ASLNI SOXTADAN AJRATISH FURSATI KELDI

Atoqli qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov o‘zbek xalqining Markaziy Osiyoga ta’sirini qadim Vizantiyaning Yevropaga ta’siriga qiyoslagan edi. Chingiz og‘adek shaxslar hech bir gapni behuda aytmaydi. U kishi xalqimiz dahosini asrlar, ming yilliklar silsilasida namoyon etib kelayotgan milliy adabiyotimiz, san’atimiz, umuman, madaniyatimiz timsolida baholaganiga shubha yo‘q. 

 

Maqom — millatimizning ana shunday timsollaridan biridir.

Uning gultoji bo‘lgan “Shashmaqom” YuNYeSKO tomonidan insoniyatning nomoddiy merosi sifatida e’tirof etilib, uning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani bejiz emas. Maqom san’atimiz azaldan insonlarni estetik tarbiyalovchi ulug‘ vositalardan biri bo‘lib kelgan. Uning ahamiyati yillar, asrlar o‘tsa-da, aslo kamaymaydi. Davlatimiz rahbarining yaqinda imzolagan “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori esa uni yanada teranroq o‘rganish, targ‘ib qilish singari ulug‘vor ishlarda dasturilamal vazifasini o‘taydi. 

Shu yilning avgust oyida Prezidentimiz mamlakat ijodkor ziyolilari vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvda adabiyot va san’atimiz, milliy madaniyatimizning buguni va ertasi, rivojlanishiga doir juda ko‘p jo‘yali maslahatlar bergan edilar. O‘shanda milliy estrada va mumtoz qo‘shiqchilik san’ati oldida turgan dolzarb muammolar xususida ham atroflicha fikr yuritilgan, tahliliy va tanqidiy mulohazalar bildirilgan edi. Davlatimiz rahbarining “biz xalqimizning noyob merosi bo‘lgan maqom san’atini nafaqat yurtimizda, balki butun dunyo bo‘ylab keng targ‘ib qilish, kerak bo‘lsa, xalqaro miqyosda maqom tanlovlarini tashkil etish ustida ishlashimiz kerak”, degan so‘zlari o‘shandayoq ko‘pchiligimizni to‘lqinlantirib, oldi-qochdi, soxta qo‘shiqchi-mashshoqlarning usulsiz kuylariga chek qo‘yilayotgani ma’lum bo‘lgan edi. Mana endi bu sohaga alohida e’tibor qaratilib qabul qilingan maxsus qarorda xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan milliy maqom san’ati o‘zining qadimiy tarixi, teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslub va boy ijodiy an’analari bilan ma’naviy hayotimizda muhim o‘rin tutishi, ushbu noyob san’atning nafaqat yurtimiz va Sharq mamlakatlarida, balki dunyo miqyosida katta shuhrat va e’tibor qozonganligi iftixor bilan ta’kidlandi. Shuningdek, yosh avlod qalbida eng ulug‘ insoniy tuyg‘ularni shakllantirish, uning estetik didi va tafakkurini kengaytirishda maqom san’atining keng imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmayotganligi ham ko‘rsatib o‘tildi. Mana endi aslni soxtadan, haqiqiyni nusxadan ajratish vaqti keldi. 

Shu ma’noda, mazkur qaror milliy madaniyatimiz arkonlarining asoslaridan biri hisoblangan maqom san’ati istiqboli borasidagi tarixiy hujjatlardan bo‘lib qolishi shubhasiz. Unda milliy maqom san’atini rivojlantirishning ma’naviy-axloqiy kamolotda tutgan o‘rni, qadimiy ma’naviy-madaniy qadriyatlar va milliy an’analarni qayta tiklash hamda boyitish, shuningdek, bozor munosabatlari sharoitida mumtoz san’atimiz taraqqiyotini qo‘llab-quvatlash singari masalalar qamrab olingani soha istiqbolida muhim ahamiyat kasb etadi.

Maqsad va vazifalar juda ulkan. Unda jamiyat ma’naviy taraqqiyotini ta’minlashning umuminsoniy talablari to‘laligicha qamrab olingan. Ayniqsa, o‘zbek milliy maqom san’ati Markazini tashkil etish va shu orqali maqom san’atini yanada rivojlantirish borasida ilgari surilgan g‘oyalar ulug‘vor.

Endi ijodiy maktablar va ustoz-shogirdlik an’analarini, buyuk bastakorlar, hofiz va sozandalar merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish ijodiy o‘sishning omili bo‘lib xizmat qiladi. 

Bu san’atning ko‘p asrlik ijro yo‘llarini puxta o‘zlashtirib, ularni yangicha usullar bilan boyitib, yosh avlod vakillariga o‘rgatib kelayotgan maqomchilar, ilmiy-pedagog olimlar va mutaxassislar faoliyati Maqom markazida alohida o‘rin tutadi. Ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalari hal etiladi.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Musiqiy sharqshunoslik kafedrasi negizida “O‘zbek maqomi tarixi va nazariyasi” kafedrasi tashkil etilishi, viloyatlardagi pedagogik oliy ta’lim muassasalarining musiqiy ta’lim yo‘nalishida maqom san’atini maxsus fan sifatida o‘qitilishi, yurtimizda maqom san’ati bo‘yicha xorijiy yetuk ijrochilarning o‘zaro tajriba almashuvi, mahorat darslari hamda turli xalqaro maqom anjumanlari, tanlovlari katta natijalar berishiga shubha yo‘q. 

 

2018 yildan boshlab Shahrisabz shahrida har ikki yilda bir marta Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazish, Oqsaroy maydonining tarixiy qismida maqom san’atiga bag‘ishlangan muzey va milliy sozlar laboratoriyasini tashkil etish kabi ulug‘vor maqsad va istaklar zamirida vatan, millat, xalqning orzu umidlari, milliy va umumbashariy qadriyatlarning uyg‘unligi qolaversa, buyuk merosimizga cheksiz hurmat va ehtirom mujassam. Maqom yo‘nalishida ijod qilib kelayotgan ijodiy jamoalar, ansambllar 2023 yilgacha barcha soliq to‘lovlaridan ozod etilishi ijodkorlar uchun juda katta imkoniyat ekanligidan tashqari ayni paytda davlat rahbarining milliy madaniyatimiz va san’atimizning ko‘p asrlik boy xazinasiga bo‘lgan yuksak e’tiboridan darak beradi.

 

Azamat HAYDAROV, 

Respublika madaniyat muassasalari

faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik

markazi direktori

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 − 4 =