O‘ng qo‘ling berganini CHAP QO‘LING BILMASIN

Bugun ijtimoiy tarmoqlar orqali yordam so‘rab, xalqqa yuzlanayotgan bemorlar, muhtojlar oz emas. Insoniy ishonch, mehr-shafqat, xayr-saxovat sabab ularning hech biri e’tibordan chetda qolmayotir. Boisi dinimizning  go‘zal amallaridan biri — xayr-ehsonning etagidan mahkam tutgan yurtdoshlarimiz bisyor.
Biroq bu borada har kim bilganicha ish yuritayotir. Birov ro‘zg‘orida kamchiligi bor, yordamga muhtoj insonni o‘zi qidirib topsa, kimdir bu borada masjidlarga murojaat qiladi. Asosiysi, eldoshlarimiz og‘ir ahvolda qolganlarni doimo qo‘llab-quvvatlashga harakat qiladi. Ammo xayr-ehson yoki zakot nimalarga sarf etilayotganini bilishni istovchilar ham borki, bu borada jamoatchilikka tegishli ma’lumotlarni berib turuvchi fondga ehtiyoj tug‘ildi. Shu maqsadda, davlatimiz rahbarining joriy yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi.

— Avvallari fuqarolar diniy majburiyatlarni bajarish chog‘ida ko‘plab tushunmovchiliklarga duch kelgan. Misol uchun, zakot berishni olaylik. Ular kimga va qanday tartibda zakot berish lozimligini bilmagan, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan. — Muammolarni bartaraf etish maqsadida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi. Endilikda aholi qulay elektron tizimi orqali zakot va ehsonlarini ko‘rsatilgan hisob raqamlariga o‘tkazishi va masjid, ziyoratgoh, diniy ta’lim muassasalarini qurish va ta’mirlash ishlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga o‘z hissalarini qo‘shishlari mumkin.
Tarixdan ma’lumki, yurtimizda 1928 yilgacha vaqf ishlari yuritilgan. 1929 yilga kelib ushbu faoliyat to‘xtatilgan. Xo‘sh, vaqf nima o‘zi?
“Vaqf” so‘zi lug‘atlarda “tutib turish”, “to‘xtatish” ma’nolarida  keladi. Uning shar’iy ta’rifi borasida esa turli fikrlar bildirilgan. Masalan,  ularning birida “Vaqf — narsani Alloh mulki hisobida saqlashdir” deyiladi. Bu fikrdan anglashiladiki, vaqf qilingan pul yoki mol egasining mulkidan chiqib, Alloh mulkiga aylanadi. Undan keladigan foyda esa vaqf qiluvchi tayinlagan jihatga, misol uchun talabalar, musofirlar yoki kambag‘allar ehtiyojiga sarf qilinishi mumkin. Vaqf qilingan narsa sotilmaydi, hadya qilinmaydi va meros bo‘lmaydi.
Fondning asosiy vazifalari nimalardan iborat, degan  savolimizga  “Vaqf” xayriya jamoat fondi raisi Jaloliddin Hamroqulov quyidagicha javob berdi:
— Fondimiz 10 may kuni Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tkazildi. Uning asosiy maqsadi yurtimizda yetishib chiqqan buyuk allomalarni dunyo madaniyati va ilm-faniga qo‘shgan hissasini targ‘ib etish, odamlarimizda muruvvat, saxovat tuyg‘ularini yanada oshirib, diniy-ma’rifiy sohaga yordam berish, masjidlarimizni obod qilish, unda xizmat ko‘rsatayotgan imom-xatib va noiblar, mutavalli va muazzinlarga moddiy-ma’naviy ko‘mak berishdan iboratdir.  Shuningdek,  kam ta’minlangan, moddiy ko‘makka ehtiyojmand oilalarga yordam berish ham ko‘zda tutilgan. Fond mablag‘lari uch qismga bo‘linadi: xayriya bo‘limi, vaqf bo‘limi hamda zakot, ushr, fitr va fidya bo‘limi. Hozirgi kunda mazkur uch bo‘limning ham alohida hisob raqami mavjud.
Fondga o‘tkazmalarni o‘tkazishda aholi uchun qator qulayliklar yaratilgan. Ulardan biri naqd pul orqali to‘lov qilinganda, bank o‘z xizmati uchun haq olmaydi. Shaffoflikni ta’minlash maqsadida fondga tushgan mablag‘lar har kuni e’lon qilib boriladi.
Shu bilan birga, pul o‘tkazmalarini plastik kartalar orqali, hisob-raqamdan hisob-raqamga va mobil telefonlar orqali amalga oshirish imkoniyati bor. Poytaxtimizdagi o‘n ikki masjid va Zangiota majmuasiga bittadan infokioska o‘rnatilgan. Aholi ular orqali bemalol zakotlarini, fidya va fitr-sadaqalarini berishlari mumkin.
Mazkur fond ish boshlaganiga oz fursat o‘tganiga qaramay, ko‘pgina saxovatpesha insonlarni bir maqsadda jamlashga erishdi. 14 iyun kungi ma’lumotlarga ko‘ra, fondga kelib tushgan jami mablag‘ yarim milliard so‘mdan oshgan. Zakot bo‘limiga kelib tushgan mablag‘lar fond tomonidan  aniq manzillarga — jarrohlik amaliyotiga muhtoj bemorlar, uy-joyi yo‘q oilalar, moddiy yordamga muhtoj hamda farzandi jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan oilalarga tarqatilmoqda. Jumladan, o‘tgan hafta shunday ahvoldagi 43 oilaga 62 million so‘mdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, fondning Farg‘ona, Surxondaryo, Qashqadaryo vakilliklari ham moddiy yordamga muhtoj saksondan oshiq oilaga oziq-ovqat va kiyim-kechak ulashdi.
Ayni ezgu amalga bosh qo‘shayotgan yurtdoshlarimiz ham bu ishlardan benihoya mamnun bo‘lishmoqda. Ular saxovat yo‘lidan borayotganlariga bir shodlansalar, fondga jo‘natayotgan mablag‘lari to‘g‘ri sarf etilayotganini ko‘rib, ikki karra quvonishmoqda. Ehtiyojmandlar esa saxovatpesha insonlar haqqiga xayru-duolar qilishmoqda.
 
Go‘zal MALIKOVA

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four + twenty =