Birjalar o‘rtasida kelishuv imzolandi

Ma’lumki, keyingi yillarda O‘zbekistonning eksport salohiyatini oshirish borasida jiddiy qadamlar qo‘yildi. Ayniqsa, bu borada qo‘shni davlatlar bilan savdo-sotiqni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etayotir.
Yaqinda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning eksport hajmini oshirish va eksport-import operatsiyalarini soddalashtirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va iqtisodiyot tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot va xom ashyo turlari bilan ta’minlash yuzasidan qabul qilinayotgan chora-tadbirlarga muvofiq hamda O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Tovar-xomashyo birjasi AJ Qozog‘iston birja tovar bozorining yetakchisi — ETC Tovar birjasi AJ hamda Yevropaning yetakchi birjalaridan biri — Moskva Birjasi OAJ (Rossiya) vakillari bilan biznes uchrashuvini tashkil etdi.

Uchrashuvda MDH davlatlari Xalqaro birjalar assotsiatsiyasi  ijroiya direktori va mamlakatimizda birja faoliyatini litsenziyalovchi organ — O‘zbekiston Respublikasi davlat raqobat qo‘mitasi vakillari ham ishtirok etishdi.
Yuqorida nomlari keltirilgan birjalar rahbarlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mehmonlar keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan birja savdolari va eksport mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qabul qilingan Qarorlar va Farmonlar bilan tanishtirildi. Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida eksport-import yo‘nalishida birja savdolarini tashkil etish, o‘zaro aloqalar o‘rnatish va birja savdolarini hamda hisob-kitob kliring xizmatlarini amalga oshirish jarayonida hamkorlikni mustahkamlash va rag‘batlantirishni inobatga oluvchi o‘zaro kelishuv imzolandi.
Qozog‘iston va O‘zbekistonning yirik tovar birjalarining o‘zaro aloqalariga bag‘ishlangan uchrashuv chog‘ida  O‘zRTXB AJ va ETC tovar birjasi AJ tovar bozorlari ishtirokchilari o‘rtasidagi birja savdo mexanizmini ishlab chiqish va tashkil etish;
ETC Tovar birjasi AJ orqali Qozog‘iston Respublikasiga mahalliy mahsulotlar eksportini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi tashkilotlarni birja savdolariga jalb qilish;
Sement, boshqa qurilish mollari, ko‘mir mahsulotlari va O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan iste’mol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi Qozog‘iston Respublikasi kompaniyalarini birja savdolariga jalb qilish;
Mahalliy mahsulot ishlab chiqaruvchilarning eksport hajmini oshirish maqsadida Qozog‘iston Respublikasida O‘zRTXB AJ savdo maydonchalarini ochish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish kabi masalalar ko‘rib chiqildi. 
Kelishuvni imzolash jarayonida mehmonlar birja faoliyati va uning texnik infratuzilmasi bilan hamda O‘zRTXB AJ kelgusi   yillar uchun belgilangan rivojlanish istiqbollari bilan tanishtirildi. Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilariga Vatanimiz  mahsulotlarini birjalar orqali eksport qilish va xorijiy korxonalarni O‘zRTXB AJda akkreditatsiyadan o‘tkazish, shuningdek, iste’mol mahsulotlarining elektron xaridlarini amalga oshirish mexanizmlari namoyish etildi.
Moskva Birjasi OAJ bilan birgalikda birja fyuchers bozorlarini tashkil etish borasida tajriba almashish, jumladan, birja tovarlari bo‘yicha fyuchers shartnomalari savdosini amalga oshirish mexanizmlari o‘rganildi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zRTXB AJ 2004 yildan beri a’zo bo‘lgan MDH davlatlari XBA Ijroiya direktori bilan muzokara olib borildi. Uchrashuv davomida MDH davlatlarining boshqa birjalari bilan o‘zaro hamkorlik va tajriba almashinuv, jumladan, tabiiy gazni birja savdolari orqali sotish mexanizmini o‘rganish va savdo ishtirokchilari o‘rtasida o‘zaro hisob-kitoblarni o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama etildi. Tashrif yakunida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olinib, O‘zRTXB AJ va ETC Tovar birjasi AJ orasida hamkorlik kelishuvi imzolandi.

                                                                                                                                       O‘z muxbirimiz

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − 12 =