Qiz berganga qirq yil tegma…

To‘rtta qiz chiqarsa bir yuz olmish yil.

Inson o‘zi necha yil yashaydi?

Terrorizmga qarshi kinoni ko‘rib o‘tiribman. Unda turli millatga mansub kishilar insoniyat baxti uchun terrorizmga qarshi birgalikda kurashishi aks etgan. Film qahramonlaridan biri o‘zbek — jasur, orli, vijdonli yigit. Eng og‘ir holatlarda quroldosh do‘stlari unga suyanadi, unga ishonadi.

 

  Sharif ismli bu yigit eng xavfli nuqtalarga ham birinchi bo‘lib boradi. Topshiriqni a’lo darajada bajaradi. Uni toshkentlik ekanini, uning uch qizi borligini quroldosh do‘stlari yaxshi bilishadi. Sharif o‘limdan qo‘rqmaydi. Ammo, o‘lmasligi kerak. Chunki uyida uchta qizi ulg‘aymoqda. Shu qizlarni uzatish kerak. Qizlari baxtli bo‘lib, o‘zidan tinib-tinchib ketishi uchun esa seplar: tilla taqinchoqlar, qimmatbaho kiyim-kechaklar, mebel, oshxona jihozlari, muzlatkich, kir yuvish mashinasi, mikroto‘lqinli pech, qudalarga bir necha xil liboslar, kuyovlarga tilla uzuklar, tilla soatlar, kuyovlar tomon shama qilib tursa uchta mashina, uchta kvartira olib berishi kerak. Jangdan chiqqan qardoshlari unga achinib qarashadi. Ha, Sharif o‘lmasligi kerak. Agar u halok bo‘lsa, uchta qizni xotini uzata olmaydi. “Qizlari yetim ekan, bu oila yaxshi sarpo qila olmaydi” — deb, hech kim uning xonadoniga sovchilikka kelmaydi, natijada qizlari qariqiz bo‘lib qolib ketadi. Mabodo, biror yigit ularga sevib uylansa ham qaynona-qaynotasi “Sarposiz kelgan tagi past kelinsan” — deb uni bir umr xo‘rlaydi. Bunga Sharif chiday olmaydi. “Sening qiz chiqarishing deyarli,terrorizm bilan kurashishdek gap ekan” — dedi unga rus do‘sti. “Nega endi qizning otasi kuyovni kiyintirishi kerak? – deb savol beradi turkman do‘sti.  “Bizda bunday mashmashalar yo‘q”, — dedilar boshqa qardoshlar ham. Bir do‘sti uyga qaytgach, onasini davolatishini aytadi, biri esa xotinini dengiz bo‘yiga olib borishni aytadi. Sharif esa faqat qizlarini uzatishni o‘ylaydi. Garchi uning onasi ham xasta, garchi uning xotini ham dengizni ko‘rgan emas, ammo u bechoralarni ham qiz uzatish degan, og‘ir yuk bosib turibdi. Film so‘ngida terrorchi guruh yakson qilinadi. Ming afsuski, qonli to‘qnashuvda Sharif halok bo‘ladi. U bilan vidolashayotgan quroldosh do‘stlari u haqda eng yaxshi xotiralarini aytishadi. 

“Insoniyat baxti va tinchligi uchun halok bo‘lgan shunday mard odamning qizlariga uylanayotgan yigitlar nahotki, ularning qo‘llariga qarashsa, axir ularning otasi o‘sha kuyovlarning tinch yashashi uchun ham jonini qurbon qildiku, axir. 

Filmni ko‘rganimdan keyin bir necha kun o‘zimga kelolmay yurdim. Muhtasham to‘yxonalar yonidan o‘tar ekanman, nohaq kamsitilayotgan kelinlarni o‘ylayman. Kelin tomon olib kelgan mebellarni qaytarib yuborayotgan yigitning ota-onasi, kelin tomon yasantirgan uyning pardasidan, gilamlaridan, billur idishlaridan kamchilik topayotgan qaynonalar, tilla soat, tilla uzuk, mashina dardida shama qilib, qistirma gap qilayotgan kuyovlar ko‘z o‘ngimdan o‘tib, yuragimda og‘riq paydo bo‘ladi. 

Qancha tadbirlar o‘tkazdik, qancha uchrashuvlar, davra suhbatlarida tashviqot ishlarini olib bordik. Afsus bunday targ‘ibotlar ko‘zlagan natijani bermadi. 

“Men tadbirkorman, o‘z pulimga o‘zim xo‘jayinman, xohlasam ming kishilik to‘y qilaman. To‘ydan keyin kelin salomga 200 ta yangi urfdagi ko‘rpadan tarqatib qudalarni ham, mahallani ham og‘zini ochirib qo‘yaman” — debdi bir tadbirkor qo‘shnimiz.

Hoy, baraka topkur, siz qachon boy bo‘lib qoldingiz? Qaysi xalqning orqasidan boy bo‘lib qoldingiz? Qaysi hukumat sizning tadbirkorlik harakatingizga keng yo‘l ochib berdi? Qaysi hukumat qarorlari asosida mulkingiz ko‘paymoqda?

Sizning yiqqan-terganingizni davlat himoyalamasa jamg‘armalaringizni qo‘riqlab turmasa, siz kim bo‘lardingiz? 

To‘qlikka sho‘xlik nechun?!

Siz boy bo‘lsangizu, qo‘shningizning topish-tutishi siznikidan kamroq bo‘lsa, bu sizga qo‘ni-qo‘shni, mahalladagilarni kamsitishga huquq bermaydi. Sizdan ko‘ra oddiyroq yashaydiganlarga past nazar bilan qarashga haqqingiz yo‘q!

“Qiz chiqarganga qirq yil tegma” — deydilar. Bitta qizini chiqarsaku mayli edi, agar ikkita, uchta, to‘rtta qizini chiqarsa-chi? Odam o‘zi necha yil yashaydi?! To‘rtta qizni chiqarsa, qirq yildan bir yuz oltmish yil yashashi kerak-ku?!

Dabdababozlik, maqtanchoqlik, isrofgarchilik, kimnidir kamsitish, to‘y bahonasida “sovg‘a”, “to‘yona” degan nom ostida poraxo‘rlik qilish qaysi vijdonlining ishi?

Aziz zamondosh O‘zbekning uylaridagi mitti Abu Rayhon Beruniylarni, jajji Xorazmiylarni, ziyrak Ibn Sinolarini, sizning to‘y bahonasida o‘ylab topayotgan xurmacha qiliqlaringizga hayron bo‘lib qarab turgan kichkina al-Buxoriylar, at-Termiziylar kelajagini o‘ylaylik. To‘y, chaqiriq, beshik to‘yi, quda charlar, qudaning tug‘ilgan kuni, boshliqning tavallud ayyomi kabi o‘zingiz o‘ylab topgan “an’analar”da ichib, mast holatda kelishga xonadoningizdagi mitti Naqshbandiylardan, o‘ijduvoniylardan, Zamaxshariylardan uyaling.

To‘ylar qilaylik, shodlanaylik ammo ma’naviy qiyofamizni yo‘qotish evaziga emas. Bir-birimizni yo‘qlaylik, birlashaylik, dardlashaylik, ammo qarzlarga botish, infarkt, insult olib, qurbon berish evaziga emas.

 

Zulfiya MO‘MINOVA, 

Shoira

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × one =