El duosiga musharraf bo‘lganlar. Ocherk

Kasbim taqozosi bilan bugungi kunda shahrimizning yanada obodonlashishi, hayotimiz farovonligi yo‘lida o‘zining fidokorona mehnatlari bilan el olqishiga sazovor bo‘layotgan zamondoshlarimiz haqida yozish niyatida nomi el og‘ziga tushgan, Samarqand shahrining gullab-yashnashiga o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan Tal’at Abdullaev bilan suhbatlashdimu, Tal’at ota “Shaharning Kaftarxona bekatiga kelib, biror kishidan mening uyimni so‘rasangiz, sizga ko‘rsatishadi”, dedi. Dastlab hayron bo‘ldim. Shahar katta bo‘lsa, manzilni topish oson bo‘lmasa kerak, degan o‘ylar bilan Kaftarxona bekatiga yetib keldim. O‘sha yerda savdo qilayotgan non sotuvchi yigitdan sekingina otaning uyini so‘radim.

 

 Ko‘rsatilagan manzilga borib, darvozaning qo‘ng‘irog‘ini bosgan edim, nuroniy chehrasida ziyolilarga xos nazokat aks etgan Tal’at ota samimiyat bilan qarshi oldi. Hovliga qadam qo‘yishimiz bilan bizga peshvoz chiqib, iymanibgina salom bergan yoshgina ayolni kichkina kelinim, deb tanishtirdi. Hovliga qiziqish bilan razm solaman. Sharq va o‘arb me’morchilik uslublarini o‘zida uyg‘unlashtirgan uy bu yerda bilimli, nozik didli kishilar yashashidan dalolat berib turibdi.

Tal’at ota “Keling, yaxshisi uy-muzeyimizda suhbatlasha qolaylik”, deya to‘g‘ridagi qadimgi gilamlar to‘shalgan xonaga boshladi. Uy-muzeyi tashkil etganligini ilgari eshitgandim, ammo vaqt topib ko‘rgani kelolmagandim. Kenggina xona ekan. Unda joylashgan har biri o‘tmishdan, mahalla tarixi, xonadon ahlining hayoti va faoliyatidan so‘zlovchi buyumlar tartib bilan joylashtirilgan. Xona burchagida xonadon sohibining ota-onalari kiygan liboslar, turli yillarga oid suratlari, bir burchakda tarixiy noyob osoriatiqalar va idishlar, ibratli oilalar haqidagi manbalar, Qur’on kitoblari, kitob javonida esa shahrimiz, mahalla tarixidan hikoya qiluvchi kitoblar joy olgan. Bularning barchasi Tal’at otaning tariximiz bilimdoni, adabiyot va san’atimiz shaydosi ekanligidan dalolat beradi.

Kitoblarni birma-bir varaqlar ekanman, ichki sezgi bilan yozuvchi, olim, tadbirkorlik xususiyatlarini o‘zida jamlagan inson ekanligini yanada teranroq anglay boshladim. Hayratim ichimga sig‘may, “Ota, bu ishlarning hammasini birdaniga qanday uddalaysiz, har biriga qanday qilib vaqt topasiz?”, – dedim. 

Suhbatimiz shinamgina jihozlangan mehmonxonada davom etdi. Otaxon haqida ko‘proq narsani bilgim kelar, yoshligi, faoliyati, ijod olamiga kirib kelishi to‘g‘risida ko‘proq gapirib berishini istardim. 

“Gapni bolaligimdan boshlay qolay bo‘lmasa”, — chuqur xo‘rsindi. — Bolaligim, juda qiyin davrga to‘g‘ri kelgan. Otam Abullaev Muhammadqul taqdir taqozosi bilan 1938-1940 yillar tuhmat tufayli nohaq qamalib chiqqan. Qamoqdan chiqqach, turmush o‘rtog‘i vafot etgan. Shundan so‘ng mening onam Mahkamoyga uylangan. Dastlabki oilasidan bir qiz qolgan. O‘sha opamni mening onam tarbiyalab, katta qilgan. Onam turmushga chiqqanda o‘n besh yoshda bo‘lgan. Men 1940 yil 30 oktyabr kuni tug‘ilganman. Biz oilada sakkiz nafar farzand bo‘lib, men ikkinchisi edim. Esimni taniy boshlaganimda butun yurtimiz boshidan og‘ir kunlarni boshidan o‘tkazmoqda edi. Butun olamni larzaga solgan Ikkinchi jahon urushi davom etardi. Uyda dasturxon atrofida, ko‘chada, mahallada – hamma joyda barchaning og‘zida bir mavzu – urush. Qoraxat nimaligini o‘shanda bilganman. Kunjara yeb, shishib o‘lgan odamlarni ko‘rib, o‘lim nimaligini tushunganman. Qoraxatni bag‘riga bosgancha, sochini yulib yig‘lagan onalarni ko‘rib, urush nimaligini anglaganmiz. To‘g‘ri, biz yosh bola edik. Lekin tinchlik naqadar anvoyi ne’mat ekanligini tushuna boshlagan, zohiran yosh bo‘lsak-da, botinimiz ulg‘ayib qolgan bolakaylar edik. Kechqurunlari sovuqdan zirqirab og‘riyotgan oyoqlarimizni sandalga tiqqancha kattalarning gaplariga quloq tutamiz. Suhbat mavzusi esa xalqning ahvoli, oziq-ovqat muammosi, kolxoz va korxonalarda ishchi kuchi yetishmasligi, erkaklarning, o‘smir yigitlarning urushga jalb etilganligi shundoq ham og‘ir bo‘layotgan turmush uchun ortiqcha ko‘rgulik ekanligi edi. Butun yurtimizda bo‘lgani kabi mahallamizda ham urushga yaroqsiz hisoblangan qariyalar, xotin-qizlar va yoshi yetmagan o‘smirlardan har bir kishi hisobda edi. O‘yin nimaligini deyarli bilmasdik. O‘sha paytlar hatto biz, to‘rt-besh yoshli bolalar kuchidan ham foydalanishga majburlikni talab etgan davr ekanki, meva-cheva tozalash yoxud kam-kamdan ko‘tarib, omborga tashish, bug‘doyi o‘rib olingan daladan boshoq terish, qo‘yingki, baholi qudrat kolxoz ishiga yordamlashar edik. “Hamma narsa frontga!” degan shiorning ma’nosini allaqachon anglab bo‘lgandik. Yurtda non taqchil, kun ko‘rish og‘ir, ertadan kechgacha kattalarga yordam bersak-da, qo‘limizga birov bir burda non bera olmasdi. Dasturxonning eng tansiq yeguligi qoqi, tutmayiz, lavlagi, jiyda kabilar edi. Onda-sonda og‘zimizga tegib qoladigan zog‘ora nonning ta’mi haliyam og‘zimda turgandek… Bugun non rastalari yonidan o‘tar ekanman, dimog‘imga issiq nonning tanish hidi urilgach, beixtiyor o‘sha kunlarni eslayman. Bu kunlarga birov yetdi, birov yetmadi…”

Otaxon chuqur xo‘rsinib, jim qoldi. Keyin sekin menga yuzlanib, “Zerikib qolmadingizmi, qizim. O‘zingiz gapirib bering dedingiz… 

Urush tugagach, 1946 yilda maktabga bordim. O‘sha yillari mamlakat iqtisodi ancha nochor ahvolga kelib qolgan, asta-sekin o‘zini tiklay boshlagan edi. Maktabimizning maktab degiligi yo‘q edi. Xoja Safo mozoridagi hujra, ya’ni qalandarxonada tahsil olardik. Maktab darsliklari barmoq bilan sanarli, shunga yarasha o‘quvchilar ham qurama yoshdagilardan iborat edi.

Mening ilm olishim, kasb egasi bo‘lishimda otamning xizmatlari katta bo‘ldi. Otam o‘ttiz yil hozirgi Toyloq tumanida kolxoz raisi bo‘lib ishlagan. Turmush qiyinchiliklariga qaramasdan bizlarni o‘qitdi. Rahmatli Xurshid akam aeroportda muhandis edi. Singillarimdan Shaxzodaxon xalq ta’limi bo‘limida mutaxassis bo‘lib ishlardi, hozir nafaqada, Gulsaraxon esa — oliy toifali shifokor. Xullas, hammamiz ota-onamning tarbiyalari tufayli o‘qib, ma’lum kasb egasi bo‘lgach, hayot atalmish katta yo‘lning o‘nqir-cho‘nqirlari oralab o‘z yo‘limizni topishga kirishib ketdik.

Qisqa qilib aytganda, men 1966 yil Samarqand qishloq xo‘jaligi institutini bitirdim, 1976 yilda Ukraina respublikasining Odessa shahridagi oziq-ovqat oliygohini sirtdan tamomladim. Mehnat faoliyatimni 1966 yil Samarqand shahridagi oziq-ovqat ishlab chiqarish korxonasida muhandislikdan boshlaganman. 1980—1985 yillar O‘zbekiston kolxozida brigada boshlig‘i, 1985—1987 yillar “Serp molot” konserva ishlab chiqarish korxonasi rahbari o‘rinbosari, 1988—2002 yillar Samarqand viloyat meva-sabzavot birlashmasida bosh agronom, 2003 yildan buyon “SamAntep-gilam” qo‘shma korxonasining ta’sischi va bosh maslahatchisi vazifasida ishlab kelyapman. Yaratganga shukur, hali kuch-quvvatim bor. Qiladigan ishlarim, yozadiganlarim bisyor”.

Men paytdan foydalanib, Tal’at otadan oilasi haqida gapirib berishini so‘raganimda faxr bilan to‘lqinlanib so‘zladi. 

 – Turmush o‘rtog‘im Muharramxon bilan turmush qurganimizga 51 yil bo‘ldi. U kishi ancha yil Kaftarxona qishloq vrachlik punkti shifokori bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. Hozir nafaqada. To‘rt nafar farzand – ikki o‘g‘il, ikki qizni tarbiyalab voyaga yetkazdik, o‘qitdik, uyli-joyli qildik. Katta o‘g‘lim Kamol Abdullaev Samarqand iqtisodiyot va servis institutida tahsil olib, iqtisodchi-muhandis mutaxassislik bo‘yicha diplomga ega bo‘ldi. Hozir men ishlayotgan “SamAntep-gilam” qo‘shma korxonasining direktori. Kenjatoy o‘g‘lim Feruzjon esa SamDUning huquqshunoslik fakultetini bitirdi. Hozir “Uchar oltin ot” mas’uliyati cheklangan jamiyatining direktori. Katta qizim Gulbahor tibbiyot institutini tugatgan. “BIO NUR” medservis shifoxonasida bosh shifokor bo‘lib ishlaydi. Kichkina qizim Shohistaxon SamDUning biologiya fakul’tetini tugatgan. U ham onasi va opasining yo‘lidan bordi. Hozir “BIO NUR” medservis shifoxonasida vrach-laborant. Xudoga shukur, hammasi o‘zi bilan o‘zi bo‘lib, tinchib ketishgan. O‘n to‘rt nafar shirindan-shirin nevaram, to‘rt nafar chevaram bor. Shu yil o‘g‘lim Kamoljonning farzandi Aminjon xalqaro diplomatiya universitetiga, Feruzjonning qizi Azizaxon tibbiyot institutiga o‘qishga kirdi. Qizim Gulbahorning o‘g‘li Abdullajon esa SamDUning iqtisodiyot fakul’tetida tahsil olishmoqda. Mehnatlarim bejiz ketmaganiga, farzandlarim va nevaralarim ilm yo‘lini tanlaganiga quvonaman. Xudoga shukur, Makkai Madinani ziyorat qilish, Haj amallarini bajarish nasib etdi. 

Mahalla-ko‘y menga ishonadi. Samarqand shahar Kaftarxona mahalla fuqarolar yig‘ini nuroniy jamg‘armasi raisi, viloyat nuroniy jamg‘armasi “Nuroniy ijodkorlar” guruhi rahbari sifatida tadbirlarni birgalikda maslahatlashib o‘tkazamiz”. 

Hoji otaning gaplarini maroq bilan tinglar ekanman, u kishining o‘z mahallasidagi yuzdan ortiq yoshlarni “SamAntep-gilam” qo‘shma korxonasiga ishga joylashtirganligi, mahalla faollari, yoshlarning boshini biriktirib, kam ta’minlangan oilalarning holidan xabar olishda, ularga yordam berganligi, ko‘chadagi 500 metr joyni tekislab, asfalt yotqizganligi to‘g‘risida eshitganlarim yodimga tushdi. Bu haqda otaning o‘zidan so‘rashga iymandim.

Suhbat asnosida stol ustidagi kitoblarga ko‘z yugurtiraman. Tal’at Abdullaev muallifligidagi “Hayotdan olgan hikmatlarim” (2010 yil), “Umr zarvaraqlaridan” (2011 yil), “Buni hayot deydilar” (2012 yil), “Ulug‘ insonlar bilan suhbat” (2013 yil), “Gilam tarixi: kigizdan sheyxgacha” (2014 yil), “Ot insonning vafodor do‘sti” (2016 yil), “Samarqand suvi” (2017 yil) kitoblarini qo‘limga olib varaqlar ekanman, otaning nafaqat hayotning achchiq-chuchugini ko‘rgan, o‘z kasbining ustasi ekanligi, balki serqirra ijod sohibi ekanligi, asarlari hikmatlar guldastasi ekanligini ham kashf qilgandek bo‘laman. “Hayotdan olgan hikmatlarim”, “Umr zarvaraqlaridan”, “Buni hayot deydilar” kitoblarida hikoya qilinayotgan voqealar otaning mehnat faoliyati, ko‘rgan-kechirganlari asosida chiqargan falsafiy xulosalari, hayotiy o‘gitlaridan iborat bo‘lsa, “Samarqand suvi” kitobi esa Samarqand ariqlari tarixi, irrigatsiya tarmog‘i bilan bog‘liq muammolarga bag‘ishlangan. 

Kitoblar ichida “Ulug‘ insonlar bilan suhbat” risolasi e’tiborimni tortdi. Unda respublikamizda taniqli fan va madaniyat, san’at namoyandalari shoira Zulfiya, Abdulla Qahhor, Po‘lat Zohidov, Botirxon Valixo‘jaev, Barot Boyqobilov kabi allomalar bilan uchrashuvlar, dilbar suhbatlar berilgan edi. Har bir suhbat oxirida berilgan xulosalar ongu shuuringizga singib, ko‘nglingizda farahbaxsh tuyg‘ular uyg‘otishi, Tal’at otaning ijodkor sifatida o‘ziga xos uslubi borligidan dalolat berib turibdi. 

 Tal’at Abdullaev bilan suhbatimiz bevosita uning tashabbusi bilan tashkil etilgan “SamAntep-gilam” korxonasida davom etdi. “Ota, sizni ot sportiga ham qiziqadi deb eshitgandim” deb gapni qiziqarli mavzuga buraman. Ota meni hovli to‘ridagi inshoot tomonga boshladi. Gilam zavodining hovlisida sportda ishtirok etish uchun maxsus zotdor otlar boqilarkan. Ochig‘i, bunaqasini faqat televizorda ko‘rganim, hozir esa tabiiy, asl holat bilan tanishish imkoniyati paydo bo‘lgani uchun qiziqishim orta bordi. Tal’at ota meni aylantirib, bu otxonaning tashkil topishi, bugungi holatga keltirgunga qadar qanday muammolarga uchragani, hozir o‘g‘li Feruz “Uchar oltin ot” sport maktabi direktori sifatida amalga oshirayotgan ishlar to‘g‘risida faxrlanib gapirdi. Sport maktabida, avvalo, ko‘zga tashlanadigan holat bu – xonalarning shinam va toza ekanligi bo‘ldi. Har bir ot zamonaviy talablar darajasida qurilgan alohida xonada boqilar ekan. Maxsus ot boquvchilar belgilangan vaqtda otlarga yem-xashak berib, emlab turishar ekan. Tal’at ota bu otxonada nemis otlaridan “Gonniver”, turkmanlarning “Axaltekin” Angliyaning “Chistaya krov” —  toza qon kabi yigirmata eng zotdor turlari boqilayotganligi, 2013 yilda Qirg‘izistonning Bishkek shahrida o‘tkazilgan ot sporti musobaqalarida rossiyalik, qozog‘istonlik va turkmanistonlik sportchilar qatori samarqandlik sportchilar ham qatnashib, faxrli birinchi o‘rinni egallashganligi haqida so‘zlab berdi.

“Bularning hammasi mustaqilligimiz tufayli erishgan yutuqlarimiz”, – deydi ota faxrlanib. – Istiqlol odamlarimizni mulkka ega bo‘lishga, tadbirkorlikka, o‘z ertasi uchun o‘zi kurashishga o‘rgatdi. Hozir dunyoning xohlagan chekkasiga O‘zbekiston nomidan borib, o‘zbekcha kalomda gapira olishimiz, farzandlarimizning buyog‘i London-u, u yog‘i Nyu-York, Tokiolarda ta’lim olishi, yurt kezishi, dunyo topishi… Eh-he, bo‘lar ilgari tushda ham ko‘rib bo‘lmaydigan orzular va ularning bir-bir ushalishi. Albatta, tarix uchun o‘ta qisqa davrda yurtimiz jahonning hech bir davlatidan kam bo‘lmagan qonunchilik ba’zasini yaratdi. Bugun iqtisodni ham, siyosatni ham, maorifu madaniyatni ham o‘zimizning parlament qabul qilgan milliy qonunlar boshqarmoqda. Boshqacha aytganda, O‘zbekiston Amir Temur bobomiz tuzgan ulkan saltanatdan keyin ma’lum bir davrlar oralig‘ida kechgan tanaffusdan so‘ng o‘z milliy davlatchiligini qaytadan yarata oldi. Shuning uchun tilimiz, dinimiz, qadriyatlarimiz o‘zimizga qaytdi”. “To‘g‘ri aytasiz, ota. Mana, siz tashkil topishida bosh-qosh bo‘lgan, 2000 yilda asos solingan “SamAntep-gilam” qo‘shma korxonasini bugungi kunda nafaqat bizda, balki xorijda ham yaxshi bilishadi”, deya gapga tutaman. Ota asta-sekin bu korxonaning tashkil topishidan bugunigacha bo‘lgan tarix, unda o‘g‘li Kamolning sa’y-harakatlari to‘g‘risida so‘zlab berdi. Abdullaev Kamol Samarqand iqtisodiyot va servis institutini iqtisodchi-muhandis mutaxassisligi bo‘yicha tamomlab, diplomga ega bo‘lgach, bir muddat tijorat bilan shug‘ullandi. Tez-tez chet ellarga borib turdi. U ayniqsa, Turkiyaning Antep viloyati tijoratchilari bilan yaxshi tanishib oldi, bir qancha vaqt u yerda turk tilini mukammal o‘rgandi, ular bilan tijorat ishini birgalikda qilishga kelishib oldi. Avvaliga Antep shahridan gilamlar olib kelib, keng biznesni yo‘lga qo‘ydi, shu orada o‘sha yerda gilam ishlab chiqarish texnologiyasini o‘rganib, bu ishlarni Samarqandda tashkil qilishni maqsad qildi. Albatta, dastlab bu ishning amalga oshishi birmuncha qiyin kechdi. Gilam zavodi 2002 yil birinchi bo‘lib Panjakent ko‘chasi 14 uyda 50 sotix yerda qurilib, o‘z ish faoliyatini boshladi. Hozir bu yerda omborxona joylashgan. 2004 yil “Ulug‘bek” massividan 5 gektar joy olib, qurilish qilib, korxona o‘sha yerga ko‘chirildi. Ilgari ishlatilgan barcha eski mokili dastgohlar zamonaviy uskunalarga almashtirildi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning jahon bozoridagi xaridorgirligini ta’minlash maqsadida ISO 9001:2008 sifat nazoratining xalqaro tizimi joriy etildi. Ayniqsa, Belgiya va Germaniyaning “Shoner Wohnen” va “VanDeWiele” kabi eng innovatsion asbob-uskunalarining keltirib o‘rnatilishi ish sifatining oshishi, mehnat sarfining kamayishini ta’minladi. Bu borada erishilgan yutuqlar ishning ko‘zini biladigan tadbirkor Kamol Abdullaevning tinimsiz harakatlari, mehnati samarasidir. Kamol Abdullaev yillar davomida gilam ishlab chiqaradigan turli davlatlarda bo‘ldi, bu sohada erishilgan yutuqlar, ishlab chiqarishda qo‘llanilayotgan usullarni o‘rgandi. Eng ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalarini yurtimizga olib keldi va amaliyotga joriy qildi. Bugungi kunda korxonada faoliyat ko‘rsatayotgan tajribali dizaynerlar jamoasi xorijda ham tan olinadigan gilamlarning bir-biridan go‘zal yangidan-yangi namunalarini yaratmoqda. Shuning uchun jahon bozorida 26 kollektsiya tarkibiga kirgan 2000 dan ziyod dizayndagi “SamAntep-gilam” qo‘shma korxonasining tozalashda qulay, o‘ta bejirim, yuqori zichlikka va yumshoq patlarga, turli ranglarga ega bo‘lgan mahsulotlariga talabning ortib borayotganligi ham bejiz emas. Bugun korxonada 800 nafar erkak va ayollar 3 smenada mehnat qilmoqda. Bu – 800 ta ish o‘rni degani. 

Men korxona ishi bilan yanada yaqinroq tanishish maqsadida kadrlar bo‘limi boshlig‘i Nilufar Hasanova bilan tsexlarni aylandim. U avval ip ishlab chiqarish tsexiga boshladi. U yerda tsex boshlig‘i o‘rinbosari Nasimjon Olimjonov ish jarayonini ko‘rsatib tushuntirdi. Katta-katta stanoklar kompyuter orqali boshqarilib, deyarli qo‘l mehnatidan foydalanilmas ekan. Bu yerda iplar qayta ishlanib, gilam to‘qish uchun tayyorlanyapti. Iplar har xil rangda ishlatishga shay holatda taxlanib turibdi. Ayrim iplar chekkadan olib kelinib, shu yerda ranglanib, ishlov berilar ekan. Chetdan keltirilgan texnologiyalar asosida o‘zlari ham ip ishlab chiqarar ekan. 

Keyin to‘quv tsexiga o‘tdik. Sexning katta va balandligini ko‘rib, hayratimga yanada hayrat qo‘shildi. Bu yerda ham ish qizg‘in. Kalava iplar stanoklarga joylashtirilgan. Katta-katta dastgohlarda har xil gilamlar bir nechta joyda o‘zi to‘qilib, taxlanayapti. Har joyda nazoratchi turibdi. “Gilam to‘qish jarayoni kompyuter orqali boshqariladi, – deydi Nasimjon. – Bir necha kishi tepadagi xonalarda operator sifatida boshqarayapti. Pastdagilar to‘qilish jarayonini kuzatadi”. Kuzatishni zavqlanib, davom ettirdim. Yana boshqa burchakda to‘qilgan gilamlar yelimlanib, kesilyapti. Uni ham dastgohlar bajaryapti. Katta xonaning bir chekkasida qadoqlovchilar tayyor gilamlarga maxsus moslamalar yordamida yorliq yopishtiryapti. Chiroyli gul nusxalari aks etgan gilamlar shu yerning o‘zidan talab qilingan manzilga jo‘natiladi. Bu orada bir necha ishchini suhbatga tortdim. Ulardan biri Rustamova Shahzoda 1966 yil tug‘ilgan 4 nafar farzandi bor ekan. “2001 yildan beri shu yerda ishlayman”, – dedi Shahzoda opa. – “Katta nazoratchiman. Gilamlarning sifatini nazorat qilaman. Ishimiz oson, o‘zimga yoqadi. Bir million uch yuz ming so‘m maosh olaman. Ish faoliyatimni dastlab dastgohda oddiy to‘quvchilikdan boshlaganman. 15 yildan beri nazoratchiman. Mehnatimning orqasidan ikki qizimni chiqarib, bir o‘g‘limni uylantirganman. Avtobus ishga olib kelib, uyga olib borib qo‘yadi. Ovqatimiz bepul”.

“Men Jomboy tumanidan O‘rolov Nuraliman”, – gapga qo‘shildi bir yigit. – 1981 yilda tug‘ilganman. 2005 yildan beri ishlayman. Oldin shu binoning qurilishida usta bo‘lib ishlagandim. Keyin oddiy ishchi bo‘lib ishga o‘tdim. Hozir ustaman. Bir yarim million so‘m maosh olaman. Ishimdan va bu yerda bizlarga yaratib berilgan sharoitlardan mamnunmiz”. Ishchilarning o‘z ishlarini sevishi, Samarqand tumanidan kelib ishlayotgan qadoqlovchi, gilamlarga yorliq yopishtiruvchi Najmiddinov Xurshid bilan qilgan suhbatimizda ham ayon bo‘ldi.

Korxonada ishchilar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rgandim. Ishchilarga har smenada sifatli va mazali  issiq ovqatlar berilar ekan. Bir necha avtobus ishchilar xizmatida.

Kamol Abdullaev deputatlik yumushlaridan tashqari 2017 yilning mart oyida Jomboy tumaniga 500 gektar yerga yong‘oq ekkan ekan, 96 foiz yong‘oq ko‘karibdi.

Ishchilar bilan xayrlashib, korxonadan chiqar ekanman, qo‘llarim beixtiyor duoga ko‘tarildi: iloyo mustaqil Vatanimizga, uning Tal’at Abdullaev va Kamol Abdullaev singari mard o‘g‘lonlariga ko‘z tegmasin! Turmushimizning farovon va dasturxonimizning to‘kin bo‘lishida ularga kuch-quvvat tilaymiz!

 

Zuhra BEGIM

Samarqand viloyati

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − fifteen =