Yig‘layotgan bolani KIM YUPATADI?

O‘sha kun haddan tashqari issiq, yilt etgan shaboda yo‘q edi. Yoqimsiz hovur yuzga urilardi… Jaziramada do‘konga xarid uchun ketayotgan edim, qulog‘imga yosh bolaning yig‘isi eshitildi. Qarasam, bolalar bog‘chasi yonida besh yoshlardagi go‘dak yerga o‘tirib olib, yig‘lab o‘tiribdi.

— Ha, o‘g‘lim, nega yig‘layapsan?
— Gilamimiz yerga tushib ketdi amaki, endi ayam uradi.
Bola misoli terak yaprog‘idek qaltirardi. Kim ekan, avji jaziramada yosh bolani o‘zidan og‘ir gilamni olib kelish uchun yuborgan?
— Uyingni bilasanmi?
—Ha.
— Unda yur, hozir birga uyingga boramiz.
Xullas bolakay bilan birga panjaradan tushib ketgan gilamga yopishib qolgan xas va xazonlarni tozaladik. Terga tushib ketgan bola hamon titrab yig‘lar, nozikkina qo‘llari bilan gilamni tozalardi. U bilan gilamni olib, yo‘lga tushdik. Shu atrofdagi uylarning birida, to‘rtinchi qavatda yashar ekan.
Bola bechora uyiga yaqinlashgani sari yana titrab-qaqshab yig‘lay boshladi. Uning haddan tashqari qo‘rqayotgani aniq edi. Xonadon eshigini asta taqillatdim. Eshik ochilib, yoshgina juvon na salom bor, na keling, degan so‘z, bolakayning qo‘lidan ichkariga tortib, ayamay do‘pposlay boshladi. Dahshatdan qotib koldim. Ichkariga kirishni ham, kirmaslikni ham bilmasdim. Hayriyatki, qo‘shni xonadon eshigi ochiq bo‘lib, istarasi issiqqina ayol bu manzarani boshini chayqab kuzatib turgan ekan. Ochig‘i, bolakayga juda rahmim keldi. Holbuki, men uy sohibasi gilamini olib kelganligim uchun minnatdorlik bildirsa kerak, degan umidda edim. Nega u bolakayni shunchalik bemehrlik bilan urmoqda?
Bu voqeadan qattiq iztirobga tushib, birinchi qavatga yo‘l oldim. Xayolimdan go‘dakning yig‘isi ketmasdi, qaysi zamonda yashayapmiz o‘zi? Bu bola bog‘chaga borarmikin? Ayni jaziramada, go‘dak uvol-ku!
O‘zimga kelib, mahalla fukarolar yig‘ini raisini topib, vaziyatni unga tushuntirgan bo‘ldim. U mazkur xonadonni yaxshi bilishi, muhit juda yomon ekanini afsus bilan gapirib berdi. So‘ng profilaktika inspektori va shahar xotin-qizlar kengashi raisasi bilan bog‘lanib, ularga bolakayni asrab qolish zarurligini uqtirdim.To‘g‘ri-da, hali suyagi kotmagan bolakay kaltaklar ta’sirida bir umrga nogiron bo‘lib qolishi mumkin…
Shu kuni kechgacha o‘sha voqea ta’sirida yurdim. Ko‘pincha gazetalarda o‘qiyman, jinoyat sodir bo‘lgandan so‘ng jamoatchilik, mahalla va qo‘ni-qo‘shni oyoqqa turadi. Loqaydlik qilmaganimizda, bunday ayanchli voqea yuz bermasmidi, deb yozg‘irishadi. Internetda o‘qidim, vodiyda bir ayol besh yoshli bolasini bo‘g‘ib o‘ldirib, daraxt tagiga tashlab ketibdi. B ayol esa ikki go‘dagini o‘zi bilan arqonlab birga suvga tashlagan. Qarangki, o‘zi tirik qolib, begunoh go‘daklar halok bo‘lishibdi..
Yanglishmasam, «Osiyo» nomli turk serialida bir ayol shunday qilgandi. Samarqandda esa xususiy tug‘uruqxonada xaridori chiqmagan go‘daklarni pechkada kuydirish… Bunday qabih ishlarni ikkinchi jahon urushi davrida fashistlar qilishgandi. Bizni o‘zi nima jin urdi?
Murg‘aklarga mehr kerak. Bola o‘ziga mehr ko‘rsatgan insonni hech qachon unutmaydi. 2012 yilda Quyi Chirchiq tumanidagi «Yangi hayot» hududida korxona hasharchilariga bosh edim. To‘rt yoshlardagi bola deyarli, har kuni hasharchilar qo‘nalg‘asiga kelar, hammaga qiziksinib tikilar, kichkina novdani ot qilib minib o‘ynardi. Keyinchalik bilsak, bu bola qo‘shni xonadonda yashovchi ayolning o‘g‘li bo‘lib, qishloqda bog‘cha yo‘qligidan ko‘chada o‘ynab yurar ekan.
Uning otasi Rossiyaga ishga ketib, o‘sha yerda oila quribdi. Bir kuni bolakayga do‘kondan muzqaymoq va o‘yinchoq mashina sotib oldim. Bolaning ko‘zlari porlab, menga minnatdorlik bilan jilmayardi. Paxta terimi tugab uyga qaytdik. Bir kuni xodimlar bo‘limidan qo‘ng‘iroq qilishib, bir ayol meni so‘rab kelganligini aytishdi. Qarasam, Samandar va onasi.
— Samandar sizga o‘rganib qolgan ekan, ichikib qolyapti
Samandar esa gap-so‘zsiz o‘zini mening quchog‘imga otdi.
O‘tgan yili Samandarni yo‘qlab yana «Yangi hayot»da bo‘ldim. U endi ulg‘ayib, maktabda o‘qiyotgan ekan.
Sir emas, ko‘pincha mana shunday qiynalib ulg‘aygan bolalar kelajakda ajoyib, mashhur insonlar bo‘lib yetishadi. Hatto bunday voqealar yaqin o‘tmishda ham bo‘lgan. Bundan yuz yilcha muqaddam Ko‘qon atrofida olti yoshli qizaloqni bir oila muhtojlik tufayli yo‘lda tashlab ketadi. Bolaga chanqoq insonlar uni boqib olishadi va o‘n bir yoshida bolalar uyiga topshirishadi. Keyinchalik bu qizaloq mashhur olima bo‘lib yetishadi.
Qo‘yingchi, gilami yerga tushib ketgan boladan xabardor bo‘lib turishni mahalla raisi ,uchastka noziri va shahar xotin-qizlar kengashi raisasidan iltimos qilgandim. Lekin o‘sha kuni ham, ertasiga ham hech kim menga bu haqda qo‘ng‘iroq qilmadi. Eslaridan chiqarishgan shekilli. Boyagi bolakay nima qilayapti ekan, hali ham kaltaklar ostidamikin ? Bilmadim.
Mening ham hozircha surishtirishga fursatim bo‘lganicha yo‘q.

Ozod
XUSHNAZARZODA

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − 2 =