MAKTABGACHA TA’LIM — yetuklik poydevori

Bolalikda berilgan bilim toshga o‘yilgan naqsh misoli bir umr ong-shuurda, qalbda saqlanib qoladi. Aynan shu sababli ham dunyoning rivojlangan davlatlarida maktabgacha ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratiladi. Shu e’tibor tufayli mazkur davlatlarda yuksalish yuz bergani ham mubolag‘a emas.

 

Xalqimizdek bolajon millat dunyoda kam. Taassuf ila aytish lozimki, ma’lum bir muddat maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan mutaxassis-kadrlar mehnati munosib rag‘batlantirilmadi. Chunonchi, 1993 yilgacha umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bilan maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilarining mehnatiga deyarli bir xilda haq to‘lanardi. Biroq keyinchalik maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarining ish haqi deyarli o‘zgarishsiz qoldi. Vaholanki, ularning har ikkisi ham o‘ta mas’uliyatli va muhim vazifani – komil insonni, shaxsni voyaga yetkazishdek mo‘’tabar vazifani ado etadi. Natijada MTMda pedagogik salohiyat pasayishi kuzatildi.    

Yaqin yillar ichida bevosita Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan respublikamizda uzluksiz ta’lim tizimining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan maktabgacha ta’limni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. 

Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 28 fevraldagi “Davlat maktabgacha  ta’lim muassasalari xodimlarining ayrim toifalari mehnatiga haq to‘lashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mana shunday e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Qarorga muvofiq, maktabgacha ta’lim muassasalari ayrim xodimlarining ish haqi to‘lovlari ikki bosqichda 10 foizdan 30 foizgacha oshirilmoqda. Moddiy manfaat kuchayishi, albatta, yaxshi. Ayni paytda bu qaror jamiyatimizda yosh avlodni tarbiyalayotgan ezgu kasb sohiblarining ijtimoiy mavqei, hurmati, e’tibori mehnatlariga yarasha oshishini ta’min etishi bilan ham qimmatli deb o‘ylayman. Shu bilan birga qishloq hududlarda bog‘chalar uchun ota-onalar to‘lovining 50 foizga qadar kamaytirilishi bolalarning bog‘chalar bilan qamrab olinish darajasini oshiradi. Muhimi, mazkur qaror maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligi yanada oshishiga xizmat qiladi. 


Dildora AKRAMOVA, 

Yunusobod tumani

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − thirteen =