Milliy taraqqiyotimiz OMILI

O‘zbekistonning tub burilish pallasida milliy taraqqiyotimizga katta to‘siq va g‘ov bo‘lib kelayotgan, hatto ko‘rinmas illatga aylangan to‘y-ma’rakalarni ixcham, zamonaviy o‘tkazish, to‘ydan oldin va keyin bo‘ladigan mayda-chuyda tadbirlarga barham berish — bugungi kunning dolzarb vazifasidir.

 

Har bir inson, oila, jamoa hayotida o‘z ko‘lami bilan bog‘liq tarzda “inson moddiy va ma’naviy ehtiyojlar”ning o‘zaro munosabati uyg‘unligi va qonuniyatiga amal qiladi. Bu qonuniyat har bir shaxsning hayotiy dasturi, maqsadi sifatida anglab olingan va o‘zini muvofiqlashtirish omiliga aylangan bo‘lsa, bunday odamlar hayoti o‘zining ma’no va mazmuni bilan ajralib turadi. Jamiyatda shu qonuniyat anglanmagan, uni to‘g‘ri tashkil eta bilmagan joyda muvozanat buziladi. Natijada ayrim odamlar moddiy ehtiyojlarga erk beradi, nafsning izmiga tushib qoladi. Demak, u ijtimoiy hayotning turli ko‘rinishlarida, ya’ni urf-odat, an’analar, marosimlarga bo‘lgan munosabatlarda yaqqol namoyon bo‘lishi mumkin. 

Bu esa jamiyatga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Ortiqcha sarf-xarajatlar, behuda isrofgarchilikka sabab bo‘layotgan to‘ylar yoki marosimlar kishilarning imkoniyatlarini bir tomonlama yo‘naltirishga, oqibatda ayrim kishilarning boyishiga emas, kambag‘allashishiga sabab bo‘ladi…

“O‘zbekning nimasi ko‘p — to‘yi ko‘p” degan gap bor. To‘y-marosimlarimiz — milliy urf-odatlarimizdan biri. Hammamiz ham dang‘illama to‘ylarda ishtirok etganmiz. Barchaning topgani to‘yga buyursin, deymiz bir-birimizga yaxshi niyat bilan. Biroq to‘y marosimlarimizdagi ortiqcha sarf-xarajatlar, chiranishlar kishini ranjitadi. To‘ylarimizdagi isrofgarchilik, haddan oshishlar, keraksiz sarf-xarajatlar, manmanlik haqida ko‘p gapiryapmiz. Ammo muammoning ma’no-mohiyatiga hamisha ham e’tibor beravermaymiz. To‘y bahona obro‘ orttirish ilinjida maqtanchoqlik, manmanlik ko‘chasiga kirib qolayotganlar hamon bor.

Bir yozuvchi do‘stim xizmat safari bilan Gruziyaga borgan edi. Yozuvchi xalqi aslida tabiatan har narsaga qiziquvchan bo‘ladi. Hamkasblaridan, to‘ylar qanday o‘tadi, gruzinlarda ham kelinlarga sep qilishadimi, deb so‘rabdi. Gruzinlar qiz chiqarganda, taomilga ko‘ra, sepiga Shota Rustavelining “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” kitobini qo‘shib berishar ekan. Bu kitob yosh kelin-kuyovga ajdodlarning buyuk o‘tmishini, millatning tarixiy xotirasini mangu eslatib turadi. Bu an’ana avlodlar osha tobora mustahkamlanib, odamlar ongu shuuridan abadiy joy olgan. Bu misol ramziy ma’noga ega bo‘lib, milliy g‘oya, millat ma’naviy qiyofasining yorqin ifodasidir.

Bizningcha, yuksak ma’naviyat sohibi bo‘lmish o‘zbek millati qizining sepiga “Xamsa” yoki “Boburnoma”dan bir nusxa qo‘shsa, ayni muddao bo‘lmasmidi?

Biz — ming yillar ilgari yashab ijod qilgan, o‘zining ilm-tafakkur salohiyati bilan insoniyat tamadduniga olamshumul hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarning farzandlarimiz. Demak, ma’naviyatimiz ham ularga munosib bo‘lmog‘i lozim. Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Imom al-Buxoriy, Beruniy, Ibn Sino, Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab va boshqa yana ko‘plab allomalarimiz yaratib qoldirgan ulkan ma’naviy xazina — bebaho asarlar bilan faxrlanamiz. Qani endi, bo‘lajak kelinning javonidan boshqa sovg‘a-salomlar qatorida ma’naviyatimiz ko‘zgusi bo‘lgan ana shunday noyob asarlar ham joy olsa, shu xonadon kelin-kuyovlari, farzandlari ularni e’zozlasa, o‘qisa…

To‘y oilaviy bayram bo‘lsa-da, bir xonadon quvonchi barcha qarindosh-urug‘, mahalla-ko‘y, do‘stu birodarlar bilan baham ko‘riladi! Albatta, bu insonlarda hamjihatlik, ahillik, mehr-oqibat, muhabbat-muruvvat, xayr-saxovat, iymon-e’tiqod, mehmondo‘stlik, insonparvarlik, do‘stlik kabi fazilatlarni tarbiyalashga xizmat qiladi. Lekin to‘ylar xalqimizning ma’naviy yuksalishida qanchalik ijobiy rol o‘ynamasin, uni o‘tkazish, uchun ba’zilar katta miqdorda qarz olish, oila byudjetidagi mablag‘ni bus-butun sarf qilish hisobiga go‘yo “etti iqlim” uchun mashhur to‘y o‘tkazishga intilishlari hozirgi sharoitda “soxta boyvachchalik”dan o‘zga narsa emas.

Odatlarga ko‘ra, qadimdan qizlarni bisot bilan turmushga berish ota-onaning burchi va majburiyati bo‘lib kelingan. Bu nihoyatda yaxshi odat, rasm-rusumdir. Chunki yosh oila moddiy tomondan o‘zini tutib olguniga qadar ota-ona tomonidan qilingan bisot kelin-kuyovga asqotadi. Demak, ota-ona qilgan bisot ulardan yodgorlik sifatida ham qadrlidir! Biroq kelin bisoti me’yor darajasida bo‘lmog‘ini nazardan chetda qoldirmaylik.

Qadimda to‘y bazmlarida o‘yin-kulgi, kuy-ashula, she’rxonlik, kurash, ko‘pkari, askiyabozlik qilingan! Ichkilik u yoqda tursin, shirakayf holda ishtirok etish ayb, uyat hisoblangan. Bugun o‘tkazilayotgan nikoh to‘ylarini kuzatganimizda, bu holatning aksini ko‘ryapmiz. To‘yda spirtli ichimliklarning me’yoridan ortiq qo‘yilishi isrofgarchilik, raqqosalarning noaxloqiy xatti-harakatlari, yarim tungacha xalq tinchligini buzuvchi musiqa suroni, tabriklovchilarning uzoqdan-uzoq va’zxonliklari to‘yning fayzli o‘tishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ba’zan kelin-kuyov hayosi, ibosi, axloqiy xatti-harakati bilan to‘y ishtirokchilarida salbiy taassurot qoldirmoqda. O‘rni kelganda qayd qilish lozim, hayotda ko‘pni ko‘rgan to‘y ishtirokchilari oldida yosh yigit-qizlarning nasihatomuz tabriklarini qanday tushunmoq lozim? Nikoh tantanasini boshqaruvchi — o‘rtakash, qolaversa, mahalla oqsoqollari bu jihatlarga ham e’tibor berishi lozim. Ayrim hollarda to‘ylarda xonandalarning ma’naviyatimizga zid, tinglovchiga noaniq bo‘lgan mazmunsiz ashulalari kishi kayfiyatini ko‘tarish, qalblarga ma’naviy ozuqa berish o‘rniga, aks ta’sir qiladi.

To‘yni o‘tkazish madaniyatiga alohida ahamiyat berish kerak. Maxsus joy tayyorlash, tartibli o‘tkazish chora-tadbirlarini belgilash, saranjom-sarishtalikka rioya etish, taklif etilgan mehmonlarning o‘z vaqtida kelishi, ularni izzat-ikrom bilan kutib olish va kuzatish, to‘y dasturxoni va taomnomasi madaniyatining yuksakligi  to‘y o‘tkazishning sifatini tashkil etadi. Shuningdek, oilaviy tadbirlarda san’atkorlar qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida xizmat ko‘rsatsa va shu tartibga qat’iy rioya qilinsa, ularning mas’uliyati yanada oshadi, milliy urf-odatlarimiz va ma’naviyatimizga to‘g‘ri kelmaydigan kuy-qo‘shiqlar, raqs va boshqa chiqishlarning oldi olinadi. 

Bir so‘z bilan aytganda, to‘y marosimlari inson hayotida baxtli, shodu xurramlikka boy xotira bo‘lib qolishi zarur. To‘ylarni qarindosh va yaqin qo‘shnilar doirasida, dabdabasiz, isrofgarchiliksiz o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Zero, nikoh to‘yidan maqsad sha’riy nikohni xalqqa ma’lum qilish bo‘lsa, aqiqadan maqsad jonliq so‘yib, bir qismini muhtojlarga tarqatishdir. Bu maqsadlar qarindoshlar, ya’ni ozchilik doirasida ham hal bo‘laveradi. Sunnat va muchal to‘ylarini o‘tkazish shariatimizda buyurilmagan. Lekin ming afsuski, bunday to‘y marosimlari hamon o‘tkazilmoqda.

Toshkentda, ayrim viloyatlarda rasm bo‘lgan nahorgi oshlarni ertalabki soat 7-8 ga belgilash yoki tushlik paytiga ko‘chirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Kechqurun o‘tkaziladigan nikoh to‘ylarida isrofgarchilik, pul sochish kabi o‘zbekona qadriyatimizga zid salbiy holatlarni bartaraf qilish lozim.

Xulosa shuki, to‘y-hashamlarni zamon talablari darajasida o‘tkazish uchun jamoat birlashmalari, Respublika Kasaba uyushmalari federatsiyasi va O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda mamlakatimiz yoshlar ittifoqi huzurida to‘y-hashamlarni davr talablari asosida o‘tkazish jamoatchilik komissiyasini tuzish maqsadga muvofiqdir.

Rivojlangan mamlakatlarda ko‘pdan buyon davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimi tomonidan qat’iy belgilangan tartibda to‘y-marosimlari o‘tkaziladi. Ularda to‘yga taklif etilgan mehmonlar, kelin-kuyov uchun xizmatdagi avtomobillar va dasturxondagi taomlar sonigacha tartibga solingan. Bunda ham mana shu holatlar e’tiborga olinishi maqsadga muvofiqdir.

Oqilona tarzda to‘y o‘tkazib, tejalgan mablag‘larni oila salomatligi va farovonligi, bolalar ta’lim-tarbiyasiga sarflansa, nur ustiga  nur bo‘lardi. Demak, bu borada butun jamoatchilik, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari lozim bo‘ladi.

Karim NORMATOV

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve − 8 =