Jurnalist so‘zining ta’sirchanligi oshmoqda

Samarqandda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan modernizatsiya – yangilanish jarayonlarining tub mohiyatini xalqimizga yetkazishda jurnalistning ta’sirchan so‘zi va faol grajdanlik pozitsiyasining o‘rni va ahamiyatiga bag‘ishlangan mintaqaviy konferentsiya tashkil etildi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov maqbara-majmuasini ziyorat qilishdan boshlangan ushbu tadbirda Samarqand, Buxoro, Jizzax, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan  markaziy ommaviy axborot vositalari  vakillari ishtirok etdi.
Respublika Tovar-xom ashyo birjasi, Samarqand viloyati hokimligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasining viloyat bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan konferensiyada ta’kidlanganidek, qalam ahli hayotimizning barcha sohalarida ro‘y berayotgan yangilanishlar jarayonlarini tezkor, xolis va haqqoniy yoritishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 3 avgust kuni O‘zbekiston ijodkor ziyolilari bilan uchrashuvida ilgari surilgan taklif va g‘oyalari ijodiy tashkilotlar uchun yangi davrni boshlab berdi.  Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada rivojlantirish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar qabul qilindi. O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi tashkil etildi.  2017 yilning 15 avgustida Prezidentimizning  “Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Bunday yuksak e’tibor jurnalistlarimizning faoliyatida muhim omil bo‘layotir. O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi bilan Respublika Tovar-xom ashyo birjasi o‘rtasida “Do‘stlar klubi” tashkil etildi. Ushbu xayrli ishlar jurnalistika sohasini rivojlantirish, ijod ahlini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilayotir. Gazeta-jurnallar tahririyatlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash borasidagi amaliy ishlar sezilarli darajada jonlandi. “Do‘stlar klubi”ning say’-harakati bilan faxriy jurnalistlarga e’tibor yanada kuchaydi.
O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasining hududiy bo‘limlari shu paytgacha  jamoatchilik asosida ish yuritib kelar  va ishning sifat-samarasi ham shunga  yarasha edi.
Endilikda  ularda uchtadan shtat birligi joriy etilib,  moddiy-texnik bazasi shakllantirilmoqda. Joylarda matbuot uylari tashkil etilayotgani ham jurnalistikamiz rivojiga xizmat qiladi. 
— Bu kabi ijobiy ishlar barchamizni quvontiradi, albatta, — deb ta’kidladi konferentsiyada so‘zga chiqqan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov. — Endi bunday yuksak g‘amxo‘rlikka munosib ishlashimiz kerak. Shu jihatdan olganda, ijodkorlarimiz   o‘z so‘zini ayta oladigan fidoiy kasb egalari, ommaviy axborot vositalarimiz esa amalda to‘rinchi hokimiyat darajasiga ko‘tarilishga harakat qilmoqda.  Bu o‘zgarish nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham e’tirof etilayotir.
Gazeta-jurnallar, tele-radiokanallar va veb-nashrlarda oshkoralik, tahlil va tanqid ruhi kuchayib, xolis tanqidiy-tahliliy chiqishlar soni ortmoqda. Yurtimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarning  mazmun-mohiyatini xalqimizga ta’sirchan tarzda yetkazish jarayoni kuchaymoqda. Bu tendentsiya yanada kengaymog‘i uchun jurnalist so‘zi va chiqishlarining sifat va salmog‘i yanada ortmog‘i lozim. Bunga qanday erishish mumkin? Qachonki, so‘z egasi bilimli, hayotga yaqin, rostgo‘y, o‘z yurtining fidoiysi bo‘lsagina so‘zi ta’sirchan chiqadi.  
Konferentsiyada so‘zga chiqqan Respublika Tovar-xomashyo birjasi raisining o‘rinbosari J. Mutalibov, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi F.Toshev bugungi matbuotimiz oldida turgan dolzarb masalalarga to‘xtaldi. Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Erkin Xolbo‘taev amaldagi qonun hujjatlariga axborot sohasini yanada demokratlashtirish va rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan  olib borilayotgan  ishlar haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, “Pravda Vostoka” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorov ishtirokchilar e’tiborini jamiyatda oshkoralik, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, huquqiy demokratik davlat asoslarini mustahkamlashda OAVning rolini oshirishga qaratdi. Qayd etish kerakki, keyingi yillarda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga doir qonun hujjatlariga qator o‘zgarishlar kiritilgani jurnalistlar faoliyatining takomiliga xizmat qilmoqda.
Tadbirda Samarqand viloyati Paxtachi tumani hokimligining “Paxtachi” gazetasi tahririyatiga “Do‘stlar klubi” nomidan kompyuter jamlanmasi topshirildi. Samarqand, Buxoro, Jizzax va Navoiy viloyatlarining bir guruh  faol faxriy jurnalistlari va yosh ijodkorlari O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasining esdalik sovg‘alari  bilan taqdirlandi.  
— Mamlakatimizda mahalliy nashrlarga ham e’tibor kuchaymoqda, — deydi “Paxtachi” gazetasi bosh muharriri Murodilla Shukurov. – Bu albatta, gazetalar faoliyatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Konferentsiya ishtirokchilari “Zarafshon” — “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyatlari faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, Payariq tumanidagi “Xo‘ja Ismoil” mahallasi faollari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mahalla  kutubxonasiga kitoblar sovg‘a qildi.

Bobur  MUHAMMADIYEV
“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − five =