Halollik reytingi: NECHANCHI O‘RINDAMIZ?

Tinib-tinchimagan, izlanishdan charchamaydigan yevropaliklarga qoyil. Qiziqmagan ishi yo‘q. Hatto eng halol insonlar qaysi davlatda yashashini aniqlash maqsadida tadqiqot o‘tkazishibdi. Buning uchun dunyo miqyosida 16  shaharni tanlab, odamlar gavjum bo‘lgan savdo markazlari, bozorlar, xiyobonlarga 12 bir xil hamyonga ma’lum miqdorda pul, egasining telefon raqami va uy manzilini yozib tashlab qo‘yishibdi. O‘rganishlardan ma’lum bo‘ldiki, ro‘yxatning boshini ham, oxirini ham yevropaliklar egallagan. Birinchi o‘rinda finlandiyaliklar turibdi. Ular 12 hamyondan 11 tasini o‘z egasiga qaytargan bo‘lsa, oxirgi o‘rinda turgan portugallarning birortasi bu ishni qilmagan.
Bu xislat qanchalik muhim deysizmi? Keling, buni yaponlar misolida ko‘rib chiqamiz.

Yaponiyaning tez taraqqiy etishida halollik asqotgan. Ikkinchi jahon urushidan keyingi islohotlar davrida har bir tashkilotu korxonada rahbar va xodimlarning munosabati o‘zaro ishonch va mas’uliyatga qurilgan. Ish beruvchi ham, ishchi ham berilgan vazifani chin dildan bajarishga, bir-birining ishonchini oqlashga harakat qilgan. Natijada ish unumi ham, mahsulot ishlab chiqarish ham ortib boravergan. Bu holat butun mamlakatni qamrab olgan, natijada qisqa fursatda Yaponiya ilg‘or davlatlar qatoridan joy olgan. Yaponlarning o‘ziga xos fazilatini — madaniyatli, tartibli xalq ekanini futbol bo‘yicha bo‘lib o‘tgan jahon chempionati yana bir bor isbotladi (buni izohlashga hojat yo‘q).
Frantsuzlar ham savdo-sotiq borasida ancha ishonchli. Ular nimaiki sotmasin, albatta, kamchiligini, aybini aytib sotadi.
Agar bizda ham yuqoridagi kabi tadqiqot o‘tkazilsa, nechanchi o‘rinda bo‘lardik? Buni hamyonu qo‘l telefonini yo‘qotganlardan so‘rash kerak. Shu paytgacha hamyonini yo‘qotib topganlarni juda kam uchratdik. Telefon borasida-ku ahvol bundan ham ayanchli. Nega deysizmi? Qimmatbaho yoki oddiy qo‘l telefonni biror joyda unutib qoldirsangiz, yarim soatdan so‘ng qo‘ng‘iroq qilsangiz, operator qizning “xizmat doirasidan tashqarida” degan muloyim ovozi yuragingizni o‘ynatib yuboradi. Yoki men adashyapmanmi?!
Tasavvur qiling, bozorchilarimiz frantsuzlar kabi to‘g‘ri so‘z, halol va vijdonli bo‘lganda, suv qo‘shilgan sutni, sut qo‘shilgan qaymoqni, paketga solingan tagi chirigu usti butun kartoshkalarni, bir kilosiga yarim kilo suyak qo‘shilgan go‘shtni uyga ko‘tarib borib, ayolimizdan dakki eshitmasdik. Yo‘q, bunday odat bizga to‘g‘ri kelmaydi. Agar shunday bo‘lsa, bozorimizdan “fayz-baraka”, cho‘ntakdan daromad ketib qoladi-da.
Bularni o‘ylab, bir olimning “Agar bizda har sohada halollik bo‘lganida, bundan ikki-uch barobar yaxshiroq yashagan bo‘lardik”, degan gapi yodimga tushdi. Ha, uning gaplarida jon bor. Chunki yaqin-yaqingacha biror joyga ishga kirsang, ayrimlar “Leviysi bormi?”, “Yog‘li joymi?” deya surishtirardi. Daromad faqat oylikdan desang, “oylikka yashab bo‘larkanmi?”, deya ishonqiramasdi. Ularning nazdida “yog‘li joy” bu — davlat korxonasini kalamush kabi kemirishdan iborat. Bundaylarga halollikdan gap ochsang, o‘zini eshitmaganga oladi. Ular uchun “halol” so‘zi faqat oziq-ovqat mahsulotlariga ishlatiladi. Topilayotgan pulga emas.
Bu bilan ko‘pchilik harom pul topyapti, demoqchi emasman. Aslida xalqimiz birovning haqidan hazar qiladi. Ammo bozor iqtisodiyoti, o‘tish davridagi qiyinchiliklar kishilar nazarini biroz och qilib qo‘ydi, shekilli, “Tekin bo‘lsa, mixni yut” qabilida ish yuritadiganlar ildiz otdi. Shu bois keyingi paytda aldov, firibgarlik yoshu bosh, kasbkor, ayolu erkak tanlamay o‘z komiga tortmoqda. “Falonchini tushirib ketibdi, qarz olib, pulini yeb ketibdi, tashkilotni yeb bitirdi”, degan gaplarni, hatto “uchar” yigitlarimiz o‘zga yurtlarga borib, bu borada ko‘pchilikka “o‘rnak” bo‘layotganini ham eshitamiz.
Biroq oramizda ko‘plab to‘g‘ri so‘z, diyonatli, halol insonlar ham borki, ularning birgina xatti-harakati barchaga o‘rnak. Misol uchun yaqinda ijtimoiy tarmoqda bir kishi qora sumkada katta miqdorda pul topib olganini, egasi chiqsa qaytarishi haqida e’lon beribdi. Kuni kecha bir do‘kon xo‘jayini sotuvchisi xaridorlarga mahsulotni qimmat pullayotgani uchun ancha dakki berib, birovlarning haqidan ehtiyot bo‘lishini uqtirdi. Bularni ko‘rib, qaniydi, hamma ham shular kabi halol bo‘lsa, oshig‘imiz olchi bo‘lib, mamlakatimiz rivojlangan mamlakatlar qatoriga yetib olgan bo‘larmidi, deb o‘ylab qoldim.
Bugun halol va haromni ajratib olish, dunyoga teranroq nazar tashlash payti keldi. O‘zganing haqidan qorin qappaytirish, ayniqsa davlat mulkini, xalq boyligini o‘marish davri o‘tdi. Bugun yurtimizda yaxshilik, halollik, shamollari esyapti. Diniy bag‘rikengligu, ma’rifat borasidagi keng ko‘lamli ishlar bir tomondan bo‘lsa, jamiyatda adolat, haqiqat o‘rnatish uchun harakat qilayotgan Xalq qabulxonalari, Majburiy ijro byurosi, Davlat xizmatlari markazi kabi qator tashkilotlarning xatti-harakatlari ikkinchi tomondan kamarbasta bo‘layotir. Bularning barchasi shu el, sizu biz uchun.
Mabodo, o‘sha yevropalik olimlar bizga kelib tadqiqot o‘tkazishsa, halollik nimaligini bir ko‘rsatib qo‘yaylik! Nima deysiz?
Bu haqda fikr-mulohazalaringizni kutib qolamiz.

Bobur MUHAMMADIYEV,
“Hurriyat” sharhlovchisi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty + eight =