Shodlik oshiyoni

XALQNING DILIDAGI GAP

Sergeli tumanidagi mashhur mashina bozorini kim bilmaydi, deysiz. Yaqin-yaqinlargacha, aniqrog‘i, bundan ikki yil oldin ham bozor ortidagi maydonga aholi ekin ekib, mol-qo‘ylarini boqib yurar edi. Bugun borsangiz, ko‘zingizga ishonmaysiz. Yaydoq maydon o‘rnida uzukka qo‘yilgan ko‘zdek zamonaviy mavze qad rostlagan.
To‘g‘risi, biz ham uni go‘yo “Ha endi, yangi joy, ko‘chalarining yarmiga tosh to‘kilib, yarmi tuprog‘u, chang bo‘lsa kerak” degan edik. 6 “A”-mavzesiga yetib  kelib, chor-atrofga razm solsak, tamomila boshqacha manzara: ko‘chalar tekis asfaltlangan, yashil maydonchalar, bolalar o‘yingohlari, gulu gulzorlar… Yer bilan tez til topishib ketgan dov-daraxtlarni aytmaysizmi, yam-yashil yaproqlarini ko‘z-ko‘z qilgandek gurkirab turibdi.
Oilaviy poliklinika, sport maydonchalari, savdo shoxobchalari joylashgan guzarlarning o‘ziga xos tarovati e’tiboringizni tortadi. Ayniqsa, bu yerdagi tozalik, orastalikka havas qilsa arziydi!
Suratchi hamkasbimning ham ilhomi jo‘shib ketdi, mashinadan tushiboq, tasvirga olishga kirishdi.
Soya joyga o‘rnatilgan o‘rindiqda o‘tirgan otaxonni  suhbatga tortdim:
—    Hozir tush payti. Bolalar issiqdan qochib, uylariga kirib ketgan, — deydi Umarjon Oripov. — Sal salqin tushsin, bu uylarning hovlisi bozor bo‘lib ketadi. Bolalar maza qilib o‘ynashadi. Hamma sharoit bor. Ularning quvonganini ko‘rib har qanday odamning ko‘ngli yayraydi.
— Ota, siz ham yangi ko‘chib kelganlardanmisiz?
— Ha, kelganimizga to‘qqiz oy bo‘ldi. Chilonzorda ikki xonali uyda turardik. Farzandlarimga alohida-alohida uy-joy qilishga ancha harakat qildik. Qurbimiz yetmadi. Bu yog‘i o‘g‘limizni uylantiradigan payt kelib boshimiz qotdi. Prezidentimiz uy-joyga muhtoj oilalarga arzon uy-joy berishga farmon chiqaribdi, deb eshitib — hokimiyatga
hujjat ko‘tarib borsak, darrov ishimiz hal bo‘ldi. Endi ko‘nglimiz to‘q. O‘g‘limizni uylantirib, qizimizni chiqarsak bo‘ladi. Uyimizga mehmon chaqirsak uyalib qolmaymiz.
Kelganimizdan juda xursandmiz, uydagi sharoitlarni aytmaysizmi?! Yana bir gap: Tez orada bu yerda metro poezdlari qatnay boshlaydi!..
— Haqiqatan ham fayzli joy bo‘libdi. Uylarni chiroyligini qarang.
— Shavkat Mirziyoyev Prezidentlikka saylanganida, televizorda “Xalqni rozi qilishimiz kerak” degan gapini eshitib, “Buyam bir gap-da” deb qo‘ygan edim.
Chunki hayotim davomida ko‘p rahbarlarni ko‘rdim. Gapi boshqa-yu, ishi boshqa. Lekin Mirziyoyevning so‘zi bilan ishi bir ekan.
Qarang, bir yilga qolmay, Toshkentning o‘zida uy-joyga qiynalgan minglab oilalar uyli bo‘ldi. Bu faqat Toshkentda bo‘layotgan ish emas. Yaqinda mahalladoshlar bilan Samarqandga ziyoratga bordik. Hayron qoldim. Toshkentdan Samarqandgacha har qadamda yangi uy-joylar. Prezidentimiz baraka topsinlar. Bu — faqat mening emas, xalqning yuragidagi gap…

UYI OBODNING — KO‘NGLI OBOD

Ta’kidlaganimizdek, yangi, oltinchi “A” mavzeda “yarq” etib ko‘zga tashlanadigan holat tozalik, ozodalik. Yangi mavzeda bunday yumushlarni bajarishga ixtisoslashgan “Bunyodkor professional boshqaruv kompaniya” MChJ tashkil etilibdi. Barcha zarur texnika va ishchi mutaxassislarga ega bu tashkilotning aholiga xizmat ko‘rsatishda afzallik tomonlari ko‘p ekan.
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 noyabrda Sergeli tumaniga tashrifi chog‘ida mazkur kompaniyani tashkil etish to‘g‘risidagi loyiha taqdim etilgan edi, — deydi kompaniya bosh muhandisi Isomiddin Bahrinov. — Loyiha davlatimiz rahbari tomonidan ma’qullanib, kompaniyani tashkil etish uchun zarur maydonni
ajratish hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan Toshkent shahar va tuman hokimiyatiga topshiriqlar berildi. Shundan so‘ng mas’uliyati cheklangan jamiyatga 9 maxsus texnika xarid qilish uchun Toshkent shahrini  obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasi hisobidan 3,152 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi. Hozirda biz uylarning tomlarini yopishdan to, podvalidagi barcha ta’mir ishlarini bajaryapmiz. Bundan tashqari, mavzedagi chiqindilarni to‘plash va olib ketish, obodonlashtirish, hudud tozaligini ta’minlash, aholiga kommunal xizmat ko‘rsatish ishlarini ham tashkil etayapmiz.
Darhaqiqat, 37 nafar ishchi, farrosh, santexnik, payvandchi, bog‘bonlardan iborat jamoa mavzedagi uylarga o‘rnatilgan 104 lift, 29 drenaj quduqlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash bilan birga, 30 ming kvadrat metrdagi yashil hududda maysazor, gulzor va dov-daraxtlarni parvarishlamoqda.
— Men 20-uy boshqaruvchisiman, — deydi Shohida Sherqulova. — Bu uyda hozir 77 oila istiqomat qilyapti. Uylarimiz barcha qulayliklarga ega. Bu yerda yashayotganimizga endi o‘n oyga yaqin bo‘lishiga qaramay, barchamiz bir-birimiz bilan ahil-inoq bo‘lib ketdik. To‘y-hashamlarda doim birgamiz. Kommunal to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lab borilyapti.
— Mavzemiz chiroyliligini, ko‘chalarimiz tekis-ravonligi-yu ozodaligini gapirib o‘tirmayman, — deydi 9-uyda yashovchi Sirojiddin Jalilov. — Uyimiz atrofiga 40 tupdan ortiq olcha, gilos, olma, o‘rik kabi mevali ko‘chat ekdik, gulzor qildik. Navro‘zimiz juda chiroyli o‘tdi. Televizorda ham ko‘rsatishdi. 100 nafar bolaga sovg‘a-salom ulashdik. Ahillik, inoqlik bor joydan qut-baraka arimaydi. Ilohim, hamisha shunday bo‘lsin.
 
EL OLQISHINI OLAYOTGANLAR

Sergelida bunyod etilayotgan arzon ko‘p qavatli uylar haqida gap ketganda, “O‘zshaharqurilishinvest” IK mas’uliyati cheklangan jamiyat nomini tilga olmaslikning iloji yo‘q. Chunki mazkur tashkilot jamoasi nafaqat Sergeli, balki poytaxt miqyosida barpo etilayotgan uy-joy qurilishlariga bosh-qosh. O‘tgan yili jamoaning astoydil sa’y-harakatlari tufayli Toshkent shahrida 102 ta 1, 2, 3 xonali kvartiralardan iborat ko‘p qavatli turar-joy binolari foydalanishga topshirildi. Ushbu binolarning qurilish-montaj ishlarida 9 pudratchi tashkilot ishtirok etdi. Shu o‘rinda, “MDF formation”, “Binokor”, “Binokor qurilish ta’minot”, “Yangi zamon bino” mas’uliyati cheklangan jamiyatlar jamoalari ko‘rsatgan g‘ayrat-shijoatini alohida qayd etib o‘tish lozim. Ular barcha yumushlarni belgilangan muddatda sifatli bajarishga erishdilar.
— Jamoamiz quruvchilari o‘tgan yili jami 385 xonadonga ega 13 yetti qavatli turar-joy binosini qurib, foydalanishga topshirdi, — deydi “Binokor” MCHJ rahbarining o‘rinbosari Rahmatilla Qo‘ziyev. — Qurilish ishlarida 680 nafar quruvchi ishtirok etdi. Bu uylarda yuzlab yurtdoshlarimizning baxtiyor yashayotganini ko‘rib, o‘z kasbimdan quvonib ketaman. Bu yil 4 ta ko‘p qavatli uy qurishni zimmamizga olganmiz. Hozirgacha asosiy qurilish-montaj ishlarini nihoyalashga erishdik. Ayni kunlarda pardozlash ishlarini bajaryapmiz.
Darhaqiqat, “O‘zshaharqurilishinvest” IK jamoasining o‘tgan yili qilgan mehnatlari tufayli 6 “A”-mavze bunyod etildi. Bu yerda 4088 oila barcha qulayliklarga ega uylarda hayot kechiryapti.
— Joriy yildagi rejalarimiz ham katta, — deydi qurilish texnika nazoratini amalga oshirish bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Zavqiddin O‘roqov. — Sentyabr oyida 100, oktyabr oyida esa 50 ta ko‘p kvartirali turar-joy binolarini foydalanishga topshirishamiz. Demak, joriy yilda 5 ming 940 oila yangi uy sohiblariga aylanadi.
Bundan tashqari, 2019 yilda qurilishi mo‘ljallangan 170 ta yetti va undan ko‘p qavatli turar-joy  binolari qurilishiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Hozir ushbu uylarni qurilishi uchun muhandislik qidiruv ishlari olib borilmoqda. Qurilish-montaj ishlarida mahalliy qurilish materiallaridan foydalaniladi.

YANGI QAROR — YANGI IMKONIYAT

Yurtimiz mustaqilligining so‘nggi ikki yilida barcha sohalar qatori qurilish jabhasida ham tub burilish bo‘ldi. Bu ezgu ishda Prezidentimiz rahnamoligida ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi dasturilamal bo‘lib xizmat qilyapti.
Mazkur hujjatning ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘limida “Aholi, eng avvalo, yosh oilalar, eskirgan uylarda yashab kelayotgan fuqarolar va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boshqa fuqarolarning yashash sharoitini imtiyozli shartlarda ipoteka kreditlari ajratish hamda shahar va qishloq joylarda arzon uylar qurish orqali yanada yaxshilash” lozimligi alohida qayd etilgan.
Harakatlar strategiyasida belgilangan bu dolzarb vazifa asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021 yillarda shaharlarda ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruktsiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruktsiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Prezidentimizning shu yil 18 iyulda e’lon qilingan “2018 yilda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar va shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylar qurish dasturlarini amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar va shaharlarda ko‘p kvartirali uylar qurish dasturlarini samarali amalga oshirish, aholining shinam turar joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, fuqarolarning farovonlik darajasini yanada oshirish va turar joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida ushbu xayrli ishlarda ishtirok etayotgan barcha tashkilotlarga yangi imkoniyat va imtiyozlar belgilab berilgan.
Quruvchilar bilan xayrlashar ekanman, ular qurayotgan yangi binolarga yana bir bor havas bilan qaradim. Mana shu uylarning sohiblariga aylanajak yurtdoshlarimizning mamnun chehralari ko‘z oldimda namoyon bo‘ldi. Beixtiyor “Yangi uylar muborak bo‘lsin!” — degim keldi.

O‘ktam ABDULLAYEV
“Hurriyat” muxbiri
Sholaziz Shoxidoyev olgan suratlar

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 − 5 =