Soha rivojiga munosib hissa

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 3 avgust kuni mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda milliy madaniyatimiz, adabiyot va san’atimizni rivojlantirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar, ularni hal etish yo‘llari, bu borada ijodiy uyushmalar va davlat tashkilotlari oldida turgan muhim vazifalar haqida batafsil fikr bildirib, ularning hozirgi ahvoli haqida to‘xtalar ekan, ayniqsa ijodiy uyushmalarning moddiy imkoniyatlarini yaxshilash, soha xodimlarining to‘laqonli faoliyat yuritishlarini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalasida fikr yuritib, yurtimizdagi yetakchi ijodiy tashkilotlarning “Do‘stlar klublari”ni tashkil etishni taklif qilgan edi.

 

Shundan so‘ng ijodiy uyushmalar faoliyatini rivojlantirishga huquqiy asos bo‘luvchi o‘n ikkita muhim hujjat qabul qilindi. Ularning ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Tovar-xomashyo birjasi o‘rtasida tashkil etilgan shunday klub, muhtaram Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, o‘z samarasini bera boshladi. 

O‘tgan davr mobaynida OAVda xabar qilinganidek, “Do‘stlar klubi” tomonidan bir qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi, ijodiy uyushmalar o‘rtasida o‘zaro ijodiy hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Keksa va ehtiyojmand hamkasblarimiz ahvolidan xabar olindi. 

O‘tgan hafta “Do‘stlar klubi”ning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlarning mas’ul xodimlari va jamoatchilik vakillaridan tashkil etilgan 11 kishidan iborat klub a’zolari ishtirok etdi. 

Yig‘ilishni O‘zJIU boshqaruvi raisi Sadulla Hakimov boshqardi. 

— Inson hayotda turli vaziyatlarga duch keladi, goh quvonchli, goh sinovli damlarni boshidan kechiradi. Mana shunday holatlarda inson do‘stga suyanadi. Yaxshi kunda ham, yomon kunda ham do‘sti yonida turgan odam baxtlidir, — dedi S.Hakimov tadbirni ochib berar ekan. — Tashkilotlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ham shunga o‘xshaydi. Ular o‘zaro hamjihatlikda ko‘plab muammolarga yechim topishlari mumkin. Yurtboshimizning bevosita tashabbusi va taklifi bilan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Respublika Tovar-xomashyo birjasi o‘rtasida bog‘langan do‘stlik rishtasi tobora mustahkamlanib borayotgani har ikki tomon uchun ham birdek quvonchlidir. Shu narsa aniqki, bu hamkorlik jurnalistlarimizni yanada faol bo‘lishga, el-yurt manfaatlari  yo‘lida sadoqat bilan qalam tebratishga da’vat etadi.

Shundan so‘ng kun tartibidagi o‘nga yaqin masalalar muhokama qilindi. Klub a’zolari O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, uning hududiy bo‘limlari faoliyatini rivojlantirish, ehtiyojmand, kasalmand Uyushma a’zolaridan bir guruhini moddiy qo‘llab-quvvatlash, davolantirish, bu xayrli ishlarni kelgusi yil davomida ham izchil davom ettirish kabi bir qator masalalar yuzasidan fikr almashdilar va ularni amalga oshirish yuzasidan tegishli kelishuv imzoladilar.

Ushbu kelishuvga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, viloyatlardagi hududiy bo‘limlar faoliyatini takomillashtirish maqsadida stol-stullar jamlamasi, kompyuter texnikalari, fotoapparat va boshqa texnik vositalarni xarid qilishlari uchun 160 000 000 so‘mlik maqsadli mablag‘ yo‘naltirildi. Bundan tashqari sentyabr oyida Toshkent shahrida 15 nafar, yangi 2018 yil arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, viloyatlardagi OAV uzoq vaqt xizmat qilgan ayni paytda nafaqada bo‘lgan 34 nafar, ulardan ikki nafarini davolanib chiqishlari uchun tegishli hujjatlarga asosan, kasalxonaga yotqizish maqsadida jami 50 nafarga yaqin nuroniy hamkasbimizga moddiy ko‘mak berildi. Shuningdek, O‘zJIU a’zolari — OAV va O‘zTXAB tizmlarida faoliyat ko‘rsatgan, ayni paytda nafaqada bo‘lgan bir guruh nuroniylarga madaniy-ma’rifiy ko‘mak berish maqsadida O‘zJIU muassisligida nashr etiladigan “Hurriyat” gazetasiga bepul obuna uyushtirishga kelishib olindi. Tadbirda klubning “Do‘st bilan obod uying” deb nomlangan jurnalistlarklubi.uz sayti ko‘rigi o‘tkazildi, uni yanada takomillashtirish borasida mulohazalar bildirildi. Yangi yilning birinchi dekadasida mazkur sayt taqdimotini o‘tkazishga kelishib olindi.

— Biz o‘zaro hamkorlik faoliyatimizni shunday tashkil etaylikki, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Tovar xomashyo birjasi raisi vazifasini bajaruvchi Aziz Nagaev. — Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganlaridek, mamlakatimiz milliy jurnalistikasi yanada rivojlansin, sohada xizmat qilayotgan har bir xodim, bizdan rozi bo‘lsin.

— “Do‘stlar klubi” a’zolari 2018 yil davomida bu kabi ezgu ishlarni yanada ko‘lamini kengaytirish, 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlar doirasida harbiy vatanparvarlik mavzusida faoliyat ko‘rsatayotgan hamkasblarimizni rag‘batlantirish, turkum ma’naviy ma’rifiy tadbirlarni hamjihatlikda o‘tkazish masalalarida fikrlar almashdilar. 

Klub a’zolari mazkur yig‘ilish yuzasidan kelishuv bayonnomasini imzoladilar.

 

O‘zJIU Axborot xizmati.

Surat muallifi: 

Sholaziz SHOXIDOYEV

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + 3 =