Ko‘p yo‘nalishli gazeta

Jurnalistning noni qattiq. Sohada faoliyat yuritayotgan hamkasblarimiz buni yaxshi bilishadi. Kichkina xabardan tortib, suhbatlar, tahliliy maqolalar, esse, ocherklar, har bir materialni aniq faktlar, shaffoflik va xolislik asosida tayyorlash mashaqqati kasb egasiga ayon.

“Hurriyat” gazetasi ana shunday mas’uliyatli ishni bajarib kelayotgan hududiy nashrlar bilan muxlislarni tanishtirishni an’anaga aylantirgan. Bu gal Qoraqalpog‘iston Respublikasida chop etilayotgan “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi faoliyati bilan tanishamiz.
“Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi Amudaryo tumani hokimligining ijtimoiy-siyosiy va ommaviy nashri, “Avlodlarga ozod va obod Vatan qoldiraylik!” shiori ostida chop etiladi. Materiallarning aksariyat qismi tuman hayoti, xususan, turli sohalar, xotin-qizlar, yoshlar faoliyati, jamiyatdagi ayrim muammolarni qamrab oladi. Gazeta 1934 yilda “Sotsializm yo‘li” nomi bilan chiqa boshlagan. 1958 yil yanvar oyidan 2012 yil 1 sentyabrigacha u “Amudaryo haqiqati” nomi bilan chop etilgan. 2012 yilning sentyabridan esa “Taraqqiyot ko‘zgusi” deb atala boshlagan.
Gazetani o‘qish asnosida “Ko‘chat ekib, yurtni obod qilaylik!”, “Kitob va kitobxonlik targ‘iboti”, “Sog‘lom hayot turmush tarzimizga aylansin!”, “Oramizdagi odamlar”, “Yashil olam”, “Iste’dodlar yurti” va boshqa ko‘plab  sarlavha va ruknlar ostida o‘qishli, tanqidiy-tahliliy, o‘quvchini mulohazaga chorlaydigan  maqolalarga duch keldik.
Mamlakatimizda millatlararo ahillik va ijtimoiy hamkorlikka doimo katta e’tibor qaratib kelinadi. “Taraqiyot ko‘zgusi” ham bu borada o‘z so‘zini aytayotgani e’tiborga loyiq. “Millatlararo totuvlik eng katta boyligimiz”, “Oqsoqollar jur’at bilan maydonga chiqadigan payt keldi!” sarlavhali maqolalar aynan shu mavzuga bag‘ishlangan.
“Taraqqiyot ko‘zgusi” tahririyati, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan o‘tkaziladigan “E’tirof” respublika tanlovining “Eng yaxshi hududiy gazeta” yo‘nalishida birinchi o‘ringa loyiq topilgan.
Gazetaning  o‘ziga xos jihati shundaki, u o‘zining  www.amunews.uz veb-sayti, “Mening oilam” gazetasi, “Jayxun ilhomlari” nodavlat-notijorat tashkiloti va “Jayxun sadosi” internet-radiosiga ega.
Hozirda veb-saytni tumanning ko‘zgusiga aylangan deyish mumkin. Veb-sayt sahifalariga turli mavzularga oid uch mingdan ortiq maqola joylashtirilgan. Buning samarasi o‘laroq, dunyo internet foydalanuvchilari ham tumanda ro‘y berayotgan yangiliklar, yutuqlar, amudaryoliklar hayoti bilan atroflicha tanishib bormoqda.
“Mening oilam” gazetasi xodimlari jamiyatning muhim bo‘g‘ini hisoblangan oilani ko‘z qorachig‘idek asrash, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy urf-odat va an’analarga sadoqat ruhida tarbiyalash mavzularida qiziqarli chiqishlar qilishayotir.
Mavzular rang-barangligi, tahliliy, tanqidiy, mulohazali maqolalarga gazeta sahifalarida keng o‘rin berilmoqda. Jumladan, “To‘y-ma’rakalar ixchamlashadi” ruknida chop etilgan “Bema’ni odatlar obro‘ keltirmaydi” sarlavhali maqolada to‘ylarni ortiqcha dabdaba va chiqimsiz o‘tkazish borasida atroflicha mulohaza qilingan. “Tomorqangizda nima ekmoqchisiz?” maqolasida esa qishloq sharoitida tomorqadan unumli foydalanish, boqimandachilikning zarari haqida batafsil to‘xtalib o‘tilgan. 
Gazeta tahririyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan o‘tkazilgan grant tanlovlarida muntazam qatnashib keladi. Jumladan, 2014 yilda “Yoshlar va yosh oilalarni namunali oilalar tajribasi asosida ko‘p asrlik va sinovdan o‘tgan milliy an’ana va qadriyatlar ruhida tarbiyalashga ko‘maklashish” loyihasi bilan  grantni qo‘lga kiritgan.
“Jayxun ilhomlari” nodavlat-notijorat tashkiloti 2015 yilda “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi tahririyati xodimlari va tumandagi bir guruh faol ijodkorlar tashabbusi bilan tashkil qilingan. Tashkilot yosh ijodkorlarni kashf qilish, tumandagi shoir va yozuvchilar, jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shmoqda. Grant mablag‘lari hisobidan kutubxona tashkil etildi. Bu tuman aholisi, ayniqsa, yoshlar uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi.  Hozir kutubxona 4000 dan ziyod kitob fondiga ega.
Aytganimizdek, gazeta tahririyati muassisligidagi “Jayxun ilhomlari” internet-radiosi ham ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy mavzuga doir axborotlarni  jamoatchilik e’tiboriga muntazam yetkazmoqda.
Bugun bir qator yo‘nalishlarni qamrab olgan “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasiga ko‘plab tuman tahririyatlari havas qilsa arziydi. Chunki bu gazeta nafaqat tuman hududida, balki, butun mamlakat bo‘ylab muxlislar orttirgan.

Nargiza BOBOMURODOVA,
“Hurriyat” muxbiri
Qoraqalpog‘iston

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 3 =