Al-Xorazmiy izdoshlari

Prezidentimiz qarori bilan tashkil etilgan “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab”ning ochilishi farzandlarimiz uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi.

 

Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanib borishi, mazkur sohaga kadrlar tayyorlash masalasini dolzarb vazifaga aylantirdi. Xorijiy davlatlarda kommunikatsiya texnologiyalari xalq xo‘jaligining barcha sohalariga joriy etilgan bo‘lib, u siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy sohalar rivojiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Iqtisodiy ko‘rsatkichlarning ijobiy o‘sishi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga yangidan-yangi investitsiyalarning kiritilishiga olib keladi.

Ulug‘ ajdodimiz Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kummunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabning tashkil etilishi kadrlar tayyorlash masalasini amalga oshirishdagi ilk qadam bo‘ldi. Maktabni tashkil etishdan asosiy maqsad, ulug‘ ajdodimiz Muhammad al-Xorazmiyning buyuk va bebaho merosini qadrlash, o‘rganish, tadqiq etish, uni yosh avlod ongiga chuqur singdirishdir. Shuningdek, o‘quvchilarga aniq fanlarning yuksak cho‘qqilarini zabt etish, boshlang‘ich sinfdaligidayoq ularning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi iqtidorini aniqlash va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishdan iborat.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb qilgan holda matematika, fizika, informatika va chet tili fanlarini chuqur o‘zlashtirilishiga erishish;

O‘quvchilarni dasturlash asoslari, ma’lumot bazasini shakllantirish va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘nikmalarga ega qilish;

Axborot, media hamda intellektual madaniyatni maktab davridan boshlab shakllantirish;

Mazkur sohada yuqori mahoratga ega pedagoglarni hamda mutaxassislarni jalb qilgan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining maxsus maktabini yaratish;

Yosh matematiklar, yosh fiziklar, yosh dasturchilar, yosh ixtirochilar jamoalarini tuzib, ularning respublika va xalqaro fan olimpiadalarida muntazam va samarali ishtirokini ta’minlash ixtisoslashtirilgan maktabning asosiy vazifalari etib belgilandi.

—Maktabga o‘quvchilar Xalq ta’limi vazirligi hamda Axborot-texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan belgilangan kvota asosida 5-sinfdan boshlab qabul qilinadi, — deydi Axborot-texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi yetakchi mutaxassisi Sherzod Saidrasulov. — Ular  matematika va ingliz tilidan yozma va og‘zaki suhbat asosida imtihon topshirishadi. Maktabning nizomiga ko‘ra, ta’lim o‘zbek tilida olib boriladi. Kelajakda rus tilida o‘qitish sinflari ochilishi ham rejalashtirilgan. Maktabda chet tilini  chuqur o‘qitishga e’tibor qaratilgan bo‘lib, o‘quvchilar til bilish darajasini tasdiqlovchi milliy va xalqaro sertifikatlar olishga tayyorlanadi. O‘quv jarayonining ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari uzviyligini ta’minlash maqsadida, 10-, 11-sinf o‘quvchilarining yetakchi tashkilotlarda amaliyot o‘tashlari ta’minlanadi.

Maktab oldiga qo‘yilayotgan talablardan biri — sohaning bilimdoni bo‘lgan o‘qituvchi-pedagoglar ba’zasini shakllantirishdir. Maktabda o‘quv jarayoni xalqaro andozalar asosida olib borilishi uchun Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot-texnologiyalari universiteti hamda Toshkent shahridagi Inxa universiteti professor-o‘qituvchilarini ham jalb etish belgilangan.

2017 yilning 21-22 oktyabr kunlari 190 nafar o‘quvchilar maktabga kirish imtihonlarida qatnashishdi. Imtihonlar Toshkent shahridagi Inxa universitetida bo‘lib o‘tdi. Imtihonlarning ochiq va shaffofligini ta’minlash maqsadida, universitet binosi, ota-onalar kutish hududida jarayonlarni onlayn kuzatuvi yo‘lga qo‘yilib, bir guruh ota-onalar kuzatuvchi sifatida imtihon zaliga taklif etildi. Kirish imtihoni yakunlariga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan maktabning 5-sinfiga 60 nafar o‘quvchilar qabul qilindi. 

Maktabda tahsil oladigan o‘quvchilarga barcha shart-sharoitlarni yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirib borish, o‘quvchilarga matematika, fizika, informatika fanlaridan  ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish va ularni rag‘batlantirish uchun “Muhammad al-Xorazmiy izdoshlari” nomli mukofot ham ta’sis etildi. 

Taklif o‘rnida: Yurtimizda iqtidorli bolalar juda ko‘p, ular ham  ixtisoslashtirilgan maktablarda o‘qigisi keladi, albatta. Lekin hammaning ham poytaxtga kelib farzandini o‘qitishga imkoni yo‘q. Shularni inobatga olgan holda, ixtisoslashtirilgan maktablar respublikamizning barcha viloyatlarida  tashkil etilsa, nur ustiga nur bo‘lar edi.   


Nargiza BOBOMURODOVA,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve − nine =