Navoning QUDRATI

Yoshim yetmishga borganda dutorga mehrim tushdi. O‘zbekiston davlat konservatoriyasining litseyi tomon yo‘l oldim. Direktor o‘rinbosari Qunduzxonga uchrashdim. Maqsadimni bilib, Ilyos Lutfullaevga uchrashishimni aytdi. Uchrashdim. Ilyos aka samimiy, begidil inson ekan.

Ilyos akaning dars jarayonidagi har bir so‘zi, harakatida, milliylikka, san’atimizga mehri sezilib turadi. Shu bois, tez kunda “Tanovar”, “Qari navo”, “Dilxiroj”, “Sharof” kuylarini o‘rganib oldim. Ilyos akaning ibratli umr yo‘li, san’at taraqqiyoti, ayniqsa, milliy cholg‘u asbobimiz bo‘lmish dutorchilik taraqqiyotiga qo‘shgan hissalari beqiyos ekanligidan sevindim.
Otasi Qudrat aka juda bolajon bo‘lgan. Farzandlar tarbiyasi, dunyoqarashi, qiziqishiga befarq emasdi.
— Bir kuni otam akam bilan meni magazinga olib bordilar, — deb eslaydi Ilyos aka. Akamga velosiped olib berdilar. Keyin senga kichikrog‘idan olamiz, deb mo‘ljal qila boshladi. Men bo‘lsam peshtaxtadagi rubobdan ko‘z uzmasdim.
— Menga velosiped emas, rubob olib bering — dedim.
— Mana, ilohim xalq sevgan sozanda bo‘lgin, — deya otam qo‘limga rubob tutgan edi.
Ilyosjon o‘shanda endigina maktabga qadam qo‘ygan edi. Rubobli bo‘lganidan quvonchi ichiga sig‘mas, darslarini qilib bo‘lgach, mashq qilib charchamasdi. Farzandidagi ishtiyoq va harakatchanlikdan boshi osmonga yetgan Qudrat aka va onasi Karimaxon opa farzandini qo‘lladi. Ilyosjon do‘stlar qatori tuman, so‘ng shahar tanlovlarida qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egalladi. Sozandaning kasbiga qiziqishi, mehri baland edi. Sakkizinchi sinfda o‘qigan kezlari maqsadni katta oldi. Xalq filarmoniyasiga bordi, kunduzi maktabda o‘qib, kechqurunlari orkestrda soz chala boshladi, jamoa bilan birga turli joylardagi tadbirlarda qatnashdi.
1962 yil Kreml saroyida filarmoniya kontsertida qatnashganman. Shundan so‘ng ustozlar e’tibori ortdi, o‘shanda 11 yoshda edim. 1946 yil otam vafot etdi, keyin amakim Asatilla Fayzullaev meni Hamza nomidagi musiqa bilim yurtiga olib bordi. Bir oy tayyorgarlikdan so‘ng imtihonlarni a’loga topshirdim.
— Yomon emas. Ammo maslahatim, kelajagingni o‘ylasang, dutorga o‘tishni maslahat beraman, — degandi imtihon olgan o‘qituvchi o‘shanda.
Ilyosjon ko‘p o‘ylab o‘tirmadi. Amakisi bilan maslahatlashdi va dutor soziga o‘tdi. Bilim yurtini tugatib, 1970 yil konservatoriyaga o‘qishga kirdi. Dutor nolalari uni o‘ziga maftun etdi. Mahmud Yunusov, Boqijon Rahimjonovdek ustazodalardan saboq oldi. Shuningdek, afg‘on, qashqar ruboblarini chalishni ham o‘rgangan sozanda Sirdaryo viloyati teatrida musiqa rahbari bo‘lib ish boshladi.
— Bir kuni kursdoshim Jaloliddin Zuhriddinov telefonda, qachon Toshkentga kelasan deb so‘radi, — deydi Ilyos aka. — Men radioda ishlayapman, sen ham kel, — deb taklif qildi. Bordim. U yerda Doni Zokirov boshchiligidagi orkestr bor ekan. Doni aka bilan uchrashdim. Xonalariga kirdik, afg‘on, qashqar ruboblarini, tor, dutor chalib berdim. Ertadan bizga ishga keling, dedilar. Sozanda uchun bu katta rag‘bat edi.
Ilyos Lutfullaev orkestrda sozanda o‘anijon Toshmatov, xonanda Orifxon Hotamov “tamburchi” Abdumutal Abdullaev kabi san’atkorlar bilan ishladi. Kommuna Ismoilova, Malohat Dadaboeva, Hadya Yunusovalarga jo‘rnavozlik qildi. U nafaqat sozanda, balki odamshavanda, do‘stparvar, oilaparvar, fidoyi, samimiyligi bilan xalq e’tiborini qozondi. Frantsiya, Belgiya, Shvetsariya, Gollandiya, Koreya, Gretsiya, Chexoslovakiya kabi qator davlatlarda bo‘lib dutor sehrini olamga tanitdi.
“Xalq ta’limi a’lochisi” unvoni bilan taqdirlangan. Bugun ham ko‘plab yigit-qizlarga saboq bermoqda. To‘rt farzandi hayotda o‘z yo‘lini topgan. Ulardan biri Shohista esa ota yo‘lini tanlagan — musiqashunos. Konservatoriyada garmoniya va solfedjiodan dars beradi. Ilyos aka esa nevarayu evaralar bilan umrguzaronlik qilmoqda.

                                                                                                                 Muqaddas ABDUSAMATOVA,
                                                                                                                           O‘zbekistonda xizmat

                                                                                                               ko‘rsatgan  madaniyat xodimi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + sixteen =