«YOSH KITOBXON»: g‘olib qanday aniqlandi?

 

BUNAQASI BO‘LMAGAN

 

O‘tgan yilning so‘nggi oylarida mamlakatimizda “Yosh kitobxon” tanlovining hududiy bosqichlari boshlanib ketgani haqida xabarlar tarqagandi, buni qarangki, xash-pash deguncha uning viloyatlar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahri g‘oliblari aniqlanib, hal qiluvchi palla ham yetib keldi! 

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi binosi maydonchasiga qo‘yilgan, peshtoqiga “Prezident sovg’asi” degan yozuv tushirilgan yap-yangi “Spark” avtomoshinasiga havas bilan qarab o‘tayotgan turli yoshdagi yo‘lovchilarni bir qator savollar qiziqtirayotganining guvohi bo‘ldik: xo‘sh, mutlaq g‘olib qanday aniqlanadi? Kitobxonlik darajasi qanday mezonlar asosida taroziga qo‘yiladi? Va eng muhimi, tanlov jarayonlarida keng omma ishtirok eta oladimi? 

– Tanlovni biz ham tomosha qilishimiz mumkinmi? – deb so‘radi talaba yoshidagi qiz.

– Mumkin, – dedi tadbirga mas’ul etib tayinlangan xodimlardan biri. – Bevosita ishtirok etishingiz ham mumkin, qolaversa jarayon to‘lig‘icha televidenie orqali batafsil namoyish etiladi.

Ayni zamonda ommaboplik va qulaylik borasida televideniega bas keladigan ommaviy axborot vositasi kam. Yoshlar Ittifoqi Markaziy kengashi tomonidan tasdiqlangan nizom asosida “Yosh kitobxon” tanlovining 14–19 yoshli ishtirokchilari bellashuvining yakunlovchi bosqichi musobaqalari O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Yoshlar” telekanali ijodiy jamoasi tomonidan teletanlov shaklida tashkil etildi. Milliy telekanallarimiz orqali namoyish etilayotgan turfa ko‘rsatuvlar naqadar katta va mashaqqatli ijodiy va texnik izlanishlar mahsuli ekanligini har kim ham yetarlicha tasavvur qilavermaydi. O‘zimiz bevosita guvohi bo‘ldik: murakkab sahna bezaklari, texnik jihozlar, stsenariydagi topilmalar, o‘zlarining bor mahoratlarini safarbar etuvchi boshlovchilargacha – hamma-hammasi mamlakatimiz tarixida ilk daf’a tashkil etilayotgan ajoyib va o‘ziga xos ma’naviy-ma’rifiy tadbirni millionlab vatandoshlarimiz diqqat-e’tiboriga yuqori saviyada havola etishga qaratildi! Axir mamlakatimiz tarixida bunaqasi bo‘lmagan – davlat Rahbari men kitobxonman degan, men kitobning shaydosiman degan yoshlarimizga avtomashina hadya etmoqda! To‘rt kun davom etgan tanlovda yuzlab tomoshabinlar bevosita tadbir ishtirokchisiga aylanishdi, jarayonni o‘z ko‘zlari bilan kuzatib, tanlov ishtirokchilari bilan birgalikda hayajonlar epkiniga sherik bo‘lishdi!

– Hademay e-eng ajoyib yosh kitobxonni aniqlaymiz! – deya ishtirokchiyu tomoshabinlar qalbiga o‘t qalay boshladi latofatli boshlovchi Lola Zunnunova.

– Kitob o‘qigan yoshlarga – “Spark” hoziru nozir! – deya “olov”ni qizdirishga kirishdi ko‘pchilikka tanish so‘z ustasi Hamza Jumaev. 

Xullas, hayajonli damlar, hayajonli daqiqalar boshlandi!

 

BIRINCHI KUN — BIRINCHI SHART

Dastlabki kungi bellashuv “Ma’naviy-ma’rifiy kitoblar bilimdoni” deb ataldi. Ishtirokchilar sahnaga taklif etildi, ular bellashuvga chiqish tartibini beruvchi raqamlarni o‘z qo‘llari bilan tanlashdi. 1-raqamli Mohiniso Shomurodova (Samarqand viloyati vakili) sahnaga taklif etildi. Ekranda 1 dan 20 gacha bo‘lgan raqam namoyish etildi. Mohiniso 1-raqamni tanladi. Savol – Kaykovusning “Qobusnoma” asari. Mohiniso 10 asrlik ma’naviy meros-xazina kitob haqida nihoyatda sovuqqonlik bilan batafsil va atroflicha so‘zlab berdi. Javob uchun belgilangan 3 daqiqadan samarali foydalandi. Hakamlar tomonidan berilgan savolga mufassal javob qaytarishga harakat qildi. 

To‘g‘risi, birinchi ishtirokchining birinchi chiqishi hakamlarni ham hiyla shoshirib qo‘ydi. Hay’at raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori, shoira Sayyora To‘ychieva, filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karim va kamina nizom shartlariga ko‘ra javoblarni 100 ballgacha baholamog‘imiz, to‘rt hakam bahosi qo‘shilib, to‘rtga taqsimlanishi va shu tariqa o‘rtacha baho chiqarilishi kerak. Shunday bo‘ldi ham va M.Shomurodovaning javoblari 80,25 ballga loyiq ko‘rildi.

Tabiiy savol tug‘ildi: qo‘yilgan baho nechog‘li xolis va adolatli bo‘ldi? Bu savol biz hakamlarni ham, Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova hamda “Yoshlar ovozi” va “Molodej Uzbekistana” gazetalari bosh muharriri Faxriddin Karimovdan iborat kuzatuvchi-ekspertlarni, hatto ko‘p sonli tomoshabinlarni ham o‘ylantirayotgan edi. Lekin ijodiy bellashuvning so‘nggi daqiqalariga qadar hakamlar e’lon qilayotgan baholarga nisbatan hech qanday shubha-gumonga o‘rin qolmadi.

Sirdaryolik Yorqinjon Hayitboev, qoraqalpog‘instonlik Bibixadicha Yo‘ldoshboeva, qashqadaryolik Dostonbek Hamidov, xorazmlik Umidjon Qutlimurodov, jizzaxlik Muqaddas Mamarasulova, andijonlik Dilnavoz Ne’matullaeva, farg‘onalik Farangiz Siddiqovaning javoblari ham mamnuniyat bilan tinglandi. 

Birinchi kun musobaqasida g‘oliblik Dilnavoz Ne’matullaevaga (84,5 ball) nasib etdi. Kurash qizg‘in tus olishi, bellashuv murosasiz kechishi o‘sha kuniyoq sezildi. Biz esa o‘z viloyatlarining g‘oliblari sifatida hal qiluvchi bosqichga yetib kelish baxtiga musharraf bo‘lgan yigit-qizlar bilan tanishdik, ularning o‘zlarini tutishlari, sanoqli lahzalar ichida mushohadaga tolishlari, mulohaza yuritishlari, so‘zlashdagi o‘ziga xosliklarini yuzma-yuz o‘tirib kuzatdik, tingladik, tanidik.

 

IKKINCHI KUN – IKKINCHI SHART

Bu kungi bellashuv “Badiiy kitoblar bilimdoni” deb nomlandi. Ishtirokchi minbarga chiqqach, teatr aktyorlaridan biri sahnaga chiqib biror badiiy asardan parcha o‘qiydi. Ishtirokchidan o‘sha asarning nomini, muallifini, so‘ngra asarning mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyatini qisqa-lo‘nda sharhlab berish talab etiladi. Nozik joyi shundaki, asarning nomi yoki uning muallifi to‘g‘ri aytilmagan taqdirda ishtirokchi minbarni tark etishga majbur. Tartib raqami bo‘yicha bellashuvni Navoiy viloyati g‘olibi Aziza Haydarova boshlab berdi. Afsuski, Azizaxon o‘qib eshittirilgan asarning nomi va uning muallifini to‘g‘ri aytib berolmadi. Navbati bilan minbarga Dilnavoz Doniyor qizi (Toshkent shahri), Jaloliddin Abdurahimov (Namangan viloyati), Dostonbek Hamidov (Qashqadaryo viloyati) taklif etildi, biroq hech bir ishtirokchi dastlabki shartni bajarishda muvaffaqiyat qozonolmadi. Kezi kelganda aytish joizki, kitobxonlik xotira mustahkamligini taqozo etadi. Shu bilan bir vaqtda diqqat bilan tinglash mahorati, zudlik bilan yodga tushirish ustaligini ham talab etadi. Ikkinchi tanlov sharti savollariga 14 nafar ishtirokchidan bor-yo‘g‘i 6 nafari muayyan darajada qoniqarli javob bergani ham o‘qituvchilar, murabbiy-ustozlar va boshqa mutaxassislarimizni jiddiy o‘ylashga da’vat etadi. Aytmoqchimanki, kitobxonlikka mehr qo‘ygan yoshlarimizni kitob o‘qish va uni eslash, uqish san’ati sirlaridan ham voqif etib bormoqlik unutilmasligi zarur. 

Ikkinchi kungi uloq naqd 93 ball olgan Umidjon Qutlimurodovda ketgani davomli olqishlarga sazovor bo‘ldi. Umidjon butun musobaqa kunlari biror lahza bo‘lmasin, umidini uzgani yo‘q, tushkunlikka tushmadi. Bilimdonligini, kezi kelganda, yumor tuyg‘usi yuqoriligini emin-erkin namoyish etdi.

 

UCHINCHI KUN – UCHINCHI SHART

“Men sevgan adib” deb nomlangan uchinchi shart to‘rt qismdan tashkil topgan. Ekranga 50 nafar o‘zbek va jahon adabiyoti namoyondalari fotosurati joylashtirilgan, tanlov ishtirokchisi o‘zi tanlagan ijodkorning hayoti, faoliyati va ijodiga doir ma’lumot beradi va har bir javob 25 ballgacha baholanadi. Tanlagan adibi haqida ma’lumot berolmagan ishtirokchi bellashuvni davom ettirolmaydi. 

Minbarga tartib raqami bo‘yicha Umidjon Qutlimurodov taklif etildi. Umidjon dastlabki ikki adib – taniqli yozuvchi Asad Dilmurod hamda atoqli shoir Omon Matchonning ijodiy faoliyatiga doir bilimlari birmuncha to‘kis ekanligini namoyish etdi. Uchinchi va to‘rtinchi adiblarga doir ma’lumotlari nisbatan to‘la bo‘lmadi va uning javoblari o‘rta hisobda 50 ballga loyiq ko‘rildi. Bu kungi bellashuvda Dilnavoz Doniyor qizining (Toshkent shahri) kuyunchakligi, Dostonbek Hamidovning (Qashqadaryo) ko‘tarinki kayfiyati samara berdi – ular to‘plagan natija chakki bo‘lmadi. Biroq 14 nafar ishtirokchi orasida faqat Umidjon Qutlimurodov bilan Mohiniso Shomurodova (Samarqand) 4 savolning barchasiga javob berishga muvaffaq bo‘ldilar. Mohinisoning topqirligi, xotirasining puxtaligi, xususan, fikrlashdagi mantiqiylik va ravon nutqiy qobiliyati unga 72,5 ball to‘plashga va kun g‘olibi bo‘lishga yo‘l ochdi! 

 

TO‘RTINCHI KUN – TO‘RTINCHI SHART

Yosh kitobxonlar bellashuvi qizigandan-qizidi. Telejurnalist Gulhida Jo‘raeva ishtirokchilar qalbiga yo‘l topishdan, ularni ruhan qo‘llab-quvvatlashdan charchamadi. Barcha mas’uliyatni zimmalariga olgan boshlovchilar voqealar markazidan bir qadam ham uzoqlashmadilar. 

– Final kuniga ham yetib keldik! – e’lon qildi Lola Zunnunova hayajon bilan.

– “Spark” sari yana bi-ir qadam qoldi! – deya ehtiroslarni junbishga keltirdi Hamza Jumaev.

Biroq o‘sha “bir qadam”ni qo‘yish oson kechmadi! Musobaqa o‘z nomi bilan musobaqa, uning shafqatsiz talablari, sinovlari bor. Xususan, aqliy ilm, bilim bilan – o‘qigan o‘nlab, yuzlab kitoblaringni sanoqli daqiqalar ichida qanchalik xotirangda tiklay olish bilan bog‘liq musobaqaning talablari o‘n hissa ortiqroq! (Yoshgina yigit-qizlarimizning yuzlab kitob o‘qiganman degan so‘zlari kimlarning havasini keltirmaydi deysiz!)

“She’riyat” sharti o‘zgacharoq tashkil etildi: ekranda namoyish etilgan she’riy parchadan bir-ikki so‘z tushirib qoldirilgan, tanlov ishtirokchisi bu she’r kimga mansubligini aytishi, she’rning nomini topishi, so‘ng uning mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyatini sharhlab berishi talab etildi. Bunday talabga javob berish ishtirokchidan xotira mustahkamligini, tasavvur kengligini taqozo etadi, albatta. Odatda she’r ijodkorlarida she’rni yod olish iqtidori rivojlangan bo‘ladi, buni qarangki, tanlov ishtirokchilarining aksariyati she’r mashq qilishar ekan. Men aksari ishtirokchilar “yashiringan” so‘zlarni osonlik bilan topishadi deb o‘ylagandim ham. Buning ustiga, nizomda to‘rtinchi sinov borasida ishtirokchilarga picha “shafqat” ko‘rsatildi, ya’ni savol tariqasida keltirilayotgan she’riy namunalar faqat O‘zbekiston xalq shoirlari Anvar Obidjon va Muhammad Yusuf ijodidan tanlanishi oldindan ogohlantirildi. Biroq bu kabi taxminlar amalda tasdig‘ini topmadi – bir so‘z bilan aytganda, ishtirokchilar o‘zlariga taqdim etilgan “imtiyoz”dan unumli foydalana olmadilar. 14 nafar tanlov ishtirokchisidan faqat bir (!) kitobxon – Andijon viloyati g‘olibi Dilnavoz Nema’tullaeva topqirligini ko‘rsata oldi xolos. Dilnavozxon she’rning muallifini, nomini aniq aytdi. Tushirib qoldirilgan so‘zlarni topdi hamda shoir ijodining o‘ziga xosliklarini, ijodiy qarashlarini ayta oldi. To‘rt kunlik tanlov jarayonlarida birgina ushbu javob ikki hakam tomonidan maksimal – 100 ballga loyiq ko‘rildi, o‘rta hisobda esa ko‘rsatkich 96,5 ballni tashkil etdi. Nodirbek Murodillaev (Buxoro), Bibixadicha Yo‘ldoshboeva (Qoraqalpog‘iston), Jaloliddin Abdurahimov (Namangan), Risolat Maxsumova (Toshkent viloyati) yakunlovchi kun g‘oliblari safidan o‘rin olishdi. 

YAKUN: KIM G‘OLIB?

To‘rt kun – to‘rt shartga ko‘ra o‘tkazilgan tanlov natijalari sarhisob qilinadigan daqiqalar yetib keldi. Hay’at a’zolari, kuzatuvchilar, ishtirokchilar, tomoshabinlar, boshlovchilar o‘zlari yozib-belgilab borgan raqamlarni hisob-kitob qilishga kirishdilar. Aytish joiz, hakamlarning har biri o‘zicha erkin faoliyat yuritdi, o‘z mulohazasidan kelib chiqib, javoblarni baholadi, orada biror marta jiddiy tortishuv, munozarali holatlar yuz bermadi. Ya’ni, xolislik va adolat shartlariga to‘la rioya qilindi. Ishtirokchilar orasida ham hakamlarga nisbatan hech qanday e’tiroz tug‘ilmadi. Jami 221,5 ball to‘plashga erishgan Nodir Murodillaev (Buxoro) 3-o‘ringa, 245 ball jamlagan Umidjon Qutlimurodov (Xorazm) 2-o‘ringa, 252,25 ball to‘plagan Mohiniso Shomurodova (Samarqand) 1-o‘ringa sazovor bo‘ldilar! o‘oliblarga atalgan qimmatbaho sovg‘alar o‘z egalarini topdi.

Xullas, “Yosh kitobxon” teletanlovining 14–19 yoshli yigit-qizlar orasida tashkil etilgan hal qiluvchi bellashuvlari bayramona kayfiyatda o‘tdi. Tadbir chinakam ma’noda kitob bayrami, mutolaa ayyomi, ma’naviyat shodiyonasiga aylandi. Hali o‘smir yoshidagi yigit-qizlarning nigohlaridagi beg‘uborlik, o‘qishga va o‘qish orqali bilimga bo‘lgan chanqoqlikni ko‘rib ko‘zimiz quvnadi. Biri biyron, biri vazmin, biri toshqin, biri o‘ychan yoshlarimizni kuzatib o‘tirib havasing keladi, kishi. Xalqimiz orasida kitobni jonidan ortiq ko‘radigan, hayotning teran ma’no-mazmuni, baxt-saodati kitobda deb biladigan yoshlarimiz bor ekan, O‘zbekiston aslo kam bo‘lmaydi. Ilmu ma’rifatga, ziyoga oshno qalb egalari ko‘paygani sari istiqbolga, istiqlolga ishonchlarimiz shunchalar oshadi. Kitobga bunday tashnalik har qanday ijodkorni yanada g‘ayrat bilan ijod qilishga undaydi, da’vat etadi, chorlaydi. 

To‘rt kunlik teletanlovning “Yoshlar” telekanali orqali keng namoyish etilishi, shubhasiz, mamlakatimizning barcha viloyat va tumanlarida, shahar va qishloqlarida kitobxonlik muhitini yanada jonlantirishga hissa qo‘shadi. Ijodiy bellashuvlar g‘oliblarini chin qalbdan tabriklar ekanmiz keng ma’nodagi o‘OLIB – mamlakatimiz yoshlari orasida shakllanib borayotgan KITOBXONLIK MUHITI, KAYFIYaTI ekanligini faxr ila ta’kidlaging keladi, kishi. Ishtirokchilarning ota-onalari, o‘qituvchi va ustozlari, yor-do‘stlarining hayajonlanib bildirgan mulohazalaridan ham ko‘rinadiki, tadbirning ma’naviy-ma’rifiy samarasi ulkan bo‘ldi. Mamlakatimizda ilk marta tashkil etilgan bunday tadbirni tugadi, nihoyasiga yetdi, demoqqa til bormaydi, zero, kitobxonlik muhiti mavjud ekan, u hamisha harakatda, taraqqiyotda bo‘lar ekan, kitobga bo‘lgan mehr-muhabbat muhiti aslo so‘nmaydi. U shahar-qishloqlarimizda, mahalla-ko‘ylarimizda, oilalarimiz davrasida, o‘quv muassasalarimizda, katta-kichik jamoalarimizda – qalb va shuurlarimizda davom etadi.

 

Xurshid DO‘STMUHAMMAD,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 1 =