MOZIYDAN TARALGAN NUR

“Alisher Navoiy” filmi ekranda 70 yillik bilan o‘lchanadigan umr masofasini bosib o‘tdi. Uni birinchi o‘zbek tarixiy-biografik kino tasmasi bo‘lgani uchungina qadrlamaymiz. Keyinchalik bu  darajaga ko‘tarilgan ekran mahsuloti yaratilmadi. Undagi obrazlarning, voqealarning barchasi tarixiylik, haqqoniylik talablariga javob beradi ham deya olmaymiz. Lekin bu asarga aksiologiya nuqtai nazaridan yondashsak, stsenariyning novelistik qurilishi qariyb o‘n yil davom etgan izlanish biz ardoqlaydigan allomaning 60 yillik umrini bir yarim soatlik metrajga ega bo‘lgan kino tasmasida ko‘rsatish bilan yakunlanganidan mamnun bo‘lamiz.

 

Ijroning yuksak nuqtalarga ko‘tarilganidan hayratlanamiz. Tasvir, kadrlar kompozitsiyasi, dekoratsiya hamda naturada olingan lavhalardan tortib personajlarning libosigacha rassom va operator, rejissyor hamda titrda ta’kidlangan maslahatchilarning bilimi, nozik didi, muhimi, badiiy tadqiq qilinayotgan ob’ektga bo‘lgan mehri sezilib turadi. Asarning rejissurasi tadqiqot ob’ekti bo‘lsa, stsenariy tanlanishi va u kino shakliga keltirilishida, eskizlar chizilishida hamda ularda bo‘lajak asarning stilistikasi belgilanishida, aktyorlarning uyushqoq ansamblini yaratish hamda uning bir yo‘nalishda, monumental ruhdagi asarga mos keladigan tarzda faoliyat ko‘rsatish maqsad qilinganida ekran hikoyasining montaj ritmini tanlashda va unga so‘nggi kadrgacha sodiq qolinganida ko‘ramiz.

Stsenariyning turli ko‘rinishlari ustida ishlaganlarning soni ortib borishi teatr aktyorlari, tipajlar sinovi uzoq davom etgani, hukmron mafkura to‘siqlarini tasdiqlovchi hujjatlar dahshatga keltirishi, adabiy asos Toshkentda, Moskvada tashkil etilgan majlislarda qayta-qayta muhokamaga qo‘yilgani o‘tmishda film ishlab chiqarish qanchalik murakkab bo‘lganini ko‘rsatadi. O‘sha, ziddiyatlardan xoli bo‘lmagan muhitni tarixiy manbalar, shaxsiy xotiralar, gazetalar sahifalarida chop etilgan xabarlar, arxiv materiallari asosida ta’riflashga urinib ko‘rdik. Shu bilan birga jahon ekranlarini kezib chiqqan bu asarning o‘sha davr (1938—1947 yillar) kino tasmalaridan farqi, uning o‘ziga xos uslubi, stilistikasi haqidagi mushohadalarga berildik. Mualliflar va rejissyor qanday manbalarga tayanib asarning badiiy kontseptsiyasini qurgani, markaziy qahramonlar obrazlari talqinida qanday manbalardan kelib chiqilgani, umuman “Navoiy” suratga olish guruhining ustaxonasida yillar davomida hukm surgan muhit bizni qiziqtirdi. 

Mavlono Navoiyga ekran monumentini yaratayotganini aktyor Razzoq Hamroev ham his etib turganini ko‘ramiz. Obrazli ifodalari bilan buyuk Lutfiyni ham hayratga solgan Alisher filmda ham teran fikrlaydi. Bug‘doyning nozik poyasi bo‘ylab yuqoriga – pishib yetilgan don sari intilayotgan jajji chumolining harakati ham mutafakkirni falsafiy o‘ylarga undaydi. Kadrlarning yirikligi, mazmuni, tarkibi zakovatli tomoshabinga zavq beradi, falsafiy o‘ylarga undaydi, tarixiy voqealar ishtirokchisi, shohidi bo‘lmish donishmand bobomizning umr fasllarini yana bir bor chuqur idrok etishga hozirlanish taklif etiladi. Mazkur lavhani asar ekspozitsiyasi sifatida qabul qilamiz. O‘z mikrokompozitsiyasiga ega bo‘lgan bu kattagina epizod keyingi kadrlarga osongina ulanadi. Ikkinchi yirik epizodga o‘tishdan oldin biz qalamga olgan lavhadan bir necha kadrning verbal ifodasini beraylik. Biz ishora qilgan kompozitsiyadagi kadrlar yirikligiga, tarkibiga, aktyorlar talaffuz etgan so‘z va jumlalar ma’nosiga ahamiyat bering. Bir kadrda shahzoda Husayn do‘sti yosh Alisher bilan birga bir manzarani kuzatib boradi. Bug‘doy poyasiga mahkam chirmashib, yer qa’ridan obi hayot olib, quyosh nuri ila yetilgan bug‘doy donasi hamisha harakatda bo‘lgan chumolining havasini keltirganini ko‘ramiz, falsafiy o‘ylarga berilamiz. 

Filmning adabiy asosi va rejissyorning tasavvuridagi kadrlarning mohiyati haqidagi mulohazalarimizga bir zum chek qo‘yib bugungi kun kinochilari uchun ibrat bo‘ladigan filmda ijro madaniyati va texnikasini ta’riflashga urinib ko‘raylik. Asad Ismatov – fojiaviy rollar ustasi, ijro san’atining piri – o‘z qahramoni bo‘lmish Husayn Boyqaroning ichki kechinmalari, murakkab ruhiy holatini nigoh, achchiq so‘zlar, keskin jismoniy harakat ila namoyon etganini ta’kidlaymiz. Ketma-ket uloqtirilayotgan shoyi ro‘molchalarni yerga tushirmay, fazoda o‘tkir shamshiri bilan parchalab tashlayotgan Sulton alamini nafis durrachalardan oladi. Uning chehrasida, harakatida, ko‘z yoshida alamning o‘zginasi emas, afsus-nadomat, firoq o‘ti, fitna tantana qilganidan qayg‘urayotgan shaxsning dramasi ifodalangan. Shunday ehtirosli ijroning davomidek qabul qilinadigan final kadrlardagi Husayn Boyqaro – Asad Ismatovning holati shunchalik ta’sirchan, ishonarli bo‘lganki, Komil Yormatov suratga olishni to‘xtatgan. Mulohazamizdagi ziddiyatni izohlaymiz. Sulton sevikli nabirasi Mo‘min Mirzodan judo bo‘lgan, sadoqatli do‘stlari “zada bo‘lgan qushlar kabi” saroydan uzoqlashgan. Shunday vaziyatda uning huzuriga Astroboddan qaytgan Navoiy kirib keladi. Sulton motam libosida, misqoli salla o‘ragan, yengil oq chopon kiygan, hassaga tayangan Navoiy – artist Razzoq Hamroev motamdan xabar topib, yoshlikdan do‘stlashib kelgan Husayndan norozi bo‘ladi, saroydan ketishini bildirganida maishat qurboniga achinish his-tuyg‘usi bilan birga Navoiyni bag‘ritoshlikda ayblash holati ham vujudga keladi. Asad Ismatov – Husayn tiz cho‘kib Alisherga murojaat etganida bu vaziyat keskinlashadi. Ana shu manzarani kuzatib, o‘rganib borgan rejissyor “Stop!” buyrug‘ini berib, bir necha kundan keyin ikki do‘stning so‘nggi uchrashuvini o‘zgacha tasmaga tushirgan. Bu kadrlarni zakovatli tomoshabin anglab, qadrlab kelmoqda. 

Bugungi kino shinavandalari Alisher va Husayn o‘rtasida filmda ko‘rsatilgandek kuchli adovat bo‘lmagan, shoir Astrobodga “surgun” qilinmagan, u yerni ham obod qilish, machit va madrasalar qurish, ta’mirlash ishlarini olib borishni maqsad qilib odil va oqil Navoiy hokim etib tayinlangan, deb e’tiroz bildirishi mumkin. Bunday mulohazalarga stsenariy va filmdan o‘rin olgan kadrlar, dialoglar, iboralar sabab bo‘lgani keltirilishi ham mumkin. 

Alisher Husayn haramiga keltirilgan Gulini Astrobodga olib ketishini ma’lum etganida Sulton jerkib “…hech bo‘lmasa bir marta iltimos qiling” deyishi va oshiq Alisher tiz cho‘kib iltijo qilmoqchi bo‘lishi lavhasini, maishatga berilgan shahanshoh qo‘chqorlar jangidan maroq olib, may ichishi kadrlarini, so‘nggi kadrlarda achchiq haqiqatni eshitib g‘azabnok holatga kelgan Husayn Boyqaro Navoiyga “Yo‘qol” qo‘pol so‘zini aytib shoir, davlat arbobini haydashi epizodlarini eslang. Hayotiy voqea, siymo va ularning badiiy tasviri nazariyasi va tajribasidan kelib chiqib mushohada qiladiganlar estetik qiymatga ega bo‘lgan asar, hattoki tarixiy shaxsning akademik tarjimai holi emas, muallifning badiiy to‘qimasi bo‘lmasa faktlar, hujjatlar bayoni obrazlilik yo‘liga to‘g‘anoq bo‘ladi, umumlashmalarga ham kelib bo‘lmaydi, deb javob berishi mumkin. Bunday munozarada hakam xizmatini o‘tash fikridan uzoqmiz. Shu bilan birga yanglish badiiy kontseptsiyalar asosida ham iste’dodli asarlar yaratilganini, “Navoiy” stsenariysi va filmi og‘ir yillarda yozilganini yoddan chiqarmaylik. O‘sha davr mafkurasi, sinfiy jamiyatda hukmronlik qilgan barcha shaxslarga salbiy ta’rif va tavsif berilishini, ularning zamondoshlari bo‘lmish olimu-fuzalolar, ijod ahli ijobiy fazilatlari bilan namoyon bo‘lishini talab qilgani ijod jarayoniga ta’sir ko‘rsatganini, olim, munaqqidlarni chalg‘itganini ne afsuslar bilan qalamga olamiz. S.Eyzenshteyndek qomusiy bilimga ega shaxs ham “Mosfilm” kinostudiyasining badiiy rahbari sifatida “Navoiy” stsenariysini o‘qib, muhokamada tanqidiy mulohazalarini aytgan, maslahatlar ham bergan: “Stsenariyda kuchli konfliktlar, to‘qnashuvlar bo‘lmaganidek, irodali shaxslar ham deyarli ko‘rinmaydi. Navoiy va Sulton Husayn o‘rtasidagi ziddiyatni tadrijiy ravishda oxiriga yetkazib, uni yorqin bir tarzda, aniq ifodalab berish kerak”.

Stsenariyning yangi variantlarida ikki do‘st o‘rtasidagi konflikt tadrijiy ravishda davom ettirilganini ko‘ramiz. 

Husayn portretiga chizgilar tortilishida ko‘proq Bobur ta’rifidan kelib chiqilgan. Uning bosh qahramon bilan bo‘lgan munosabatlari “yuqori idoralar” nazorati ostida suratga olingan. Navoiy obrazi ta’rifida afsonalar, rivoyatlardan kelib chiqqanlari ham seziladi. 

Qomusiy tipda yozish, kompozitsiya qurish, film yaratishda muhim omil bo‘lgan manbalarga murojaat etish, miqdor jihatdan oz bo‘lgan, lekin kino doiralarida qiziqish uyg‘otadigan xotiralarni keltirish jarayonida mashhur filmga davrimizning yuksak pog‘onasidan, xolis yondashish niyatida bo‘ldik. Uzoq davom etgan ijod jarayoni murakkab bo‘lganini, uning ishtirokchilari bo‘lmish, san’atkorlar, olimlar sun’iy to‘g‘anoqlarni yengib, realistik talqin yo‘lidan borish niyatida bo‘lganlarini, tarixiylik tamoyillariga rioya qilishni maqsad qilganlarini hujjatlar, mulohazalar bilan ko‘rsatmoqchi bo‘ldik. Deyarli o‘n yil davom etgan stsenariy yozish, muhokamaga qo‘yish, eskizlarni chizish, Toshkent–Moskva yo‘lini qayta-qayta bosib o‘tib idoralarning ijozatini olish, suratga tushirish, montaj qilish jarayoni oson kechgan deb o‘ylaysizmi? Mazkur tarixiy-biografik film kun tartibiga qo‘ygan talablarga, nazariya va amaliyotga tegishli masalalarga ijod va ilm ahli diqqat e’tiborini qaratishni burchimiz deb bildik. Zero, Mavlono Navoiyning ekrandagi umrini yangi, davr talablari darajasidagi estetik shaklda, seriallarda ko‘rsatish imkoniyatlaridan foydalanilmayotgani tashvishga solishi tabiiy bir holdir. Uning biror asari badiiy filmga (aniqrog‘i seriallarga) asos qilib olinmayotgani  davlat byudjetidan yil sayin ajratilayotgan mablag‘dan unumli, puxta o‘ylangan ko‘pyillik reja asosida sarflanmayotganidan darak bermaydimi? Masalaning tashkiliy, moliyaviy, texnik, tashkiliy tomonlaridan tashqari ijodiy va ilmiy jihatlari ham borki, ular kun tartibiga ham qo‘yilmagan. Aslida 2015 yil 15-16 mayda Samarqandda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov barhayot merosni tadqiq qilish, yoritishning yangi metodologik negizi haqida odil va oqil mulohazalarni aytgandilar. Madaniy merosga qarash, uni o‘rganish spektrining keng bo‘lishi haqidagi mushohadalar ham dolzarb masalalar bilan bog‘liq. Badiiy tadqiq ob’ektining chegarasini, tarkibini, falsafiy zaminini o‘rgansak, ijodiy merosni okean bilib, unga yondoshishning yangi yo‘llari ham teran, miqyos jihatidan keng bo‘lishi zarurligi ma’lum bo‘lib boradi. Bu masalalar olimlar va badiiy ijod ahlidan tashkil topgan katta guruh tomonidan o‘rganilishi maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidlagan holda “Alisher Navoiy” filmining uzoqlarga cho‘zilgan zamon va keng makonga cho‘zilgan ustaxonasini baholi qudrat o‘rganish asnosida paydo bo‘lgan ayrim fikrlarning muxtasar bayonini keltirib o‘tamiz.

Katta xazina – Navoiy ijodiyoti kino, ekran dramaturgiyasi, kadrlar kompozitsiyasi, tonalligi, tafakkur ifodasi nuqtai nazaridan o‘rganilmadi. Vaholanki, shoir asarlarida ekran zaxiralari mo‘lligi g‘azallarda ham, poemalarda ham darhol ko‘zga tashlanadi. Birgina biz qalamga olgan “Munojot” g‘azali syujeti qurilishi, majoziy ifodalarning shartli belgilari, teran ichki kechinmalarning ko‘z ilg‘aydigan tasvir, quloq eshitadigan matn, nozik ovoz vositalari ila namoyon etishi bilan ham diqqatga sazovor. 

Shoirning elga tanilgan zamondoshlari Jomiy va Lutfiy, Xondamir va Sulton Husayn, Bobur va Binoiy, Vosifiy va Xadicha begim (Husayn Boyqaroning rafiqasi, Muzaffar Husaynning onasi) aytganlari, yozib qoldirganlariga qiyosiy ta’rif berish fikridan yiroqmiz. Shu bilan birga qalam sohiblari o‘zaro suhbatlarda, maktublarda, xotiralari sahifalarida bir-birlari haqida aytgan fikrlari tadqiqotchilarga, badiiy ijod olamiga kirib kelayotganlarga metodologik ahamiyatga ega bo‘lganini eslatib o‘tishni o‘rinli deb bilamiz.  Bu manbalar qahramonning qizg‘in faoliyatini voqeaband shaklda ko‘rsatadi, shaxsiy hayot jumladan, sevgi-sadoqat his-tuyg‘ularining ifodasini o‘lmas falsafiy misralarda tasvirlagan Navoiyning hayotidagi lirik-psixologik ko‘rinishlarni stsenariy va filmlarda ehtiros bilan ko‘rsatishda qo‘l kelar. 

Shoirning portretini, jo‘shqin hayoti fasllarini yaratishdan avval, uning o‘zini o‘rganish kerak deb bilamiz. Yozish texnikasini ham, badiiy usulini, talqin yo‘llarini, fabula chizishni ham, Navoiy asarlarida uning portreti ham, lirik-psixologik, falsafiy o‘ylari ham, muhimi, uning boy ichki dunyosining ta’rifi ham mavjud. Ularni ilg‘ab olish, audiovizual madaniyat nuqtai nazaridan o‘rganib, o‘zlashtirib kinotelepolotnoning seriallarini yaratish chog‘i keldi. 

Biz ushbu maqolani kelgusida tarixiy mavzularda suratga olinajak film ijodkorlariga amaliy qo‘llanma, nozik jihatlarga yondashuvida yo‘l-yo‘riq bo‘lar, degan umidda yaratdik. Bu filmlar, ayniqsa, ulug‘ allomalarimiz, tarixiy shaxslar hayoti va faoliyati haqida film olish uchun barcha shart-sharoitlar mavjud bo‘lgan zamonda juda muhim ahamiyatga ega. Hamma gap kinoijodkorlarimizning jipsligida bilim doiralarining kengligi va jasoratida qolgan. 

 

Hamidulla AKBAROV, 

professor

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 2 =