Qadimiy va BETAKROR

Maqom — sehrli san’at. Qalbga sokinlik, orom, ruhiyatga poklik, mo‘’tadillik bag‘ishlaydi. Uning mo‘’jizakorligi bu qadimiy merosimizni o‘zbek tilini mutlaqo tushunmaydigan xorijliklar ham sehrlanib, sel bo‘lib tinglashida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan milliy merosimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, uni yoshlarga bezavol yetkazish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar milliy maqom san’ati rivojiga ko‘rsatilayotgan g‘oyat ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlikda yorqin ifodasini topmoqda.
Bu haqda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi professori, O‘zbekiston xalq hofizi, O‘zbek milliy maqom san’ati markazining «Ustoz-shogird maktabi» bo‘limi rahbari Mahmud TOJIBOYEV O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Milliy maqom san’ati rivoji yo‘lida ko‘rsatilayotgan cheksiz e’tibor barcha ijodkorlarga ilhom, ijod zavqini bag‘ishlamoqda. Bu farahbaxsh kunlarni ustozlarimiz bilan orziqib kutgandik. O‘zbek xalqi ulkan va betakror musiqiy merosga ega. O‘zbek milliy musiqa san’atining gultoji sanalgan “Shashmaqom” va uning turkumlari mumtoz she’riyatimiz bilan uyg‘un holda g‘oyat go‘zal san’at namunasini hosil etganki, bu yuksak musiqaga jahon ahli hayrat bilan qaraydi.
Yunus Rajabiy, Matniyoz Yusupov singari ustozlarning izlanishlari maqomchilik san’atining ilmiy va amaliy o‘zlashtirilishida ulkan ijobiy o‘zgarishlar yasadi. Mamlakatimizda har ikki yilda «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali, mazkur noyob musiqa merosimiz targ‘ibotiga oid ko‘rik-tanlovlar, ijodiy loyihalarning o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylangan. 2003 yilda “Shashmaqom” YuNYeSKO tomonidan “Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy madaniy merosi durdonasi”, deb tan olinishi maqom san’atiga bo‘lgan xalqaro miqyosdagi e’tibor va e’tirofning amaliy ifodasidir.
Mamlakatimizda ushbu merosimizni o‘rganish, yoshlar ongiga singdirishga avlodlarimiz ma’naviy-axloqiy tarbiyasining uzviy qismi sifatida yondashilmoqda. Jahonda ro‘y berayotgan global o‘zgarishlar, xalqlar va madaniyatlar o‘rtasidagi muqarrar integratsiya jarayonlari ba’zi hollarda foyda keltirsa, ba’zan bu murakkab jarayonning ziyoni ham ko‘zga tashlanmoqda. Ana shunday salbiy ko‘rinishlardan biri ommaviy madaniyat niqobi ostida yoshlar ongiga mentalitetimiz, milliy tabiatimiz, o‘zligimizga zid g‘oyalarning kirib kelishini hech bir sabab bilan oqlab bo‘lmaydi.
Yosh avlodni bunday holatlardan asrashda, eng avvalo, milliy ma’naviyatimizni, uning bebaho boyliklarini qalqon etamiz. O‘g‘il-qizlarimizning ma’naviy, mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, pok vijdon, sog‘lom tafakkur, sobit dunyoqarash sohibi etib kamolga yetkazish vazifasi bugun har bir ijodkor ziyoli zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklamoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan 2017 yil 17 noyabrdagi “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilingani san’atimiz rivojida yangi istiqbollarni ochmoqda. Mazkur hujjat o‘zbek maqom san’atini chuqur o‘rganib, o‘ziga xos ijro maktablari va an’analarini yangi bosqichda ravnaq toptirish, uning “oltin fondi”ni yaratish va boyitish, xalqaro nufuzini oshirish va keng targ‘ib qilishda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbarining bu tashabbusi zamirida ezgu hikmat mujassam. Hozir insoniyat shunday bir davrdaki, umumbashariy ezgu qadriyatlar chetga surilib, ilgari misli ko‘rilmagan shafqatsizlik, mutaassiblik, yuzsizlik, loqaydlik kabi xavfli illatlar qurshovida qoldi. Bu illatlar shunday tezkor va moslashuvchan xususiyatga egaki, u hech bir millat va xalqni, hech qanday sarhadni chetlab o‘tmayapti. Ana shunday ma’naviy tajovuzdan himoyalanmoq uchun mumtoz adabiyotimiz sarvari Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mirzo Ulug‘bek kabi daholarimizning ma’naviy merosi bilan bir qatorda asrlar mobaynida shakllangan va sayqallangan oliy musiqiy namuna sanalmish maqomlardan yoshlarimiz ongini, mafkurasini asrovchi omil sifatida foydalanmog‘imiz davr talabiga aylandi.
Poytaxtimizda O‘zbek milliy maqom san’ati markazi tashkil etilib, hozirda samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Sirdaryo, Xorazm, Qashqadaryo, Farg‘ona, Namangan, Andijon viloyatlarida namunali maqom ansambllari tashkil etildi. Ushbu bebaho merosimizga oid tarixiy, nazariy va amaliy ijrochilik an’analari, namoyandalari xususidagi ma’lumotlarni jamlash bilan bir qatorda mavjud yozma manbalarning ilmiy tadqiqotlari o‘rganilmoqda.
2018/2019 o‘quv yilidan boshlab bolalar musiqa va san’at maktablarida Maqom alifbosi fani o‘qitiladi. Shu maqsadda o‘quv adabiyotlari tayyorlanmoqda. Kitob, darslik, qo‘llanma, monografiya, to‘plamlar va maqom san’atini keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish maqsadida ommaviy axborot vositalarida ilmiy asoslangan maqolalar yozish va nashrga tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Milliy maqom san’atiga oid yirik entsiklopediya yaratilmoqda. Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari uchun bolalarning yoshi, psixologik xususiyatlari, dunyoqarashi inobatga olingan holda maqom namunalaridan tarkib topgan maxsus ma’rifiy disklar tayyorlandi. Maqom san’atiga oid “Oltin fond”ni yaratish bo‘yicha markaz qoshida maxsus badiiy kengash tuzildi.
“Ma’naviyat va ma’rifat” telekanali orqali “Maqom alifbosi” ko‘rsatuvi efirga uzatila boshlandi. Bu televidenie orqali maqom san’atini oddiy va sodda tarzda keng ommaga tushuntirish va targ‘ib qilishdir. “Mahalla” radiokanali orqali “Maqom mavjlari” eshittirishi tayyorlanmoqda. Yurtimizning barcha hududlaridagi oliy ta’lim dargohlarida, maktablar, mahallalarda maqom san’ati targ‘ibotiga oid ijodiy kechalar, maqom oqshomlari o‘tkazilmoqda. Bolalar musiqa va san’at maktablarida maqom san’atiga oid mahorat darslari, seminar-treninglar xalqimizning taniqli san’atkorlari, hofizlar, musiqashunoslar tomonidan muntazam tashkil etilmoqda. “O‘zbekkino” Milliy agentligi bilan hamkorlikda Shashmaqom haqidagi hujjatli film va to‘liq metrajli badiiy film stsenariysi yozib tugallandi.
Prezidentimizning 2018 yil 6 apreldagi «Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan endilikda har ikki yilda bir marta Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazish belgilandi. Anjumanning maxsus veb-sayti yaratildi. Unda qatnashuvchi olimlar, musiqachilar, san’atkorlar, musiqiy jamoalar ro‘yxati shakllantirildi. Bu yil mazkur yirik anjuman 6-10 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan.
Maqom — g‘oyat go‘zal, ayni damda murakkab san’at. Uning jozibasi, zukkolik va qalb qo‘riga yo‘g‘rilgan, mangulikka daxldor meros. Shu bois, milliy maqom san’atimiz hamon jahon musiqa ixlosmandlarini hayratga solib, o‘ziga maftun etmoqda.

Nazokat USMONOVA
Sh.Shoxidoyev olgan surat

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 5 =