KIM HAQ yoki hamkorlik yetarli…mi?

Maktab davrida partadoshim bilan gaplashib turganimda o‘qituvchi menga dakki bera ketdi. Uning tanbehidan beixtiyor jahlim chiqib, bir so‘ziga o‘n so‘z bilan javob qaytardim. U bundan qattiq izza bo‘ldi, men esa mag‘rurlandim, go‘yo hammaning oldida zo‘r ish qilgandek. Biroq bu qilig‘im, oilamiz kattalarining e’tiroziga sabab bo‘lib, eshitadiganimni eshitdim. Ayniqsa, otamning “Sen ham o‘sha o‘qituvchiga o‘xshab oliy ma’lumotli bo‘l-chi, keyin jo‘jaxo‘rozlik qilasan”, degan so‘zlari hech qulog‘imdan ketmaydi. Chindan-da ustoz darajasiga yetish uchun qanchalik mashaqqatli mehnat kerakligini bugun sezib turibman.

 

Yaqinda bir o‘qituvchi tanishim bilan suhbatlashib o‘sha voqeani esladim. U ta’lim-tarbiya berish jarayoni haqida kuyinib, ayrim yuqori sinf o‘quvchilari bilan ishlash o‘ta nozikligini aytdi. Shu kunlarda 9-sinf o‘quvchisiga bir og‘iz gap aytib undan kaltak yeyishiga oz qolibdi. O‘quvchining bu qiliqlaridan butun o‘qituvchilar bezor. Hatto maktab direktori ham. Xullas, tayyor “kuydirgi”. Boladagi bunday fe’lning sababi oiladagi muhit. Ota yo‘q. Ona esa Turkiyaga ishlashga ketgan. Bolaga mas’ul — buvisi. Bechora buvi hayotdan shunday bezganki, nevarasining xurmacha qiliqlaridan joni hiqildog‘iga kelgan.

– E, hammasi jonimga tegdi, nima qilsangiz qiling, shu bolani, – deya nevarani ustozlarning ixtiyoriga topshirib qo‘ya qoldi.

Onaxonni tushunsa bo‘ladi, farzandlarining rohatini ko‘rib, oyoq uzatib o‘tiradigan paytda g‘avg‘odan boshi qotgan.

Shu kabi holatlar haqida Olmazor tumani 219-sonli umumta’lim maktabi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Naima Tolipova bunday deydi:

– Yaqinda bir o‘quvchining otasini chaqirtirib, farzandining ustidan shikoyat qilganimizda, otaning loqaydlarcha “asli zavod shunaqa bo‘lsa, nima qilay”, degani kishini lol qoldirdi. Shu paytgacha bunaqa insonni uchratmagandim. Nahotki, bolasining jarga qulashini indamay tomosha qilib turaversa?! Kelajagi haqida qayg‘urmasa. Bunday insonlar otalik nomiga loyiqmikan, deb o‘ylab qolaman. Afsuski, oramizda hayotga, jamiyatga, yaqinlariga befarq, loqayd insonlar ham bor. Ular uchun farzandi maktabga, o‘qishga borib kelsa bo‘ldi. Qolgani bilan ishi yo‘q. Aksar ota-onalarning fikricha o‘qituvchi barchasiga mas’ul. U o‘quvchiga dars bersinmi yoki tarbiyasi bilan shug‘ullansinmi?! Hamma gap oilada. Chunki, asosiy tarbiyani farzand oiladan oladi. Oilada ma’naviy muhit yaxshilanmas ekan, qush uyasida ko‘rganini qilaveradi.

Bir bolaga yetti mahalla ota-ona, degan naql bor. Ammo bugun bu naqlga qay darajada amal qilinmoqda? Mahalla-maktab-oila o‘rtasida hamkorlik to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganmi? Shu savollarga aniqlik kiritish maqsadida “Yangi Toshkent” fuqarolar yig‘ini raisi vazifasini bajaruvchi Sayyora Mannopova bilan suhbatlashdik.

— Mahallamiz jamoasi bilan profilaktika jarayonida ayrim yoshlarning bilib-bilmay jinoyat ko‘chasiga kirib qolayotganining guvohi bo‘lamiz. Buning sababi esa ota-onalar farzandining tarbiyasiga, yurish-turishiga loqaydlik bilan qaragani. Bu holatlarning oldini olish maqsadida oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash bo‘yicha mahallamiz jamoasi bilan qator rejalar ishlab chiqqan. Ayniqsa, davomati past, huquqbuzarlikka moyil bo‘lgan o‘quvchilar bilan doimiy ravishda ishlar olib borilmoqda. Ammo aksariyat hollarda biror kori hol yuz bersa, butun ayb o‘qituvchi bilan mahalla chekiga tushayotir. Qolaversa, ayrim ota-onalar borki, farzandimni ulg‘aytirdim, uy-joyli qildim vazifamni bajarib bo‘ldim deb, ularni o‘z holiga tashlab qo‘ymoqda. Oqibatda esa yosh kelin-kuyov o‘zi bilganicha ish qilib, gohida oralaridan gap qochgan holatlar ham uchrab turibdi. Bunday hollarda ularni tinchitish aslida ota-onaning ishi. Lekin ayrim ota-ona  oilani tinchitish o‘rniga olovga yog‘ sepadi. Qolgani o‘zingizga ma’lum… Bu boradagi ishlar bilan mahallamiz qoshidagi “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmasi shug‘ullanadi. Mazkur tuzilma davlat organlari, fuqarolar yig‘ini hududidagi ta’lim va tibbiyot muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi va tegishli komissiyalar bilan hamkorlikda oila mustahkamligi bo‘yicha qator chora-tadbirlar ko‘rib kelmoqda.

Qisqasini aytganda, bugun ayrim mahallalarda oila-maktab-mahalla uchligining chin ma’noda hamkorligi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganini va azaliy o‘zbekona odatlarimiz bo‘lgan, qo‘ni-qo‘shnichilik, qarindosh-urug‘, umuman, mehr-oqibat rishtalari, hatto oddiy salom-alikni unutib qo‘yayotganining guvohi bo‘layotirmiz. Xo‘sh, masalaning yechimi qaerda, degan savolga bir hayotiy misol keltirsam.

Yuqoridagi o‘qituvchi tanishim bilan biroz vaqt o‘tgach yana ko‘rishdik. U tarbiyasiz o‘quvchi ijobiy tomonga o‘zgarayotganini aytib qoldi. Qanaqasiga, degan savolimga: suhbatdoshim bolaga har kuni salom berar, buvisining hol-ahvoliyu, o‘qishlari haqida so‘rarkan. Boshida u bunday munosabatdan biroz kulgandek, xijolat chekkandek bo‘libdi. Vaqt o‘tgandan so‘ng o‘quvchida o‘zgarish sezila boshlabdi. O‘zi salom berib, tuppa-tuzuk muomalaga o‘tibdi. O‘qishi yaxshi bo‘lmasa-da, yurish-turishida biroz o‘zgarish sezilibdi. Bundan chiqdi, oddiy salom-alik ham insonning ko‘rkiga ko‘rk, odobiga odob qo‘sharkan-da. Uning bu gaplaridan bir hadis yodga keldi. Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vassallamdan: Islom amallarining qaysinisi yaxshi? dedi. U kishi “Miskinlarga taom berishingiz va tanigan va tanimagan odamga salom berishingiz”, dedilar.

Chindan-da salom berish mehr-oqibatning, odob-axloqning boshi emasmi? Afsuski, ko‘pchilik buni ham unutib, o‘z-o‘zi bilan ovora bo‘lib qolgan. Yon-atrof, mahalla-ko‘y bilan ishi yo‘q.

Xuddi yuqoridagi kabi mahalla faollari “Biz yaxshi ishlayapmiz, chora-tadbirlar olib boryapmiz” desa, murabbiy “farzandingizni xulqi yomon, darsga kirmaydi, vazifalarni bajarmaydi”, deya og‘rinadi, ota-onalar esa farzandining tarafini olib, aybni o‘qituvchi va mahallaga ag‘darib qo‘yish bilan band. Xullas, har kim o‘zicha haq.

Bu haqda siz qanday mulohazadasiz, aziz o‘quvchi?!

 

Xurshid MA’RUF

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 5 =