«MADE IN UZBEKISTAN» YORLIG‘I JAHON BOZORIDA

Bugun qaysi mamlakat fuqarolarining turmush darajasi yuqori bo‘lsa, bu o‘sha davlatning eksport salohiyati yuksakligi natijasidir. Ishlab chiqarishning keng yo‘lga qo‘yilgani, tadbirkorlikka yaratilgan imkoniyatlar, bu boradagi ochiqlik, erkinlik o‘sha mamlakatlarni iqtisodiyotning baland cho‘qqilariga olib chiqqan.

 

Yurtimizda keyingi paytlarda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar O‘zbekiston ham yaqin yillar ichida ulkan natijalarga erishishiga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlamoqda. Tadbirkor va fermerlarga yaratilayotgan imkoniyatlar pirovardida yurtimizning eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. 

Mubolag‘asiz, hayajonlarsiz aytish mumkinki, «Made in Uzbekistan» yorlig‘i tushirilgan mahsulotlar jahon bozorida keng o‘rin egallayotir. Bu jarayonda davlatimiz tomonidan tadbirkorlar mahsulotlarini eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash, ularga har tomonlama ko‘mak berish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tadbirkorlarimiz soni ham kundan-kunga ortib, jahon andozalariga mos sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishga harakat qilmoqda. Natijada yil sayin eksportyor ishlab chiqaruvchilar ko‘paymoqda. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki qoshida faoliyat yuritayotgan Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Ishbilarmonlarga moliyaviy va huquqiy ko‘mak berib kelayotgan Jamg‘armaga marketing tadqiqotlarini o‘tkazish, xorijiy hamkor topish, xorij bozorlarida mamlakatimiz savdo belgisini ommalashtirish, tadbirkorlarimizning xalqaro ko‘rgazma, yarmarka, tender savdolari va boshqa tadbirlarda ishtirok etishiga ko‘maklashish, xorijiy import qiluvchilarning O‘zbekistonga safarini uyushtirish kabi mas’uliyatli vazifalar yuklangan.

— Jamg‘arma mamlakatimiz bo‘ylab barcha hududlarda o‘z filiallariga ega. Bu esa xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini kengroq qamrab olishga imkon yaratmoqda, — deydi Jamg‘arma ijrochi direktori o‘rinbosari Marat Jo‘raev. — Ayni damda Jamg‘armamiz tadbirkorlarning xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda, biznes-forum va kooperatsion birjalarda ishtirok etishi, chet ellik hamkorlar topishi va shartnomalar tuzishi, xorijiy davlatlar konunchiligiga muvofiq litsenziya va sertifikatlar, boshqa ruxsatnomalar olishida yordam ko‘rsatmoqda. Bunda Jamg‘armaning yuzdan ortiq xorijiy tashkilot bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgani hamda ko‘plab davlatlarda o‘z vakolatxonasini ochgani qo‘l kelmoqda. Bu o‘z o‘rnida tadbirkorlarga o‘z mahsulotlarini eksport qilishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Agar natijalarga e’tibor bersak, joriy yil shu davrigacha Jamg‘arma to‘rt yuzdan ortiq tadbirkorga o‘z mahsulotlarini xorijga eksport qilish uchun ko‘mak berdi. Bu sa’y-harakatlar natijasida uch milliard dollardan ortiq mablag‘ miqdoridagi eksport shartnomalari imzolandi. Bu shartnomalarda qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat va charm-poyabzal mahsulotlari yuqori o‘rinni egallaydi. Chunki serquyosh o‘lkamizda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga xorijda talab katta. Yengil sanoat va charm-poyabzal mahsulotlari haqida ham ana shunday iliq fikrlarni bildirish mumkin. 

Shuni qayd etish kerakki, biznesning asosini mablag‘, sarmoya tashkil etadi. Shunday ekan, Jamg‘arma tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida foizsiz ssudalar berib kelmoqda. Bu esa ishbilarmonlarning tezda oyoqqa turishiga va eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga omil bo‘layotir. Jumladan, joriy yilda ishbilarmonlarga 5 milliard 630 million so‘mi foizsiz moliyaviy qarz sifatida va ikki milliard so‘mga yaqin mablag‘ xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etishlari uchun ajratdi. Bu esa tadbirkorlarimiz tomonidan qariyb 500 million dollarlik eksport shartnomalari imzolanishiga zamin yaratdi. 

Jamg‘arma ko‘magida tadbirkorlar chet elda o‘tkazilayotgan xalqaro ko‘rgazma-yarmarkalarda ishtirok etib, o‘z mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish va eksport geografiyasini kengaytirishga muvaffaq bo‘lmoqda. Xususan, joriy yilda Jamg‘arma tomonidan 630 ga yaqin tadbirkorga Germaniya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etishiga yordam ko‘rsatdi va mazkur tadbirlar doirasida 397,9 million dollarlik eksport kelishuvlari imzolanib, 44,0 million dollarlik eksport amalga oshirildi. 

— Biz jamg‘arma ko‘magida yaqinda Rossiyada o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmada ilk bor ishtirok etdik. Bunday ko‘rgazmalarda qatnashishning o‘ziga yarasha murakkabliklari bor ekan, — deydi “KREMBER” qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona ish boshqaruvchisi Doniyor Uzoqov. — Chunki katta raqobat muhitida o‘z o‘rningga ega bo‘lish, xaridorlar bilan shartnoma imzolash oson ish emas. Hech bir mijoz bir dollarni ham osonlikcha berib qo‘ymaydi. Buning ham o‘z qiyinchiliklari bor. Xalqimiz oson joyda osh yo‘q deyishadi-ku. Xuddi shunday. Har bir hamkor mahsulotni ishlab chiqarishdan tortib, yetkazib berish masalalarigacha tahlil qiladi. Hatto korxona faoliyati, mahsulot sifati, xalqaro standart joriy etilgani kabi bir qator chig‘iriqlardan o‘tkazadi. O‘sha jarayonlardan o‘tgandan so‘nggina shartnoma imzolanadi. Korxonamiz ham o‘sha chig‘iriqlardan o‘tib 30 million dollardan oshiq eksport shartnomasini imzoladi. Albatta, bunda jamg‘armaning ko‘magi katta bo‘ldi.

Shuningdek, joriy yilda Jamg‘arma tomonidan Italiyaning «Gailli» va AQShning «Stantop» korxonasi vakillarining O‘zbekistonga tashrifi uyushtirildi. Tashrif davomida Farg‘ona, Namangan, Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalarga olib borgan holda Italiya bozoriga quritilgan meva-sabzavotlarni yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Jumladan, «Stantop» korxonasi va «Universal diller» MChJ o‘rtasida Toshkent viloyati Piskent tumanida moshni tozalash va qadoqlash bo‘yicha loyihasini amalga oshirish uchun 500 ming dollarlik investitsiya kiritish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuni ham qayd etish kerakki, Yurtboshimiz qaysi davlatga tashrif buyurmasin, o‘sha mamlakat vakillari bilan o‘zaro savdo aloqalarini mustahkamlash va kengaytirish borasida ko‘plab shartnomalar imzolanmoqda. Bu esa o‘z navbatida ishbilarmonlarga xorijda emin-erkin savdo qilish imkoniyatini yaratib, turli yo‘nalishlarning rivojiga omil bo‘layotir. Ana shunday samarali tashriflardan biri Prezidentimizning 22-25 noyabr kunlari Janubiy Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi bo‘ldi. Jamg‘arma ham ana shu tashrif doirasida Koreya Respublikasining «AVID Co. Ltd», «Dalim PharmaTech» va «Hyundai department store» korxonalari bilan zargarlik buyumlari, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda yirik savdo komplekslarini tashkil etish bo‘yicha jami o‘ttiz million dollarlik investitsion loyihalarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro hamkorlik kelishuvlarini imzolab, ish ko‘lamini yanada kengaytirdi.

Bobur MUHAMMADIYEV tayyorladi.

 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − 16 =