahli kelib shu yerdan gumma olardi. Tovar shirin va sifatli bo‘lgani uchun emas. Gumma sotiladigan boshqa joyning, tanlash imkoniyatining o‘zi yo‘q edi. Olsang — shu, olmasang — katta ko‘cha! 

Dahlizdagi ingichkaroq tirkama stol — menga, eski telefon turgani — katta muharrir Qulmuhammad aka Eshmatovga qarashli. Men — u kishining yordamchisi, ko‘zi. Dorilfunundagi saboqdoshlarim tili bilan aytganda, «yo‘lchi yulduz», rasman — texnik kotib. Jurnalning qabariq nashri uchun mas’ul Qulmuhammad aka mushtariylardan kelgan xatlarni o‘qiydi. Xat brayl alifbosida bitilgan. Men yassi matnga ko‘chiraman. Ko‘cha temirchining bosqonini, xona hammomni eslatadi. Ochiq turgan derazadan serqatnov ko‘cha shovqiniyu garmseldan boshqa narsa kirmaydi. Qani endi g‘ir etgan shabada essa. Nafas olish azob. Lekin Qulmuhammad aka har doimgidek tetik. Biyron. Xatni diktorlardek baland ovozda, maroq bilan bo‘g‘inlab-bo‘g‘inlab o‘qiydi: «As-sa-lom-u alay-kum, hur-mat-li re-dak-tsi-ya!..»

Men ruchkani qitirlatishga tushaman. Kaftlarim, yozayotganim — sarg‘imtil qog‘oz nam tortib, ruchka sirg‘alib ketaveradi… 

— Ukajon, uxlasangiz uxlang-u, lekin xurrak otmang-da! — degan sas keladi qulog‘imga. — Boshqalarni ham uyg‘otib yuborasiz, a! Ha-ha-ha!..

Ko‘zim ilinganidan uyalib ketaman. Yuz-ko‘zimni qattiq ishqalab tashlab, yana ruchkamni qo‘limga olaman.

«Bir safda» jurnalining har bir sonini intizorlik bilan kutamiz, — deb davom etadi «diktor». — Oilamiz davrasida miriqib o‘qiymiz. Muhokama qilamiz. Shunday ajoyib, dilkash jurnalni ato etganiga shukronalar aytamiz…» 

Jaziramaning sal tafti qayta boshlaydi. Qulmuhammad aka hassasini olib, bovini bilagiga o‘tkazadi:

— Buguncha shunisi yetar. 

Trolleybus bekati tomon yuramiz. 14-trolleybus odatdagidek liq to‘la. Lekin Qulmuhammad aka chiqishi bilan hamma surilib, oldi o‘rindiqdan joy beradi:

«Keling, qori aka. O‘tiring!» 

Trolleybusda u Chorsugacha, so‘ng avtobusda Toshkent viloyatining Minvoda qasabasigacha boradi. Kamida qirq chaqirim yo‘l. Shahardan hiyla uzoqda yashashiga, ancha chigal yo‘llardan qatnashiga qaramay, biror marta ishga kech kelganini, adashib-netib, yiqilib-surilib yurganini eslay olmayman. Qulmuhammad aka, rahmatli, men bu dunyoda ko‘rgan-bilgan eng batartib, mehnatsevar, xushmuomala va bag‘rikeng odamlardan edi. 

Tahririyatda birorta xat, birorta xabar e’tiborsiz qolmaydi. Milt etgan fikri bo‘lsa, jurnal yuzini ko‘radi. Xatlarga javob yozish lozim bo‘lsa, qitirlatish navbati Qulmuhammad akaga keladi. Men muharrirlar tayyorlagan javob matnini o‘qib turaman. U «temir daftari» — brayl qolipining orasiga yupqa kartonni soladi:

«Hurmatli Falonchi Falonchiev! Avvalo, tahririyatimizga yo‘llagan maktubingiz, bildirgan samimiy fikrlaringiz va tilaklaringiz uchun ko‘pdan-ko‘p rahmat! Biz Sizdek zukko mushtariylarimiz borligi bilan faxrlanamiz…»

Men bugun ulkan mehr-oqibat, yuksak hurmat bilan yo‘g‘rilgan ana shunday samimiy satrlarni, xatlarni eslasam, dilim juda yorishib ketadi. Aslida bu olamda insondan qoladigani shu emasmi? Shirin so‘z, ibratli amal, savob ish. 

«Bir safda» jurnali o‘z mushtariylarini oltmish yildan buyon ana shunday ibratli amallarga chorlab, boshlab, rag‘batlantirib kelayotgani qanday yaxshi. El-yurtga samimiy so‘zi va ibratli ishlari bilan ma’rifat tarqatib kelayotgani qanday yaxshi. Jurnalni o‘qiganingda ko‘nglingda charog‘on shu’lalar porlab, umidlaring, ezgu amallarga rag‘bating yanada oshsa, mo‘’jazgina tahririyat ahlining orzulari ushalgani, ushalayotgani shu emasmi?..

Men bu yo‘lda zahmatkash va fidoyi hamkasblarimga omad hamisha yor bo‘lishini chin dildan tilayman!

 

Qulman OCHIL

 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × two =