A’lo bahoga o‘qish — orzuimiz, o‘yimiz!

Odatda bayram kunlari taqvimlarda alohida ranglarda ko‘rsatiladi. Lekin shunday kunlar borki, taqvimlarda bayram belgisi qo‘yilmagan bo‘lsa-da, ko‘pchilik, ayniqsa bolalar uni intiqlik bilan kutib oladi. O‘sha kuni ota-onalar, bobolar va momolarning tashvishi, shirin tashvishlari ortadi.

 

Balli, sezdingiz, bu yangi o‘quv yilining boshlanishi. Huddi shu kuni endigina ravon gapirishni o‘rgangan bolakaylar jajji qo‘llariga  ruchka tutib, hayot alifbosini o‘rganishni boshlaydilar.
Shu kuni ular uchun istiqbol eshiklari ochilib, murg‘ak qalblarida orzular kurtak yozadi. Vatan degan muqaddas tushunchani anglash, farzandlik burchini his qilishdek zavqli, mas’uliyatli fasl boshlanadi.
O‘sha kuni katta shaharlarda minglab o‘quvchilarga ta’lim beradigan maktablardan tortib, chekka qishloqlardagi maktablargacha bayramona ko‘rinishda, o‘zgacha salobat bilan o‘quvchilarini kutib oladi.
Mana ana shunday maktablardan biri. Zangiota tumanining eng chekka hududi Bo‘z suv qishlog‘ida joylashgan 19-umumiy o‘rta ta’lim maktabi. Darvozadan kirishdanoq yangi o‘quv yili jiddiy tayyorgarlik bilan kutib olinayotgani darhol seziladi. Suv sepilgan, ozoda yo‘lka chetida ekilgan anvoyi gullar chaman-chaman bo‘lib ochilib, o‘quvchilarni intiqlik bilan kutib turgandek.
— 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Xarakatlar strategiyasida ta’lim va fan soxasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan, — deydi maktab direktori Muborak Televova. — Jumladan, mazkur dasturda “ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruktsiya qilish va kapital ta’mirlash, ularni zamonaviy o‘quv va laboratoriya asboblari, kompyuter texnikasi va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan jihozlash orqali ularning moddiy texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan maqsadli chora tadbirlar ko‘rish” lozimligi alohida qayd etilgan. Bu vazifa respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi bizning tumanimizda ham alohida e’tibor bilan ijro etilayapti. Maktabimizning moddiy-texnik bazasi yangi o‘quv qurollari asbob-uskunalari hisobiga yanada boyitildi. 1 ming 39 nafar o‘quvchiga 58 nafar o‘z kasbini sevgan mohir pedogoglarimiz saboq beradi. 128 nafar o‘g‘il-qiz birinchi sinfga keladi.
Maktab did bilan ta’mirlangani ko‘rinib turibdi. O‘quv xonalari jihozlanib, dars boshlanishiga tayyor qilib qo‘yilgan.
Ayniqsa, birinchi sinflar uchun ajratilgan sinfxonalardagi manzara o‘zgacha. Bolajonlarning bo‘y-bastiga mos parta, doskalar. Xonada televizor, kompyuter kabi barcha texnik jihozlar bor. Partalarni har bir o‘quvchiga alohida ajratilgan Prezident sovg‘alari bezab turibdi.
Beixtiyor o‘zimning bolaligim, birinchi sinfda qop-qora bahaybat yog‘och partalarda o‘tirganimiz yodimga tushadi. Ayrim sinfdoshlarimning o‘tirganda boshi arang ko‘rinib turardi. Yozish-chizishga juda qiynalganmiz o‘shanda…
Mana kamida bir oydan beri “Qachon maktabga boramiz?” deb xarxasha qilgan bolalarning nihoyat orzulari ushalib, ayrimlari sinfga kirib kela boshladi. Sinfxonasi bilan tanishgani.
Onasining qo‘lidan ushlab sinfxonasiga kirib kelgan bolakayni savolga tutamiz:
— Ismingiz nima?
— Abduvosit Ahmatov.
O‘g‘lining burro javobidan  quvongan onasi: “She’rlar ham yodlagan, — deydi. — Aytib bersinmi?”
— Qani eshitaylik.
Bolakay jiddiy tortadi:
Biz maktabga boramiz,
Mana o‘sdi bo‘yimiz.
A’lo bahoga o‘qish —
Orzuyimiz, o‘yimiz.
Sovg‘alarni ham oldik,
Kitob, daftar bari taxt.
Otamizdek mehribon,
Yurtboshimizga raxmat!

O‘ktam ABDULLAYEV
 “Hurriyat” muxbiri
Sholaziz SHOXIDOYEV fotosi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + 19 =