O‘ZINI HURMAT QILMAGAN, boshqani izzat qiladimi


Kishi madaniyati va ma’naviyatini oshirishda teatr, kino, kontsertlarning o‘rni beqiyos. Mamlakatimiz rahbari rahnamoligida har yili madaniy sohadagi inshootlar ta’mirlanib, ularning faoliyati rivojlanishiga, mazmunan boyitilishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Unda ko‘pchilik uchun qiziqarli bo‘lgan spektakl, kino, kontsert dasturlari xalqimizga namoyish etilmoqda. Kundalik hayotimizda ish faoliyatimizdan horigan vaqtimizda madaniy hordiq chiqarish ehtiyoji tug‘iladi. Ba’zida kitobda o‘qigan asarlarimizni teatr sahnasida taniqli aktyorlar ijrosida tomosha qilish o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi.

 

Inson hayot ekan, uning hayotida turli voqea va hodisalar ro‘y berib turadi. Dam olish kunlarining birida oilam bilan birgalikda Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatriga borib yaxshi sahna asari ko‘rishni niyat qildim. Uydan chiqib, bekat tomonga bordik. Bekatda bizdan boshqalar ham turishar edi, lekin mening nazarim bir yosh yigitga tushdi. U chekib bo‘lgan sigaretasini oyog‘i ostiga tashlab ezg‘iladi. Endi yigitga tanbeh beraman deb turganimda, yana bir guruh o‘spirin qiz bekatga keldi. Barchasining qo‘lida pista, kimdadir konfetlar bor edi. Ular ham pista chaqib, konfetlarni yeb qog‘ozlarini bekatga tashlashdi. Men bu voqeani ko‘rib juda ajablandim. O‘zimga shunday savol berdim: qani bizdagi yuksak ma’naviyat va madaniyat? Bekatda axlat uchun alohida idishlar bo‘la turib, nega bular bunday qilishmoqda? O‘quvchi qizlarga tanbeh berdim. Gapim ta’sir qilganlari uzr so‘radi, qolganlari miyig‘ida kulgandek bo‘ldi. Va nihoyat, bekatga avtobus ham keldi. Uning ichi to‘la, tirband edi, lekin o‘rindiqlarning eng ko‘p qismida yoshlar o‘tirar, yoshi kattalar esa oyoqda tikka turishar edi. 

Avtobusga chiqqan barcha yoshi katta insonlar voqeaga nisbatan munosabat bildirolmay, boshlarini qimirlatib qo‘yishardi, xolos. Afsus, men bekatdagi va avtobusdagi holatlarni ko‘rib odamlar, yoshlar madaniyatini, tarbiyasi, xulq-atvorini yaxshilash borasida juda ko‘p ish qilishimiz kerakligiga amin bo‘ldim. 

Yana bir holat: avtobusda televizor qo‘yilgan, unda har xil reklama va videoroliklar, qo‘shiqlar berib borilmoqda. Ajablanarlisi, unda davlat tilidagi reklama va roliklar juda kam, ular asosan chet tilida — ruschada. Qo‘shiqlar ham hozirgi saviyasiz, xonandalikka da’vogar, lekin hali san’atning darvozasiga ham yo‘lamagan havaskorlarning “ijod mahsul”lari. Kuy-qo‘shiq bir yonu, ijrochilarning “kiyim”lari bir yon. Horib-charchab ishdan qaytayotgan kishilarning asabini egovlashdan boshqa ishga yaramaydigan bunday “qo‘shiq”larni qo‘ygandan qo‘ymagan afzalmidi, deyman ichimda.

Nihoyat, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali drama teatriga yetib keldik… 

Spektakl boshlandi. Sahnada taniqli aktyorlar o‘z rollarini berilib ijro etishlari, jonli ijrodagi ariyalari kishiga zavq bag‘ishlaydi. Biroq… Shunday go‘zal tomoshani orqa qatorda o‘tirgan ikki yigitning baland ovozda shaxsiy masalalari bo‘yicha nimanidir muhokama qilishayotgani buzdi. Teatr auditoriya, o‘zing o‘qituvchi bo‘lsang-u, shartta anavi ikki nodonni tashqariga chiqarib yuborsang. Yoki yana bir holat: boshqa bir yigit qo‘l telefonida hammaga eshittirib gaplasha boshladi. Ba’zi tomoshabinlar esa teatrga yosh bolalari bilan kelgan ekan, qaysidir bola chirillab yig‘lagan, boshqasi onasiga xarxasha qilgan, xullas, aktyorlar qolib, hammaning e’tibori shularga tushgan. Nazoratchilar goh unisini, goh bunisini ogohlantirish-tinchlantirish bilan ovora. Chiqarib yuboray desa, bundaylar ko‘p… Kechikib kelib, joy qidirayotgan tomoshabinlar ham o‘tirganlarning g‘ashini keltirar ekan.

O‘yladimki, nahotki, ommaviy axborot vositalari “ma’naviyat, ma’naviyat” deb kuyib-pishayotgani, ziyolilarning “kitob o‘qiylik” deya targ‘ib-tashviq qilayotganlari bekor ketayotgan bo‘lsa! Biz ota-onalar farzandlarimizga yaxshi tarbiya bera olmayapmizmi? Axir, jamoat joyda o‘zini tutishni, avvalo o‘zini, keyin boshqalarni hurmat qilishni o‘rgatish shunchalar qiyinmi? Farzandiga qimmatbaho qo‘l telefonlari olib berayotgan ota-ona jindakkina tarbiya ham qo‘shib bersa, anavi madaniyatsiz, odob-axloqsiz yigitchalar, qizchalar bo‘lmaydi-ku!

Kelajak unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizniki ekan, ular yuksak ma’naviyatli, bilimli bo‘lishsa, mamlakatimiz yanada ravnaq topardi. 

 

Anvar QURBONOV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim mudiri

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 1 =