O‘QIGAN O‘ZAR

Yurtimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlarida qabul jarayonlari davom etmoqda. Abiturientlar tili bilan aytganda bu kunlar, hayajonli onlarning debochasidir.

 

Yigit-qizlarga ilk bor bag‘rini ochayotgan Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetidagi qabul jarayonlarida ham shu holatning guvohi bo‘ldik. Yoshlar bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha universitetning ikki fakulteti  — “Internet jurnalistika va ijtimoiy tarmoqlar” va “Xalqaro jurnalistika va jamoatchilik bilan aloqalar”ga hamda magistraturaga kirmoqchi bo‘lgan talabalar “Internet jurnalistika va ijtimoiy tarmoqlar” fakultetiga hujjat topshirmoqda. 
— Shu kunlarda universitetimizning internet jurnalistika, mediadizayn, bosma OAV, mediamarketing va reklama, teleradiojurnalistika, sport jurnalistikasi, xalqaro jurnalistika, jamoatchilik bilan aloqalar yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan bakalavriat hamda magistratura bosqichlariga  hujjatlarni qabul qilmoqdamiz, — deydi o‘quv dargohi matbuot xizmati boshlig‘i Kamola Yusupova. — Bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha yuz, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha jami o‘ttizta qabul kvotalari belgilangan. 
Qabul jarayonlarini kuzatish asnosida abiturientlardan birini suhbatga tortdik.
— Bu yil ikkinchi marotaba hujjat topshirishim, shuning uchun hayajon ham ikki karra ortgan. O‘tgan yili Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universitetning milliy jurnalistika fakultetiga hujjat topshirgandim, ammo omadim kelmadi. Bu yil puxta tayyorgarlik ko‘rdim, talaba bo‘lishimga  astoydil ishonyapman, — deydi sirdaryolik Ma’ruf Toshbekov. — Sport sohasiga qiziqqanim tufayli hujjatlarimni “Xalqaro jurnalistika va jamoatchilik bilan aloqalar” fakulteti sport jurnalistikasi yo‘nalishiga topshirdim. Kelajakda shu sohaning yetuk mutaxassisisi bo‘lib, jurnalistikamiz rivojiga o‘z hissamni qo‘shish niyatidaman.
— Joriy yilda jurnalistika sohasida ancha o‘zgarish va yangiliklar bo‘layotir. Shulardan biri o‘qishga qabul qilish jarayoni ilk marotaba ixtisoslashgan shaklda, ya’ni jurnalistika yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etilmoqda, — deydi professor Fayzulla Mo‘minov. — Shu kunga qadar talabalar umumiy jurnalistika bo‘yicha o‘qishga qabul qilingan, keyinchalik ular qiziqishlariga qarab ma’lum yo‘nalishlarga ixtisoslashtirilgan. Endilikda o‘qishga qabul qilinayotgan talaba hujjat topshirishdayoq  ixtisosligini aniq belgilaydi va o‘qish davomida shu mutaxassislik bo‘yicha ta’lim oladi.
Ta’kidlash joizki, universitetning, magistratura bosqichidagi siyosiy-huquqiy jurnalistika, mediamenejment, internet jurnalistika kabi mutaxassisliklar ham yaxshi yo‘nalishlar.
— Hujjat topshiruvchilar soni kun sayin ortmoqda. Ma’lumot so‘rab, murojaat etayotganlarga ham batafsil ma’lumot berishga harakat qilyapmiz, — deydi qabul komissiyasi a’zosi Hilola Fayzullayeva. — Qabuldagi yangiliklardan yana biri joriy yildan boshlab hujjatlarini taqdim etayotgan abiturientlardan  ijodiy ishlarni qo‘shib topshirish talab etilmaydi. 
Eslatib o‘tamiz, Davlat test markazining ma’lumotlariga ko‘ra, oliy o‘quv yurtlaridagi test imtihonlari 1 avgustdan 15 avgustga qadar ikki smenada o‘tkaziladi. Javoblar ertasi kuni ma’lum qilinadi. Jurnalistika bo‘yicha imtihon topshirayotgan abiturientlar esa test imtihonlariga qadar ijodiy (og‘zaki va yozma) imtihondan o‘tkaziladi.
Poytaxtdagi Inha universiteti binosida 16 iyundan boshlangan qabul jarayonlari 15 iyulga qadar davom etadi.

Go‘zal MALIKOVA,
Sholaziz SHOXIDOYEV (foto)
“Hurriyat” muxbirlari

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × three =