“OSKAR”, PAXTA VA ODIL YOQUBOV

2014 yilning 2 martida kino sohasidagi eng nufuzli Oskar mukofoti topshirilishining 86-marosimi bo‘lib o‘tdi. AQSh kinoakademiklari “12 yil qullikda” kartinasini 2013 yilning eng yaxshi filmi deb topdilar.

 

Premerasi 2013 yilning 30 avgustida bo‘lib o‘tgan film AQSh prokatida 18 oktyabrdan paydo bo‘ldi, Rossiyada 12 dekabrdan, Buyuk Britaniyada esa 2014 yilning 24 yanvaridan namoyish etila boshlangan. Byudjeti 20 million dollarni tashkil etgan, 133 daqiqalik film qisqa vaqt ichida 180 million dollardan ko‘proq daromad keltirgan.

Film Solomon Nortapning “12 yil qullikda” hujjatli kitobi asosida suratga olingan.  

O‘rni kelib qoldi, memuar muallifi haqida ozgina ma’lumot berib o‘taylik.

Solomon Nortap (1807–1863 yillar) – Amerikaning shimolidagi Saratoga-Springs shahrida yashagan qora tanli, savodli erkin fuqaro (o‘sha paytlari mamlakat janubida qullik tizimi hali saqlanib turardi), skripkachi, fermer.  U 1828 yili uylanadi, tez orada farzand ko‘radi. 

1841 yili ikkita quljallob uni ish berish bahonasida Vashingtonga taklif qiladi va uchrashuv chog‘ida narkotik moddalar berib, hushdan ketkazib qo‘yishadi. So‘ng Solomon shu holida Yangi Orleanga olib kelinadi-da, Luizianadagi plantatsiyalardan birining egasiga yangi ism bilan qul qilib sotib yuboriladi.

Nortap o‘zining erkin fuqaro ekanligini aytishga urinadi, biroq buning evaziga shafqatsiz kaltaklanishlarga, xo‘rlanishlarga duchor bo‘ladi. Xullas, bir yumalab haq-huquqsiz qulga aylanib qolgan Solomon 12 yil bu azob-uqubatni boshidan kechiradi, bir necha marotaba qochishga urinadi, ammo har gal qo‘lga tushib, ayovsiz jazolarga giriftor etiladi. 

Nihoyat oilasi, do‘stlari, Nyu-York shtati gubernatori ko‘magida Nortap 1853 yilning yanvar oyida ozodlikka chiqib, uyiga qaytib keladi.

Nortap Vashingtondagi quljalloblarni sudga beradi, ammo ishni yutqazadi. Zero, o‘sha paytlarda amalda bo‘lgan qonunlar qora tanlining oq tanliga qarshi guvohlik berishiga yo‘l qo‘ymasdi. 

Shundan so‘ng Solomon Nortap o‘zining qullikda ko‘rgan-kechirgan do‘zax azoblarini qog‘ozga tushirdi va o‘sha yilning o‘zida “12 yil qullikda” nomi bilan e’lon qildi. Bu bilan ham kifoyalanib qolmagan sobiq qul mamlakatning shimoli-sharqida qullikda o‘tkazgan uqubatli yillari haqida ma’ruzalar o‘qidi.

Nortapning o‘limi sanasi va sababi haqida turli taxminlar bor. Ayrim tasdiqlanmagan ma’lumotlarga qaraganda, qullikka qarshi ayovsiz kurashchiga aylangan Solomon aynan qul savdogarlari tomonidan yana o‘g‘irlangan va o‘ldirib yuborilgan…

Xo‘sh, bugun, XXI asrning o‘n to‘rtinchi yiliga kelib, deyarli 170 yil burun ro‘y bergan voqealar nima uchun sahnalashtirildi, nima uchun film bu qadar yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘ldi? Axir “12 yil qullikda” kartinasi Oskardan tashqari, Independent Spirit Award – mustaqil kinochilarning besh mukofotini (eng yaxshi stsenariy, rejissura, operatorlik ishi…), Critics Choicening bosh mukofotini, AQSh prodyuserlari gildiyasining mukofotlarini qo‘lga kiritdi va bu ro‘yxat davom etmoqda. Bulardan tashqari film eng ko‘p ijobiy taqrizlar olgan kartina sifatida yana bir rekordga erishib ulgurdi.

Yana bir yangilik. AQSh maktab kengashlari milliy assotsiatsiyasi (NSBA) mamlakatning barcha davlat maktablariga “12 yil qullikda” filmini o‘quv dasturiga kiritishni majburiy etib belgiladi. Ya’ni bundan keyin yuqori sinflar o‘quvchilariga Makkuinning filmi namoyish qilinishi bilan birgalikda Solomon Nortapning kitobi ham beriladi. Bundan tashqari, kitob va uning ekrandagi talqini xususida alohida o‘quv qo‘llanmasi chop etiladi. Mazkur tashabbus bilan chiqqan taniqli teleboshlovchi va aktyor Montel Uilyamsning so‘zlariga ko‘ra: “Gollivud chindan ham yaxshi asar yaratar ekan, bunday kino qudratidan kuchli ta’lim omili sifatida foydalanishimiz lozim. Bu film Amerika tarixining sharmandali davrini hayotiy aks ettirib bergan. Film o‘quvchilarni o‘tmish xatolarini takrorlamaslikka hamda yorqin kelajak xususida orzu qilishga undaydi…”

Darvoqe, bobo-momolari qullar avlodidan bo‘lgan rejissyor Stiv Makkuinning o‘zi bu haqda shunday deydi: “Bu tarixiy voqea hamisha dolzarb bo‘lib qolaveradi. Atrofga qarang va siz har qadamda hali-hanuz butkul yo‘qolib ketmagan qullikning unsurlarini ko‘rasiz”. 

Suratga olish ishlari 2012 yilning iyun oyida, bir paytlar qullik juda avj olgan Luiziananing Yangi Orleanida boshlandi va ikki oy davom etdi.

Solomon Nortap rolini ijro etgan aktyor Chivetel Ejiofor eslaydi: “Suratga olishning birinchi kuni paxta dalasiga chiqdik; 42 daraja issiq, soya joyning o‘zi yo‘q edi. Men bunaqangi issiqda qanday qilib ishlash mumkinligini tasavvur ham etolmadim. Biroq ayni paytda qahramonim aynan qanday sharoitlarda mislsiz azoblarni boshidan o‘tkazganligini his qila boshladim…”

Keling, aktyorning ushbu dil so‘zlarini tayanch nuqtasi sifatida qabul qilaylik-da, “12 yil qullikda” filmining bevosita va bilvosita o‘zimizga daxldor bo‘lib ko‘ringan ayrim o‘rinlari borasida to‘xtalaylik.

Kartinada qullar eng qiynalgan, mashaqqat chekib ishlagan epizodlar paxta terimi bilan bog‘liq. Stsenariy muallifi Jon Ridli bilan rejissyor Makkuin ishni boshlashlaridan oldin Amerikaning janubiy shtatlarida o‘sha paytlari mavjud qulchilik tizimini puxta o‘rganisharkan, aynan paxta ishlab chiqarish tufayli bu tizim vujudga kelganligi va gullab-yashnaganligi haqidagi xulosaga kelishdi. Tasavvur eting: XIX asrning o‘rtalari, texnika yo‘q, shtatlar farovonligiga xizmat qiladigan paxta  hosili qo‘lda terib olinadi. Va shafqatsiz espluatator, qamchisidan qon tomadigan quldorlar mutlaqo haq-huquqsiz qullarga kunlik norma belgilashadi: kuniga 200 funtdan! 200 funtdan-a! 

Ammo… quyosh terak bo‘yi ko‘tarilganda uyg‘otiladigan, g‘amgin qo‘shiq aytib (!) paxta terayotgan qullarga achinishga shoshmay turaylik. Ingliz tilida so‘zlashadigan mamlakatlarda (AQSh, Buyuk Britaniya) keng tarqalgan bu og‘irlik o‘lchov birligi bo‘lgan bir funt, agar juda aniq aytadigan bo‘lsak,  0,45359237 kilogramga teng. Demak, hisob-kitoblarga ko‘ra qullar uchun kunlik norma 90,71 kilogramni tashkil etadi. (Qavs ichida qo‘shib o‘tib ketaylik, bitta o‘yinbuzuqi “dala malikasi”ni hisobga olmaganda (mana bu bizga juda tanish atama qaerdan kelib qolgan ekan!), shu normaniyam bajarolmagan qul qancha: ularning ko‘rsatkichi 120-180 funt (54-80 kilogramm) atrofida, hatto bir yangi qul 64 funt (28 kilogramm) paxta teradi, xolos). 

90 kilogramm…

Beixtiyor yodimga o‘tgan asrning saksoninchi yillari keladi. Kuz. Biz, Toshkentdan “oq oltin” terishga kelgan talabalarga kunlik norma 100 kilogramm etib belgilandi (“tushgacha 60, tushdan keyin 40”). Shuncha paxta terishga majbur edik. Bu talabni bajarmagan “xalq dushmanlari” kechki ovqatdan keyin, traktor chiroqlari yorug‘ida yana paxtazorga chiqardik. Tong qorong‘usida esa harbiycha “Pod’yom!” buyrug‘i…

Surishtirib bildik, keyingi daladagi mahalliy terimchi ayollar orasida kuniga 200-300 kilolab, hattoki to‘rt yuz kilolab paxta terayotgan “dala malikalari” ko‘pchilikni tashkil etarkan. 

Bugun bo‘lsa butun dunyo ahli “12 yil qullikda” filmida 520 funt (234 kilo) paxta tergan qul mehnatidan favqulodda hayratda! Fantastika bu! Mumkin emas!.. Milionlab tomoshabinlar ko‘zlarida yosh bilan manfur, mustabid kolonizatorlarni qoralab yotibdi. Tili kalimaga kelmay, lol qotgan tomoshabinlar kartinaga mukofot ustiga mukofot berib charchashmayapti: axir, to‘g‘ri-da, tirik insonni ham shunchalar xo‘rlab bo‘ladimi…  

Darhaqiqat, “12 yil qullikda” filmi har qanday yuksak mukofotlarga munosib, biz buning uchun ikkala qo‘limizni ko‘tarib ovoz beramiz. Illo, hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, aynan ushbu kartina juda ko‘plarning ko‘zini ochdi, juda ko‘plarni hayotga, inson umriga tiyrakroq, sergakroq va hurmat bilan nazar tashlashga o‘rgatdi… 

Vaholanki, ushbu voqealar yuz berganidan so‘ng oradan bir yarim asr o‘tib dunyoning boshqa chekkasida, texnika rivojlangan (!) davrda, O‘zbekiston atalmish kattagina bir yurtda o‘z pasportiga ega, go‘yoki konstitutsiya himoyasidagi erkak-ayollar Janubiy Amerika qullaridan ayanchliroq ahvolda, yomonroq sharoitda mehnat qilganliklarini bilisharmikin bu ko‘ngilchan, serhissiyot xonimlar va janoblar… 

Filmni tomosha qilarkanmiz, nechukdir quloqlarimiz tagida yana bir o‘tli sas yangrayotganday bo‘laverdi. Ha, bu ulug‘ adibimiz Odil Yoqubovning sho‘ro davri intihosi ibtidosida, SSSR xalq deputatlarining birinchi s’ezdida so‘zlagan, qoraya boshlagan sokin osmonda nogoh chaqnagan chaqindek taassurot uyg‘otgan otashin nutqi (Axir yodimizda-ku: “Saratonning jaziramasida xudoning bergan kuni o‘n ikki soatlab qirt-qirt zahmat chekish, hatto, dam olish kunlari, bayram, ta’til nimaligini bilmasdan ter to‘kayotgan dehqon… Oftobning zahri tufayli, zaharli ximikatlarning huda-behuda qo‘llanilishi tufayli rak, oshqozon-ichak va sariq kasalliklari, ayollarning kamqonligi va boshqa xastaliklar behad urchidi… Otam zamonidagiday tappi qalab, qozon qaynatishadi… Qaddi basti nechundir yashin urgan qayinlarni eslatuvchi shu ayollarning barkashday qoraygan yuzlariga ko‘zim tushsa, ko‘zlarimdan beixtiyor yosh tirqiraydi… Ko‘zlari to‘la mung, armon va hasrat…”).  Keling, ko‘pchiligimiz o‘qigan, eshitgan ushbu iztirob va alamga to‘la ma’ruzadan kichik bir iqtibos keltiraylik: “…Janubiy Amerikadagi toshbag‘ir oq tanli fermerlar tutgan yo‘lni bir eslaylikmi-a. Ular paxta plantatsiyalarida o‘zlari ishlashni istashmadi, bu zahmatdan xotin, bola-chaqasini ham xalos etish uchun, borib Afrikadan necha yuz ming qora tanlini kishanband etib, olib kelishdi. Ammo adolat yuzasidan shuni ham aytish kerakki, naslu nasabini paxta zahmatidan asragan o‘sha qahri qattiq fermerlar ham, kelgusida qullaridan sog‘lom, ya’ni og‘irini yengil qiladigan nasl yetishsin uchun, ularni to‘ydirib boqishgan. Shuning sharofatidanki, bo‘yi ikki metrli qoratanli polvonlar dunyoga keldi; ularning avlodlari bugungi kunda Amerika sportining, san’atining ham gultojlaridir!..” (Fitna san’ati. 2-kitob. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining “Fan” nashriyoti. Toshkent-1993. 4-bet).

Yurak qa’ridan otilib chiqqan bu gaplarga izohning o‘zi ortiqcha… Ammo baribir ko‘ngilni alamli bir savol o‘rtayveradi: o‘sha… qullardan ham xormidi bu el… Illo har narsa muqoyasada bilinadi… 

U kunlarning qo‘rqinchli tush kabi ortda qolgani rost bo‘lsin…

Insoniyat o‘tmishga qarab kelajak sari qadam tashlaydi, deyishadi. Gollivudning navbatdagi kinodurdonasi – “12 yil qullikda” filmini tomosha qiling, tariximizning “eng kir, eng qora” kunlari qatori yaqin kechmishimizni ham yodga oling… Og‘ir kunlarni-ku, unutarmiz, ammo ular bergan saboqlarni unutib bo‘larmi?.. 

Bugun, odam savdosi avj olgan, yigirma birinchi asrning o‘n to‘rtinchi yiliga kelib ham Insonning qul kabi ishlatilishi, quldek hayot kechirishi oddiy holga aylangan, “olomon madaniyati” xurujlari tufayli yengil hayot, osmondan tushadigan boylik, maishat istagidagi lak-lak izdihom ma’naviyati qullikdan ham battar ruhiy manqurtlikka duchor bo‘layotgan bir davrda yaratilgan bu film balki ayni ushbu sabab-omillar tufayli biz uchun yanada ibratli va qimmatli bo‘lib tuyildi… 

 

Abduqayum YO‘LDOSHEV

2014 yil aprel

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + 9 =