Afg‘on dugonamga maktub

Yarim kechasi go‘dak yig‘isidan uyg‘onaman. Shoshilib bolalarimga qarayman, Ollohga ming shukr uxlab yotishibdi. Birini yuzidan, birini ko‘zidan o‘pib qo‘yaman.

 

Ammo yana go‘dak yig‘isi eshitiladi. Allaqachon uyqu tark etgan vujudimda og‘riq turadi. Derazani ochamanu, bir lahza gangib qolaman. Bu yig‘i Amudaryoning narigi qirg‘og‘idan — Afg‘oniston tomondan kelayotganini aniq eshitaman. Onalik sezgisi bilan qo‘shni go‘dak uchun xavotir olaman. Nimaga yig‘layapti ekan? Biror joyi og‘riyaptimikin? Yig‘layverib ichi kuyib ketdi-ku, suv ichgisi keldimikin? Qorni ochmikin? Unga biror yovuz azob beryaptimikin? Onasi qaerda ekan? Shu orada go‘dak qattiq chinqiradi-yu, jimib qoladi. Endi ayolning yig‘isi eshitila boshlaydi. Bu yig‘iga yurak bag‘irni ezib yuboradigan ayanch, azob, qayg‘u, hasrat qorishib ketgan.

Sen yig‘layapsan afg‘on dugonam. Senga nima bo‘ldi? Go‘dak bolangga nima qildi? 

Sekin ayvonga chiqaman. Senga qo‘shilib sim-sim yig‘layman, jim-jim yig‘layman. Senga achinaman. Ammo yordam berolmayman. Yig‘lab sening bolang haqqiga, sening haqqinga duolar qilaman: Bu olamda hech kimning bolasi o‘lmasin! Hech bir ona bolasining sovuq tanasini quchib yig‘lamasin! Olloh go‘daklarni, shu go‘daklarni emizayotgan onalarni o‘zing asra! Mana, necha yildirki shu. Sening yig‘ing tinmaydi. Senga achinib mening yig‘im tinmaydi. Seni mendan boshqa hech kim eshitmaydi. Dunyo o‘z maishatlari bilan mast. Ularning quloqlari o‘z yallolari-yu, tarallolaridan narini eshitmaydi. Shundaylar borki, birovning qayg‘usidan kuch oladi, yig‘isidan huzurlanadi. Seni men eshitaman. Sen mening qo‘shnimsan. Jonimga yaqinsan. Sening bolang — mening bolam. Sening qayg‘ung meni ezadi. Biz o‘zbeklarda “Ko‘zdek qo‘shni” degan gap bor. Bu bir ko‘zing og‘risa, ikkinchisi ham og‘riydi, qo‘shning ko‘zdek yaqin deganidir. Biz musulmonlarda “Qiyomat kuni qo‘shnidan so‘raladi” degan ibora mavjud. Taqdir tanlanmaganidek, qo‘shni ham tanlanmaydi. Biz Ollohning inoyatiga ko‘ra yonma-yonmiz.

Aziz dugonam, jafokashim, qadrdonim!  Sening tinch-farog‘atda yashashing menga darkor, bisyor darkor. Biz onamiz! Bilasanki, BOLALARNING BYeGONASI BO‘LMAYDI. Ayniqsa, u qo‘shnining bolasi bo‘lsa…

Muhtarama afg‘on dugonam, sening uyingdan musibatlar ketishini istayman. O‘z uyingdagilar esa bu omonat dunyoda bir-birini sevishi, sezishi, avaylashi, kulfatlardan qutqarishini xohlayman. Ularga o‘zing iltijo qil, yalin, yolvor! Birodarkushlikka yo‘l bermasinlar. Ayt ularga, sening tinka-madoring qurib ketdi. Ayt ularga, sen ham temir emassan. Ayt ularga, onalarining atrofida birlashsinlar.

Uyingdagi go‘daklarni asra! Ular beshikast ulg‘aysinlar!

Ularni O‘zbekistonga – avliyolar oltin boshlarini qo‘yib yotgan muqaddas zaminga ziyoratga olib kel! Afg‘oniston tinch bo‘lsa men ham bolalarimni shoh va shoir bobomiz Zahiriddin Muhammad Boburning qadamjolariga, Mir Alisher Navoiy hazratimning maqbarasiga tavofga olib boraman. Men uchun mening farzandlarim, mening kelajak avlodim uchun ham Afg‘oniston muqaddasdir.

O‘zbekiston va Afg‘onistonning do‘stligi yo‘qolmasdir, yiqilmasdir, cho‘kmasdir. Chunki dunyo ma’naviyatining to‘rt ustunidan biri Navoiy bobomizning ruhlari bu do‘stlikni birlashtirib turibdi. Bu ham Tangrining bizga inoyatidir. 

Biz Ona daryo – Amudaryoning ikki qirg‘og‘ida sajdaga bosh qo‘ygan farzandlarmiz. Dedilarki, ulug‘ daryolar sohilida qilingan duolar ijobatdir. Bolalarimiz Amudaryoning ikki qirg‘og‘ida turib, bir-biriga qarab-qarab suv ichayotgan kiyik bolalaridir. To dunyo bor ekan, jannatdan chiqqan ikki daryoning biri — Amudaryo mangu oqaveradi. To dunyo bor ekan, sen va mening yuragimiz shu daryodek har ikki qirg‘oq uchun mehrlidir.

Inshoolloh o‘zbek va afg‘onning bolalari muqaddas qadamjolarda, tinch va osuda damlarda uchrashsinlar. 

Yaxshi kunlarda ko‘rishguncha omon bo‘lgin mening munisam — afg‘on dugonam!

 

Zulfiya MO‘MINOVA, 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + 14 =