Firibgarning tuzog‘i

O‘zaro suhbatlarda “tushib qoldim” yoki “firibgarga aldandim” degan gap-so‘zlarni eshitib qolamiz. Tabiiyki, bunday holatlarda jabrlanuvchiga achinib, firibgar sha’niga ochiq gaplar aytamiz. Aslida bunday vaziyatga tushib qolishga ko‘p hollarda fuqarolarning o‘zlari ham sababchi bo‘lishmoqda.

 

 B.Oripov (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) ayni kuch-quvvatga to‘lib, oq-qorani tanib ulgurgan, oliy ma’lumotli 40 yoshni qoralagan kishi. Bir inson orzu qilgudek oilasi, 4 nafar farzandi bor, biroq hech qaerda ishlamaydi, muqaddam sudlangan. 

U bilan hamsuhbat bo‘lgan kishi Bekzod  haqida noto‘g‘ri o‘y-xayollarga bormaslikka harakat qiladi. Chunki u odamlar ko‘ngliga yo‘l topish, o‘ziga ishontirishni yaxshi biladi. Shunday bo‘lmaganida, A.Turopov (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) u bilan yaqindan tanish bo‘lmasa-da, unga ishonib 2015 yilda ishlab chiqarilgan “Spark” rusumli avtomashinasining pulini bo‘lib beraman, degan yolg‘on gaplariga laqqa tushib o‘tirarmidi?

Darhaqiqat, A.Turopov o‘ziga tegishli bo‘lgan avtomashinasini sotish maqsadida Sirg‘ali tumanida joylashgan mashina bozoriga borganida xaridori sifatida Bekzod bilan tanishib qoladi.  

— Nafaqadagi IIB xodimi, hozir pensiyadaman, — deydi o‘zini tanishtirib Bekzod. Uning xatti-harakati, o‘zini tutishlari, gap-so‘zlari Akmalda hech biron-bir shubha, ikkilanish uyg‘otmadi. Bekzodning sermulozamatligidan shoshib qolgan Akmal unga avtomashinasini 6.500 AQSh dollariga sotishga, pulni har oyda bo‘lib berib boraman, degan taklifiga qanday rozilik berganini o‘zi ham bilmay qoldi.

Bekzod esa ishini har galgidek “xamirdan qil sug‘urgandek” bitirgach, avvalgilardek, “pulni bo‘lib beraman” degan va’dasini shu onning o‘zidayoq unutdi. Bir oz vaqt o‘tgach esa, xuddi boshqalarga qilgan muomalasini “erta keling, inding keling” qilib yuraverdi. Akmal esa shundagina firibgar to‘zog‘iga tushganligini anglab qoldi.

Yana bir soddadil, kishi Bekzodning navbatdagi yolg‘onlariga chuv tushdi. P.Odilov ham (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) avtomashina sotib olish ilinjida bozor sari yo‘l olgandi. 

Parpiboy bozorda xaridorlardan biri bo‘lib turganida Bekzod firib yo‘li bilan qo‘lga kiritgan “Spark” avtomashinasini 4 200 AQSh dollariga sotishini aytdi. Xaridor cho‘ntagi ko‘taradigan narx ekanligidan mamnun bo‘lib, darrov rozilik bildirib qo‘yaqoldi.

Xaridor pulini Bekzodga sanab berarkan, tezda nomiga rasmiylashtirishni taklif qildi. Lekin Bekzodning “ayrim bahonayu sabablari”ga ko‘ra, bu ish biroz vaqtga cho‘zildi.

Oradan bir muddat o‘tsa-da, Bekzod avtomashinani yangi egasi nomiga rasmiylashtirishni xayoliga ham keltirmadi. Parpiboy esa pulini yoki mashinasini ololmay xunobi chiqardi. Bu yoqda Bekzod undan olgan 4 200 AQSh dollarini allaqachonlar o‘z ehtiyoji uchun ishlatib bo‘lgan edi.

Qizig‘i, mashina bozorida B.Oripovning tuzog‘iga tushgan yana bir nechta kishi ham bor ekan. Ular ham mashina olish yoki sotishga borib, natijada o‘z mulkini o‘zganing qo‘liga topshirib, chuv tushib qolganidan, aldanganidan pushaymon bo‘lib yurishardi. 

Biroq qonunni aldab, unga firib berib bo‘lmaydi. Aksincha, firib sari bosilgan har bir qaltis qadam qonun qo‘liga tushishiga yetaklaydi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi hukmi bilan B.Oripov sodir etgan jinoyatiga yarasha tegishli jazosini oldi.

Savol tug‘iladi. B.Oripov o‘zgalar mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, bundan halovat ko‘rdimi? Aksincha, birovlarga yetkazgan zarari bois, ozodlikdek ulug‘ ne’matni yo‘qotdi. 

 

Akmal AHMADOV,

Yuristlar malakasini oshirish markazi tinglovchisi

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − twelve =