YER DANGASA EMAS, vaqtida eksang, kechikmay hosil olasan

«Boburnoma» asarida shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur ona yurtimizning serhosil zaminini ko‘p va xo‘p e’tirof etgan. Asarni o‘qiyotgan o‘quvchi qaysi millat, din, irq vakili bo‘lishidan qat’i nazar, qanchalik serquyosh, ekin-tikinga boy, meva-chevasi tilyorar o‘lka haqida gap borayotganini xayolida jonlantirib oladi. Buning zamirida esa ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan xalqimizning mehnatkashligi, har bir qarich yerdan samarali foydalanishi yotibdi. Bu borada, bizga hatto chet elliklar ham havas qilishi turgan gap.

 

Yaqinda koreyalik do‘stim yurtimizda mehmon bo‘ldi. Uyga taklif qildim. Mahallamizni ko‘rsatdim. Qo‘ni-qo‘shninikiga olib chiqdim. U hayron: hovlida olovday lovullab turgan atirgullar, qishu yoz birdek, yam-yashil tomorqani ko‘rib «bularning hammasi xonadon sohibinikimi?» deb so‘raydi. Ishonch bilan tasdiqlayman. «Nahotki», deydi u, «shunday ko‘rkam uy-joylar odamlarning shaxsiy, qonuniy mulki bo‘lsa» ajablanadi mehmon. «Ishonaver», deyman unga quvonchimni yashirolmay. «Bizda ayrim odamlar butun umr ijara uylarda yashab o‘tishadi. Faqat zodagonlarning shaxsiy uyi bor», deydi koreys do‘stim havasi kelib. Men esa g‘ururlanaman.

Chindan ham bugun respublikamizning barcha hududlaridagi hovli-joylarga odamning havasi keladi. Tarixda ajdodlarimiz orzu qilgan kunlarga biz yetdik. Chor-atrofimiz chaman, har bahor daraxtlarimiz chappar urib gullarkan, bozorlarimizda turli noz-ne’matlar, meva-chevalar mo‘l-ko‘l bo‘lishidan ko‘nglimiz to‘q umrguzaronlik qilamiz. Jannatmonand yurtimizning tuprog‘i oltin, yilning to‘rt faslida ham hosil olish mumkin. Ota-bobolarimiz azal-abad yerdan unumli foydalanish lozimligini, dehqonchilik, mirishkorlik sirlarini o‘rgatib, uqtirib kelishgan. Yerga ham mehr ber, deydi keksalar. Axir sen yerga boqsang, yer seni boqadi, degan naql bor. Biroq afsuski, bugun yurtimizdagi keng ko‘lamli islohotlardan, iqtisodiy yuksalishu yaratilgan shart-sharoitlardan foydalanish o‘rniga, osmondan chalpak yog‘ishini kutib o‘tirgan, ikki kunning birida hukumatga ta’ma qilib moddiy yordam so‘rayotgan boqimandalar ham yo‘q emas. Bolaligimizda nonni ushog‘i ham non, xor qilma, uvoli uradi deyishardi. O‘sha boqimandalar insonni yer boqishini, yerni xor qilgan alalxusus unga zor bo‘lishiyu kuni kelib bobo Yerning uvoli urishini do‘ppisini boshlaridan olib o‘ylab ko‘rishsa, nur ustiga nur bo‘lardi…

 

Oradan bir-ikki kun o‘tib koreyalik do‘stim bilan ko‘rishdik. Turli mavzularda suhbatlashdik. Ammo u suhbatni yana Yer mavzusiga burdi. «Kecha internetda ko‘rdim. Yer haqida ko‘p qonunlar bor ekan. Yakka tartibdagi uy-joy qurish va yer uchastkalarining tomorqasini obod qilish deyilibdi, u nima degani tushuntirib bermaysanmi» dedi u. Men do‘stim aytgan masala bo‘yicha tushuntirish berdim:

Bizda Soliq kodeksining 291-moddasiga Yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalarining tomorqa qismiga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilmagan yoki obodonlashtirilmagan hollarda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uch barobar miqdorda yer solig‘i to‘lanishi haqida qo‘shimchalar kiritildi. Mazkur qo‘shimcha Prezidentimizning 2017 yil 10 oktyabrdagi Qarori bilan tasdiqlangan. Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish, ularning ekin maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining 3-bandidan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 29 dekabrdagi «Soliq va byudjet siyosatining 2018 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni bilan amalga oshirildi. Qarordan asosiy maqsad, xalqimiz o‘zlariga tegishli bo‘lgan, ayniqsa, qarovsiz yotgan yerlardan va tomorqalardan unumli foydalanib, uni obodonlashtirish, yer foydasini oilasi bilan baham ko‘rish, davlatimiz iqtisodiyotining o‘sishiga ham hissa qo‘shishi uchun keng imkoniyat yaratish bo‘ldi.

U gaplarimni diqqat bilan eshitdi. «Sizlarda davlat rahbari har bir masalaga xalq manfaati, yurt farovonligini o‘ylab yondasharkan-da» dedi u. Men tasdiqladim. «Chet el tajribasini oladigan bo‘lsak, hozirda jahon bozorlarida o‘z mavqeiga ega, ichki va tashqi iqtisodiyotini tiklab olgan Xitoy davlati ham o‘z davrida boshidan ko‘p ocharchilik davrlarni kechirgan. Bunday sharoitdan ular faqatgina davlat tomondan berilgan erkinlik, ya’ni o‘z yerlaridan unumli foydalanib, ichki bozorga mustaqil kirishi natijasida muvaffaqiyatga erishishgan. Ular doim «Dangasalik odamlarga xos, yer dangasa bo‘lmaydi; vaqtida eksang, kechikmay hosil beradi» degan maqolga amal qilishgan. Sizlar bugun xitoyliklarni ham ortda qoldiribsizlar» dedi yana suhbat asnosida. Men bobodehqonlarning, usta bog‘bonlarning avlodi, zamondoshi ekanligimdan faxrlandim, ular bugun yangi-yangi innovatsion g‘oyalar asosida mo‘l hosil, xalqimizga rizq-ro‘z yetishtirish uchun tinmay mehnat qilishayotganidan sevindim.

Hozirda davlatimiz tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik — dehqonchilik va bog‘dorchilik uchun yetarli imkoniyatlar berilgan. Shuningdek, mahsulotlarning import va eksporti bo‘yicha ham barcha qulayliklar mavjud. Ayniqsa, ichki savdo yuzasidan respublikamizning barcha hududlarida «Dehqon bozorlari» faoliyat yuritmoqda.

Bir oilani bilaman, besh so‘tix yeri bor. Mavsum paytida tomorqasida baqlajon, qalampir, pomidor, bodring, loviya, qovoq singari poliz ekinlarini yetishtiradi. Ana shu mahsulotlarni bozordan sotib olmaydi, qaytanga qo‘shnilarga ham ulashadi. O‘zlari ham sabzavotlardan turli yeguliklar tayyorlab, qishga g‘amlab qo‘yadi. O‘ylab ko‘ring, ayrim yurtdoshlarimiz yer va tomorqalaridan ishning ko‘zini bilib foydalansa, kimga naf?! Axir dehqonchilik koni sarmoya, savob, to‘kin-sochinlik degani-ku. Bugungi dehqon kechagi kosasi oqarmay yurgan dehqon emas. Mehnat qildimi, albatta, samarasini ko‘radi. Negaki, muhtaram Prezidentimiz, qolaversa, zamonning o‘zi sizu bizdan mehnat qilishni, shu qatorda, o‘zini ham, xalqni ham, davlatni ham boy qilishni talab etmoqda.

Mamlakatimizda har bir oilaning ro‘zg‘ori but, dasturxoni to‘kin bo‘lar ekan, biz hech shubhasiz, dunyoning eng rivojlangan davlatimiz deya olamiz. Buning uchun har bir kishi o‘z fuqarolik pozitsiyasidan kelib chiqib, ongu shuurga va qalbga yot g‘oyalar ortidan emas, davlatimizning milliy mafkurasiga tayangan holda yurt ravnaqi, iqtisodiy to‘kinlik, xalq farovonligi ortidan ergashsa, o‘ylaymizki, har sohada dunyoning oldi davlatiga aylanamiz. Yurtimizda boqimandalik kayfiyati batamom yo‘qolib ketadi. Mehnatdan keladigan boylik esa barcha boyliklarning eng a’losi bo‘lib, turmushni farovon etadi.

 

Shu asnoda, bir necha kun koreyalik do‘stim bilan uzoq-uzoq suhbatlashdik. U o‘zbekistonliklar, davlatimiz, ijtimoiy hayotimiz xususida ko‘p narsalarni bilib oldi. Chin ma’noda yurtdoshlarimizga havas qildi. Ko‘p do‘stlar orttirdi. Ketar chog‘i Yer yuzida O‘zbekiston degan jannatmonand yurt borligidan, «Oshlig‘i vofir, mevasi farovon, qovun va uzumi yaxshi» ekanligidan g‘oyat xursandligini qayta-qayta ta’kidladi. Nasib qilsa, yana yurtimizda mehmon bo‘lishini astoydil tilab, biz bilan xayrlashdi…

 

 

Fikr va mulohazalarimiz so‘ngida ayrim takliflarni joiz deb topdik. Ommaviy axborot vositalari orqali o‘z yerlaridan va tomorqalaridan unumli foydalanib, farovon hayotga erishgan, boshqalarga ham yordam qo‘lini cho‘zayotgan oilalar haqida ko‘rsatuvlar berilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki ba’zi oilalar borki, ular o‘z yeri va tomorqasiga ega bo‘la turib, undan qanday foydalanishni, ishni nimadan boshlashni bilmaydi. Ularga esa albatta, zamonamiz qahramonlari o‘rnak bo‘ladi. Mutasaddi idoralardan esa xalqimizni yer va tomorqalarga qiziqtiruvchi dasturlar ishlab chiqishi talab etiladi, xolos.

Nargiza BOBOMURODOVA,

«Hurriyat» muxbiri

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − fourteen =