“KO‘PLAR DONISHMAND DEB BILDILAR O‘ZNI”…

Yaqinda “Baxtli va farovon hayot bilan ruh xotirjamligini ta’minlovchi fazilatlar” deb nomlangan 472 betlik bir kitob qo‘limga tushdi. Mayli-da, nomi tumtataroq bo‘lsa ham, balki muallifning hayajoni oshib-toshib, niyatini durust ifodalay olmagandir, sarlavha – bor-yo‘g‘i bir libos, ichi yaxshi bo‘lsa bo‘ldi, deya sotib oldim. Chunki mas’ul muharrir – texnika fanlari doktori, professor Zokirxonhoji Shokirxon o‘g‘li Afzalov, taqriz yozganlar – falsafa fanlari doktori Ziyod Davronov, pedagogika fanlari doktori Mamarajab Tojiev, falsafa fanlari nomzodi Gulsanam Tillaevaday unvondor olimlar bo‘lsa. Texnika, falsafa, pedagogika allomalari ma’qul topgan bu “falsafiy-ma’rifiy asar”ning sarvarag‘ida “Bu kitob har kimga kerak, har kunga kerak” deb bitib qo‘yilibdi. Asarga bu ta’riflar ham kam ko‘rinib, muallif – falsafa fanlari doktori Bo‘ri Ziyamuhamedov o‘zi ham lutfan bir manzuma ilova etibdilar:

 

 “Mazkurni o‘qigan dono bo‘ladi,

Jaholatdan chiqib, ongi to‘ladi”

 

Bay-bay, uni qarang, nimaiki bitibdurlar, bari ilmu hikmat ekan-da! Boz, “Qadimda yashab o‘tgan allomalar bilan shu zamon olimlari fikridan kelib chiqqan holda, muallifning o‘ttiz yillik tadqiqotlari natijasida ishlab chiqilgan va Turonzamin xalqlarida shakllantirish zarur bo‘lgan 13 fazilat turonliklarning axloq kodeksi sifatida qabul qilinsa, xalqimiz ijtimoiy rivoj pillapoyalaridan ko‘tarila borib, bu dunyoda baxtli va farovon hayotga hamda ruhiy xotirjamlikka erishishi muqarrar ekanligini isbotlash”ni ham o‘z oldiga amaliy maqsad qilib qo‘yganini aytmaysizmi! 

Buncha bilim va ma’rifat berishga himmat qilgan vallomat har tomonlama yetuk, fozil, oqil va komil bir inson bo‘lishi kerak. Kitob bilan tanishgach, biologiya, filosofiya, pedagogika, didaktika va hokazo ilmlarning qaymog‘i jamuljam bo‘lganini ko‘rib, hayrat barmog‘ini tishladim-qoldim. Ana, o‘zingiz bir qarang (imlosi kitobdagiday): “Ovqatni iste’mol qilganidan keyin u oshqozonga tushib yaxshilab ezilib bo‘tqaga aylanadi, so‘ng ingichka ichaklardan o‘tib yo‘g‘on ichakka tushadi” (73); “Aks holda u ustozining o‘g‘iti va kitob mazmuniga tushunmaydi” (173); magistrant “ilmiy rahbari yordamida fandagi yechilmay turgan muammolor ichidan shu kunumizga zarur bo‘lganlarini, ya’ni dolzarb muammolarni ajratib oladi”(193); “Ikkinchisi, o‘quv mashg‘ulotini loyihalash va uni amaliyotda qullash jarayonida, albatta umummajmular nazariyasiga asoslanuvchi, ob’ektiv borliqga «majmu yondashuv» (sistemnqy podxod) tamoyili qonunlariga amal qilish” (396); “Yozishda davom eting!” (421)

Domla ham yoza beribdi, alhol shunday universal kitob yuzaga kelibdi.

E, voh, biz asardan iqtibos olishga berilib ketib, siz azizlar dilini hapriqtirib turgan “Ikki dunyo saodatiga erishtiruvchi” anov masala – jami Turonzamin ahli axloq kodeksi bo‘lajak 13 bandli “fazilatlar” nimaligini bayon qilishni, sal qoptiki, unutayozibmiz. Mana, ular: 1) “Ezgu niyat va sog‘lomlik”. 2) “Mustaqil fikr va ma’lumot”, 3) “Imon-e’tiqodlilik”. 4) “Mehr-muhabbatlilik”. 5) “Axloq va odob”. 6) “Mulkiy munosabat”. 7) “Uddaburonlik va tadbirkorlik”. 8) “Mehnatsevarlik va shiddat”. 9) “Huquqiy va ekologik madaniyat”. 10) “Milliy g‘urur va vatanparvarlik”. 11) “Tolerantlik va insonparvarlik”. 12) “Mardlik va jasorat”. 13) “Sabr-qanoat va saxovat”. 

Yaxshi bir ashula yo she’r eshitgan, kuy tinglab mazza qilgan odam “Juft bo‘lsin!” deb olqishlaydi, tilak bildiradi. Men ham nafaqat turonliklar, balki butun bashariyatning axloq kodeksi bo‘lsa ham bo‘laveradigan bu “13 fazilat”ga “juft bo‘lsin” deb 14-sini – “Andisha va kamtarlik”ni ham qo‘shib qo‘ysam, qandoq bo‘larkin?

Ana o‘shanda muallif yozayotgan har bir so‘zini o‘ylab yozadi, global mavzularda “donishmandlik” qilmaydi, loaqal, muqaddas kitoblardan olingan iqtiboslarga ehtiyot bo‘ladi. Masalan, asarining bir yerida “bo‘lajak jamiyat qomusi tamoyillari”dan biri qilib “Tinchlik o‘rnatuvchilar baxtlidir, chunki ular Xudo o‘g‘illari deyilur”, deya Injildan parcha beriladi. Bilmadim, bir musulmon sifatida, men “Xudoning o‘g‘li” deyilishdan istig‘for qilaman, uning bandasiman, alhamdulilloh. 

Kitobning mas’ul muharriri ham, uni ma’qullab taqriz yozgan allomalar ham zimmalaridagi mas’uliyatni sezmaptilar, afsus. Ular Bo‘ri og‘a “Injilni o‘qimagan odam Qur’oni karimni to‘liq tushunib yetmaydi” deya (19) Injilni Qur’ondan ustun qo‘yishini, Olloh “Men insonni obid emas, balki olim qilib yaratdim, bilim izlagan Meni topadi” deb marhamat qilgan” (86) deb Qur’onu Hadislarda yo‘q gaplarni yozib, bu g‘ayriislomiy “kashfiyot”larga jazm etayotganini nahotki payqashmagan bo‘lsa?

Afsuski, shunday. Bizningcha, mas’ul muharrir ham, taqrizchilar ham kitob qo‘lyozmasini o‘qimagan, uning mazmuni bilan, hatto u bosilib chiqqach ham, xabardor emas. Yo bo‘lmasa, ularning ilm-bilimi ham muallif qatori. 

Bo‘ri Ziyamuhamedov fan bilan dinni qovushtirishga jazm etadi: “Biz ham kitobimizda bu ikki bilimni bir-biridan ajratmay, birini biridan keltirib chiqarib, birini biriga singdirib, birini boshqasi bilan isbotlashga harakat qildik” (58), degan eklektikaga moyil gaplarni o‘qib, bir hayratim o‘n bo‘ldi. Ilmni dalillash, dinni esa targ‘ib etish o‘rniga ularni qorishtirib, “birini boshqasi bilan isbotlash”ning ne hojati bor?

“Baxtli va farovon hayot bilan ruh xotirjamligini ta’minlovchi fazilatlar” kitobi o‘zi aslida eklektikaning klassik namunasi bo‘lib, bir-biriga bog‘lanmaydigan to‘rt masala – inson va uning mohiyati haqida chuchmal mulohazalar, boyagi 13 bandlik “bo‘lg‘usi axloq kodeksi”, “Yangicha qarash – “Umummajmular(?) nazariyasi” va “O‘quv mashg‘ulot loyihasini tuzishga oid yo‘riqnomalar” borasidagi bitiklar bir mavzudagi yaxlit kitob deya taqdim etilgan. Muallif esa, fan bilan dinni “bir-biriga singdirish” bilan ham kifoyalanmay, “Kurraviy dinlar bo‘lib hisoblangan yahudiy, nasroniy va islom dinlarini o‘zaro yaqinlashtirishni ham ko‘ngilga tugib qo‘yganmiz”, deya yanada kattaroq niyati ham borligini aytib, suyunchilaydi (18). Xo‘sh, “o‘zaro yaqinlashtirish” uchun nima qilarkin – islomning biron arkonini rad etib, o‘rniga anov dinlardagi qay bir tartibotni joriy etarmikin? Bizningcha, insoniyatga endi yangi payg‘ambar kerak emas, reformator ham. Din esa o‘ta nozik va qaltis masala – ko‘rib turganimizday, odamni aljiratib qo‘yadi. Ana shunday hollarda Xayyomning “Ko‘plar donishmand deb bildilar o‘zni…” deb boshlanadigan mashhur ruboiysi yodga tushadi. Kitob degani, yozsang yozilaveradi, deb tayyorlanmaydi, o‘quvchining saviyasini, bir baxya bo‘lsa ham, ko‘tarishga qodir bo‘lishi kerak u.

Men tilga olgan nashrda, buning ustiga, minglab, ha, minglab imloviy va uslubiy nuqsonlar qalashib, bir-birining ustiga ayqashib yotibdi. Shuning o‘ziyoq, hatto u dohiyona bir asar bo‘lsa ham, nashr etmaslik uchun asos edi-ku! Boringki, aynan shu kitobni “tasodifan” nashriyotda ham hech kim o‘qimagandir. Xo‘sh, muallif, uning o‘zi-chi? Darig‘ki, ona tilida insho yozdirsangiz “ikki” oladigan, oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlari topshirsa, “yiqilishi” muqarrar o‘zbek professorlari ikki yuzlab topiladi. 

Ilmiylik da’vosidagi bunaqa almoyi-aljoyi kitoblar, ajabki, keyingi yillarda ko‘payib ham qolyapti. Ularning eng birinchi belgisi – muallif shu sohaga oid adabiyotlarni o‘qimagan bo‘ladi, “kashfiyoti”ni e’lon qilarkan, o‘zidan avvalgi olimlarning asarlariga murojaat qilmaydi, o‘zini – dohiy tutib, har bir gapini esa mutlaq haqiqat tarzida bayon qiladi. 

Yusufjon Ro‘zi Baykandiyning “KOINOT TUZILISHI va Yerda hayotning paydo bo‘lishi haqida eng yangi GIPOTEZALAR” degan nom bilan chop etilgan asari ham ana shunday ajabtovur nashrlardan ekan. Maktabda fizika va astronomiya muallimi bo‘lib ishlaydigan tadqiqotchining kitobiga fizika-matematika fanlari doktori, professor K.Nasriddinov “Vo ajab” degan so‘zboshi yozib, “muammoga tizimli yondashilgani”ni mamnuniyat ila qayd etgan bo‘lsa, hayratini yashira olmagan kimyo fanlari nomzodi dotsent N.Sevinchov shu kitobga ikkinchi taqriz-so‘zboshisini “Tasanno” deb nomlab, asarni “teran fikrlar mahsuli” deb baholapti.

Shuncha olqishlardan so‘ng kitobni o‘qimay bo‘ladimi? Koinot, hayot masalalariga qiziqmagan odamning o‘zi yo‘q-ku.

“Gipoteza” – dalillanmagan, ilmiy nazariyaga aylanmagan taxmindir. Shunday bo‘lsa ham muallif uni e’lon qilishga jazm etibdi, koinot va Yerda hayot paydo bo‘lishiga oid 31 ta taxminini 23 sahifada Nostradamusning “Senturiyalar”iga o‘xshab ketadigan bir uslubda bayon qilibdi. Albatta, 23 sahifalik narsa kitob bo‘la olmaydi, ammo kashfidan olam ahli bahramand bo‘lishi uchun muallif uni boyagi taqrizlar bilan qo‘shib rus va ingliz tillariga tarjima qildirib, aloha, 88 betlik kitob qilib chiqaribdi. 

To‘g‘ri, har qanday ilmiy yangilik gipotezadan boshlanadi. Jo‘yali gipoteza tafakkur parvoziga yo‘l ochadi, ayniqsa, kosmologiya sohasida biron yangilik usiz yuzaga chiqmaydi. Xo‘sh, Yusuf Ro‘zi Baykandiyning gipotezalari qay darajada asosli, uning mantig‘i, ilm hozirgacha qo‘lga kiritgan yutuqlarga asoslanganligi, yangi bilim va tushunchalar berishdagi salmog‘i qancha, xullas, bu kashfiyotlar to‘g‘ri bo‘lib chiqsa, nimaga erishamiz? 

Afsuski, kitobdan bu savollarga javob ololmaysiz. “Koinotning – 200 S0 ga yaqin sovuqligida suv muz parchalariga aylangan va u atrofidagi chang, qum va turli element molekulalari, suyuq holdagi gazlarni o‘ziga tortib kattalashavergan, – deb uqtiradi muallif. – Kattalashishni oldinroq (?) boshlagan” (8-bet). Unda, muzlashdan avval suv suyuq holda bo‘lgan ekan-da? 

Zamonaviy astronomiya bir-biridan uzoqlashib borayotgan galaktikalarning spektral tahlili asosida koinot bundan 12-13 milliard yillar avval “Buyuk portlash” orqali paydo bo‘lgan, deb uqtirsa, muallif “saxiylik” bilan bunga yana 15 milliard yil qo‘shib beradi, koinotda “bundan 27,5-28 milliard yillar ilgari bo‘shliq bo‘lmagan” deb hukm etadi. Asoslashni esa, lozim ham topmaydi, chunki bu – gipoteza-ku. 

Alqissa, oradan yana 7-8 milliard(!) yil kechganmish. Keyin, o‘zaro tortilayotgan jismlar gaz molekulalari orasidan o‘tarkan, qizib olovlana boshlapti, nima uchundir, bu olovlanishning tezligi shuncha katta samoda atigi tovush tezligiga yaqin bo‘libdi, xolos. Uyog‘ini so‘rasangiz, bularga “taxminiy aniqlik”(?) kiritsa ham bo‘lar emish (13-bet, Gipoteza №5).

Biz bu “olamshumul” kashflarning hech biriga batafsil to‘xtala olmaymiz, charoki bunga hojat ham yo‘q. Haqiqat mantig‘i bilan xomxayolning qatig‘i omuxta bo‘lib ketgan bu “yangilik”larni gipoteza emas, metateza deb baholasak, to‘g‘riroq bo‘lardi. Ammo so‘z quruq bo‘lmasin, birgina 30-gipotezani ko‘rib boqaylik. Bunda odamning ruh-joni haqida so‘z yuritiladi: “Odamlar va boshqa jonli mavjudotlar atrofida biomaydon borligini bilamiz, – deb yozadi Yusuf Ro‘zi Baykandiy. – U maydon ta’sirida odamlar bir-biriga, hatto jismlarga ham o‘zining masofadan ta’sir qila olishini ko‘p martalab ko‘rganmiz. Demak, biomaydon energiyaga ega. Binobarin, energiya bordan yo‘q bo‘lmaydi. Inson vafot etgach, u ruh bo‘lib uning tanasidan koinotga chiqib ketadi. Koinotda qayta-qayta hayot yuzaga kelgach, u ruhlar yana boshqatdan o‘z egalariga qaytadilar” (29-bet). 

Bu shunchaki bir “gipoteza”mi? Yo‘q. Baykandiy, odam o‘lgach, uning joni keyin tug‘iladigan boshqa bir odam tanasida yana hayot kechiradi, deb da’vo qiladigan tanosux (reinkarnatsiya) targ‘ibotchilariga qo‘shilib, islom dinida qattiq qoralanadigan murtad bir g‘oyani “ilmiy” taqdim etyapti. 

…Ayrim odamlar ma’lum yoshga borgach, o‘z bilimini mukammal holda deb tasavvur qiladi, hammaga saboq berishga chog‘lanadi. Aslida, buning uncha zarari yo‘q. Ammo o‘shanday gaplarni kitob qilib nashr etmaslik uchun esa, insof kerak. Saviyasi haminqadar, diniy, falsafiy, ilmiy yo ma’rifiy jihatdan xato yoki goho zararli ham bo‘lgan bunday kitoblar, afsuski, chiqib yotibdi. Nimaga desangiz, vallomat muallif pulni opkelib tashlaydi, pul bor ekan, kitob chop ettirish nima bo‘pti? 

Bu kabi nashrlarning zarari shundaki, ular biron sohadagi juz’iy masalada emas, eng global, metodologik, umumfalsafiy masalalarda o‘quvchilar dunyoqarashini buzadi. Shunday ekan, ularning oldi olinsa, to‘g‘ri bo‘ladi. Mazmuni sayoz, diniy, falsafiy jihatdan xato, zarari esa naqd bo‘lgan nashrlar yo‘liga to‘g‘on solish “hurfikrlik”ni bo‘g‘ish emas. Nazarimizda, buning bir yo‘li – har bir kitob qo‘lyozmasini nashriyot tomonidan mustaqil taqrizga berish va unda ma’qul topilsagina bosish. Ilgari shunday tartib bor edi va shu bois zaif asarlar bozorga chiqib ketmasdi. Albatta, taqrizchi tekin ishlamaydi, uning gonorari deb nashriyot ozgina chiqimdor bo‘ladi. Ammo shu o‘rinda hurmatli noshirlarimizga bir savol: nashriyot ochib, shu sohada “tadbirkorlik” qilishdan maqsad nima qilib bo‘lsa-da, pul topish xolosmi, yo el ma’rifatini yuksaltirish hammi? Agar har ikkisi ham bo‘lsa… qay biri muhimroq?

 

Zuhriddin ISOMIDDINOV

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − four =