“IZLASH AZOBINING OTLARI”…

Yoshi ellikdan oshib qolgan bo‘lsa ham adabiy tanqidchilik uchun hanuzgacha “yosh ijodkor” sanalib kelinayotgan Faxriyor o‘zining poetik jihatdan navqironligini yana bir bor ko‘rsatib, xos o‘quvchilariga “Izlam” deb nomlangan kitobini taqdim etdi. “Xos o‘quvchilariga” deb ta’kidlayotganimning sababi shuki, Faxriyorning she’rlari nafaqat bugungi ommaviy madaniyat ruhidagi she’rlarga didi moslashgan olomon – o‘quvchi, balki aksar adabiyotshunoslar uchun ham haligacha “rebus” bo‘lib qolmoqda-ki, bu holat adabiyotshunosligimiz adabiy jarayondan ancha orqada qolib ketayotganidan darak beradi.

 

Adabiyotshunoslikka ham, adabiy tanqidga ham da’vo qilmagan holda kaminada ko‘lami, mazmuni, shakliy rang-barangligi hamda bugungi avangard she’riyatning yuksak namunasini namoyon qila olgani bilan adabiy ommaboplik dididan ancha baland ko‘tarilgan “Izlam” kitobi haqida o‘z taassurotlarimni yozish istagi tug‘ildi. 

Adabiyotshunoslik nazarida “yosh va umidli” bo‘lib qolayotgan Faxriyor bu kitobi orqali makon, zamon, olam haqidagi o‘zining 30 yillik badiiy tajribalari mujassamlashgan qat’iy, to‘laqonli adabiy, falsafiy qarashlarini, badiiy-nazariy xulosalarini bayon qilgan. Shu jihatdan “Izlam” kitobi bugun o‘arb postmodernistshunoslari badiiy matnni tahlil ob’ektiga aylantirgan semantik, madaniy, germenevtik, emotsional-aktsional va timsoliy kodlarga boyligi bilan ham zamonaviy she’riyatimizda alohida o‘rin tutishi aniq. 

She’r deyilganda biz vaznga bo‘ysundirilgan qofiya tizmasini tasavvur qilishga o‘rganib qolganmiz. Shuning uchun qofiyasiz she’rlarni hamisha ham hazm qilavermaymiz: go‘yo qofiyasiz yozayotganlar o‘zini zamonaviy ko‘rsatishga urinayotgan adabiy oliftalardek taassurot qoldiradi. Balkim she’rda shakl va mazmun o‘zgarishiga duch kelsak, darrov “modernist” degan “tamg‘a” yopishtirishimizning sababi shundandir?! Umuman olganda, “modernist” bo‘lish unchalik ham haqoratli maqom emas, lekin gap shundaki, burnining tagini emas, adabiyotni o‘ylab yozayotgan ijodkor “modernist” bo‘lish uchun yozmaydi, u shunchaki boshqalarga o‘xshamaslik, o‘zidan oldingilarni takrorlamaslik, milliy adabiyotimizga yangi an’analar, adabiyotshunoslar ta’biri bilan aytganda, “priyomlar” olib kirish, dunyoni qaysi shaklda qabul qilsa, badiiy mushohadasi qanday bo‘lsa o‘sha shaklda bayon qilish uchun yozadi. Vazn, qofiya va hokazo unsurlar she’rning faqat tashqi ko‘rinishi, xolos. Qofiyaga moslashgan satrlar yig‘indisi she’r bo‘lib qolmaydi. Demak, she’r bo‘lishi uchun yana boshqa narsalar kerak. Hechqursa, yangi tashbeh va yangi majoz kerak. Balkim, bunaqa ta’rif adabiyotshunoslik uchun biryoqlamadir, lekin men she’rni timsollar tilida gaplashish san’ati deb tushunaman. Ko‘z oldida turgan narsa-hodisaning yangi timsoli – metaforasini, yangi manzarasini, yangi ko‘rinishini, yangi qirrasini ritmikada bera olish san’ati – men uchun shoirlik. Timsolsiz she’r yalang‘och odamga o‘xshaydi. Shuning uchun u qofiyalimi yoki qofiyasiz, ohangdormi, ohangsiz ekani unchalik muhim emas, muhimi – voqelikka yangi timsol, yangi metafora topib, o‘shani ritmikaga solib bera olgan bo‘lsa, men she’r deb tushunaman.

“Izlam”ni yaxlit bir zanjirda birlashtirib turadigan ruh – bu “izlash”, boy berilgan yoxud bugun bani bashariyatda boy berilayotgan narsani, ya’ni o‘zini va o‘zlikni izlash ruhidir. Kitob olamdan, atrofdan, azal va abaddan o‘z hayoti va o‘zgalar hayotidan o‘zini izlash “totlari”dan iborat. 

…Izlash azobining totlari 

Topolmaslik singari qadim… 

…O‘zni topolmagan menmikin, 

O‘z o‘rniga malomat tergan? 

…Kimni olib ketdi bu fano, 

Senimi, sendagi meni yo… 

…Menimi, senmi, ayt-chi, kim qani, 

Qaysimizda adashdi dunyo?…  

…Men o‘zimni sendan izladim… 

Kitobda, umuman, Faxriyor ijodida “Izlash azobi”ni, mashaqqatini timsoliy jihatdan birlashtirib turadigan bir necha o‘ziga xos istilohlar bor: soya, sensizlik, yo‘lsizlik, vaqtsizlik, tush, tun. Ko‘rib turganingizday, barcha istilohlar modernizmning, xususan, postmodernizmning asosi bo‘lgan “…sizlik” bilan, ya’ni mosuvolik, ayrolik, mahkumlik, fojiaviylik va shartlilik bilan chambarchas bog‘liq, boshqacha aytganda, kitobda boshdan oyoq, shakldan tortib mazmungacha modernistik kayfiyat, ruh, dunyoga postmodernist ko‘zi bilan baho berish ustunlik qiladi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, keyingi paytda adabiy tanqidda tez-tez uchrayotgan ayblov – modernistlarni “hayotni qora bo‘yoqda aks ettiruvchi” oqim sifatida talqin qilishlar o‘sha “qora bo‘yoq”ning asar kontseptsiyasidagi o‘rnini bilmaslik, muallifning maqsadini, asarning bosh g‘oyasini tushunmaslik oqibati, xolos. XX asr badiiy tafakkurining cho‘qqilari bo‘lmish “Jarayon”, “Qo‘rg‘on”, “Uliss”, “Vabo”, “Begona”, “Qiyofasiz odam”, “Shovqin va hayajon”, “Doktor Faustus”, “Bepusht zamin”, “O‘qchish”, “Chol va dengiz” kabi o‘nlab asarlar aynan modernistik uslubdagi asarlar ekanini unutmasligimiz kerak. Modernistik uslubda o‘quvchi diqqatini voqelikning fojeiy nuqtasiga to‘plash, birlashtirish, fojianing majoziy qamrovini kengaytirish orqali badiiy hikmat yaratiladi. She’rlarida badiiy voqelik yaratish uslubiga ko‘ra postmodernizmga yaqin turadigan Faxriyor ham o‘quvchi diqqatini yuqoridagi istilohlar orqali o‘zligini izlayotgan, o‘zini, o‘z qiyofasidagi zamondosh insonni tahlil qilayotgan badiiy tafakkur atrofiga jamlaydi.

Yulduz, quyosh, nilufar oy o‘rnida soya kezib yuradi. Nurdan asar ham qolmagan, faqat uning soyasi mavjud. Soya – nursizlik, yorug‘sizlik, nurning qora tomoni degani. Voqelikda Soya hukmron bo‘lsa, bu manzilda miflardagi marhumlar dunyosi kabi sharpa, ko‘lanka kezib yuradi. Soya qaysi qiyofaga kirmasin, nurni – aslni o‘zida mujassam qila olmaydi, boshqacha aytganda, soya faqat shakl, unda mazmun bo‘lmaydi, soyaning sinonimi mazmunsizlik, yolg‘izlik, ayroliqdir, begonalik, xavotir, tushkunlik, umidsizlikdir. Butun boshli turkum bag‘ishlangan “Ko‘z yosh soyasi”ning badiiy kodini tushunish uchun Hariku Murakamidan olingan “Sen biror marta ko‘z yosh soyasini ko‘rganmisan?…” epigrafidagi ishorani anglab yetish kerak bo‘ladi. Anglash istagi bizni yapon tafakkur tarzining soyaga munosabatiga yetaklab boradi. Bu borada Tanidzaki Dzyun’itironing “Soyaga qasida” essesidan o‘tadigan yo‘q. T.Dzyun’itiro yapon adabiyoti va san’atidagi “soya” kodini “zulmat”, “tun”, “qorong‘ilik”, “xiralik”, “noma’lumlik”, insonning aniq bo‘lmagan holati, arosat sifatida talqin qiladi. Faxriyor ham ko‘z yosh borasida shunday xulosada:  

Tomib bo‘lgan ko‘z yoshlaringning –

soyasi muallaq. Inmaydi. 

Niqtagin, siqtagin, urin ming, 

soya to‘kilmaydi, sinmaydi.

Ming marta urinsa ham to‘kilmasa, sinmasa, ya’ni yo‘qolmasa, bu qanday soya bo‘ldi? Bu – qismat soyasi. Bu – peshona bitigi. Aslida Ko‘z yoshning soyasi bo‘ladimi? Musavvir ko‘zi bilan qaralganda, nurning ko‘z yoshi tomchisiga qaysidir handasaviy darajada tushishi, ya’ni nur qancha egik tushsa, soya shunchalik aniq ko‘zga tashlanishi bor gap. Perspektiva qonuniga ko‘ra, nur qancha yonbosh tomon og‘sa, soya shuncha aniq ko‘zga tashlanadi. Ammo shoir nazarda tutgan soyaning perspektiva nazariyasiga aloqasi yo‘q. Shoir ko‘z yoshning ko‘ngildagi soyasi haqida gapirayapti.

Ishq to‘ldirgan hujayralarga 

soya to‘lib qolar birma-bir… 

Ishqning o‘rnini ko‘z yoshning o‘zi emas, uning soyasi to‘ldirdi. “Ko‘z yosh soyasi” ishqning, muhabbatning tasavvurdagi soyasigi aylandi.

Nursiz soya — ko‘z yosh soyasi, 

armon yanglig‘ u ham o‘chmaydi…

…Ko‘z yosh ketar, soya ketmaydi, 

soya – umidlarning arvohi…

Ko‘z yosh ketgandan so‘ng ham soya ketmasa, demak u ko‘z yoshning soyasi emas, undan kattaroq, undan kengroq holatning ko‘rinishi. Shuning uchun ham ko‘z yosh soyasi o‘zining soyalik mohiyatidan voz kechadi: u azal-abad bir musibatga – falak miqyosidagi olis ayriliq anduhiga aylanadi. 

Soya yulduz bo‘lib jivirlar, 

lekin yulduz kabi o‘chmaydi, 

olis muhabbatdan shivirlar…

…tun ham manglay qoralikdayin 

ko‘zyosh soyasidan boshlanar…

Sensizlik – mazmunsizlikdir. “Men” bor ekan, olam muvozanati uchun “Sen” ham bo‘lishi shart. “Sen” “men”ning mazmuni. “Sen” bo‘lmasa, “Men”ning mavjudligining ma’nosi yo‘q, chunki “Men” “Sen”ning aksidir – Nur bor ekan, soya bo‘lishi shart. Bu – abadiyat va ilohiyat qonuni. Modomiki, voqelikda “sensizlik” hukmron ekan, demak, “Men”ning mohiyati qolmagan, u mazmunsizlangan. “Sensizlik” hukmron muhit ilohiy rishtalardan uzilgan muhitdir. “Sensizlik” – o‘zliksizlikdir. Qahramon “sen”ni, ya’ni o‘zini izlayapti.

 Senga yetmay tentirar so‘zim, 

she’r unmagan odamzorlarda… 

…kezmoqqa bog‘, yutmoqqa tog‘ning – 

yo‘qligi sen bo‘lding, sensizlik –

mening kasbim, mening vazifam…

“Sensizlik” “kasbi”, “vazifasi” bo‘lgan, ko‘ngli xuddi shayx San’onning ishq qismati kabi “na musulmon va na tarso” bo‘lgan obraz qanday qahramon? U kimning zamondoshi? 

“Sensizlik” qahramonning botiniy dunyosi yo‘qligini, faqat “Men” degan ko‘rinishdan, ko‘lankadan iborat ekanini ko‘rsatadi.

Qahramon qo‘msayotgan “sensizlik” uning “men”ini ham o‘zi bilan olib ketgan. Tanani “Sen” ham, “men” ham tashlab ketgan bo‘lsa, quruq tananing, jasadning o‘zi qolgan. Quruq jasad – mazmunsiz, o‘zliksiz shakl. Voqelikda “sensizlik” hukmron ekan, demak, “men”ning borligi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. “Men” “Sen” bilan ibtidoda qolib ketgan: insonning zamindagi hayoti – “sensizlikdan boshlangan kunlari”dir.

Dunyomidi, senmiding ro‘yo, 

yo‘l bormidi senga eltgali?..

…Og‘riq o‘tdi, armonlar o‘tdi, 

qovjiradi umid guldayin. 

Ehtiroslar gurladi o‘tda 

hijron sayin, sensizlik sayin…

…sensiz kunlarimga qaragin, 

gulsizliklar chaman va chaman…

“Sensizlik” hukmron muhitda “gulsizlik” “chaman” bo‘lib ochilib yotadi. Gul bo‘lmasa, chaman bo‘ladimi? Gulsiz chaman qanday ko‘rinsa, “sensizlik” to‘ldirgan “Men” ham shunday ko‘rinadi. Ammo she’rimiz qahramoni bu holatdan qutulish yo‘lini izlaydi: 

Yurak g‘uncha emas, tugib oldi musht.

Yurak musht tugdimi, uning “Sen”ni topishiga ishonsa bo‘ladi. Bu borada shoirning o‘zi shunday xulosa qiladi:

Men sendan teraman o‘zimni, 

bittalab o‘zimni teraman…

“Sensizlik”dan “o‘zini terib” olinayotgan ekan, unda ertaga bu ko‘ngilda, bu jasadda “Men” ham paydo bo‘ladi: “men” “sen bilan birlashadi.

Faxriyor she’rlari bugungi kunda andozaga aylangan ommaboplik muqomi emas, individual tafakkur tarzi mahsulotlaridir: zero, aynan shuning uchun ham uning she’rlarini, u tanlayotgan shaklni, uning so‘z qo‘llash usulini ommaboplik va madhiyago‘ylik pafosiga, qofiyasiga tobora o‘ralashib borayotgan didimiz qabul qilishi birmuncha og‘ir kechmoqda. U taklif qilayotgan so‘zga va mazmunga, she’rga munosabat usuli ommaviy madaniyatga moslashgan she’riyat o‘tirgan yo‘rg‘a bilan birga yo‘rg‘alamayapti.

Suvsoq soylar ilon kabi bilanglab,

Ketib borar 

Suvloq yerlarga

Bunda chanqamas quduqlar faqat

Yozning chanqog‘in ko‘rib,

Xijolatdan yerga kirib ketgan quduqlar

 

Bahor desant tashlar bu yalanglikka

Qoqigulning parashyutlarin

Yig‘ishtirib olishga ulgurmas shamol

Borliq taslim bo‘lar axiyri

Bahorga

Badiiy mahdudlik tafakkurimiz cho‘qqisi bo‘lib qolish xavfi paydo bo‘layotgan bir paytda Faxriyor badiiy tafakkurimizga taklif qilayotgan, tabiiyki, she’r haqidagi ko‘nikmalarimiz, qoliplarimiz – qofiyalarimizga daxl qilayotgan, bosim o‘tkazayotgan, she’r haqidagi tasavvurimizni o‘zgartirishni talab va taklif qilayotgan shoir darajasiga allaqachon ko‘tarilib bo‘ldi.

U yuvib oladi gunohlarini

onasining ko‘z yoshi bilan…

 

…Ko‘ngil bu kecha ham uyda yotmadi…

 

…manglayingdan sudrab o‘tar

yillar cho‘pon tayog‘i…

 

… Daraxt bargi bilan yozar

shukr oyatin…

Kitobdan zamonaviy o‘zbek she’riyatining ham badiiyati, ham mushohada tarzi, ham shakliy izlanishi namunasi bo‘lgan, adabiy tanqidchilikka, jumladan, madaniyatshunoslikka, germenevtikaga, postmodernizm tahliliga boy material va asos beradigan uchta doston ham joy olgan.

“Yoziq” dostoni o‘zida azal va abad mavzusini qamrab oladi, atrofida tarix charxpalagi, o‘tmishning sharpalari va ko‘lankalari, Yung ta’biri bilan aytganda, “arxitiplar” qurshovida, azal-abad qarshisida o‘z qismati bilan yuzma-yuz turgan insonning ertangi kuni haqida og‘riqlarini tashbehlarda ko‘rsatishga uringani bilan XX asr durdonasi bo‘lmish T.Eliotning “Bepusht zamin” dostoniga yaqin turadi. 

“Ayolg‘u” dostonida shoir milliy badiiy, madaniy, maishiy, falsafiy tafakkurimizni dunyo badiiy, madaniy, falsafiy tafakkur shakllarida sinab ko‘rishga urinadi va bunga erishadi ham.

“Muchal yoshi” dostonida e’tiqodlar va vaqt xarobasida arosatda turgan inson obrazini yaratishga urinadi. “Muchal yoshi” balog‘at belgisi sanaladi. Ammo balog‘at yoshiga yetgan inson balog‘atga xos yashayaptimi? U nimalarga o‘ralashib qolgan? Doston ana shu savollarga javob izlaydi. 

Uchala doston ham — ham badiiyat, ham poetik ko‘lam, ham dunyoning postmodernistik olam konstruktsiyasini chizib berolgani, shunga ko‘ra, jahon adabiyoti ko‘lamiga bo‘ylasha olishi bilan ahamiyatlidir. 

Faxriyor keyingi uchta “Ayolg‘u”, “Geometrik bahor”, “Izlam” kitobida o‘zini o‘z qarashiga, o‘lchamiga, tafakkur tarziga, umuman, mustahkam poetik kontseptsiyasiga, dunyoni qabul qilish va so‘z aytish uslubiga ega bo‘lgan shoir sifatida namoyon etib bo‘ldi. Ammo gap shundaki, adabiyotshunosligimiz hanuz Faxriyor tengi H.Ahmedova, A.Qutbiddinov, A.Said, S.Ashur kabi allaqachon adabiyotda o‘z maqomiga ega shoirlarning o‘ziga xosligi, nazmda tutgan o‘rni, aytayotgan so‘zini tahlil qilib bera olayotgani yo‘q. 

“Izlam” – faqat zamonaviy she’riyatimizning emas, milliy adabiyotimizning poetik sarhadlarini kengaytirib bergan, so‘zga yangicha qarash va yangicha talqin olib kirgan kitoblardan biri sifatida e’tirofga loyiq. Umuman, adabiyotdagi yangilanish – bu so‘zga yangi munosabat paydo bo‘lishi, yangi munosabat mahsuli bo‘lgan metaforaning, badiiy tafakkurning yangilanishi ekanini tan olishimiz kerak. So‘zni qofiyaga, qofiyani yallachilikning xizmatkoriga aylantirishga ruju qo‘yilgan, omma esa tasavvur va didni o‘tmaslashtiradigan so‘zbozlikka va jo‘nbozlikka qarsak chalib turgan bir paytda adabiyot uchun yangi-yangi SO‘Z aytish, metafora topish – bu adabiy juvonmardlikdir.

“Akademnashr” nashriyotida chop etilgan bu “Izlam” dizayni va zamonaviy noshirlik  xususiyatlariga ko‘ra kitob mazmuniga to‘la javob berishi bilan ajralib turadi.

 

Nazar ESHONQUL

 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 − 5 =