BARAKALI YURT

Mamlakatimiz mustaqilligining yigirma yetti yilligi sanasi tobora yaqinlashib kelmoqda. Albatta, muxtasar maqolada istiqlolning o‘tgan yillarida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlarni qamrab olishning, sarhisob etmoqning imkoni yo‘q. Uncha-muncha siyosatchiyu, iqtisodchi yoki tarixchi buni uddalay olmaydi. Zotan, mamlakatimiz bir kunining solnomasi ulkan kitobga ham sig‘masligi ayon.

Bugun O‘zbekiston taraqqiyotning yangi bosqichida dadil ilgarilamoqda. Davlatimiz rahbari sa’y-harakatlari bilan izchil davom ettirilayotgan islohot va yangilanishlarning shiddatini, muhimi, yuksak samaralarini nafaqat yurtdoshlarimiz, balki jahon ahli ko‘rib, hayratlanib turibdi.
Agar siz mendan so‘nggi ikki yilda xalqimiz erishgan eng muhim muvaffaqiyatning asl mohiyati nimada, deb so‘rasangiz, javobim tayin: Inson jamiyatning aziz va ardoqli — eng qimmatli boyligi, degan tushuncha,tamoyil yurtimizda voqelikka aylandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan  2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi o‘rta muddatli istiqbolda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergan eng muhim dasturiy hujjat bo‘ldi. Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda “Inson manfaatlari — hamma narsadan ustun” degan tamoyilni hayotga tatbiq etishga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Harakatlar strategiyasining “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi doirasida o‘ttizdan ortiq qonun hamda to‘qqiz yuzdan ortiq qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi keng ko‘lamli islohotlar, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani jadal rivojlantirish, xalq farovonligini yuksaltirishning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.
Davlat va davlat idoralarining xalq tomonga yuz burishi, Prezident Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari, shuningdek, har bir davlat idorasida tashkil etilgan fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha maxsus bo‘linmalar bu boradagi ishlarning sifat jihatidan yangi, yuksak samarali tizimini shakllantirdi.
Shu asosda turli yo‘nalishlarda yig‘ilib qolgan ko‘plab muammo va masalalar o‘z yechimini topdi va topmoqda. Qay bir yo‘nalish yoki sohani olmaylik, xalq tub islohotlar va yangilanishlarning guvohigina emas, balki faol ishtirokchisiga aylanganini ko‘ramiz.
Iqtisodiy sohadagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar haqida gap ketsa, avvalo, O‘zbekistonning o‘z majburiyatlarini bajarish va xorijlik hamkorlarning daromadlarini repatriatsiya qilish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish uchun shart-sharoitlarni ta’minlovchi milliy valyuta erkin konvertatsiyasining joriy etilganligini alohida ta’kidlamasdan bo‘ladimi!
Ijtimoiy sohani rivojlantirish yuzasidan kompleks tadbirlar, birinchi navbatda, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va sog‘lig‘ini saqlash, aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan ta’minlash, fuqarolar bandligi va real daromadlarini oshirish, arzon ijtimoiy uy joylar qurilishini kengaytirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgani-chi! Binobarin, mamlakatimizda turar-joy qurilishi hajmlari 2010 yilga nisbatan 3,5 baravarga oshdi.
Millatlararo tinchlik va totuvlikni, puxta o‘ylangan va o‘zaro manfaatli tashqi siyosat amalga oshirilishi natijasida qo‘shni davlatlar bilan ishonchli munosabatlar yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston Prezidentining Markaziy Osiyodagi qo‘shnilarimiz — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston, ayniqsa, Afg‘oniston davlat rahbarlari bilan muntazam uchrashuv va muloqotlari nafaqat mintaqa, balki xalqaro miqyosdagi ulkan voqea sifatida e’tirof etildi. Hamkorlikning yangi ufqlari ochilishi, qo‘shnilar bilan ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy aloqalar yo‘lga qo‘yilishi, o‘zaro bordi-keldilarning tiklanishi bugungi kunnigina emas, balki istiqbolni belgilovchi mujdadir. Zotan, bu xalqlar tarixan bir makonda yashab, bir-birlari bilan qon-qarindosh, quda-anda bo‘lib kelishgan. Xususan, O‘zbekiston Prezidentining shu yil mart oyida Tojikistonga tashrifi va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning joriy yil 17 avgustda yurtimizga  qariyb yigirma yildan keyingi birinchi tashrifi  davlat  chog‘ida aytilgan samimiy tilaklar, erishilgan kelishuvlarni xalqaro hamjamiyat katta xayrihohlik bilan kutib oldi.  Ushbu tashrif chog‘ida ikki davlat o‘rtasida turli sohalarga oid 27 hujjat imzolangani, joriy yil birinchi yarmida mamlakatlarimiz  o‘rtasida o‘zaro savdo hajmi 35,1 foiz ortgani,  do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlanayotganidan dalolatdir.
O‘tgan ikki  yil  mobaynida jahon ahlining O‘zbekistonga munosabati tubdan o‘zgardi.  Vatanimiz darvozalari butun dunyoga ochildi, bu yo‘ldagi mavjud to‘siqlar olib tashlandi. Dunyoning yetakchi davlatlari Rossiya, AQSH, Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarga amalga oshirilgan  oliy darajadagi   tashriflar O‘zbekistonning jahondagi nufuzini yanada yuksaltirdi. O‘tgan yilning o‘zida amalga oshirilgan 21 oliy darajadagi tashrif, 60 davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan bo‘lgan uchrashuvlar samarasi o‘laroq, to‘rt yuzdan ziyod kelishuvga erishildi. Jami 60 milliard AQSH dollaridan ortiq qiymatdagi bitimlar imzolandi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2018 yil mamlakatimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan Harakatlar strategiyasining “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturida soliq, adliya organlarining kichik biznes, xususiy tadbirkorlik sub’ektlari, chet el investorlari va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning xuquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida misli ko‘rilmagan imkoniyatlar  belgilab berildi.
Yuqori texnologiyali tadbirkorlik loyihalari-startaplarni birgalikda moliyalashtirish uchun tashkil etiladigan venchur fondlar va boshqalar 2023 yil 1 yanvargacha yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari, barcha turdagi soliq va majburiy to‘lovlardan ozod etildi. Yashirishning hojati yo‘q, joylarda investorlar bilan ishlashda byurokratik to‘siqlar   uchrab turadi. Bunday kamchiliklarni bartaraf etish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish maqsadida yaqinda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjatga muvofiq, 2018 yil 1 avgustdan   mahalliy hokimliklarning investorlar bilan ishlashida yangi tartib joriy etildi. Jumladan, investor yoki tadbirkorlik sub’ekti davlat organi yoki mansabdor shaxs tomonidan qabul qilingan xujjatga ishonib ish boshlasa-yu, vaqt o‘tib bu qaror yuqori organ tomonidan noqonuniy deb topilsa, tadbirkorga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanadi. 2018 yil 1 sentyabrdan e’tiboran, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun uchun yer uchastkalari shu joyda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muhokamadan hamda foyda va xarajatlar baholangandan keyingina olib qo‘yilishi mumkin. Albatta, bularning barchasi tadbirkorlar va investorlarning ertangi kunga ishonch bilan samarali ishlashini ko‘zda tutib amalga oshirilmoqda.
— Ancha yillardan buyon O‘zbekistonda o‘z biznesimni yurgizib kelaman, deydi hindistonlik investor Raxul Kumar Dipak. — Tadbirkor va investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda so‘nggi bir yil mobaynida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Yangi farmondagi yengilliklar, ayniqsa, O‘zbekistondan chiqmay turib vizani uzaytirish, mahalliy hokimliklarning o‘zi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya shartnomalari tuzish imkoniyati xorijiy sarmoyadorlarga juda qo‘l keladi.
Yaxshi eslaymiz, istiqlolning dastlabki yillarida bitta ko‘prik yoki korxona ishga tushsa, hammamiz qanchalar quvonib, bayram qilardik. Endilikda barakali yurtimizda kuniga o‘nlab yirik korxonalar, turarjoylar, madaniyat va ta’lim muassasalari  ishga tushayaptiki, bularning barchasi mana shu Vatan, xalq manfaatlariga xizmat qiladi.
Inson uchun hayotiy muhim omil — uy-joy. Qurilish va bunyodkorlik ishlari sur’at va sifat jihatdan butunlay yangi bosqichga ko‘tarilgan ayni kunda birinchi navbatda muhtojlar, nogironlar o‘z boshpanasiga ega bo‘layotgani ko‘pchilikning dilidagi gap. Aholi uchun arzon uy-joylar qurish, “Obod mahalla”, “Obod qishloq” dasturlari sharofati bilan necha yillardan buyon uy-joysiz yoki qiyin sharoitlarda yashayotgan ming-minglab oilalar zamonaviy , qulay va shinam uylarga ko‘chib o‘tib, yurt rahnamolarini duo qilayotganini ko‘rib, ko‘ngillarga ziyo kirayotir. Joriy yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida qurilishi rejalashtirilgan 3,5 million kvadrat metrdan iborat 28435 uy-joydan 26290 tasini arzon uy-joylar tashkil etadi.
Aytish kerakki,  shaharlarimizda ham arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruktsiya qilish ishlari jadal davom etmoqda. Joriy yilda 17583 xonadonli 425 ko‘p qavatli uy quriladi. Bu shunchaki oddiy raqamlar emas, ularning zamirida minglab insonlar, oilalar taqdiri mujassam. Salkam qirq olti mingga yaqin xonadonda o‘rtacha besh kishi yashashini xomcho‘t qilsak, 200 mingdan ziyod inson  uy muammosini hal qiladi, deganidir.
Bunyodkorlik yo‘nalishidagi ishlarning miqyosi va ko‘lamini birgina “Obod qishloq” davlat dasturi doirasida — mamlakatimizda 159 tumanda 416 qishloqni obodonlashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan bosh rejalar asosida qisqa muddatda 320 maktab, 231 maktabgacha ta’lim, 148 sog‘liqni saqlash muassasasi va ko‘plab ko‘cha va maydonlar, jamoat maskanlarida olib borilayotgan katta qurilishlar misolida ko‘rishimiz mumkin.
“Obod mahalla” dasturi bo‘yicha respublikamizning 30 shahrida ikkitadan hamda Toshkent shahrining 11 tumani har bir sektorida ikkitadan jami 88, umumiy hisobda 148 mahallada ta’mirlash, ichimlik suvi, elektr energiyasi, tabiiy gaz tarmoqlari, ichki yo‘llar, ijtimoiy soha va bozor infratuzilma ob’ektlarini qurish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. 2018 yil Investitsiya dasturiga kiritilgan 1114 ob’ektdan 356 tasi umuta’lim maktabi, 305 sog‘liqni saqlash va 367 maktabgacha ta’lim muassasasi ekanini inobatga olsak, bu ishlarning salmog‘i naqadar katta ekani ayon bo‘ladi.
Ta’bir joiz bo‘lsa, istiqlol xalqimiz azaliy orzusining ushalishi, betimsol, beqiyos, buyuk yuksalishdir. Vatanimizning bugungi ravnaqi va ertangi kelajagi hech shubhasiz, mustaqilligimiz sharofati va mevasidir. Mustaqillik tufayli o‘zbekni dunyo tanidi va tanimoqda. Hali ko‘zlangan rejalarimiz esa ko‘p. Xudo xohlasa, bu niyatlarimiz ham ijobat bo‘ladi, albatta. Bugun mamlakatimiz istiqlolining yigirma yettinchi dovonida turib, yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar va yangilanishlardan haqli ravishda qalbimizda faxr va iftixor hislarini tuyamiz. Ulkan shodiyona — mustaqilligimiz bayrami arafasida, avvalo yurtimizga, istiqlolimizga aslo ko‘z tegmasin, bayramlarimiz bayramlarga ulanaversin, deymiz.

Abdumajid AZIMOV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 1 =