KORRUPSIYA — TARAQQIYOT KUSHANDASI

Hayotda albatta, har birimiz ertami-kechmi nohaqlikka, adolatsizlikka to‘qnash kelishimiz ehtimoldan xoli emas. Aytaylik, puxta bilimga ega o‘quvchining institutga kirolmasligi yoki sudyaning pora evaziga gunohkorni oqlab, begunohni qoralashi kabi nohaqliklaru bedodliklar hayotda ozmi-ko‘pmi uchrab turadigan hodisalardir.

 

Davlat idorasida xizmat qilayotgan mas’ul shaxs pora evaziga fuqaroning ishini “to‘g‘rilab”, hojatbarorlik qiladi. “Korruptsiya” so‘zi lotinchadan kelib chiqqan bo‘lib, pora evaziga sotib olish, buzilish, sotilish degan ma’nolarni bildiradi. Yanayam soddaroq aytganda, bu termin mansabdor shaxsning qonun va axloq me’yorlariga zid ravishda o‘z shaxsiy manfaati uchun mansab vakolatlari va huquqlarini suiiste’mol qilishini anglatadi. Korruptsiyaning xarakterli jihati, amaldor hamda uning manfaatlari bilan jamiyat manfaatlarining bir-biriga zidligi hisoblanadi. Mazkur illatning aksariyat ko‘rinishi amaldorlarning tovlamachiligi bo‘lib, bunga davlatga qarshi jinoyat sifatida qaraladi. 

Korrupsiya tushunchasi va shakllari xalqaro darajada rasman BMTning 1995 yildagi rezolyutsiyasida o‘z aksini topgan. Ushbu rezolyutsiya qoidalariga muvofiq, davlat ichki qonunchiligi korruptsiya mezonlarini va uni bartaraf etish choralarini belgilaydi.

Ushbu illatning ildizlari bir necha ming yillarga borib taqalishi odamni chuqur mulohazaga toldiradi. Dastlab insonlar biror-bir mavqega ega bo‘lish uchun qabila boshlig‘i yoki oqsoqolga sovg‘a-salomlar hadya qilganlar. Qimmatliroq sovg‘a bu odamni boshqalardan ajratib turgan va uning iltimosi yoki talabi so‘zsiz qondirilgan. Unga qarshi kurashgan ilk hukmdor sifatida eramizdan qariyb ikki yarim ming yil avval yashagan Shumer podshohi Uruinimgina nomi tilga olinadi. Qadim zamonlardayoq korruptsiyaga qarshi qattiq jazolar belgilanganiga qaramasdan, bu hamisha ham ko‘ngildagidek natijani bermagan. Nari borsa, eng xavfli jinoyatlarning oldi olingan, xolos. Biroq kamomadga yo‘l qo‘yishlar va pora olishlar muntazam ravishda davom etavergan. Mazkur muammo bilan deyarli barcha qadimgi davlatlar va tuzumlar, hatto qadimgi Misr fir’avnlari ham to‘qnash kelganlar. 

Inson borki, nafs bor, inson borki, xatoga yo‘l qo‘yadi. Nafs, manfaat tufayli insonlar nohaqdan nohaq hukmdoru sudyalarning adolatsiz xukmlari jabrini chekkan. Bejiz ilohiy kitoblar sanalmish Injil va Qur’oni karimda o‘zgalar mol-mulkini nohaq o‘zlashtirmaslik yoki qozilarga pora berish evaziga boshqalar mol-mulkini egallab olmaslik xususida oyatlar nozil bo‘lmagan. 

“Mol va (boylik)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo‘li bilan yeyish(o‘zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz! (Qur’oni karim, “Baqara” surasi, 188-oyat).

Korruptsiya jamiyatdagi iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy muammolar natijasida turli ko‘rinish va shakllarda namoyon bo‘ladi. Davlat mansabidan foydalanib, noqonuniy mukofot-hadyalar(aniqrog‘i pora) olishga ruju qo‘yish ko‘pincha islohotlar davrida yuz beradi. Fuqarolarning muammolarini hal etish uchun amaldorga pora berishi ko‘p hollarda masalani hal etishni tezlashtiribgina qolmay, balki yuz foiz arizachining foydasiga hal etadi. XVIII asr oxiridan boshlab o‘arbda jamiyatning korruptsiyaga munosabatida keskin burilish yuz berdi. Davlat hokimiyati unga tobe odamlar farovonligi uchun xizmat qilishi kerak, fuqarolar amaldorlar qonunlarga rioya qilgan holda ishlashi uchun ularni boqadi, degan shior ostida liberal islohotlar o‘tkazildi. Xususan, 1787 yilda qabul qilingan AQSh Konstitutsiyasida pora olish eng og‘ir jinoyat deb topilib, bunday hollarda hatto AQSh prezidentiga impichment e’lon qilinishi mumkinligi qayd etildi. 

XX asrning ikkinchi yarmiga kelib bir mamlakatdagi korruptsiya boshqa mamlakatlar rivojiga ham salbiy ta’sir etishi ravshanlashdi. Korporatsiyalar tomonidan xorijdagi oliy mansabdorlarni sotib olish ommaviy tus oldi. O‘ta darajada korruptsiyalashgan davlatlar uchinchi dunyo bilan cheklanmay qoldi, 90-yillarda sobiq sotsialistik respublikalarda yuz bergan liberallashuv jarayonlari tufayli mansabdorlarning o‘z mansab vakolatini suiiste’mol qilishi yanada kuchaydi. «Financial Times» gazetasi 1995 yil 31 dekabrdagi sonida 1995 yilni “Korruptsiya yili” deb e’lon qildi. Korruptsiya haqidagi bilimlarni targ‘ib qilish uchun BMT 9 dekabrni Xalqaro korruptsiyaga qarshi kurashish kuni deb belgiladi. 

Statistikaning guvohlik berishicha, poraxo‘rlik ayni paytga kelib nihoyatda tahdidli ko‘lam va miqyoslarni kasb etmoqda. U ayniqsa, iqtisodiy jinoyatlar orasida yetakchi o‘rinni tutadi. Korruptsiyaning insonlarga va umuman, jamiyatga yetkazadigan zarari juda katta. Bu o‘rinda ulardan ayrimlarini qayd etish bilan cheklanamiz, xolos. 

Jumladan, korruptsiya avvalo, davlat mablag‘lari va resurslarini samarasiz taqsimlanishi va sarflanishiga sabab bo‘ladi. Davlat apparati ishi samaradorligi pasayishi ham korruptsiya tufayli yuz beradi. Korruptsiyaning avj olishi mamlakatda tadbirkorlarning sinishiga, malakali kadrlarning boshqa mamlakatlarga chiqib ketishiga sabab bo‘ladi. Bu illat oqibatida ishlab chiqarish uchun ajratilayotgan investitsiyalar miqdori kamayib, iqtisodiy o‘sish to‘xtaydi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda korruptsiyaning ta’siri sababli berilayotgan xalqaro yordamlardan maqsadsiz foydalanish, ijtimoiy tengsizlikning o‘sishi kuzatiladi. U aksar hollarda uyushgan jinoyatchilikning kuchayishiga, turli jinoiy to‘dalarning mafiyaga aylanishiga va oxir-oqibatda jamiyatda ijtimoiy axloqning pasayishiga olib keladi. 

Yuqori darajada korruptsiyalashgan byurokratik apparatlarda katta miqdordagi davlat resurslari oson sindirish yoki bemalol pora olish mumkin bo‘lgan kanallarga yo‘naltiriladi. Bunday jamiyatda hukmron kuchlar asosiy diqqat-e’tiborini korruptsiyani nazorat qiluvchi mexanizmlarni zaiflashtirishga, matbuot erkinligi va odil sud tizimi mustaqilligini bo‘g‘ishga qaratadi. Uning eng xavfli ko‘rinishlari asosan jinoiy xatti-harakatlar hisoblanadi. Bunga eng avvalo, kamomad(o‘g‘irlik)ga yo‘l qo‘yish va poraxo‘rlik kiradi. Vakolatli mansabdor shaxsga ishonib topshirilgan resurslar va boyliklarni o‘z shaxsiy manfaati uchun sarflashi kamomad deyiladi. U oddiy o‘g‘irlikdan farq qilib, shaxs boshliqdan yoki mijozdan pul yoki mol-mulkni tasarruf etish uchun qonuniy ruxsat olgan bo‘ladi. 

Korruptsiya xalqaro savdoda milliard-milliardlab ziyon keltiradi. Aynan mana shu holat keyingi yillarda xalqaro korruptsiya muammosiga e’tiborni qaratishga sabab bo‘ldi. Jumladan, amerikalik eksportchi firmalar xorij amaldorlariga pora bera olmagani uchun qulay bitimlarni boy berdi. Va aksincha, ko‘pgina YeXHT davlatlarida xorijiy hamkorga pora berish ta’qiqlanmay, balki ularning soliq to‘lovlarida bu miqdor chegirib tashlandi. Aytaylik, nemis korporatsiyalarining bunday xarajatlari yiliga 5,6 milliard dollarni tashkil etgan. 

Korruptsiyaga munosabat va qarshi kurashish har qaysi mamlakatda o‘ziga xos tarzda kechayotir. Jumladan, Rossiyada bu illat uzoq tarixga ega va keng ildiz otib ketgan. Mutaxassislarning tahlilicha, bu davlatda korruptsiya tizimi orqali har yili trillion rublgacha mablag‘ aylanadi. Bundan ko‘rinadiki, korruptsiyaga qarshi kurashish borasida Rossiyada hali ko‘p ishlar qilinishi lozim bo‘ladi. 

Boshqa mamlakat, masalan, Singapurda korruptsiyaga qarshi kurash o‘zining qat’iyligi va davomiyligi bilan ajralib turadi. Singapur mustaqillikka erishgan 1965 yilda korruptsiya avjiga chiqqan edi. Uni kamaytirish uchun bir qator vertikal choralar ko‘rildi. Xususan, amaldorlar xatti-harakatlarini cheklab qo‘yish, byurokratik protseduralarni soddalashtirish kabi choralar shular jumlasidandir. Asosiysi, qonunchilikda bu illatga qarshi og‘ir jazolar tayinlandi. Hozirgi kunda Singapur korruptsiyadan xoli mamlakatlar orasida yetakchi o‘rinda turibdi. 

Ayni kunlarda Saudiya Arabistonida korruptsiyaga qarshi katta kampaniya boshlandi. “Sky News Arabia” telekanali xabariga ko‘ra, 4 noyabr kuni korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Oliy qo‘mita tuzilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hukmdor sulola oilasidan 11 nafar shahzoda korruptsiyada ayblanib qo‘lga olingan. Bundan tashqari, o‘nlab vazirlar hibsga olingan.

2013 yil bahorda Si Szinpin Xitoy davlati raisi etib saylandi. Si Szinpinning ichki siyosatida korruptsiyaga qarshi kurashish asosiy o‘rinni tutadi. 2016 yil oktyabrda XXR Kompartiyasi markaziy komissiyasi korruptsiyada ayblanib 1 million nafar davlat xizmatchilariga hukm chiqarilganini ma’lum qildi. 

Yurtimizda korruptsiyaga qarshi kurash yuzasidan qanday ishlar olib borilayotgani xususida so‘z yuritadigan bo‘lsak, o‘tgan yillar mobaynida poraxo‘rlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi holatlar bo‘yicha qonunchilikda turli jazolar belgilangan. Shunga qaramasdan, bizda bevosita korruptsiyaga oid qonun yo‘q edi. 

2016 yil 24 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan “Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, u 13 dekabrda Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullandi. Ushbu qonun mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashishda muhim dasturilamal bo‘ladi, deb ayta olamiz. 

6 ta bob 34 moddadan iborat ushbu qonunning 3-moddasida qorruptsiyaga quyidagicha muxtasar ta’rif beriladi: “Korruptsiya  — shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish;

korruptsiyaga oid huquqbuzarlik  — korruptsiya alomatlariga ega bo‘lgan, sodir etilganligi uchun qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda tutilgan qilmish;

manfaatlar to‘qnashuvi  — shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat”. 

Qonunning 4-moddasida korruptsiyaga qarshi kurashishning asosiy tamoyillari bayon etilgan. Xususan, unda qonuniylik, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik, tizimlilik, davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi, javobgarlikning muqarrarligi bayon etilgan. 

Biz ushbu maqolada dunyoda ildiz otgan yana bir salbiy illat — korruptsiyaning ayrim jihatlari xususida so‘z yuritdik. Ayni kunda mamlakatimiz Bosh prokuraturasi, sud-huquq idoralari va boshqa tashkilotlar bir yoqadan bosh chiqarib korruptsiyaga qarshi kurash olib borayotganini ta’kidlagan holda, bu sa’y-harakatlar yaqin yillarda o‘z samarasini beradi, deb o‘ylaymiz. 

 

Abdumajid AZIMOV

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × four =