O‘Z ZAMONI BILAN O‘TGAN zamonni tarozu qilib

Bu zamin ulgag‘aytirgan yirik alloma, mutafakkir, shoiru adiblarning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini gapirib ado qilolmaymiz. Birgina, Namanganning o‘zi qanchadan qancha  ulug‘ zotlar – Maxdumi A’zam, Mavlono Lutfullo Chustiy, Boborahim Mashrab, Fazliy Namangoniy, Nodim Namangoniy, Muhammadsharif So‘fizoda, Ishoqxon to‘ra Ibrat, Chustiy domla, Usmon Nosir, Zafar Diyorga beshik bo‘lgan. Ularning barchasi elni ma’rifatga yetaklagan.

Ishoqxon to‘ra Ibrat 1862 yilda Namangan yaqinidagi To‘raqo‘rg‘on qishlog‘ida dunyoga kelgan. Onasi Huribibi maktabdor bo‘lgan, uning maktabida qishloq qizlari o‘qish, yozish, husnixatdan ta’lim olishgan. Ibratning ham ilk savodi onasining qo‘lida chiqdi. Shu bois, bir umr o‘z asarlarida volidai muhtaramasini birinchi ustozi sifatida ehtirom  bilan eslab o‘tadi.
Ibratni XIX asr boshlarida Muhammad Siddiq Tunqator madrasasiga berishadi. Madrasa tahsili yillarida u Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Nodim, Haziniylar bilan yaqin muloqotda bo‘ladi. Sharqu g‘arb olimlari asarlarini mutolaa qiladi. Rus va o‘zbek tillarida chop etilgan “Turkiston viloyatining gazeti” hamda Ismoilbek Gaspiralining “Tarjimon” gazetasi bilan muntazam tanishib boradi. U madrasani tugatgach, o‘z qishlog‘ida maktab ochadi. Maktab yangicha ta’lim asosida faoliyat yuritgani uchun mahalliy hukmdorlar qarshiligiga uchrab, tezda yopiladi.
Keyinchalik Ibrat domla onasi bilan haj ziyoratiga jo‘naydi. Onasi Jidda shahrida vafot etadi. Onasini dafn etib, Haj ziyoratini o‘tagach, safarini davom ettiradi. Istanbul, Sofiya, Afina, Rim kabi Yevropa shaharlarida bo‘ldi. Jidda, Kobul, Bombey, Kalkutta shaharlarida yashaydi. Shu tariqa  u arab, fors, turk, hind-urdu, ingliz, rus tillarini
mukammal o‘rganadi. Sharq va Yevropa xalqlari madaniyati, san’ati, umuman olganda, hayoti bilan tanishib kelajakda yoziladigan asarlari uchun ma’lumotlar to‘playdi.
Ibrat domla  qaerda bo‘lmasin, o‘sha yerlik olimu ulamolar bilan tanishadi. “Har bir zavvor va ahli fazl kishini ko‘rsam, kayfiyat va ta’limot maollarini andin so‘radim”, deb yozadi keyinchalik bu haqda o‘z esdaliklarida.
Jahongashta olim safar davomida sharq va g‘arb mamlakatlaridagi ilm-fan, ilg‘or texnika yutuqlaridan bahramand bo‘lib, ularni xalqimizga ham ilinadi. Uning yangicha o‘quv uslubiga ega maktab, kutubxona, bosmaxonalar tashkil etgani yuqoridagi fikrimizni isbotlaydi. Sayohatlar, ilmu hunar o‘rganishga bo‘lgan g‘ayrat-shijoat Ishoqxon to‘ra Ibratni zamonasining eng peshqadam ma’rifatparvar shoiri, olimi, ilg‘or maorifchisi, publitsisti bo‘lib yetishishiga sabab bo‘ldi.
Ibrat domla tarixchi olim sifatida “Tarixi Farg‘ona”, “Tarixi madaniyat”, “Me’zun ul zamon” asarlarini yaratdi. Bu asarlarni yaratishdan oldin Sharqu g‘arb tarixnavislari asarlarini sinchiklab o‘rgandi. E’tiborli jihati, u haqqoniylik matlabi bilan yozdi. Muarrix tarixiy voqealarning faqat hikoyachisiga aylanib qolmasdan har bir hodisaga o‘z munosabatini bildiradi. Shuningdek, oldin yozilgan tarix kitoblaridagi bir yoqlamachilik, asossiz maqtov yoxud tanqidlarga nisbatan qarashlarini ifoda etdi. Olimning o‘z so‘zlari bilan aytadigan bo‘lsak, “Tarixi Farg‘ona” asari “izhori hunar yoki musanniflar qatoriga kirmak” uchun emas, balki “o‘z zamoni bilan o‘tgan zamonni tarozu qilib, vaznini bilsun uchun” yozganligini darj etdi. Tarixiy asarlarga bunday munosabatda bo‘lish xalq hayotini haqqoniy aks etishiga mezon bo‘lib xizmat qiladi.
O‘quvchi “Tarixi Farg‘ona” asari orqali Nodira, Muhammad Alixon, Fazliy Namangoniy, Gulxaniy, Maxmur, Hoziq kabi qator tarixiy shaxslar hamda ular bilan bog‘liq voqealardan ham boxabar bo‘ladi. Ibrat geograf olim sifatida Farg‘ona vodiysining geografik tavsifnomasini ham beradi. Vodiyning tog‘lari, daryolari, hayvonot va nabotot olami, iqlimi, tabiati, yerlik aholi, ularning kasbu korlari – hunarmandchilik, bog‘dorchilik, savdo-sotiq ishlari xususida batafsil hikoya qilingan. Shuningdek, muarrix joy nomlari bilan bog‘liq aniq ma’lumotlar ham berib o‘tadiki, bu ham o‘quvchi e’tiborini o‘ziga jalb etadi. Masalan, Namangan va To‘raqo‘rg‘on joy nomlarini olaylik.
Hamma ham bu joy nomlarining asl o‘zagi – ma’nosini bilmaydi. Asardan bir parcha keltiramiz: “… Namangon asli namangon emasdur. Forsiy lafzi birla namakon – namak kondur. Muning ma’nisi shul ekanki, bizni Chig‘atoy tilida asli gon yo‘q, bu shevai forsiydur. Chig‘atoyda “kon” yoki “g‘on” yo “qon” bo‘ladur. Bu lafzi “gon”  “kon”ni oson qilib, “gon” deydur. Yoki forsiylar ixtiloti va ham bu boniy lafzi forsiy uchun “gon” deb mashhur va bu lafzda mazkur bo‘ldi.” Yana bir iqtibos keltiramiz, “…To‘raqo‘rg‘on deb mashhur bo‘lmog‘i boniy Shig‘ayxonning (Shig‘ayxon nomi bilan mashhur bo‘lgan dashti qipchoq xonlaridan Ahmadxon nazarda tutilgan. – izoh o‘.M) Ya’qub to‘ra va Yusuf to‘ra degan ikki o‘g‘li. Bu qal’a xonga qo‘rg‘on qilgan jihatdin To‘raqo‘rg‘on deb nisbat bo‘lgan. Asl ismi Qal’ai xondur, turkiysi – To‘raqo‘rg‘on”. Anglashiladiki, bu jihatdan Ibrat domla ulug‘ temuriyzoda alloma Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub “Boburnoma” asari an’analarini o‘ziga xos tarzda davom ettirgan.
“Tarixi madaniyat” va “Me’zun ul zamon” asarlarida ta’lim, maktablar faoliyati haqida so‘z yuritdi. Shahar va qishloqlarda erkak va ayol, o‘g‘il va qiz bolalar maktabi ochish dolzarbligini bildirdi. Ta’lim-tarbiyaga oid yangi-yangi darsliklar, risolalar yozish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Gazeta va jurnallar chiqarib xalqning ongu shuurini oshirish ishlari uning diqqat markazida bo‘ldi. U bu fikrlarini ilg‘or mamlakatlarda ko‘rgan-bilganlari bilan uyg‘un holda ifoda etdi. Qiyos va takliflar mushtarakligida yozilgan asar har qanday kitobxon e’tiborini tortadi. Ushbu asarlar orqali Ibrat domla bu yurtni va uning ahlini jahon sahnida aytadigan so‘zi bo‘lishiga katta umid bog‘ladi.
Tilshunoslik sohasida faoliyat yuritish, lug‘at tuzish ishlari juda murakkab. U kishidan katta mehnat, bilim va tajribani talab etadi. Ishoqxon to‘ra Ibratning “Lug‘ati sitta al-sina” (“Olti tilli lug‘at”) hamda “Jome’ ul xutut” (“Yozuvlar majmuasi”) asarlari ana shunday mashaqqatlarga qilingan sabru toqat mevasidir. “Lug‘ati sitta al-sina” – o‘zbekcha, arabcha, forscha, turkcha, hindcha, ruscha so‘zlarni o‘z ichiga olgan. Bu kitob sharq va g‘arb tillarini mukammal bilgan olimdan munosib tuhfa deyish mumkin. Ishoqxon to‘ra Ibratning lug‘ati jonli tilda qo‘llaniladigan faol so‘zlardan tarkib topgani sabab,  farzandlarini yangi maktabga bergan kishilar uchun g‘oyat muhim qo‘llanma bo‘lgan. Shu bois, u nashr etilishidan avval qo‘lyozma tarzida ko‘chirilib, el orasiga tarqalgan. Ana shundan keyin tilshunos uni nashr etishga harakat qila boshlagan. Bu kitob 1901 bosmadan chiqqan.
Misr fir’avnlaridan biri o‘g‘liga shunday mazmunda maktub qoldirgan ekan: “O‘g‘lim, temirchilar og‘ir mehnat ostida kun kechiradilar. Kosalari oqarmaydi. Etikdo‘zlar etik tikib, ro‘shnolik ko‘rmay o‘tib ketadilar. Tosh yo‘nuvchilar tinmay ishlasalar ham kambag‘allikdan boshlari chiqmaydi. Shuning uchun sen xat yozishni o‘rgan, savodli bo‘l, xat yozishni bilgan odam baxtli bo‘ladi.” Xat-savod chiqarish o‘sha davrda ham, bugun ham dolzarb. Piktografik yozuvlardan so‘nggi davr yozuvlariga qadar bo‘lgan jarayon, tarix barcha uchun qiziqarli mavzu. “Jome’ ul xutut” (“Yozuvlar majmuasi”) asari esa yozuvlar tarixiga bag‘ishlangan bebaho risoladir.
Ibrat domla 1908 yil Orenburgdan litografik jihozlar to‘plamini olib kelib, “Matbaai Ishoqiya” bosmaxonasiga asos soldi. Farg‘ona vodiysi matbaachiligining ilk korxonasi bo‘lmish bosmaxonada tashabbuskorning asarlari, darsliklaridan tashqari gazetalar chop etish yo‘lga qo‘yildi. Ibrat domla davrning eng ilg‘or publitsisti ham bo‘lgan. Uning maqolalari, she’rlarining asosiy qismi “Turkiston viloyati gazeti” sahifalaridan e’lon qilingan. Shuningdek, jurnalist sifatida u “Sadoi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona” nashrlarida o‘z ijodi bilan muntazam qatnashib turdi.
Ibrat domlaning yana bir ulug‘ xizmati u yangi uslublarda saboq berishga asoslangan maktab ochdi. Unda shu yerlik bolalar bepul ta’lim oldilar. O‘z uyida ochilgan ushbu maktab parta, stol-stul, doska, globus kabilar bilan jihozlangan. U maktabda bir haftalik dars jadvali joriy etgan. Darslik sifatida “Ustodi avval”, “Adabi avval”, “Muallimus soniy” darslik-qo‘llanmalar hamda o‘zining “San’ati Ibrat, qalami Mirrajab Bandiy”, “Lug‘ati sitta al-sina” asarlaridan foydalandi. Ulug‘ ma’rifatparvar kutubxona tashkil etib, uni “Kutubxonai Ishoqiya” deb nomladi. Ushbu ziyo maskani maktab o‘quvchilari bilan bir qatorda, vodiy kitobxonlarining sevimli dargohiga aylandi.
Ishoqxon to‘ra Ibrat o‘z she’rlarini jamladi va uni “Devoni Ibrat” deb atadi. Uning “Ko‘rgoni keldim sog‘inib”, “Xush keldingiz”, “Qalaysizlar”, “Chaman ichra”, “Ado qilasiz”, “Gazeta xususida”, “Qarz”, “Turkiston ahliga xitob” kabi manzumalari mavzu ko‘lami, badiiy jihatdan mukammalligi bilan alohida e’tiborga molik.  “Gazeta xususida” she’rida shunday misralar bor:
Gazet ko‘rmagan,
bexabar xalqlar,
Misli o‘lgandur va
yo uxlagan.
Bugun zamon shiddat bilan rivojlanmoqda. Kishilarning axborotlarga bo‘lgan ehtiyoji borgan sari ortib bormoqda. Shu ma’noda, gazet so‘zini internet degan gap bilan ham bog‘lash mumkin. Mavzuga ana shu jihatdan yondoshsak, bu misralar bugunimiz uchun ham ahamiyatli. Shoirning bunday ma’rifatparvarlik ruhida yozilgan asarlari ko‘p.
Ulug‘ ma’rifatparvar shoir, olim, pedagog, publitsist, sayohatchi, bir so‘z bilan aytsak, qomusiy bilimlar sohibi bo‘lgan alloma Ishoqxon Ibrat butun hayot va faoliyatini zahmatkash, mehnatkash xalqiga bag‘ishladi. Mustaqillik orzusi bilan yashadi. Bu elni, yurtni ozod va obod ko‘rish istagi uning har bir asarida aks etdi. Biroq, umrining so‘nggi yillarida 75 yoshni qoralagan keksa donishmandni “xalq dushmani” sifatida hisbga olishdi. Qamoqdagi jismoniy va ruhiy azoblar bu ulug‘ zotning dunyoni tark etishiga sabab bo‘ldi.
Prezidentimiz Namangan viloyatiga tashrif buyurgan chog‘ida u zotning shaxsiyatiga alohida e’tibor qaratgani, bu yerda maxsus Ibrat maktabi ochish zarurligi va bu maktabga nafaqat viloyat, balki mamlakatimizning barcha hududlaridan eng iqtidorli yoshlarni o‘qishga jalb qilish kerakligini ta’kidlagani  bejiz emas. Shoir, noshir, muarrix, muallim, publitsist, lug‘atshunos, elshunos, tabiatshunos va eng avvalo, millatparvar inson Ishoqxon to‘ra Ibratning hayot va ijod yo‘li yillar o‘tgan sari xalqimizga ibrat maktabi bo‘lib qolaveradi.

G‘ayrat MAJID

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − 16 =