TOSHKENTDA TUG‘ILIB, AMERIKADA KO‘Z OCHGAN KASHFIYOT

Ertaga, 26 iyulda XX asrning buyuk kashfiyotlaridan biri — elektron televidenie — «Toshkent telefoti»ning rasmiy sinovdan o‘tganiga 90 yil to‘ladi.

FARHOD TOPGAN XAZINA

Bu kashfiyot Radiotexnika va elektronika bo‘yicha Butun jahon uyushmasi, YUNESKO, demak, jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilgan. Zero, bugungi kunda insoniyat tarixida olamshumul ahamiyatga ega televidenie haqida so‘z yuritish, uni yaratgan olimlarni xotirlash burchimiz.
O‘tgan asrning 20- yillari miyonasida O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) fizika laboratoriyasi xodimi Boris Grabovskiy va uning safdoshi Ivan Belyanskiy tomonidan tamomila yangi — elektronlar oqimi yordamida tasvir hosil qiluvchi va uni masofaga uzatuvchi televidenie texnik majmuasi (telestantsiya, tasvir va ovoz uzatkich moslamasi, uni qabul qiladigan — televizor) ixtiro etildi…
Insoniyat azal-azaldan uzoq-uzoqlar, baland-balandlarga parvoz qilishni, dunyoda qanday voqealar yuz berayotganidan voqif bo‘lishni, boshqa sayyoralarda hayot bor-yo‘qligini bilishni orzu qilib kelgan. Barcha xalqlar ijodida zamonaviy televideniening timsollari – «Toshoyna», «Jomi Jamshid», «Oynai Iskandariy», «Oynai jahon» kabi atamalar uchraydi. Hazrat Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonida ham xuddi shu mo‘’jizakor ko‘zgu haqida gap boradi. Chin mamlakati hukmdorining farzandi Farhod balog‘atga yetgach, dunyo tilsimlarini ochishni orzu qiladi. Kunlarning birida u otasi xazinalari orasidan bir ko‘zgu topib oladi. Bu oddiy ko‘zgu emas, olamning o‘zga burchlarida yuz berayotgan voqealarni ko‘rsatuvchi sehrli mo‘’jiza edi. Farhod unda bir go‘zal malak siymosini ko‘rib, sevib qoladi.
Endi yaqin tarixga qaytsak…

DERAZALI SANDIQCHA

1907 yili Sankt-Peterburg texnologiya instituti professori Boris Lvovich Rozing tasvirni masofaga uzatishda nur tarqatuvchi elektron trubkani qo‘llashni taklif etadi. 1911 yili 22 mayda u yorug‘ fonda bir-biriga parallel ikkita qora chiziqni nur tarqatuvchi elektron trubkada qabul qilish jarayonini tajribada sinab ko‘radi.
Shayxontohur tumanidagi Baland masjid ko‘chasi 74 (69) uyda ( tasodifni qarangki, Toshkent televizion markazi 1956 yilda shu hovli yonida qad ko‘targan) Hamzaxon opa va Yusufxon aka Mirzamuhamedovlar hovlisida 1925-1928 yillarda tasvirni ham uzatuvchi, ham qabul qiluvchi — ikkala tomoni ham elektron tizimga asoslangan zamonaviy televideniening asbob – uskunalari ishlab chiqilib, jahonda birinchi haqiqiy elektron televizion texnika majmuasi yaratiladi.
Eski shahardagi bu tabarruk xonadonda 1925-1929 yillarda Boris Grabovskiy va Ivan Belyanskiy ijarada turishgan. Aynan shu maskanda 1928 yili tajriba-sinovlardan birida bir xonadan ikkinchisiga elektron tasvir uzatilgan.
“Dastlabki televizor ekranining sathi gugurt qutisidan salgina kattaroq edi”,— deb eslashadi keyinchalik ixtirochilar.
Dastavval ekranda hamma narsaga qiziquvchan, ustaxona asbob-uskunalari changini artib-surtib yuruvchi uy bekasi Hamzaxon opaning qimirlayotgan barmoqlari ko‘rinadi. So‘ng esa qo‘l harakati shamolidan lipillayotgan shamchiroq ko‘zga tashlanadi. Bu voqea Shayxontohur mahallasida, ayniqsa, katta shov-shuvga sabab bo‘ladi.
Toshkentda shov-shuv tarqaladi: ”Hamzaxon opaning uyida tomosha ko‘rsatadigan derazali sandiqcha bor ekan. Unda odamlarning surati xuddi joni borday harakat qilar ekan. Sandiqchasini ichiga hatto temir yo‘lda yuradigan ko‘nka-tramvay ham sig‘ib ketar ekan…”
Sohaning nazariy qismini o‘rganib chiqqan B.Grabovskiy tasvir elektronlar oqimi yordamida uzatilib, elektronlar oqimi yordamida qabul qilinishi kerak, degan qat’iy ilmiy xulosaga keladi. U tasvirni uzatishda ko‘pchilik yoqlayotgan mexanik usul istiqbolsiz ekanini anglab yetgan edi. Ixtirochi tasvirni masofaga uzatuvuchi zarur asbob-uskunalarni yasaydi. Uskunalar Toshkentdagi “Toshgestram” va remont-mexanika zavodi hamda O‘rta Osiyo davlat universiteti fizika laboratoriyasida yasaladi.

BIRINCHI TELEREPORTAJ

1925 yilning noyabrida B. Grabovskiy va I. Belyanskiy Peterburg texnologiya institutiga, butun jahon “elektron televideniening otasi” deb tan olgan Boris Rozing xuzuriga maslahatga boradi. Professor avvaliga Toshkentlik mehmonlarni xushlamay, sovuqqina qabul qiladi. Ular keltirgan chizmalar, sxemalar, bitilgan izohlarni diqqat bilan o‘rganib chiqqach, olimning raftori mutlaqo o‘zgarib, ixtironi favqulodda yuksak baholaydi. Hatto oxirida hayajonini yashira olmay:
“Azizlarim, qanday murakkab ishning uddasidan chiqqanligingizni o‘zingiz bilsangiz edi!” – deb o‘rnidan turib ketadi va Boris Grabovskiy hamda hamrohini kuchoqlaydi va tabriklaydi. – Bunday noyob ixtiroga patent olish uchun zudlik bilan SBRIZ (SSSR Ixtiro va kashfiyotlar bo‘yicha davlat qo‘mitasi) ga ariza berish kerak”.
Shunday qilib, professor V.Popov hamda ixtirochilar B.Grabovskiy, N.Piskunovga 1925 yil 9 noyabrda Ixtiro va kashfiyotlar ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasining 4899 – raqamli guvohnomasi beriladi.
1928 yil 4 avgustda Boris Grabovskiy bilan Ivan Belyanskiy tajriba-sinovlarni o‘tkazish maqsadida Toshkent markazidagi “Xiva” kinoteatri qarshisidagi chorrahaga o‘z asbob-uskunalarini o‘rnatadilar. “Toshkent telefoti” texnik majmuasi kamerasi hozirgi Mustaqillik maydoniga qaratib qo‘yiladi. Tasvir qabul qiluvchi apparat esa hozirgi Davlat xavfsizlik qo‘mitasi binosiga (chamasi o‘sha paytlarda mazkur binoda Respublika aloqa idorasi joylashgan edi) o‘rnatiladi. “Toshkent telefoti”ninig asosiy uskunalaridan biri — tasvir qabul qiluvchi qism — televizor ham shu binoga joylashtiriladi.
Teleekranda hozirgi Sharof Rashidov ko‘chasidan o‘tib ketayotgan tramvay (hozir temir yo‘l olib tashlangan) tasviri ko‘rinadi. Uzoqda maysa-chimli maydon, binolar, tramvayning po‘lat izlari ko‘rinadi. Xiraroq bo‘lsa-da, ko‘chadagi yo‘lovchilar, gullar, daraxtlar ko‘zga tashlanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, ekranda — Toshkent ko‘chalaridagi hayot o‘z aksini topgandi. Professional nuqtai nazardan yondashiladigan bo‘lsa, bu dunyoda birinchi bor ko‘chadan uzatilayotgan haqiqiy televizion reportaj edi. Keyinchalik bu shakl jahon televizion jurnalistikasida alohida ijodiy uslub “translyatsiya” nomini oladi.

“BIR AMALLAB JONIMIZNI ASRAB QOLDIK!”

O‘sha paytdagi qonun-qoidaga ko‘ra, Toshkentdagi sinovlardan keyin ixtirochilar o‘z kashfiyotini Moskvada, Ittifoq miqyosidagi nufuzli komissiya oldida namoyish qilishi, ixtirosini sinovdan o‘tkazishi lozim edi. Alqissa, ixtirochilar murakkab va nozik tajriba uskunalarini markazga olib jo‘naydi.
Sandiq va qutilarga “Ehtiyot bo‘ling, shisha!” “Noyob fizika uskunalari!”, “Yerga zarb bilan tashlamang!” degan ogohlantiruvchi yozuvlar bo‘lganiga qaramasdan, ehtiyotkorlik bilan lattalarga o‘ralib kutilarga joylangan “Toshkent telefoti”ning Moskvaga faqat chil-chil bo‘lgan siniq parchalarigina yetib boradi, xolos.
Yo‘lovchi vagonida kelgan B.Grabovskiy bu falokat yuzasidan vokzal ma’muriyatiga shikoyat qilganida “Qutilar vokzalda emas, mehmonxonaga olib borib ochilgan”ligini ro‘kach qilishib, ixtirochining e’tirozlari qabul qilinmaydi.
“Bir amallab jonimizni asrab qoldik”, — deya eslaydi Ivan Belyanskiy.
Sodir bo‘lgan jinoyatda hech kim aybdor, deb topilmaydi. Qayta-qayta shikoyatlardan so‘ng “Toshkent telefoti”ga taalluqli oltita qalin papkadan iborat chizmalar, jadvallar, ishlash printsiplari bitilgan hujjatlar o‘zbekistonlik ixtirochilar qo‘lidan olib qo‘yiladi. Nima uchun bunday qilingani, buning ortida kimlar, nima maqsadlar turgani hali-hamon sirligicha qolmoqda.
Kutilmaganda qattiq ruhiy zarbaga duch kelgan B. Grabovskiy telefot sxemalarini iloji boricha xotirasida qayta tiklashga urinadi. O‘sha paytdagi O‘zbekiston rahbarlaridan biri Yo‘ldosh Oxunboboevga murojaat qilib, yordam so‘raydi: “Yo‘ldosh ota, Germaniyaga borishimizga yordam bersangiz. U yerdagi mashhur “Telefunken” firmasiga sxemalarimizni ko‘rsatib, telefot uskunalarini yasashga buyurtma bersak”.

YO‘LDOSH OTANING YORDAMI

Kutilmagan taklifdan biroz o‘ylanib qolgan Oxunboboevga qarata u yana: “Axir patentlarimiz bor, ilmiy-texnik ishlarimiz xalqaro huquq me’yorlari bo‘yicha himoyalangan. Bu ishlarimizdan Germaniyadagilar ham xabardorlar”, — deb qo‘shib qo‘yadi u.
Olimning gapini diqqat bilan eshitgan Oxunboboev ogohlantiradi:
“X-o‘-o‘-p, yordam beramiz albatta, faqat bitta shartimiz bor,— deydi Ota.—Uskuna tayyor bo‘lib, sinovdan o‘tgach, siz uni dastavval O‘zbekistonga olib kelishingiz kerak!”
Ixtirochi bunga jon deb rozi bo‘ladi. Oxunboboevning kotibi ixtirochilarni Germaniyaga xizmat safariga jo‘natish to‘g‘risida xat tayyorlab beradi.
“Ammo hamma yerda hoziru nozir OGPU bizga chet el pasporti olishga ruxsat bermadi. “Nima uchun?” — degan savolimizga tayinli javob ololmadik”, — deb eslashadi keyinchalik ixtirochilar.
Shundan so‘ng «Toshkent telefoti»ni takomillashtirishda katta uzilish yuz beradi.
Ixtirochilar parokandalikka yuz tutadi.
“B.Grabovskiy Gruziyada yashayotgan amakisining oldiga, men esa Leningradga ketdim, Saratovda N.Piskunovning oldiga kirib o‘tdim. Aytishlaricha, keyinroq meni va Grabovskiyni qidirib OGPU xodimlari Toshkentdagi uyimizga kelishgan ekan”, — deb yozadi I.Belyanskiy.
Toshkent telefotini takomillashtirish ishlari to‘xtab, professor Popov va Piskunov kundalik oila tashvishlariga sho‘ng‘ib ketadi. Lekin, Grabovskiy butun hayotini bag‘ishlagan bu ishga o‘ta fidoyilik, izchillik bilan qayta-qayta kirishib, Buxoro, Namangan, Samarqand va Toshkentda «Radio orqali tasvir uzatish”, “Radio yordamida uzoqni ko‘rish”, “Radio kino”, “Stereoskopik kino”, “Nur yordamida tog‘ jinslarini o‘rganish” kabi mavzularda jamoatchilik oldida ko‘plab ma’ruzalar o‘qiydi.

FOJIALI XULOSA

B.Grabovskiy qayta-qayta qilingan hisob–kitoblar asosida uskunani boshqatdan tayyorlash uchun Leningraddagi «Svetlana» zavodiga buyurtma beradi. Shu orada shoshilinch tarzda Moskvada telefotni qayta sinovdan o‘tkazish kuni belgilanadi. Marosimga yirik olimlar, mutaxassislar, muhandislar taklif etiladi. Toshkentlik ixtirochilar nufuzli komissiya oldida telefotni ishga tushirishga harakat qiladilar. Afsuski, uskunaning tasvirni uzatuvchi qismi ishlab, nur tarqatsa-da, ekranda televizion tasvir paydo bo‘lmaydi.
Rasmiy komissiyaning xulosasi esa quyidagicha bo‘ladi:
“Bu ixtirodan harbiy maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lganligi sababli, u bilan endi ayrim jismoniy shaxslar emas, balki davlat tashkilotlari shug‘ullanishi kerak! B.Grabovskiyga bu ish bilan shug‘ullanish taqiqlansin. Butun hujjatlar olib qo‘yilib, davlat komissiyasiga topshirilsin”.
Bunday xulosa qariyb butun umri, mablag‘i, qobiliyatini shu ixtiroga bag‘ishlagan Boris Grabovskiyning ruhini qattiq cho‘ktiradi. “Toshkent telefoti” fojeasidan keyin olingan ikkinchi qattiq ruhiy zarbaga chiday olmagan olim og‘ir asab kasalligiga chalinadi. Moskvadan Toshkentga “Grabovskiy og‘ir ruhiy kasallikka chalindi, uning sog‘lig‘i tobora og‘irlashayapti, qaytayapmiz”, degan telegramma jo‘natiladi.
B.Grabovskiy uzoq muolajalardan so‘ng o‘zini biroz tetik sezib: “Endi bu la’nati televidenie bilan mutlaqo shug‘ullanmayman!” — deb ont ichadi.

«DUSHMANIM — AKAM»

Taqdirni qarangki, buyuk rus olimi, Sankt-Peterburg texnologiya instituti professori Boris Rozing Sho‘ro tuzumiga dushman sifatida ayblanib, qamaladi. Umrining oxiriga qadar Sibirda o‘rmon kesishga mahkum etiladi. 1933 yili, 62 yoshida, kesilib qulayotgan daraxt ostida qolib halok bo‘ladi. Stalin qatag‘onining qurboniga aylanadi. Qatag‘on yillari minglab, millonlab odamlarning yostig‘i shu zaylda qurigani tarixdan ma’lum. Kimlardir qamog‘u surgunlarda chirigan, kimlardir chetga qochib jon saqlagan. Boris Rozingning ummon ortiga qochib, Amerikadan boshpana topgan Vladimir Zvorikin deb atalmish shogirdi misol.
1959 yil Moskvada AQSh adibi Mitchel Uilsonning “Brat moy, vrag moy” — “Dushmanim akam” romani bosilib chiqadi.
“Toshkent telefoti” ixtirochisi Boris Grabovskiyning rafiqasi, adiba Lidiya Grabovskayaning o‘sha paytda hali chop etilmagan romani qo‘lyozmasida shunday satrlarni o‘qiymiz: “Boris Pavlovich ikki tirsagini odatdagidek stolga tiraganicha bir kitobni diqqat bilan o‘qib o‘tirardi. U o‘qiyotgan asariga ovoz chiqarib — goh hayratlanib, goh gazablanib o‘z munosabatini bildira boshladi”.
— Sekinroq… sekinroq — dedim men.
— Sekinroq, deydi-ya, avval o‘zing, buni o‘qi! Keyin ko‘raman, nima der ekansan?! — dedi Boris Pavlovich.
— Ha, na muncha! Qani beringchi, o‘qisam o‘qiy qolay.
— Mana bu yerini ko‘r,… endi mana bu satrlarni o‘qi, — deb bosh barmog‘ini bigiz qilib ko‘rsatardi, hayajonga tushgan Boris.
«Ekranda inson qo‘lining sharpasi paydo bo‘ladi,— ovoz chiqarib o‘qidi Lidiya Alekseevna, so‘ng davom etdi. – Kaft tomonga qaratib biroz bukilgan barmoqlar tasviri ko‘rindi. Barmoqlar qaddini rostlab yana ilgarigi holiga qaytdi. Ekrandagi barmoqlar bir soniya ko‘rinib turdida, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Miltillagan tasvirsiz oyna yana ilgarigi holiga qaytdi. Bo‘sh oppoq ekran paydo bo‘ldi.
Hammaning fikri xayoli ekranda, faqat “gup-gup” etayotgan yurak urishlari eshitiladi. Qattiq hayajondan so‘ng til kalimaga kelgandek bo‘ldi:
— Vika, sen nima qilding?
— Hech narsa.
— Axir sen barmoqlaringni trubkaning oldiga tutding-ku…” — o‘qiydi Lidiya Alekseevna.
— Vo, ajabo…! Vo, ajabo…! – der edi bu satrlarni o‘qib Lidiya Alekseevna. Hayajondan biron narsa deya olmayotgan Lidiya romanni o‘qishda davom etdi.
“Ixtironing asl mazmunini o‘z ichiga qamrab olgan bu hujjat aka-uka Mellorilarga kelajakda bu ixtiro bizniki, deb chiqishi mumkin bo‘lgan va boshqa da’vogarlardan asraydigan garov qog‘ozi sifatida ularning qo‘lida saqlanadi”, — o‘qishda davom etdi Lidiya Alekseevna.
—E-e-e, bu qanaqasi o‘zi! Eslayapsanmi, nima haqida gap borayotganligini? – so‘radi Boris.
— Ey, Xudoyim, bu nimasi? Axir bular sening “Toshkent telefot»ing sinovlarining protokoli-ku! Qani bu yoqqa ber-chi…?!
Lidiya Alekseevna kitobni qo‘liga olib uning muqovasini o‘girdi: “Brat moy, vrag moy”. Mitchel Uilson. “Inostrannaya literatura” nashriyoti. Moskva 1959 yil.
— Axir bu 1928 yil 26 iyul kuni Toshkentda o‘tkazilgan rasmiy sinovlar protokolining aynan bayoni-ku! – dedi takroran Lidiya Alekseevna.
— Eng dahshatlisi shundaki, — ehtiros bilan gapini davom ettirdi Boris, — Amerikalik yozuvchi Toshkent ixtirosini o‘z vatandoshlarining kashfiyoti deb yozayapti. Yo‘q, buni shunday qoldirib bo‘lmaydi. Yaxshiyamki ixtirochilarning ko‘pchiligi hali hayot. Ularni oyoqqa turg‘izish kerak!”
B.Grabovskiy o‘zi bilan birga ishlagan ustoz va shogirdlari Saratov universiteti professori Viktor Popovga, Leningradda yashayotgan Ivan Belyanskiyga xat yozadi…

HUJJATLAR ROST SO‘ZLAYDI

Shu o‘rinda 1928 yil 26 iyulda Toshkentda bo‘lib o‘tgan voqea — «Toshkent telefot»ining sinov tajribalari bayonnomasi va stenogrammasiga murojaat qilamiz.
Tasvirni masofaga uzatadigan apparatlarni tajriba sinovidan o‘tkazish bayonnomasidan ko‘chirma:
“1928 yil 26 iyul… Toshkent vaqti bilan soat 12.00…
O‘rta Osiyo okrug aloqa stantsiyasida Toshkent telefotining rasmiy sinov tajribalari bo‘lib o‘tdi. Apparatning televizion tasvirni tarqatuvchi qismi qo‘shni uyning balkoniga o‘rnatildi.
Muhandis Grigorev 18 metr balandlikdagi ustunga antenna o‘rnatdi. Va nihoyat tasvir efir orqali masofaga yo‘naltirildi…
“Teletasvir nur tarqatuvchi elektron trubka yordamida uzatilib elektron usulga asoslangan apparatda (televizorda) qabul qilindi. Ekranda Grabovskiyning shogirdi I.Belyanskiyning qiyofasi ko‘rindi. U texnik majmuaning tasvir uzatuvchi qismi oldiga kelib furajkasini boshidan olib, qayta kiyar edi”.
“Furajka ekranda tim qora rangda ko‘rindi”, — deb eslashadi sinov qatnashchilari. So‘ngra, komissiya a’zolari hozirgi til bilan aytganda, “telekamera”ning oldiga ketma-ket kelishib, o‘zlarini ko‘z-ko‘z qila boshlaydilar.
Jahonda birinchi — to‘la elektron tasvir uzatilishi tajriba-sinov marosimida qatnashayotganlarning barchasi bu tarixiy voqeadan qattiq hayajonda edilar. Maqsadga erishganliklaridan hamma xursand, ko‘tarinki bir yaratuvchilik ruhi, kayfiyati hukm surardi”.
Bayonnomaga qo‘l qo‘yuvchilar: Komissiya raisi: professor Zlatovratskiy, komissiya a’zolari: Luk’yanov, Mixaylov, Kopitovskaya, Vizgalin.
1928 yil 26 iyul”.
Sezganingizdek, birinchi keltirilgan parcha amerikalik yozuvchi Mitchel Uilsonning “Dushmanim akam” ilmiy-badiiy asaridan olingan lavha bo‘lsa, ikkinchisi 1925-1928 yillarda o‘zbekistonlik ixtirochilar tomonidan kashf etilgan “Toshkent telefot”ining 1928 yil 26 iyul kuni Toshkentda o‘tkazilgan sinov tajribasi ustida bitilgan, so‘ng sirli vaziyatda Moskvada yo‘qolgan va ne bir yo‘llar bilan ummon ortida paydo bo‘lgan tarixiy hujjat – elektron televidenie apparatlarining sinov protokoli va stenogrammalaridan olingan parchalardir.
Sinchkovlik bilan o‘tkazilgan tekshirishga ko‘ra, amerikalik adibning asarida faqat bir narsa o‘zgargan, u ham bo‘lsa – 1928 yil 26 iyul kuni bo‘lib o‘tgan voqea: “Toshkentda emas” balki, bir oy farqi bilan: “26 iyun, Amerikada”, deb o‘zgartirilgan.

HAMZAXON OPANING TARIXIY BARMOQLARI

Endi Lidiya Grabovskayaning eri — Boris Grabovskiy haqida yozgan “Izobretatel” — (“Ixtirochi”) asariga qaytaylik. Er-xotin – Grabovskiylarning hayrati va g‘azabini, junbushga kelgan his-tuyg‘ularini tushunish mumkin edi.
Zero, bu voqea xayolda emas, hayotda, amerikalik yozuvchi Mitchell Uilsonning romani yozilishidan qariyb chorak asr muqaddam Toshkentda sodir bo‘lgan edi. Faqat dunyoda birinchi bor televizor ekranida ko‘ringan bu qo‘llar, bu barmoqlar romandagi amerikalik xonim Vikaning barmoqlari emas, balki toshkentlik, aniqrog‘i, shayxontohurlik o‘zbek ayoli Hamzaxon opa Mirzamuhammedovaning 1928 yil boshida ekranda ko‘ringan qo‘llari, barmoqlarining tasviri edi!
Mitchel Uilson “Dushmanim — akam” romanida tarixiy haqiqatni qo‘pol ravishda buzib, professor B.Rozing haqida, jumladan, yana shunday deb yozadi: “Haligi olim borku, ertalab eslagan edikmi… Rozingmidi, uning ismi… u axir bu ishning uddasidan chiqa olmagan”.
M. Uilson bu yerda jahonda “elektron televideniening otasi”, deb tan olingan, Amerikada televideniesining asoschilaridan biri Vladimir Zvorikinning (V.Zvorikin Amerikaga ko‘chib ketguniga qadar Sankt-Peterburg texnologiya institutida professor B.Rozing laboratoriyasida ishlagan, uning shogirdi — I.A.) ustozi bo‘lgan Boris Rozingning qabriga qarab tosh otib qo‘yadi.
Uilsonning qahramoni Ken Mellori B.Rozingning televidenie majmuasi elektronikaga asoslanmagan edi, deb ta’kidlaydi. Aslida esa bu jahonshumul voqea 50-yillarda Amerikada, San-Frantsiskoda emas, balki undan chorak asr muqaddam azim Toshkentning Eski shahar qismi —Shayxontohurda kashf etilgan, hozirgi Mustaqillik maydoni yonida sinovdan o‘tkazilgan edi.

TELEVIDENIE HAQIDAGI HAQIQAT

1961 yil 20 noyabrda matbuotda e’lon qilingan «Televidenie haqidagi haqiqat» sarlavhali maqolada shunday satrlar bor: “Mitchel Uilson o‘z romanida televidenie haqidagi tarixiy haqiqatni buzib ko‘rsatgan. U toshkentlik ixtirochilar kashfiyotini amerikalik muhandislar ijro etishdi va umuman televidenie AQShda kashf etilgan degan noto‘g‘ri ma’lumot bergan…”
“Televidenie haqidagi haqiqat” maqolasi chiqqandan so‘ng professor V.Popovni (“Ekonomicheskaya gazeta” 1961 y.) Markazga taklif qilishadi va unga televidenie Sovet ittifoqida (Toshkentda – I.A.) yaratilganligini isbotlovchi barcha hujjatlarni to‘plash vazifasi topshiriladi.
Olim Moskva, Leningrad, Saratov arlaridan Toshkent telefotiga oid ko‘plab materiallarni topadi. Professor V.Popovda B.Rozingning xatlari, sinov tajriba protokollari va qator boshqa qimmatli materiallar mavjud edi. Ko‘plab eng muhim materiallar O‘zbekistonda — Samarqand va Toshkentda saqlanayotgani ma’lum bo‘ladi.
Voqealar rivoji yanada qiziq. B.Grabovskiyning safdoshi Ivan Fillippovich Belyanskiy 50-yillarda Moskvada “Indoneziya – SSSR” do‘stlik jamiyati mas’ul kotibi lavozimida ishlaydi. Xizmat yuzasidan SSSR Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etiladigan uchrashuvlarda ham ishtirok etadi.
Shunday muloqotlarning biriga amerikalik yozuvchi Mitchel Uilson keladi. I.Belyanskiy yozuvchidan “Dushmanim — akam” romani uchun texnik ma’lumotlarni qaysi manbalardan olganini so‘raydi. M. Uilson chaynaladi: ma’lumotlarni juda ko‘p patentlardan, jumladan rus manbalaridan ham olganini, eng muhimi, u o‘zbekistonlik ixtirochilar ishlaridan xabardor ekanini aytadi. Shuningdek, u, roman — badiiy asar va yozuvchi barcha manbalardan foydalanishi mumkin, deb o‘zini oqlagan bo‘ladi. M.Uilsonning bu so‘zlari barcha voqealarga aniqlik kiritadi.
Amerikada, boshqa o‘arb mamlakatlarida televidenie texnikasini yaratish, takomillashtirish ishlari jadal sur’atlar bilan olib boriladi. Televizion texnikani mexanik usulda yaratish yo‘lidan ketayotgan Sho‘rolar mamlakatida esa elektron televidenie yo‘nalishi butkul to‘xtab qoldi.
Haqiqatni tiklash yuzasidan tuzilgan maxsus hay’at a’zolari ikki yillik uzoq izlanishlar natijasida to‘plagan barcha hujjatlarni sinchkovlik bilan o‘rganishadi, Toshkent telefotiga aloqador guvohlar bilan uchrashadilar. Nihoyat, inkor etib bo‘lmaydigan fakt va dalillar asosida televidenie O‘zbekistonda, Toshkentda ixtiro qilinganligi haqida Sovet Ittifoqining bosh axborot mahkamasi — TASS rasmiy bayonot beradi.
Radio elektron matbuoti xalqaro assotsiatsiyasi prezidenti Ye.Aysberg 1965 yil oktyabrda Frantsiyaning “Television” jurnalida bu haqda maqola e’lon qiladi.
Unda qayd etilishicha “Toshkentlik ixtirochilar — B.Grabovskiy, V.Popov va N.Piskunovlar tomonidan yaratilgan yuz foizli elektron televidenie chindan ham O‘zbekistonda, 1925 yili yaratilgan. Bu texnika majmui 1928 yilda Toshkentda rasmiy sinovdan o‘tgan. Afsuski, bu ixtiro asosan mexanik televidenie qo‘llab-quvvatlanayotgan davrga duch kelgani bois o‘z vaqtida unga to‘g‘ri baho berilmagan”.

KECHIKKAN E’TIROF

Va nihoyat Boris Grabovskiyning xatiga YUNESKOning Parijdagi qarorgohidan javob keladi: «Hurmatli Boris Pavlovich!
Sizning 1959 yil 23 may kuni yozgan xatingizni oldik. Unda Siz Toshkentda ixtiro qilingan, sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan, patentlar olingan va bu haqda matbuotda e’lon qilingan ixtironi Amerika yozuvchisi Mitchel Uilson o‘z qahramonlari tomonidan qilingan kashfiyot, deb yozganlikda ayblagansiz.
Bu ishlarga bevosita taalluqli va aloqador elektron usulda tasvirni masofaga uzatish jahonda birinchi bo‘lib, 1928 yilda SSSRda, Toshkentda amalga oshirilganini tasdiqlovchi barcha ilmiy-texnik adabiyotlar va tarixiy xujjatlar biz tomonimizdan puxta o‘rganildi.
Bu apparatda tasvirni uzatuvchi tomonida ham, uni qabul qiluvchi tomonida ham katodli trubkalar ishlatilgani sababli, biz Siz, toshkentlik ixtirochilar, hurmatli B.P.Grabovskiy va I.F.Belyanskiylarning elektron televidenie taraqqiyotiga qo‘shgan xizmatlarini inkor etib bo‘lmasligini tasdiqlaymiz».
Radiotexnika va elektronika bo‘yicha xalqaro matbuot uyushmasi prezidenti Ye. Aysberg. 1971 yil 7 iyun. Parij. (A.Urvalovning shaxsiy arxividan olindi. Leningrad. Asl nusxa).
Uzoq davom etgan qattiq qarama-qarshiliklardan so‘ng haqiqat qaror topdi. O‘zbekiston hukumati Toshkent telefoti mualliflari — B.Grabovskiy, V.Popov, I.Belyanskiylarni yuksak davlat mukofoti — «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan ixtirochi» unvoni bilan taqdirladi. Ularning xizmatlari kech bo‘lsa ham munosib baholandi.
Shunday qilib, elektronlar oqimi yordamida hosil bo‘ladigan harakatdagi haqiqiy televizion tasvirni paydo qiladigan va masofaga uzatadigan texnik majmua dastlab O‘zbekistonda, Toshkentda yaratilganini, uni hamyurtlarimiz amalga oshirganini butun dunyo e’tirof etdi.

Irismat ABDUXOLIQOV,
jurnalist

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

1 thought on “TOSHKENTDA TUG‘ILIB, AMERIKADA KO‘Z OCHGAN KASHFIYOT

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six − 5 =