DEKLARASIYA VA HARAKATLAR STRATEGIYASI Mamlakatimizda so‘z, axborot, e’tiqod, fikr va g‘oyalar erkinligini ta’minlashga xizmat qilmoqda

Joriy yilda butun dunyoda keng nishonlanadigan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70 yilligiga mamlakatimizda ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 5 maydagi farmoniga muvofiq, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng qo‘shilgan dastlabki xalqaro-huquqiy hujjatlardan biri bo‘lgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida nazarda tutilgan asosiy tamoyillar o‘zining ifodasini topgan. Deklaratsiyaning 19-moddasida qayd etilgan insonning e’tiqod erkinligi va uni erkin ifoda qilish huquqi, axborot va g‘oyalarni izlash, olish va tarqatish erkinligi shular jumlasidandir.
Bugungi kunda Konstitutsiyamiz va qonunlarimiz talabiga ko‘ra, so‘z, axborot, e’tiqod, fikr va g‘oyalar erkinligi hamma fuqarolarga tegishli hisoblanadi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, «fuqarolarning fikr, so‘z va e’tiqod erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash – rivojlangan demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim shartidir».
So‘z erkinligi, matbuot erkinligi, fikr erkinligi aslida ham fuqarolik jamiyatining mazmun-mohiyatini bor bo‘y-basti bilan ochib beruvchi adolat, oshkoralik, demokratiya tushunchalariga to‘la hamohang. Istiqlol yillarida bu tushuncha va qadriyatlar jamiyat hayotida mustahkam o‘rin egallashi yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.
Mamlakatimizda qonunchilik sohasida va amaliy hayotimizda, ommaviy axborot vositalari va matbaachilikning erkin faoliyati uchun zarur kafolat hamda sharoit barpo etish, jurnalist kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish borasida qo‘p ishlar qilindi va qilinmoqda. O‘tgan davrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi tegishli moddalar hamda sohaga taalluqli bir qator qonun hujjatlari majmuidan iborat ommaviy axborot vositalari erkinligini ta’minlashga qaratilgan huquqiy asos vujudga keldi.
Prezidentimizning 2017 yil 7 fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi» boshqa sohalar qatori jamiyatda so‘z, fikr, axborot erkinligini yanada ta’minlash yo‘nalishini rivojlantirishning mutlaqo yangi bosqichini boshlab berdi. Mazkur dasturulamal hujjat o‘z mohiyatiga ko‘ra, jamiyat hayotining barcha sohalaridagi tizimli islohotlarning «yo‘l xaritasi»ga aylandi.  
Ommaviy axborot vositalari aholining talab va ehtiyojlarini hokimiyat idoralariga yetkazishning muhim va ta’sirchan vositasiga, xalqning eng yaqin ko‘makchisi va hamdardiga, demokratiya ko‘zgusiga aylanishi zarur, deb uqtirdi Prezidentimiz. Hokimiyat va boshqaruv organlari faoliyatiga tanqidiy va xolis baho berish, turli sohalardagi kamchiliklar, dolzarb muammolarni dadil ko‘tarib chiqish ular faoliyatida asosiy mezon bo‘lishi kerak.
Shu ma’noda, Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida birgina 2017 yilning o‘zida madaniy-gumanitar sohalarni rivojlantirish bo‘yicha qilingan ishlar haqida gapirganda, avvalo, madaniyat, adabiyot va san’at, ommaviy axborot vositalari sohasiga taalluqli 12 ta muhim hujjat qabul qilinganini ta’kidlash lozim.
Davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» deb e’lon qilingan 2018 yilda ham bu borada izchil ish olib borilmoqda. Bunda, albatta, jamiyat hayotida demokratik printsiplarni mustahkamlashda ommaviy axborot vositalari muhim omil hisoblanishiga tayanilmoqda.
Ayni paytda yurtimizda bir ming besh yuzdan ziyod ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular mulk shakli, yo‘nalishi, axborot uzatish vositalariga ko‘ra turlichadir. Mavjud bosma davriy nashrlarning 53 foizi, teleradiokanallarning 85 foizini nodavlat ommaviy axborot vositalari tashkil etmoqda. 330 dan ziyod veb-sayt OAV sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, ularning 98 foizi nodavlat sektor ulushiga to‘g‘ri keladi.
O‘z-o‘zidan ravshanki, ularning barchasiga yuqori malakali kadrlar kerak. Ammo, bunday keng ko‘lamli vazifani talab darajasida hal etadigan tayanch oliy o‘quv yurti mamlakatimizda shu vaqtga qadar mavjud emas edi. Shuni inobatga olgan holda, mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etildi. Ushbu oliy o‘quv yurtiga 2018-2019 o‘quv yili uchun bakalavr ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 100 nafar, magistratura yo‘nalishi bo‘yicha  30 nafar, oliy jurnalistika kurslariga 6 nafar, jami 136 nafar talaba  qabul qilish bo‘yicha ishlar boshlandi.
Harakatlar strategiyasining «Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish» deb nomlangan birinchi ustuvor yo‘nalishida ko‘zda tutilgan «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonun 2018 yil 12 aprelda qabul qilindi. Mazkur huquqiy hujjat fuqarolarimizning davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish orqali jamiyat va davlat ishlarini boshqarishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlari bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.
Qonunda jamoatchilik nazoratining sub’ektlari, ob’ekti, uning asosiy tamoyillari belgilangan. Jumladan, jamoatchilik nazorati sub’ektlariga fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari kiritilgan. Jamoatchilik nazoratining ob’ekti esa davlat organlari, shu jumladan, huquq-tartibot va nazorat idoralari hamda ularning mansabdor shaxslaridir.
Shu yil 18 aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun bilan, jumladan, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida», «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida» hamda «Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu yangilanishlar birinchi navbatda xalqaro-huquqiy hujjatlar, xorij tajribasi hamda milliy amaliyotdan kelib chiqqan holda ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini kafolatlashga xizmat qiladi.
«Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 11 ta moddasiga o‘zgartish kiritilib, 3 ta yangi modda bilan to‘ldirildi. Xususan, Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-saytlar ham ommaviy axborot vositasi sifatida e’tirof etildi. Veb-saytlar to‘g‘risidagi norma ushbu Qonunda avval ham mavjud edi-ku, degan mulohaza paydo bo‘lishi tabiiy.
Gap shundaki, avvalambor, Qonunning «Ommaviy axborot vositalari» deb nomlangan 4-moddasida berilgan ta’rifda ilgari qo‘llanilgan «umumfoydalanishdagi telekommunikatsiya tarmoqlaridagi veb-saytlar» jumlasi endilikda «Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-saytlar» deb o‘zgartirildi.
Qonunning 20-moddasi esa: «Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-sayt ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan taqdirda veb-saytning domen nomi ko‘rsatiladi, bunda ushbu modda birinchi qismining oltinchi va o‘ninchi xatboshilarida nazarda tutilgan ma’lumotlarni taqdim etish talab qilinmaydi», degan mazmundagi to‘rtinchi qism bilan to‘ldirildi.
Shu bilan birga, 27-modda matniga quyidagi mazmundagi birinchi qism kiritildi. Ya’ni: «Axborot tashuvchi jismlarga yozilgan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘iga joylashtirilgan, elektron texnik qurilmalar yordamida foydalanishga mo‘ljallangan gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar va boshqa davriy bosma nashrlar davriy bosma nashrning elektron shaklidir».
Qonun 27(1)-modda bilan to‘ldirilgan bo‘lib, ushbu yangi modda «Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-sayt tarzidagi ommaviy axborot vositasi» deya nomlanadi. Unda «Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-sayt tarzidagi ommaviy axborot vositasi Internet tarmog‘idagi tahririy-noshirlik jihatidan ishlov berilgan, o‘zgartirilmagan tarzda tarqatish uchun mo‘ljallangan, elektron shakldagi hujjatlar va ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan axborot resursidir», degan ta’rif bayon etilgan. Bundan tashqari, mazkur veb-saytlar bosh sahifalarida qayd etilishi shart bo‘lgan ma’lumotlar sanab o‘tilgan.
Shuni ham ta’kidlash joizki, XXI asr jamiyat hayotiga axborot asri sifatida kirib keldi. Zamonaviy axborot va aloqa texnologiyalarining ijtimoiy hayotimizda keng qo‘llanilishi axborotning jamiyat rivojlanishiga ta’sir o‘tkazuvchi asosiy omillardan biriga aylandi. Hozirgi axborot, kommunikatsiya va kompyuter texnologiyalari asrida, Internet kundan-kun hayotimizning barcha jabhalariga tobora chuqur va keng kirib borayotgan bir paytda, odamlarning ongi va tafakkuri uchun kurash hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotgan bir vaziyatda qonunchiligimizdagi ushbu yangiliklarning ahamiyati, ayniqsa, dolzarb ekani shubhasiz.
Ayni chog‘da, ommaviy axborot vositalari faoliyatini tadbirkorlik sub’ekti va fuqarolik jamiyatining muhim instituti sifatida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tartibga solishga qaratilgan normalar amaliyotga joriy etilgani ham tahsinga loyiqdir.
«Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasi: «Davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi», degan normalar bilan to‘ldirildi. Bu, hech shubhasiz, mamlakatimizda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablari asosida ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini kafolatlashga nihoyatda katta e’tibor qaratilayotganining yaqqol tasdig‘idir.
Qonunga «Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash» nomli 5(1)-modda ham kiritildi. Ushbu yangi moddani amaliyotga joriy etishdan maqsad ommaviy axborot vositalari faoliyatini tadbirkorlik sub’ekti va fuqarolik jamiyatining muhim instituti sifatida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tartibga solishdan iborat.
Bunday normalar, Adliya vazirligi matbuot xizmatining sharhida bayon etilganidek, Avstriya, Koreya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Moldova, Gruziya kabi bir qator xorijiy mamlakatlar qonunchiligida va Yevropa Itifoqi tavsiyalarida mavjud. Ularda OAVga soliq va bojxona imtiyozlari, davlat tomonidan imtiyozli kreditlar berish, tariflarni tushirish bo‘yicha elektron OAVga texnik xizmat ko‘rsatish, gazetalar nashriyotining qarzlarini kamaytirish, shuningdek, tahririyatlarga davlat byudjeti va boshqa manbalar hisobidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri subsidiyalar taqdim etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Avstriya, Buyuk Britaniya, Italiya, Frantsiya, Germaniya, Rossiya, Ukraina, Koreya Respublikasi qonunchiligida OAVga soliq va bojxona imtiyozlari qo‘llash orqali ham ushbu sohani qo‘llab-quvvatlash belgilangan.
«Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasiga o‘zgartish kiritildi va ommaviy axborot vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddati o‘n besh kun etib belgilandi. Ilgari bu muddat bir oy edi. Natijada mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining ro‘yxatga olinishi va imkon qadar tezroq o‘z faoliyatini boshlashi yo‘lida yana bir yengillik yuzaga keldi.
Ma’lumki, fuqarolarimizning axborot sohasidagi huquq va manfaatlarini ta’minlash, davlat va jamoatchilik o‘rtasida ochiq va samarali muloqot olib borish bo‘yicha ommaviy axborot vositalarining roli va ta’sirini oshirish maqsadida 2014 yil 5 mayda «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.
Mazkur Qonun ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining yanada shaffof, ochiq bo‘lishini, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardan, respublikamizda va undan tashqarida yuz berayotgan voqea-hodisalar haqidagi fikrlar xilma-xilligi va siyosiy plyuralizmni hisobga olgan holda amalga oshirilayotgan davlatning ichki va tashqi siyosatidan aholining to‘liq xabardorligini ta’minlash yo‘lida muhim huquqiy asos vazifasini bajarmoqda.
Yangi davrimizning shiddatli islohotlari davlat hokimiyati organlari faoliyatining ochiqligini, ular faoliyati haqidagi axborotlardan ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari, aholining yanada keng va ochiq-oshkora foydalanishini ta’minlash masalasini kun tartibiga qo‘ydi. Shu nuqtai nazardan, Prezidentimiz ilgari surgan «Inson manfaati hamma narsadan ustun» g‘oyasining mazmun-mohiyati va Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar talabidan kelib chiqib, amaldagi qonun hujjatlari yanada takomillashtirilmoqda.
Ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolar bilan munosabatlarini huquqiy tartibga solishga doir normalar joriy etilayotgani ahamiyatlidir. Bu haqda so‘z borganda, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonun 35(1)-modda bilan to‘ldirilganiga e’tibor qaratish darkor.
«Ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir so‘rovi» deb nomlangan ushbu moddaga muvofiq, ommaviy axborot vositasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir so‘rov bilan ularga og‘zaki yoki yozma shaklda, shu jumladan, elektron hujjat shaklida murojaat etish huquqiga ega. Ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir, shuningdek mansabdor shaxslarning intervyusini tashkil etish to‘g‘risidagi so‘rovi ko‘pi bilan yetti kun muddatda ko‘rib chiqiladi.
Agar ommaviy axborot vositasining so‘rovini ko‘rib chiqish davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatlari jumlasiga kirmasa, so‘rov so‘ralayotgan axborotni taqdim etish o‘zining vakolatiga kiritilgan organga ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida yuboriladi, ommaviy axborot vositasi esa bu haqda xabardor qilinadi. So‘rov rad etilgan taqdirda, ommaviy axborot vositasiga asoslantirilgan javob yuboriladi.
Shu o‘rinda «Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga ham ikkita o‘zgartirish kiritilgani xususida to‘xtalish zarur. Ya’ni, 3-moddaning beshinchi xatboshisidagi «kutubxonalardagi, arxivlardagi» so‘zlari «axborot-kutubxona muassasalaridagi, arxivlardagi, idoraviy arxivlardagi» degan; 6-modda ikkinchi qismining to‘rtinchi xatboshisidagi «kutubxonalarning, arxivlarning» so‘zlari esa «axborot-kutubxona muassasalarining, arxivlarning, idoraviy arxivlarning» degan so‘zlar bilan almashtirildi.
Bir qarashda bular tahririy nuqtai nazardan kiritilgan juz’iy tuzatishlardek ko‘rinsa-da, ushbu o‘zgartirishlarning ahamiyati juda muhim. Bu o‘rinda, avvalo, «axborot resurslari» degan asosiy tushunchaga ta’rif berilgan bo‘lib, yangi o‘zgartirishlar evaziga bu tushunchaning qamrovi kengaymoqda. Mazkur o‘zgartirishlar, shuningdek, jurnalist erkin va moneliksiz axborot oladigan axborot resurslari, birinchidan, «axborot-kutubxona muassasalari» timsolida zamonaviylashganini ko‘rsatsa, ikkinchidan, ushbu axborot resurslari «idoraviy arxivlar» hisobiga kengayganidan dalolat beradi.
O‘z navbatida, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 9 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritildi. Qonun 7(1)-modda bilan to‘ldirildi. Qonunning 16-moddasida ko‘rsatilgan normalar 2-moddaga ko‘chirilgani sababli chiqarib tashlandi. Bu o‘zgartish va qo‘shimchalar jurnalistlik faoliyatining erkinligini ta’minlovchi huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratishga, jurnalistlarning huquqiy maqomini aniqlashga qaratilgan.
Ushbu yangilanishlarning zamirida, bir tomondan, jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi dolzarb normalar aks etgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, yurtimizda ommaviy axborot vositalarining tsenzura qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligiga doir konstitutsiyaviy talabga qat’iy amal qilish mexanizmlari o‘z ifodasini topgan. Xususan, hech kim jurnalistdan e’lon qilinayotgan xabarlar yoki materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek ularning matni o‘zgartirilishini yoxud ularning nashrdan butunlay olib tashlanishini, efirga berilmasligini talab qilish huquqiga ega emasligiga oid qat’iy normalar qonundan o‘rin olgan.
«Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga, shuningdek, jurnalistning davlat organlarining ochiq hay’at majlislarida va ommaviy tadbirlarida hozir bo‘lishi, jurnalistlik sirini oshkor etmasligi, jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalariga rioya etishiga oid me’yorlar kiritilgan.
Xususan, Qonun «Jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari» nomli 7(1)-modda bilan to‘ldirilgan. Mazkur yangi moddada qayd etilganidek, «Jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari jurnalistning shaxsiga va o‘z kasbiga doir vazifalarni bajarish chog‘ida uning xulq-atvoriga qo‘yiladigan talablarni belgilovchi qoidalar majmuidan iboratdir. Jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari jurnalistlarning va ommaviy axborot vositalarining birlashmalari tomonidan belgilanadi».
Bu normalar yurtimizda jamiyatni demokratlashtirishning eng muhim omili bo‘lmish ommaviy axborot vositalarini erkinlashtirishda katta ahamiyat kasb etadi. Zero, ommaviy axborot vositalarining Konstitutsiya, qonunlar va qonunosti hujjatlarida belgilangan huquqlari, erkinliklari hamda majburiyatlariga rioya qilinishida jurnalist faoliyati bilan bog‘liq turli nizolarni hal etishga ham to‘g‘ri keladi. Bunda jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari tegishli muammoga nosudlov yo‘l bilan ijobiy yechim topish imkonini beradi.
Qolaversa, jurnalistning kasb mahoratiga doir bir qator tamoyillar mavjudki, xalqaro tajribaga ko‘ra ularni qonunlarda emas, balki aynan «Jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari» kabi hujjatlarda aks ettirish maqbuldir.
Misol uchun, jurnalistlik kasbi bilan bog‘liq barcha ishlarni vijdonan, adolatli, halollik va qat’iyat bilan bajarish, mulohaza bilan ish yuritish; o‘z o‘quvchilarida boshqa xalqlarning ehtiyojlarini jinsi, irqi, tili, milliy mansubligi, diniy qarashlari va g‘oyaviy e’tiqodi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, hisobga olish hissini uyg‘otish orqali millatlararo munosabatlar madaniyati tarbiyasiga ko‘maklashish; shaxsiy ehtiroslarga emas, mutaxassis mulohazalariga asoslangan tahliliy axborotlarni tarqatish; ma’lumot olishda jismoniy va yuridik shaxslarning rad etish huquqlarini hurmat qilish, axborot olishning qonun bilan kafolatlangan holatlaridan tashqari barcha hollarda bosim o‘tkazmaslik, tovlamachilikka yo‘l qo‘ymaslik, odob qoidalariga rioya qilish kabi tamoyilllarni sanab o‘tish mumkin.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda barcha jabhalar kabi ommaviy axborot vositalarini yanada ravnaq toptirish, soha xodimlarining erkin va samarali mehnat qilishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida jamiyat hayotida demokratik printsiplarni mustahkamlashda ommaviy axborot vositalari muhim va ta’sirchan omil ekaniga jiddiy e’tibor qaratgani, shu asosda chinakam professional zamonaviy jurnalistikani shakllantirish, xususan, nodavlat ommaviy axborot vositalari, axborot va tahliliy Internet saytlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida yangi tashabbuslarni ilgari surilayotgani bejiz emas.  Binobarin, jamiyatda kechayotgan islohotlarni teran tahliliy nazar, xolis va haqqoniy munosabat va yondashuv asosida baholash biz – jurnalistlarning asosiy burchimizdir.

G‘ulom MIRZO,
O‘zbekiston Respublikasida
xizmat ko‘rsatgan
jurnalist

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × two =