IBRATLI VA HIKMATLI HAYOT

Iqtisod fanlari doktori, professor Nurislom To‘xlievni katta iqtisodchi olim, ajoyib noshir sifatida gazetxonlarimiz yaxshi taniydi. El-yurt  ko‘rgan olim keyingi yillarda o‘z kuzatuvlari va  tajribalari, qishloqdosh, uzangidosh hamkasblari haqida esda qolarli, qiziqarli esselar yaratdiki, ularning har biridan katta ibrat va hikmatni uqish mumkin.
Ushbu bitiklardan ayrim namunalarni sizlarga ilindik.

Duo

Mening bir ajoyib do‘stim bor. Olim kishi, fan doktori, professor. Kamtarning kamtari, halol-pokiza, birovning haqidan qo‘rqadigan, yangilikka va yaxshilikka intilib yashaydigan havasmand inson. Obro‘li lavozimlarda ishladi, hammasidan yaxshi nom, izzat-ikrom bilan ketdi. Hozir ham elning koriga yarab yuribdi. Yaxshi-yaxshi kitoblar nashr qilib, elning og‘ziga tushdi, duosini oldi.
Farzandlarini yaxshi tarbiyaladi, o‘qimishli qildi. Qizi tibbiyot fani nomzodi, bir o‘g‘li fan doktori, qo‘li gul shifokorlar. Do‘stim to‘y qiladimi, iftorlikmi mo‘’jazgina hovliga odam sig‘maydi. Dasturxonni oshirib-toshirib yubormasa ham did bilan chin ko‘ngildan yasatadi. Uning hech qachon birovning ortidan gapirganini, yoxud  noliganini eshitmaganman. Davrada hatto noloyiq odam yoki birovning noshud ishi haqida daf’atan gap ketib qolsagina ruscha aralashtirib “Qo‘yavering, o‘ynasin” deb jilmayib qo‘yadi. Shu bilan mavzuga nuqta qo‘yiladi. Tez-tez takrorlaydigan kalimasi shoir Andrey Dementevning: “Drug poznaetsya v udache, bolshe poroy, chem v bede”.(“Do‘st nafaqat kulfatda, ko‘proq muvaffaqiyatda bilinur!”) satrlari. To‘g‘ri-da, do‘stning boshiga ish tushganda hamma chopib kelishi mumkin, uning muvaffaqiyatini esa hamma ham baham ko‘rolmaydi. Inson inson-da.
Do‘stimdagi bu noyob fazilatlar sirining tubiga yetolmay yurardim. Bir kuni   tasodifan sirning uchi ko‘ringanday bo‘ldi.
“Volidamning ajoyib  fazilatlari bor edi. U kishi har doim dasturxon ustida  “Allohim! Jumlayi mo‘minlarga bergin, ularning qatorida mening farzandlarimga ham bergin” deb duosini yakunlar edi”, deb qoldi do‘stim. Qanday chiroyli va ibratli duo. Hammasi meniki bo‘lsin, narigi yoqda giyoh unmasa ham mayli, degan xudbin fikrlar tomir otayotgan pallada “Avvalo barcha mo‘minlarga, keyin, qolaversa mening farzandlarimga ham bergin”, deb Allohdan so‘rash naqadar oliyjanoblik va bag‘rikenglik.
Bulat Okudjavaning “Molitva” (“Ibodat”) ko‘shig‘idagi “Day je tы vsem po nemnogu i ne zabud pro menya… (“Sen barchaga ozginadan bo‘lsa-da berginu men haqimda ham unutma”) misralari kuylanganda butun zal oyoqqa turib, odamlarning unsiz yig‘laganini ko‘rganman.
Ha, sabr-toqat, bag‘rikenglik, shukuronalik iloxiy narsa, ular xolisdan keladi, odamdan odamga o‘tishi qiyin.
Yosh kelinchak erini frontga kuzatganda o‘g‘li qo‘lida chaqaloq edi. Askar urushdan qaytmadi. Volga bo‘yida bo‘lgan qonli janglardan birida halok bo‘ldi. Undan qora xat oldi. Lekin juvon bunga ishonmadi. Urushda nimalar bo‘lmaydi, deysiz. Balki yanglish, anglashmovchilikdir. Erta-indin darvozadan kirib kelsa ajab emas. Mayli, nogiron holda qaytsa ham. Kelinchak kutadi, kutaveradi. Eshik tiq etsa yuragi hapriqib, kalishni oyoqqa ilishni ham unutib yuguradi. Lekin askardan darak bo‘lmadi. Ko‘plar qatori urush balosi uni ham yutib yuborgani haqiqat edi… Lekin kelinchak bunga ishonishni xohlamadi. Butun mehrini yolg‘iz o‘g‘liga berdi. Oq yuvib, oq taradi. Boshqalardan kam bo‘lmasin deb kunu tun mehnat qildi. Kunduzi fabrikada, uzun kechalari quroq qurab, ko‘rpa-yostiq tikib bozorga chiqardi. O‘zi yemadi, o‘g‘liga halol luqma yedirdi, o‘zi kiymadi, o‘g‘lini kiyintirdi. O‘g‘li oliygohni tamomlab, diplom olib kelganida sevinch yoshlarini yashirolmadi. Fan nomzodi, keyinchalik fan doktori dissertatsiyalarini himoya qilganida terisiga sig‘may quvondi, birin-ketin kelinlar tushirib, nevara-chevaralar tug‘ilganida o‘zini qo‘yarga joy topmadi. Lekin baribir ko‘zi to‘rt bo‘lib, eriga ilhaq yashadi.
To‘qson yoshlardan oshib,  boshi yostiqqa yetganda, o‘g‘li va mahalla masjidi imomini chorlab: “O‘g‘illarim, shuncha yil jufti halolimni kutdim. Endi uni ko‘rishdan umidimni uzdim. Diydor chin dunyoga qolganga o‘xshaydi. Ko‘zim yumilgach, menga ko‘shib erimga ham janoza o‘qitinglar. Shariatda qanday bilmadim, lekin shunday bo‘lsa, noo‘rin bo‘lmas” — dedi zo‘r-bazo‘r ayol. Sahar chog‘i u omonatini topshirdi. Janozaga tumonat odam yig‘ildi. Tobut qo‘lma-qo‘l bo‘ldi. Qabristondan xomush qaytayotgan bir to‘p mahalladoshlardan biri: “Xudo rahmat qilgur, mahallaning fayzi, jannati ayol edi-ya”, dedi. Boshqalar  ma’qullab bosh irg‘ashdi. Ha, inson o‘z hayoti chog‘ida va undan keyin ham turli maqtovu olqishlar oladi va e’tirofga sazovor bo‘ladi. Bunisi endi eng samimiysi va eng oliysi edi. Bunday e’tirofga sazovor bo‘lolmaganlar  qancha.
Ana shunday! Shu topda men: “Ko‘pga bergin, Xudoyim, ko‘p qatorida  mening bolalarimga ham bergin” deya olgan onadan to‘ragan o‘g‘ilning hayotdagi kishi bilmas xalovat va xotirjamligining sirini anglagandek edim.
Shunday onalar bor ekan,  dunyo turaveradi.

Tog‘u toshlar, dashtu biyobonlarda

Otam “Ulug‘ zotlar tog‘u toshlar, dashtu biyobonlardan chiqadi” degan gapni ko‘p takrorlardi. Izohini padarimdan so‘rashga jur’at qilolmas edim. Yillar o‘tib kitob o‘qiydigan, mulohaza qiladigan bo‘lganimdan keyin, qiziqsam, haqiqatan ham ko‘pgina ulug‘ zotlar — payg‘ambaru avliyolar, shoirlaru oriflar, olimlaru fozillar sarkardalaru davlat arboblarining taqdirida tog‘lar va biyobonlar muhim o‘rin tutgan ekan.
Payg‘ambarlar shaharda tug‘ilgan bo‘lsalar hamki, ularning tarbiya topishi va ilohiy missiyani bajarishi jarayoni albatta yo tog‘u tosh, yo dashtu biyobonga bog‘liq bo‘lgan: Muso alayhissalom Tur tog‘ida Alloh bilan so‘zlashgan bo‘lsa, Muhammad Rasululloh (s.a. v)ga ilk vahiy Xiro tog‘ida nozil bo‘lgan. Hakim Termiziy, Ibrohim Adham, Hazrat G‘avsul A’zamlarga Haq yo‘liga kirish haqidagi ilohiy ishorat dashtda sodir bo‘lgan. O‘rta asrlarda yashab ijod etgan musulmon faylasufi, tarixchisi va ijtimoiy mutafakkiri Ibn Xoldun o‘zining mashhur “Muqaddima” (1377) asarida mamlakatlar va xalqlarning yuksalishi va tanazzulga ketishi sabablarini ochib berar ekan,  bu jarayonda ochiq maydon, kenglikning o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tadi. Olimu shoirlar haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. “Shoirlar qishloqda tug‘iladi, Parijda o‘ladi”, degan hikmat kuni kecha paydo bo‘lgan gap emas…
Vo, ajabo, bu yerda biror sir bormikin?
Tog‘larga chiqqanda, dasht-biyobonlarni kezganda tevarakka boqdim, atrofni kuzatdim, kechalari osmonga, yulduzlarga termuldim. Son-sanoqsiz yulduzlar naq peshonamizda, qo‘l uzatsangiz yetadiganday boshingiz uzra porlaydi. Jimjitlik, sukunat, kenglik, osoyishtalik qalbingizga ham kirganday bo‘ladi.
Inson tog‘u tosh, dashtu biyobonni kezganda yolg‘iz Allohga sig‘inadi, undan kuch-quvvat oladi. Yaratganning qudrati oldida o‘zini naqadar ojiz va notavon ekanligini his etib, faqat Unga talpinadi. Bunga javoban Alloh taolo ham marhamat ko‘rsatib, uni nurli cho‘qqilarga yetaklaydi.
Demak, inson tog‘u toshda, dashtu biyobonda Unga yaqinroq bo‘lar ekan-da?! Endi tushundim, otam aytgan xikmat oddiy gap emas, ilohiy suxan ekan.

Saxovat

Xalqimizda “saxiy”, “saxovat”, “saxovatpeshalik” degan so‘zlar ko‘p ishlatiladi. Bu so‘zlar bizga ota meros. Ota-bobolarimiz ana shunday saxiy, saxovatpesha odamlar bo‘lishgan. Saxiy deb qo‘li ochiq himmatli kishiga aytiladi. Boshqalardan o‘z yordamini ayamaydigan, g‘amxo‘r va mehribon kishilarga nisbatan ham shu atama qo‘llaniladi. Odamlarni to‘ydiradigan unumdor yer, tuproq quyoshga nisbatan ham saxiy zamin, saxiy quyosh deb yuritiladi.
Ammo saxovatpeshalikning boshqa axloq-odobga, fe’lga o‘xshash o‘z qoida va qonuniyatlari bor. Bu qoidalar hech qaerda yozilmagan, hech kim uni talab qilolmaydi, hech kim uni nazorat ham qilmaydi. U ichki madaniyat, Alloh bergan fe’l-atvor.
Uning asosiy qoidalaridan biri halollikdir. Saxiylik halol yo‘l bilan topilgan ortiqcha ne’matdan iborat bo‘lmog‘i lozim. Ikkinchi qoidasi u yashirin, pinxona bo‘lishi kerak. Ya’ni saxovat ko‘rsatayotgan kishi va uni qabul qilayotgandan boshqa mardum ushbu tadbir-ko‘makni bilishi mutlaqo shart emas. “O‘ng qo‘l ko‘rsatgan saxovatni, chap qo‘l bilmasin”. Boshqacha aytganda, garchi ular bitta atamaga birlashsa-da, saxovat pesh qilinmasligi kerak.
Saxovatni eng avvalo kimga ko‘rsatish masalasi ham chetda qolmasligi kerak, albatta. Imom Buxoriyda shunday bir ajoyib hadisi sharif bor. Rasulullohdan:
“Ey, Rasululloh men yaxshiligimni kimga qilsam bo‘ladi?” — deb so‘radilar.
“Onangga” — dedilar. Shu savol uch marta qaytarilganda ham, Rasululloh: “Onangga”— dedilar. To‘rtinchi marta shu savol berilganda: “Otangga va yaqin qarindoshlaringga”deb javob berdilar.
Biz esa yetmish yil mobaynida mavhum davlat (umumxalq) va jamoa manfaatlarini shaxs va oila manfaatlaridan ustun qo‘yib keldik. Biz buni vatanparvarlik va baynalmilalchilik deb baholadik. Ammo xuddi o‘sha vatanparvarlik va baynalmilalchilikning biz yashayotgan uy bo‘sag‘asidan boshlanishi haqida esa durustroq o‘ylab ham ko‘rmadik. Natija esa aniq. Sotsializmni tanazzulga olib kelgan omillardan biri shu soxta aqida edi.
Qur’onda, hadislarda ota-onalarga xizmat qilish, ularning hurmatini joyiga qo‘yish, ayniqsa qarigan chog‘ida ularni e’zozlab parvarish qilish, diliga ozor bermaslik, ularning haqqini ado etish haqida nasihat-haqiqatlar ko‘p.
Milodgacha VII — VI asrlarda yashagan xitoylik Konfutsiy uch toifadagi burch to‘g‘risida yozgan edi: Oliy burch — tug‘ishganlarga nisbatan burch, ikkinchisi — jamoaga nisbatan, uchinchisi esa davlatga nisbatan burch. Ya’ni, qarindosh-urug‘lar manfaati jamoa va davlat manfaatlaridan ustun qo‘yiladi. Ko‘rinib turibdiki saxovat, muruvvat, homiylik tushunchasini burch deb qabul qiladiganlar bor.
O‘zbeklarda saxovat bilan hayriya tushunchalari uyg‘unlashib ketgan. Kishi o‘zidan ortganini yetim-esirlarga, o‘zi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qila olmaydiganlarga beradi. Ba’zan bu ish to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, masjid, xayriya jamg‘armalari va mahallalar orqali amalga oshiriladi. O‘rta Osiyoda kitoblarni meros qoldirish odati bo‘lgan. Ammo bu ishlarda dabdababozlik, kompaniyabozlik, ko‘z-ko‘z qilish holatlari ham uchrab turadiki, uyalib ketasan. Ba’zan xayriya jamg‘armasiga arzimagan mablag‘ o‘tkazib, bor-budini kiyib, qalin qimmatbaho taqinchoqlarni osiltirib zangori ekrandan qo‘lini bigiz qilib aql o‘rgatadigan opaxonlarimiz va do‘ppini yarimta qilib kiygan, xayriyasini do‘mbira qiladigan akaxonlarimizning maqtanishini ko‘rsangiz, yoqa ushlaysiz. Qo‘yib bersa, qilgan saxovatini pesh qilib tumshuqqa tushirib qolishlari ham hech gap emas.
Axir saxovat sir bo‘lishi kerak-ku! Qadimda bir boy o‘tgan ekan. Uning birovga besh pul berganini hech kim ko‘rmagan. Lekin boyning boyligiga boylik qo‘shilib boraveribdi. Buni ko‘rgan hasadchilar: “Ana qaranglar qurumsoq boyning boyiganiga, suv ham qattiq yerda turadi-da”, deyisharkan. Boyga ular “ziqna boy” degan nom ham qo‘yib yuborishibdi. Vaqti-soati yetib boy bandalikni bajo keltirganida uning ko‘p yillardan beri bir yuz yigirmata oilaga homiylik qilib, zarur mablag‘ bilan ta’minlab kelayotgani janozasida ma’lum bo‘libdi.
Bu-ku, mayli, rivoyatdir. Ammo ana shunday tarixiy shaxslar ham yurtimizda bo‘lgani haqida aniq ma’lumotlar bor. Buxoroning Romitan tumanida tug‘ilgan yirik qorako‘lchi Choriqulboy Pirnafasboy o‘g‘lini ko‘pchilik bilmaydi. O‘tgan asrning 20-yillari o‘rtasida u Qizilqum yaylovlaridagi 50 ming bosh qo‘y va boshqa mol-mulklarini sho‘ro hukumatiga topshiradi. Lekin shunga qaramasdan, o‘zi Orenburgga surgun qilinadi. Faqat Fayzulla Xo‘jaevning aralashuvi bilan u surgundan qaytarilib, Chorjuy viloyatida yashashga ruxsat beriladi. Choriqulboy marhamatli, saxovatpesha, xayr-ehsonli kishi edi, miskinlardan mablag‘ini ayamasdi. U Romitan shahridan o‘tadigan Zarafshon daryosi ustida hashamatli ko‘prik va Xayrobod arig‘i bo‘yida muhtasham saroy qurdiradi. Tabiiyki, bu inshootlarni qurishni, xayriya va ehsonlarni Choriqulboy halol mol-mablag‘i, o‘zining hisobidan amalga oshiradi. O‘zbekiston davlat mustaqilligiga erishgach, minnatdor avlodlar tomonidan uning hoki Romitandagi Kokishtuvon qishlog‘idagi Sazoqli bobo (Hazrati Nasimiy) qabristoniga qayta dafn etilib, qabri ustiga maqbara o‘rnatildi.
To‘qsoninchi yillar oxirida Tokioda o‘tgan xalqaro ilmiy konferentsiyadan qaytayotganimda Seul shahrida to‘xtab, butun dunyoga shov-shuv bo‘lgan katta bir mashvaratning guvohi bo‘lgan edim. O‘sha vaqtda asli millati koreys bo‘lib, Amerikada yashaydigan badavlat Mun nomli magnat chiqqan edi. U hatto o‘zini yangi zamon payg‘ambarlaridan biri deb ham e’lon qilishgacha borib yetgandi. Yangi «payg‘ambar»ning karomatiyu saxovatlaridan biri shundan iborat ediki, u har yili Seulning Olimpiya stadionida o‘n ming juft kelin-kuyovning nikoh  to‘yini o‘tkazib berardi. Yana shuncha mehmon tadbirga mamlakat ichkarisidan va tashqaridan taklif qilinardi. Tadbirning o‘tkazilishiga Koreya Respublikasi hukumati qarshi emasdi. Chunki biznes — biznes-da, u siyosatdan tashqarida. Kelin-kuyovlarga tilla uzuk, kiyim-bosh va boshqa xarajatlar mamlakatning o‘zida amalga oshiriladi, taklif etilganlarga mehmonxona, transport xizmati ko‘rsatiladi. Ularning ko‘pchiligi shu yerdan sovg‘a-salom, suvenir xarid qiladi. Bundan koreys tadbirkorlari mo‘maygina kapital to‘plab oladi, davlatga soliq ham to‘laydi. Buning nimasi yomon?
Lekin janob Mun qanchalik urinmasin, uni Janubiy Koreyaning prezidenti qabul qilmasdi. Agar maydonmi, biron yo‘lakdami, tasodifan ro‘baro‘ kelib qolsa ham, u bilan qo‘l berib ko‘rishmasdi. Sababi — janob Mun boyligining asl manbai aniq emasdi, uning bu tadbirdan ko‘zlagan maqsadi ham qorong‘u edi.
Saxiylik, saxovat ustida gap ketganda bundan chamasi yigirma yillar ilgari eshitganim ikki voqea beixtiyor esimga tushadi. Birinchisi — Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, urush va mehnat faxriysi jizzaxlik otaxon qissasi.
Otaxon ko‘p yillar davomida urush nogironi nafaqasidan ma’lum summani Tinchlik fondiga o‘tkazib keladi. Bundan na oila a’zolarining, na atrofdagilarning xabari bo‘ladi. Pul pochta orqali jo‘natiladi, lekin keyingi manzil ko‘rsatilmaydi. Fonddagilar ham ancha ko‘payib qolgan egasiz mablag‘dan hayron. Nihoyat, pul jo‘natilgan pochtaning manzilini aniqlab, mablag‘ egasini topish va u haqda gazetaga material tayyorlash maqsadida gazetalardan biridan jurnalist keladi va “aybdor”ni topishadi.
Jurnalistning shuncha yillardan beri Tinchlik fondiga mablag‘ o‘tkazib, yana uni sir saqlab kelayotgani haqidagi savoliga otaxon shunday javob beradi: “Men urush azobini tortdim, nogiron bo‘lib qaytdim. Shu hovliga hozir barcha farzandlarim, nabiralarim, kuyov va kelinlarimni to‘plasam, o‘tirishga joy topilmaydi. Endi ular, umuman, xalqimiz urush balosini ko‘rmasin deyman, boshqa gap yo‘q”.
Otaxon o‘tkazadigan mablag‘ini ovoza qilishni ep ko‘rmaydi, bundan uyaladi, deb o‘ylaydi.
Ikkinchisi — ijodkor bir singlimiz hikoya qilib bergan buxorolik bir bastakor oilasi haqida.
— Redaktsiyada ishlab yurganimda Buxoro shahrida istiqomat qiladigan bastakorlar avlodidan bo‘lgan bir kishi bilan tanishib qolgan edik, — deya boshladi u hikoyasini.  — Ijod ahli bir-birini tez tushunadi, biz tezda aka-singillardek qadrdon bo‘lib ketdik. Buxoroga xizmat safariga borganimda, xabar topib mehmonxonaga yo‘qlab keldi. Kelaturib: “Endi suhbatning davomini biznikida qilsak, buxorocha palov bilan mehmon qilardim. Nima deysizlar?” deb qoldi. Hamrohim, o‘sha yerlik shoira bilan, tabiiyki, taklifni rad qilolmadik, rozi bo‘ldik.
Biz kirgan kichkina hovli juda tabiatli, gullaru rayhonlardan xushbo‘yi anqib turgan, atrof supirib-sidirilgan, suv sepilgan, kishining bahri-dili ochiladigan shinamgina maskan edi. Dasturxon ham did bilan bezatilgan, birorta ortiqcha narsa yo‘q. Hol-axvol so‘ralib, bir piyola choy ichilgach, gapni qovushtirish uchun «Hoynaxoy, bunday chiroyli dasturxonni yangam bezatgan bo‘lsalar kerak, qo‘llari dard ko‘rmasin, qani o‘zlari ko‘rinmayapti?” dedim. Biz mehmonlar ayollar bo‘lganimiz uchun bizni eshik oldida uy bekasi kutib olsa kerak, deb o‘ylagandim. “Shu yerdalar, hozir kiradilar”, — dedi-da mezbon xonadan chikib ketdi. Bir mahal go‘dak bolani ko‘targanday bir ayolni quchog‘ida olib kelib, ro‘paramizdagi stulga o‘tirg‘izdi. “Yangalaringiz mana shu kishi bo‘ladi. Tanishing, bular toshkentlik mehmonlarimiz bo‘ladilar”. Biz hamrohim bilan xangu-mang edik. Ayolning ikki oyog‘i tizzalaridan, ikki qo‘li bilaklaridan yo‘q edi. U o‘xshatish noo‘rin bo‘lsa ham, shoxlari kesib tashlangan daraxtga o‘xshardi. Lekin tim qora ma’noli ko‘zlari va qoshlari, uzun qora sochlari unga barnolik bag‘ishlab turardi.
U yoq-bu yoqdan gaplashgan bo‘ldik, lekin gap qurg‘ur hech qovushmasdi. Bir mahal ayol:
“Ho‘p, mayli, men endi chiqa kolay, sizlar bemalol o‘z uylaringizda o‘tirgandek o‘tiringizlar, men yana chiqarman, aytmoqchi, dadamiz osh-palovga juda ustalar, bugun o‘zlaringiz guvoh bo‘lasizlar”, deya joyidan sekin qo‘zg‘aldi. Eri uni yana dast ko‘tarib xonadan olib chiqib ketdi.
Mezbon qaytib kirgach, “xayron bo‘lyapsizlarmi, shu ayol mening turmush o‘rtog‘im, bir-birimizga mehrimiz baland, ajoyib ayol o‘zi. Agar men unga uylanmaganimda, u hayotdan toq o‘tishi mumkin edi. Afsuslanmayman, yaxshi yashayapmiz, shirin-shakar farzandlarimiz bor” dedi. Biz lol edik. Mening qulog‘im tagida uning “agar men unga uylanmaganimda…” degan so‘zlari aylanar edi. Bu nima? Saxovatpeshalikmi, rahmdillikmi?
Menimcha, bu — qalb amri. Bu — mardlik, jasorat.
Jizzaxlik otaxon to‘g‘risida ham shu so‘zlarni aytish mumkin.

Mumtoz va dilbar shoir

Mumtozlik sifati ijodi keng tan olingan, asarlari katta g‘oyaviy-badiiy qiymatga ega, jahon madaniyati xazinasini boyitgan ijodkorlarga nisbatan ishlatiladi. Biz mumtoz shoir deganda ko‘pincha Alisher Navoiy, Zahiriddin Boburlar ko‘z oldimizga keladi. Ammo ana shu maqomga ega zamonaviy shoir va yozuvchilar, san’at arboblari ham bo‘lishi mumkin-ku? Betakror shoirimiz Erkin Vohidov — ana shunday maqom egasi. Uning asarlari nemis, frantsuz, rus, ingliz, turk, arab, urdu, hind va boshqa qardosh xalqlar tillarida nashr etilgan. Shoir Gyote, Yesenin, Shiller, Blok, Iqbol, Ulfat, Xamzatov, Ukrainka ijodining eng yaxshi namunalari bilan o‘zbek kitobxonlarini tanishtirgan. Mumtoz adabiyotimizning eng yaxshi an’analarini davom ettirdi, g‘azal mulkiga yangi, zamonaviy ruh  bag‘ishladi.
O‘quvchilik yillarim kolxoz dalasida ishlar ekanman, belbog‘im qatida shoirning jajjigina she’rlar to‘plami bo‘lardi. Vaqt topsam, uni o‘qir va yodlar edim. O‘sha to‘plamning nomi, agar adashmasam, “Qo‘shiqlarim sizga” edi. Menga ayniksa, “Yo‘q, xalovat istamayman” she’ri yoqardi. O‘sha damlarda xali vaqt kelib bu go‘zal satrlar egasi bilan tanishaman, tug‘ishgan aka-ukadek qadrdon bo‘lib ketaman deb o‘ylamagan edim.
Yillar o‘tdi. Toshkentga ishga kelgandan keyin shoirning kitoblarini sotib oldim, uning asarlari asosida saxnalashtirilgan spektakllarni tomosha qildim. Shoir “Yoshlik” jurnali bosh muharriri etib tayinlaganda men Markazko‘mda mas’ul xodim bo‘lib ishlar edim. Keyinchalik  men  bo‘lim mudiri  etib tasdiqlangach, u kishini O‘zbekiston Bolalar jamg‘armasi raisligiga tavsiya etdik. Bu lavozim jamoatchilik asosida bo‘lib, obru-e’tiborli ijodkorlar orasidan bo‘lishi lozim edi.
Erkin aka qatnashgan davralar hamisha mazmundor, go‘zal, albatta, adabiyot, she’riyat bilan bog‘liq bo‘lardi.
Men Navoiy g‘azaliga muhammasni yoddan o‘qishni yaxshi ko‘rardim.
Bu g‘azal va muhammas haqiqatan ham go‘zaldir.

Ayriliq oni yaqindur,
kema yo‘l bongin chalur,
Vax, meni tashlab firoqqa,
yor yiroqqa yo‘l olur,
Jon berib jono bilan,
soxilda bir jismim qolur…

deb boshlanib

Bormi Erkinga ul ustozdin yaqin, ey piri dayr,
G‘arq etar bag‘ri fano g‘am zavraqin,
 Ilgiga chunkim Navoiy  boda
kishtisin olur

deb yakunlanardi.
Shoirning 70 yillik yubileyi oldidan uning “O‘zbegim” saylanmasini “O‘zbekiston Milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyotida chop etishni rejalashtirdik. Unga Erkin akaning turli yillarda yaratgan dilbar she’rlarining eng saralari jamlandi. Saylanma “Sharq” nashriyot-matbaa kompaniyasi bosmaxonasida qalin terrokat muqovada bosildi. Iltimosimga ko‘ra saylanmaga so‘zboshi o‘rniga “Qalbim sarhisobi” she’rini yozib berdi. She’r:

Ey Sen, latif do‘st,
 bu senga Umrim kitobidir,
Balki kitob emas,umru,
Qalb sarhisobidir.

deb boshlangan.
Kitobning nishona nusxasini olishim bilanoq Erkin akaga telefon qildim. U kishi juda quvonib ketdilar:
“Sizni ikki soatlardan keyin uyda kutaman. Rulni tashlab keling”.
Men u kishining hovlisiga kirib borganimda odam ko‘p edi.
Erkin aka yangi kitobini avaylab qo‘liga olar ekan, “Qanday chiroyli chiqibdi, 30 dan ortiq kitobim chiqdi, lekin xech birini shunday xayajon bilan kutmagan edim. Nomini ham boplabsiz, bu she’rim og‘izma-og‘iz bo‘lib ketgan bo‘lsa-da shu nomda xali biron kitobim chiqmagan edi”, dedi- da ichkariga kirib ketdi. U yerdan bir zar to‘n, qiyiqcha va farg‘onacha do‘ppi olib chiqib, menga kiydirdi. “Mana endi to‘y boshlandi deyavering, siz undan birinchi bo‘lib to‘n kiydingiz, rahmat, ukajon” , dedilar.
Men Erkin Vohidovdek ulug‘ shoirning saylanmasini chiqarishga daxldor bo‘lganimdan, xursand edim.
Bir safar  kitob javonidan “O‘zbegim”ni oldim.
Duch kelgan joyini ochsam, “Inson” qasidasi ekan. Ilgari ham bu she’rni qayta-qayta o‘qir edim. Yana o‘qidim. Yana xayratga tushdim. Bu she’r insoniyatga xitob, kelajakka chaqiriq, ogohlikka undov edi:

Zarrani ijod etib
Daxshat balo bunyod etib,
Oqibatni yod etib,
Xayron o‘zing, xayron o‘zing.

“Inson” qasidasining keyingi nashrlarida “atom” so‘zining o‘rniga “zarra” so‘zi qo‘llanilgan. Mening fikrimcha, “zarra” so‘zi “atom”ning zalvori va daxshatini berolmaydigan neytral so‘zga o‘xshaydi. Shu va shunga o‘xshagan fikr va takliflarimni Erkin akaga aytmoqchi bo‘lib yurdim, ammo jur’atim yetmadi. Shu sababli, bizning nashriyotimizda chiqqan saylanmada ham qasidadagi bayt keyingi tahrir bilan, ya’ni «zarra» shaklida e’lon qilindi.
Erkin aka so‘z zargari edi. Har bir so‘zni gavhardek terar, uning etimologiyasi, yuki va mazmun-ma’nosiga e’tibor berardi. O‘zbek adabiy tili haqida qayg‘urardi. Bu borada vaqtli matbuotda talay chiqishlar ham qildi.
Tonglar otyapti. Kunlar o‘tyapti. Hayot ilgarilab Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi daho shoirlarimizni bizdan uzoqlashtirib ketyapti. Lekin tog‘dan uzoqlashganda u yanada yuksak va viqorliroq ko‘ringaniday, ular ham borgan sari ulkanlashib borayotganga o‘xshaydi.

Nurislom TO‘XLIYEV,
iqtisod fanlari doktori, professor

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × three =