“Hay!” deydigan MARD YO‘Q

Bemor shifoxonaga davo istab boradi. Bunday paytda kishi ko‘ziga salomatligidan azizroq narsa ko‘rinmaydi. Ammo davo izlab borgan joyingizda sharoit tugul, oddiy tozalik, tartib bo‘lmasa-chi?.. Dard ustiga chipqon bo‘lishi tayin.

O’rta Chirchiq tuman tibbiyot birlashmasining yagona tibbiyot majmuasi aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatayotganidan ko‘pchilik mamnun. Biroq, bu kayfiyat bilan birlashmagacha yetib bora olmaysiz. Shifo maskanidan rozi bo‘lib chiqasizu, dilingiz yana xufton bo‘ladi. Sababi shundoqqina Birlashma ro‘parasidagi savdo va ovqatlanish shaxobchalari, tirbandlik va kunning issig‘ida bu yerdan taralayotgan qo‘lansa hid. Har qanday kishini ko‘ngli ayniydi.
Shifoxona ro‘parasidagi zovurning chiqitga to‘la ahvolini ko‘rib, hayron qolasiz. Yelim idishlar bilan birga suzib yurgan suv o‘tlarining hidiga ta’rif yo‘q. Kun isigani sayin ularning hidi butun tuman bo‘ylab tarqalmoqda. Afsuski, bu holat hech kimni tashvishga solmayapti.
Taxminimcha, yaqin vaqt ichida biror tuman rahbari bu yerdan o‘tmagan ko‘rinadi. Agar o‘tganida biror chora ko‘rgan bo‘lardi?! Yoki bunday ayanchli manzara ular uchun oddiy holmikan?!
Darvoqe, zovur atrofida ko‘plab “ishbilarmon”lar tirikchilik qilishadi. Ammo o‘tirgan joyini tozalash, obod qilish, jilla qursa, tegishli tashkilotlarga murojaat etish ularning o‘yiga ham kirib-chiqmagan. Qaytaga yangicha «innovatsion» usul o‘ylab topishgan: maxsus to‘rni zovur ustiga shundoq yopib qo‘yishgan, vassalom. Ko‘rmaydi ham, kuymaydi ham… Mana sizga uddaburonlik.
Bundan tashqari, yuz metrlik ko‘chaning ikki beti ovqatlanish shaxobchalari bilan to‘lgan.  «Yaxshi-ku! Tirnoq ostidan kir qidiryapsizmi…» dersiz. Bu yerda ovqatlanishdan avval, birovni yomon otliq qilmaylik, deya opaxonlar tayyorlagan somsadan tatib ko‘rdik. Somsada-ku biror maza sezarsiz, ammo o‘tirgan joyingizning iflosligidan nima yeyayotganingiz yodingizdan chiqadi. Gapning qisqasi, bu opaxonlar tozalik, ozodalik kabi so‘zlarni bilishmaydi, shekilli. Stolini oppoq sochiq bilan artsangiz, rangi chindan ham oq bo‘lganiga gumonsiraysiz. Bunaqa joyda ovqatlangan kishi biror xastalikni yuqtirib, to‘g‘ri shifoxonaga yo‘l olaveradi. Qizig‘i shuki, shu yerdan o‘n qadam narida Nurafshon shahar davlat sanitariya epidemiologiya markazi joylashgan. Markaz xodimlari bu holatni ko‘rishmaydimi? Axir har kuni ishxonasiga shu yo‘ldan yurishadi-ku.
Yana bir holat. U ham oq libosli xaloskorlarimizning o‘z vazifalarini to‘laqonli ado etishiga xalaqit beryapti.
Mabodo, «Tez tibbiy yordam» mashinasi TTBning shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga bemor olib kelayotgan bo‘lsa, belgilangan vaqtdan kamida besh-o‘n daqiqa kech qoladi. Vaholanki, gap inson hayoti haqida ketayotganda, har soniya g‘animat. Bunga sabab — ko‘cha tirbandligi. Bu yerda istalgan kishi ulovini xohlagan joyda qoldiraveradi. Alaloqibat, “Tez yordam mashina” u yoqda tursin,  har qanday mashinaning harakatlanishi xavf ostida qoladi. Natijada haydovchilar yo‘l so‘rab, signal chalgani chalgan.
Afsuski, yo‘lni kengaytirish va bu yerda ham «Hay!..» degan xo‘ja borligini ko‘rsatib qo‘yish hech kimning xayoliga kelmayapti. Aftidan yetti emas, yetmish uxlab turishsayam, tushlariga kirmaydi. Aksincha, bu yerda yangidan-yangi savdo do‘konlari paydo bo‘lmoqda. Demak, yo‘l yanada torayadi, harakatlanish esa qiyinlashadi. Tozalik, pokizalik esa…

Otabek ISROILOV
Bekzod SHAHOBIDDINOV (foto).

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × five =