MUYULISHDAGI MUSHTIPAR

Shaharning Sergeli dahasi oxirlay boshlagach, avtobus o‘ngga qayrilib, bekatda to‘xtadi. Tushib endi yo‘l chetiga o‘ta boshlagan edim, ayol kishining chaqirig‘i eshitildi: 

 

— Keldibek, Keldibek uka, sizmisiz?

Yoshi anchaga borib qolgan ayolni avval tanimadim. Mening qo‘limda ish qog‘ozlarim, gazetaga o‘rog‘liq qo‘lyozma, rang-ro‘yim aftodahol… 

— Keldibek, sizni avtobusda ancha payt kuzatib keldim, tanidim, Ruhida opangizman, Gulchiroylarning qo‘shnisi, sizning uyingizda o‘n kuncha turgandim, mening davolanishimga maslahat bergan edingiz. Sizni tunov kuni televizorda ko‘rdim. Buncha parishonsiz? Hali ham Gulchiroyga kuyib yuribsiz-a! Esiz, Keldibek, o‘qigan odamsiz-ku? Nega buncha cho‘kib ketayapsiz? 

Ayolning taklifi bilan  tamaddixona burchagidagi o‘rindiqqa o‘tdik. U kishi ikki stakan kofe buyurdi. Taqdir yo‘limizdagi bizga bog‘liq bo‘lmagan chiroqlar yana oydinlashdi. 

Kengobod — Respublikamizning cho‘l hududlarida joylashgan bir go‘sha. U yerning odamlari O‘zbekistonning turli joylaridan jamlangan. Bir paytlar cho‘lni o‘zlashtirish bahonasida bu yerlarga inson qadami tekkach, obod go‘shaga aylandi, ammo ular o‘zlari tug‘ilib, o‘sgan qishloqlariga kelib qolishsa, biroz ko‘nikisholmaydi, ya’niki, “shahar tabiatli” sanaydi o‘zlarini, agarda kattaroq shaharlarga borib qolishsa, gangib qolishadi, endi o‘zlarining “to‘pori”ligi bilinib qoladi. 

Men oila lazzatini yaxshi bilmagan odamman, ammo o‘sha lazzatni birinchi baxtim tasavvurida his etib yashaymanu, o‘sha siymo qiyofasida — dunyo, o‘z holicha meni bog‘lab turgandek. Gulchiroy bilan munosabatlarimiz g‘alati, menda mamnunlik oshib ketadi, keladigan kundan quvonaman. 

Aksincha, bir-birimizga sovuqlashsak dunyo qorong‘i bo‘lib ketadi go‘yo. Bu gal ham shunday, qaynota-qaynonamning ming bir og‘ir nigohlarini chidab ko‘tardimu, Kengoboddan Gulchiroy bilan avtobusga chiqdik, bekatdagi bir ayol ham chiqib Gulchiroy bilan yonma-yon o‘tirdi. To shaharga qadar uning jag‘i tinmadi, nazarimda, betob, xullas, uchovlashib, biznikiga, kvartiramizga kirib keldik. 

Uyga kelgach, opa menga “yorildi”. Aytishicha, uch-to‘rt yildan buyon “bel grija”si qiynaydi, opa bu kasalga davo yo‘q, deb o‘ylagan shekilli, tushkunlikka berilib, ruhiyatini mayib qilib qo‘ygan. Yana “cherepnoy davlenie” deb tushuntirdi, (o‘qimasayam, do‘xtirlarga boraverib, sal-pal yodlagan shekilli) haddan tashqari ruhiy zo‘riqish, aytishicha, eri umuman ishlamas ekan, bir paytlar o‘g‘il ko‘rish orzusi bo‘lgan. Er-xotinning umidi so‘lib bo‘lgan, oilaviy janjallar… Qo‘yingki, qarshimdagi odamga nima deb tasalli berishga ham ojiz edim. Yana u televizorda zo‘r berib reklama qilinayotgan “Shifo-baxt” xususiy ko‘p tarmoqli shifoxonani katta umid bilan mendan so‘rardi. 

Eh, opaginam, siz ko‘rgan reklamalarning hammasi siz o‘ylaganday bo‘lganda edi, olam guliston bo‘lib ketardi, bu shaharning nonini yeb, men bilaman-ku ularni. 

Opaga bu shifoxonaga bormaslikni maslahat berdim, hatto tibbiyot institutining malakali shifokorlaridan iborat, poliklinikaning telefonlarini berib, manzilini ham tushuntirdim.  

Ertasiga biz bir guruh olimlar bilan Ustyurt yo‘lidagi loyiha qurilishida ishtirok etish uchun Qoraqalpog‘istonga jo‘nab ketdik. 

Keyingi voqealar xuddi ipga tizilganday. Aslida, men bu dunyoda baxt nimaligini bilmay o‘tayapman, desam, baxtsiz odamlar “o‘z holicha” dunyo sahnasida g‘imirlab yurganday. 

Turmush o‘rtog‘im Gulchiroy bilan ular televizorda zo‘r berib reklama qilingan “Shifo-baxt” shifoxonasiga borishadi. Shifoxona ko‘klarga ko‘tarib maqtalgani bilan, uncha ham emasdi. Rosa kutib bir olifta xonimchaga ro‘baro‘ bo‘lishadi. Xonimcha “bemor”ni tashxis qo‘yish barobarida rosa “koyiy”di. So‘ngra, uzun kunlik xizmat ro‘yxatini berib, ularni “ancha”ga tushiradi. Ertasiga opa-singil bu shifoxonadan aynib, mahalla poliklinikasiga boradi, ular bu yerda doimiy ro‘yxatda bo‘lmaganini aytib qaytarib yuborishadi, keyin, mahallamizdagi yana bir shaxsiy poliklinikaga yo‘liqishadi va arzimagan pulini ham tugatib qo‘yadi. 

Men uyga kelsam, opa umidsiz, Kengobodga qaytib ketgan ekan… Afsus… 

…Esimboy pochchamiz tabiatan yomon odam emas, ammo biroz aybi ham bor, bir paytlar ishi tayin bo‘lib, oylik bilan oila tebratgan, keyingi yillar to‘g‘ri kelgan ishda ishlashga majbur. Ko‘ngli o‘ksikligi — o‘g‘il yo‘q, ikki qizdan keyin xotin kasalmand, topgan-tutgan yetmaydi, alamdan ichadi, u qatorilar bir tashkilotning rahbari, uddaburon, uning chekiga minnat va mardikorlik bitilgan, ichib alami kelganida, bir paytlar harbiy xizmatda bo‘lgan Astraxan tomonlarda qolib, bir o‘ris xotinga uylanmaganiga afsus qiladi. Shunday kezlarning birida u Jizzax tomonlarga ish izlab bordiyu, bir boy xotinning hovlisida ishlaydi. Boy xotin ersiz, kimdandir orttirgan bolasi bilan yashaydi, o‘ziga to‘q. Esimboyning bir o‘n besh kunlik fidoyiligi unga yoqib, mashinada ustani shaharga olib tushdi, bir sidra kiyim qildi, hammom degandek, kechqurun ziyofat qildi, qarabsizki, “uzukka ko‘z qo‘ygandek” er-xotin bo‘lib ketishadi. Esimboy endi biroz rohat tuygandek, boy xotinning do‘konlariga tovar tashiydi, yaxshi kiyinadi, qorin to‘q…

Kundan-kunga kasali zo‘riqayotgan Ruhidaning ahvoli esa og‘irlashib boradi. Shunday kunlarda oilasidan voz kechgan erni qanday atash mumkin? 

…Mening haddan tashqari parishonligimni ko‘rib, Ruhida opa xo‘rsinib qo‘ydi. Ammo hayotida shunday mudhish kunlarni o‘tkazgan bu ayolni men tinglashga majbur edim, boisi, bu uchrashuv shunchaki tasodif emas, bir paytlar, mening oilali kunlarimning guvohi bo‘lgan bir insonning menga yozg‘irishidek edi go‘yo. 

…“Qizim o‘qishni bitiradigan yili bir kursdoshidan sovchi keldi, birga o‘qigan, sinashta yigit ekan, ota-onasi o‘ziga to‘q. Toshkentdan ikki yoshga uy olib berdi. Bir nevaramiz bor, kuyovim hozir katta lavozimda. Ikkinchi qizim ham o‘qish taraddudida. Sog‘lig‘im tiklandi. Shunday kunlarning birida, qishloq garajida erim paydo bo‘ldi, allaqaerlarda yotib yurgan, aftodahol, eng qiyin kunlarda meni tashlab ketgan, farzandlariga bemehr odam… Yana qaytib keldi. 

…Oxiri, mahalla vakillari bizni yarashtirishga undadi, qizim ko‘nmadi, men majburan ko‘ndim, hozir yashayapmiz, ammo ko‘ngil tugul mehrga ham intiqmiz, — deydi Ruhida opa, sizlar ham guldek oilangizni buzib qo‘ydingiz. Gulchiroyni turmushga chiqibdi, deb eshitdim. Ammo hayoti shirin emas, siz esa bunday ahvolda…”.

“Biri kam dunyo” degani shumikan?! 

Ruhida opa bilan xayrlashib, keta boshladim. Ko‘cha to‘la avtobus. Mana shu avtobusning ham borar manzili bor, u ham avtogarajga borib to‘xtaydi, ammo menda-chi? Mening manzilim bormi, Gulchiroyni unutib biron odamga ko‘ngil qo‘ya olamanmi? Yoki umrning qolgani shunday o‘tib ketadimi? 

Savollarimga javob yo‘q edi. 

Ortimdan bir mashina qattiq signal chaldi, bir jussa kelib, qo‘limdan tortib, yo‘l chetidagi yo‘lakka chiqarib qo‘ydi. Qandaydir tanish siymo, o‘zini tanimaganlikka oldi. Muyulishdagi mushtipar ayolning suhbatidan ta’sirlandimmi yoki menga ham yaxshilik istagan insonlar borligi uchunmi, ruhiyatimda o‘zga epkinlik paydo bo‘ldi. 

Hali imkoniyat bor, o‘zimni ko‘lga olishim kerak!.. 

 

O‘ljaboy QARSHIBOY

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + 3 =