«MOMO YER»

Odam zotida mulkka, yerga bo‘lgan nafs shakllanganidan beri urushgani urushgan. Ba’zan urushda mutlaqo qirilib, nom-nishonsiz ketgan ellar, kuli ko‘kka sovrilib biror tirik jon qolmagan, butunlay xonavayron bo‘lgan shaharlar ham yo‘q emas. Cheksizlik bilan qiyoslaganda yo‘qlik, yo‘qlik bilan qiyoslaganda borliq bo‘lmish “koinot gultoji” Odami zot ba’zan o‘zining nafsi iskanjasida urushni o‘ylab topib “olamning mehvari”ni o‘z o‘qidan chiqarib yuborishga ham sabab bo‘lib qolmayaptimikan… Fitratan ojiz va zaif bo‘lgan inson, shoir aytganidek, “dunyo ichidagi chala imorat”dir.

 

O’zbek Milliy akademik drama teatrida yosh, umidli rejissyor o‘afur Mardonovning qirg‘iz adibi, buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatovning Asil Rashidov o‘zbek tilimizga o‘girgan “Somon yo‘li” qissasi asosida sahnalashtirgan “Momo Yer” spektakli insoniyatni o‘ylantirgan mana shu kabi savollarga javob topishga intilgan tomoshabinlarga mo‘ljallangan kamer spektakldir. Aktyorlar ijrosiga ko‘ra monospektakl bo‘lgan ushbu sahna asari bir necha yillar avval “Shams-Qamar” teatr-studiyasida qo‘yilgan hamda o‘z vaqtida tomoshabinlar e’tiborini qozongan edi. o‘afur Mardonov o‘z “Momo Yer”ini sahnalashtirishda sodda, yangicha yechim topishga intilgan. “Momo Yer” tushunchasi “Ona Vatan” tushunchasiga ma’nodosh. Undagi ijro ikki aktyor — O‘zbekiston xalq artisti Malika Ibrohimova hamda Ixtiyor Otajonovlarga yuklatilgan. Aktrisa Malika Ibrohimova ijro etgan To‘lg‘onoy obrazi spektakl jarayonida Mustaqillik maydonida qad rostlagan, jang maydonidan qaytmagan, farzandining anduhida uning yo‘llariga nigoron bo‘lib termulib kutayotgan qaddi bukig-u, biroq ruhini taqdirning shafqatsiz zarbalari sindira olmagan motamsaro ona haykali timsolini eslatdi.

Sahnada xuddi Yer shaklidagidek qilib somon parchalari qalingina to‘shalgan. Ular sahna ko‘rinishi mobaynida turli vazifalarni bajardi. Birinchi ko‘rinishda Ikkinchi jahon urushiga ketib qaytib kelmagan insonlarning son-sanoqsizligi, uning zaharli izg‘irini yigitlarni jang maydonlarining turli burchaklariga izg‘itib yuborganligini, jangchilar ortidan yig‘lab qolgan yaqinlarining cheksizligini anglatsa. Ba’zi o‘rinlarda bug‘doy dalasini ramziy ifodalagan.

“Momo Yer” spektakli ham “Somon yo‘li” qissasi kabi insonning urush bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashish jarayonida emas, balki vositali jarayonda ko‘rsatilgan. Urush qaerdadir uzoq-uzoqlarda boshlangan, lekin To‘lg‘onoyning qismatida u g‘alla dalasida kechadi. Birinchi ko‘rinishda To‘lg‘onoy (Malika Ibrohimova) hamda Yer roli ijrochisi aktyor Ixtiyor Otajonov somonga aralashib yotibdi. To‘lg‘onoy sahna asarining ilk ko‘rinishida go‘yoki o‘z o‘tmishi va dardlariga o‘ralashib qolgandek, biroq aslo unday emas. Sahna asarining bosh qahramoni ushbu jarayonda Momo Yer bilan o‘zi haqida emas, balki zamon, tarix, jamiyat, odamlar va urush haqida so‘zlaydi. O‘n bir ko‘rinishdan iborat spektaklda Malika Ibrohimova turli ko‘rinishda – navnihol, quvnoq qizaloq To‘lg‘onoy, Suvoni va uch o‘g‘lining halol mehnati baxtidan masrur hamda mag‘rur To‘lg‘onoy, g‘am qaddini bukib qo‘ysa-da, irodasi bukilmagan To‘lg‘onoy siymolarini aktyorlik ijrosidagi plastika va nutqi orqali ifoda etib bera olgan. Go‘yoki Somon yo‘li yulduzlari turkumida yangi chiqqan Hilol to‘lib-to‘lib, “to‘lgan” oy — 15 kunlik oy balqib chiqqqandek, inson qiyinchiliklarni yengib o‘tib komillik darajasiga erishish yo‘li namoyon bo‘lganidek.

“Momo Yer” spektaklida sahna va detallar yaxshi topilgan. “Qop”, dastlab ovuldoshlarini boshqarish kabi mas’uliyatli yukni o‘z zimmasiga olgan ayolning qop orqalashida namoyon bo‘lsa, keyingi o‘rinda esa To‘lg‘onoy el-yurtning so‘nggi bug‘doyini urug‘lik uchun deb yig‘ib olganida o‘g‘irlanish jarayonida xalqning rizqiga ko‘z olaytiruvchilar va uni himoya qiluvchilar doimo bo‘lganini ko‘rsatish vazifasini bajargan. Spektakl jarayonida Yer, Suvonqul, Qosim, Jaynoq, Maysalbek, Aliman, o‘g‘ri obrazlarini Ixtiyor Otajonov nutqidagi past-baland, ko‘tarinki-tushkun ovozi, xatti-harakatlari orqali berish jarayonida turli vositalardan ham foydalangan: yozda hosil mo‘l bo‘lganligi kombayndan tushayotgan bug‘doy bir idishdan ikkinchi idishga yuqoridan pastga qaratib solinishi yordamida; Alimanning To‘lg‘onoylar xonadoniga kelin bo‘lib tushishi hamda vafot etishi qo‘ng‘iroqlar osilgan sochpopuklarning harakati va oq ro‘molga kafandek o‘ralganlik holatida; To‘lg‘onoyning taqdir zarbalariga duch kelishi xipchin ko‘rinishidagi arqonning yerga shahd bilan urilishida ko‘rsatilgan. Bular, albatta, rejissyor o‘afur Mardonovning topilmalaridir.

To‘lg‘onoyning kenja o‘g‘li Jaynaq spektaklda qatnashmaydi, biroq biz uni onaning o‘g‘li haqidagi “urushdan evakuatsiya qilingan qahratonda diydirab o‘tirgan bir bolaga ustidagi to‘nini yechib berishi orqali bolaning qalbida birovga yaxshilik qilish burch ekanligi haqidagi tushunchani singdirganligi” xususidagi so‘zlaridan bilamiz. Maysalbekning janggohdagi holati hamda halok bo‘lishi aynan ko‘rsatilmaydi, ammo Ixtiyor Otajonovning “Maysalbek monologi”dan uning shaxsiyatini anglaymiz.

Malika Ibrohimova nutqi orqali ifoda etilgan Aliman obrazi xususida ham to‘xtalsak. Aliman Qosim bilan sevishib turmush qurgan, o‘zini usiz tasavvur eta olmaydi. Biroq Aliman hayotida birinchi va oxirgi qaltis qadamini tashlaydi, ixtiyorini boshqa inson-cho‘pon qo‘liga topshiradi. Bu qaltis qadam oqibati o‘laroq vijdon azobida halok bo‘ladi. Yosh juvonga insonning tabiiy ehtiyoji ustun kelgan ekan, buning tub mohiyati Alimanning shaxsiy hirsini qondirishni ko‘rsatish emas, balki urush fojiasining qurboni ekanligini namoyon etishdir. 

Aliman obrazi To‘lg‘onoyning yuksak insoniy fazilatlari, ulug‘vorligini sahnada ko‘rsatishga yana bir asos bo‘lgan. Kelini vafot etadi, nabira tug‘iladi. To‘lg‘onoy birini kuzatib, birini kutib oladi, baxtsizlik ortidan baxt eshik qoqadi. Natijada To‘lg‘onoyda hayotdan bezish, unga nisbatan alamzadalik, nafrat, umidsizlik o‘rniga “hayot uchun kurashib yashash” nekbinlik holatini Malika Ibrohimova yordamchi aktyor tomonidan yuqoridan qo‘liga tutqazilgan yo‘rgaklangan go‘dak misolida ko‘rsatgan. Obrazlar misolida qiyoslaydigan bo‘lsak, Aliman — irodasiz, To‘lg‘onoy — qat’iyat sohibasi. U insoniylik burchini unutmaydi.

Spektaklning to‘rt o‘rnida “Osmonga qarasam, Somon yo‘li xuddi yoshlik paytimdagidek…” — degan To‘lg‘onoyning nutqi bor. Ushbu nutq bosh qahramon turli xil vaziyatga tushganda yaqqol namoyon bo‘lib alohida ahamiyat kasb etadi. Dastlab ikki sevishgan qalb – To‘lg‘onoy va Suvonqul uchrashuvi, bir quchoq somon ko‘tarib, rizq-ro‘z ulashish maqsadida olam-olam orzularga ko‘milish jarayonida; mash’um Ikkinchi jahon urushi boshlanishi haqidagi eng osoyishta “so‘nggi” tunda; uchinchi o‘rinda To‘lg‘onoyning turmush o‘rtog‘i Suvonqul va bosh o‘g‘li Qosimdan “qora xat” kelib, onaning “shilq etib” tushishidan avval; oxirgi o‘rinda esa ayolning umr safari qariganida so‘nggi manzilga yetish oldidan hayotidan mamnun holida ketishi ifoda etilgan.

Bergan barcha ne’mati — tashvishga ham, quvonchga ham shukronalik keltira bilish — insonligini anglagan kuchli bandasiga xos. Dastlab o‘g‘li Qosim, uni urush tufayli yo‘qotgach esa, oradan ancha yillar o‘tib nabirasi, “Enajon, yeng, — deya bug‘doy noni tutgandagi, “Non o‘lmas ekan, mehnat o‘lmas ekan – hayot o‘lmas ekan, deb osmonga qarasam, somon yo‘li xuddi yoshlik paytimdagidek, olamning u betidan, bu betigacha to‘shalib o‘tibdi. Bugun dunyoda yana bir dehqon tug‘ildi-ku, deya ko‘zim uyquga ketdi…” — deb spektakl so‘ngida so‘zlagani yer yuziga tinchlik urug‘ini ekuvchi, burda nonga qanoat qiluvchi bunyodkor shaxs yuzaga kelganligini bildiradi.

Muqaddima va xotimaning uzviyligidagi Yer bilan To‘lg‘onoyning uchrashuvi va xayrlashuvidagi Osmondagi va Yerdagi somon parchalari bir-biri bilan bog‘liqligini; insonning boshi ko‘kda bo‘lsa-da, oyog‘i yerdan uzilmasligi, insoniylik burchini bajargani holda o‘z manziliga yulduzdek chaqnagan holda yengil ruh ila yetishi holatini ochib berish “Momo Yer” spektakli ijodkorlarining bosh maqsadi bo‘lgan bo‘lsa, ne ajab?!.

Sahna ko‘rinishlari jarayonida “Samaal” qirg‘iz ansamblining chanqovuz ohanglari, kompozitor Vivaldi, serb-xorvat etnografi Goran Gregovichning skripka, mandolinada ijro etilgan musiqalari, insonlarni ogohlikka undashga chorlayotgandek poezdning chinqirig‘i sadosi eshitilib turdi. o‘ira-shiralik orqali urushni xuddi tush singari tasvirlashga undovchi tutunlar, To‘lg‘onoy “so‘nggi uyqu”ga ketganda ustiga tashlangan somon parchalari spektakl tilini anglashga, uni “o‘qish”ga yordam beradi.

“Momo Yer” spektaklini ko‘rgan tomoshabin maishiy turmush muammolarigagina o‘ralashib qolmay, insonparvarlik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, boshga og‘ir kulfat tushganida ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymaslik kabi yuksak insoniy fazilatlarni yo‘qotib qo‘ymaslik kerak, degan fikrda tomosha zalini tark etadi. Zero, unda “onalarning ko‘zida qonli yosh oqib, yig‘isi toshni yorib yo‘l poylashlari”, “urushga yuborilgan “vagon-vagon” ovuldagi yigitlardan birgina askarning qaytib kelishi”ning ko‘rsatilishi tinch va osuda kunlarimizga osonlikcha erishilmaganligi ham shukronalik keltira bilish fazilatiga ega bo‘lishimiz kerakligi ko‘rsatilgan.

 

Nigora UMAROVA

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 + eight =