Darsliklardagi xatolarga befarq bo‘lmaylik

«Ish bor joyda xato bor». Bu gap qulog‘imizga ko‘p  chalinadi. To‘g‘ri, ish bor joyda turli xil kamchiliklar uchrab turishi tabiiy holdir. Har bir ishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor, albatta. Lekin yo‘l qo‘yilayotgan xatolarda ham muayyan chegara bo‘ladi.

 

Avvallari badiiy asarlar, sinf darsliklari qayta-qayta tahrirdan o‘tkazilib, kitobning turli imloviy, uslubiy va ma’lumotlar bilan bog‘liq xatolardan har tomonlama xoli ekanligi tekshirilib, mukammal darajaga kelgandagina o‘quvchilar e’tiboriga taqdim etilar edi. Agar kitoblarda turli xil imloviy xatolar yoki mazmun jihatidan chalkashliklarga yo‘l qo‘yilsa, kitobning oxirgi sahifasiga ilova tarzida qaysi sahifada qanday xato ketgani va o‘sha xatoning adabiy til qoidalariga muvofiq to‘g‘rilangan varianti berib ketilar edi. Aytganimizdek, agar xatoga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa…

Hozir-chi, hozir kitoblarimizning badiiy saviyasi hamda imloviy qoidalarga mosligi qay darajada? Bir qarashda o‘quvchilarga taqdim etilayotgan darsliklar umuman benuqsondek ko‘rinadi. Aslida ham shundaymikan? So‘z isboti bilan deganlaridek, quyidagi misollarni keltiramiz:

2014 yilda nashr qilingan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-sinflari uchun darslikni varaqlaymiz. Adabiyot, qayta ishlangan va to‘ldirilgan uchinchi nashri. Ma’lumki, bo‘g‘in ko‘chirish qoidalari umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinfdayoq o‘rgatiladi. Bu kitobda esa bo‘g‘in ko‘chirishda ko‘p bora xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybekning «Qutlug‘ qon» romanidan olingan parchadan ko‘chirma: «Yo‘lchi bilan bir kecha-kunduz birga yashadigi u hujra…» (39-sahifa) jumlasidagi «hujra» so‘zi «hu-jra» tarzida xato  bo‘g‘in ko‘chirilgan. Aslida esa bo‘g‘in «huj-ra» tarzida ko‘chirilishi kerak edi.

Kitobning 43-sahifasidagi «Xo‘jayin degan xizmatkorni qiziqtirish…» jumlasida, «qiziqtir-ish» shaklida, 45-sahifadagi «jihozlarga» so‘zi, «jiho-zlarga» shaklida xato ko‘chirilgan.

Kitobda, bunday xatoliklar ko‘p. Bir o‘ylab ko‘ring, o‘quvchi uyga berilgan topshiriqlarni bajarayotgan vaqtida, aytaylik, insho yozayotgan bo‘lsa, qaysidir so‘zning bo‘g‘in ko‘chirilishiga qiynalib qolsa yoki biror-bir so‘zning imloviy qoidalarga muvofiq qanday yozilishini bilmoqchi bo‘lsa, albatta, o‘zining ona tili va adabiyot darsliklaridan ko‘mak istaydi. Vaholanki, kitoblarda shunday xatolar bo‘lsa, o‘quvchi to‘g‘ri yozishni qaerdan o‘rgansin?

9-sinf adabiyot darsligida o‘zbek she’riyatiga ko‘ngil dardlari suvratlari, ruhiy iztiroblar manzarasi, armonga aylangan orzular inson sezimlarida qoldirgan izlar tasvirini olib kirgan mashhur shoirimiz Abdulla Oripovning hayot va ijod yo‘li, she’rlari haqida anchagina ma’lumotlar berib o‘tilgan. Kitobda shoirning «Sarob», «Bahor», «Bahor kunlarida kuzning havosi…», «Kuz manzaralari» hamda «Genetika» she’rlari keltirilgan. She’rlarning so‘ngida esa odatdagidek, shoirning she’riyati tahlili mavjud. Ushbu bo‘limdagi bir xatoga ko‘z tashlasak. A.Oripovning «Bahor» she’ridan olingan: «Ravon yo‘llar qarshingizda turibdi mushtoq», — Derdi bizga harf o‘rgatgan yosh bir muallim»…» jumlasi (104-sahifa) kitobning 90-sahifasidagi «Sarob» she’ri 12-kupletining 3- va 4- qatorlarida turganligini ko‘ramiz. Binobarin, tahrirda ushbu baytlar «Bahor» she’ridan olingan deya keltirilgan edi. 

Insonga ma’naviy ozuqa beradigan adabiyot kitoblarimizni bir chetga qo‘yib, endi til qoidalarini o‘rgatadigan «Ona tili» darsliklariga yuzlanamiz. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 8-sinfi uchun «Ona tili» darsligida sintaksis bo‘limining barcha turlari, ijodiy matn va insho yozish qoidalari berib o‘tilgan. 

Bu kitobda o‘z-o‘zini inkor qiluvchi bir qator daliliy ma’lumotlar bilan bog‘liq kamchiliklar mavjud: kitobning 63-sahifasidagi murakkab ot kesimlarning tuzilishi mavzusi. 1-topshiriq, 6-misol. Ular besh kishidan iborat edi. Kitobda ajratib ko‘rsatilgan bo‘lak ot-kesim deyilgan. Haqiqatan ham, jumlani tahlil qilib chiqsak, buni to‘g‘riligiga amin bo‘lamiz: Ular — bu o‘rinda ega, besh kishidan iborat edi — kesim. Chunki iborat edi so‘zining o‘zi kesim bo‘la olmaydi, iborat so‘zi — dir kesimlik shakliga teng. Agar besh so‘zini ot-kesim tarkibiga kiritmasdan alohida olsak, «ular kishidan iborat edi» tarzida gap o‘z ma’nosini yo‘qotib qo‘yadi. Shuning uchun aslida aniqlovchi bo‘lgan besh so‘zini ot-kesim tarkibiga kiritamiz. Xuddi shunga o‘xshash misol «Vositali to‘ldiruvchi» mavzusida 93-sahifadagi 201-mashqning 2-misolida berilgan: Kitob ikki qismdan iborat. Gapda ajratib ko‘rsatilgan bo‘lak — vositali to‘ldiruvchi (?). Yuqoridagi misoldagi kishidan so‘zi esa ot-kesim tarkibida. Kitobdagi tahlil bo‘yicha iborat — kesim, kitob — ega, ikki — aniqlovchi, qismdan — vositali to‘diruvchi (?). Agar gapda ikkinchi darajali bo‘laklarni tushirib qoldirsak, ushbu gapdagi grammatik asoslar «kitob iborat» ko‘rinishiga ega bo‘ladi, lekin biz buni gap deb ololmaymiz. Kesim mavzusida keltirilgan qoidaga nazar solsak: 1 kesim gapning asosiy belgilarini ko‘rsatuvchi eng muhim bo‘lak bo‘lib, gapda ega ham, ikkinchi darajali bo‘laklar (to‘ldiruvchi, aniqlovchi, hol) ham bevosita yoki bilvosita kesimga bog‘lanadi. Qoidadan kelib chiqqan holda gapni tahlil qilamiz. Kitob ikki qismdan iborat. Xuddi «Ular besh kishidan iborat» misolidagidek, kitob — ega, ikki qismdan iborat — ot-kesim. Yana shunga o‘xshash misol kitobning «Aniqlovchi haqida umimiy ma’lumot» mavzusidagi 203-mashqda berilgan (94-sahifa). Kitob mualliflari shunchalik loqaydliklarga yo‘l qo‘yishganki, mashqda matn berib, hatto uning mavzusini ham qo‘yib, yana 1-misol deya butun boshli matnga tartib raqami ham qo‘yishgan. Matnda navbatdagi raqamlashlar yo‘q.

Ushbu matndagi ikkinchi gap: Katta to‘garak ikki guruhdan iborat. Bu yerda ajratib ko‘rsatilgan bo‘laklar aniqlovchi hisoblanadi. Biz bu gapni tahlil qilmadik, xulosa esa o‘zingizga havola.

Ko‘rinib turibdiki, ushbu kitoblardagi kamchiliklar yetarli darajada. Lekin bu keltirgan misolimiz dengizdan bir tomchi. Badiiy asarlardagi xatoliklarga yuqoridagi maqolimiz qabilida ish tutib, kechirdik ham deylik. Lekin endi o‘sib-ulg‘ayib kelayotgan, mustaqil va ozod Vatanimizning kelajagi bo‘lgan yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishda, ularni ona Vatan, ona tilimizni qadrlashga va shu ona tilimizni bekamu ko‘st o‘rganishga poydevor vazifasini bajaruvchi ona tili va adabiyot darsliklaridagi yo‘l qo‘yilayotgan xatoliklarga ko‘z yumib ketib bo‘lmaydi.

Biz yuqorida atigi ikkita darslikdagi nuqsonlarni misol keltirdik, agar birinchi sinfdan to akademik litsey va kasb-hunar kollejlari darsliklarigacha bo‘lgan kitoblar sinchiklab o‘rganib chiqilsa, talay xatolar chiqishi aniq. Bu yo‘l qo‘yilgan xatoliklarga befarq bo‘lsak, tilimizni o‘rganishga bo‘lgan e’tiborning susayishiga qaysidir ma’noda biz ham aybdor bo‘lib qolamiz. Ayniqsa, yaxshi va sifatli kitoblarga talab va e’tibor kuchaygan bugungi davrda bunday qo‘pol xatoliklarga to‘la kitoblarning o‘quvchiga taqdim etilishi, kitobxonga ma’nan zarar yetkazish bilan tengdir. Shunday ekan, nashr uchun hurmatli mas’ul mutasaddilar, milliy qadriyatlarimizni, vatanimizni, ona tilimizni o‘rgatishga, sevishga poydevor bo‘ladigan kitoblarimizga befarq qaramaylik.

 

Jasurbek TOJIBOYEV,

O‘zDJTU talabasi

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 2 =