Zamonaviy rivojlanish omili

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2018 yil mamlakatimizda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar yili” deb e’lon qilindi. Mazkur g‘oya 2018–2021 yillarga belgilangan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida o‘z ifodasini topgan edi.
Innovatsion iqtisodiyot — bilimga tayanadigan intellektual iqtisodiyot. Milliy xo‘jalik yuritishning ilg‘or turi sifatida yangiliklarga asoslanadi. Doimiy texnologik takomillashuvga, yuqori va o‘rta yuqori texnologiyali tovar va xizmatlar ishlab chiqarish va eksport qilishga yo‘naltiriladi. Ma’lumki, industrial iqtisodiyotda foyda olish moddiy ishlab chiqarish va moliyaning to‘planishi hisobiga shakllanadi, innovatsion iqtisodiyotda esa foyda (daromadlar) asosan olimlar va innovatorlar intellekti, axborot sohasi hisobidan yaratiladi. Fukuyama, Bell kabi futurolog olimlarning fikricha, hozirgi dunyoda innovatsion iqtisodiyot ko‘pchilik rivojlangan mamlakatlarning ustunligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Innovatsion iqtisodiyot va rivojlangan venchur biznesiga ega mamlakatlar qatoridan AQSh, Germaniya, Yaponiya, Avstriya, Kanada, Shvetsiya, Finlyandiya, Singapur va Isroil kabi davlatlar joy olgan.

Innovatsion iqtisodiyot nazariyasini XX asr boshida AQShlik (asli avstriyalik) olim Yozef Shumpeter yaratgan edi. U birinchi bo‘lib iqtisodiy o‘sish va iqtisodiy rivojlanish o‘rtasidagi farqni ko‘rsatib, innovatsiyani ta’riflab berdi. Ammo, o‘tgan asrning 20-30-yillaridagi buyuk depressiya, keyin Ikkinchi jahon urushi bu g‘oyani amalga oshirishni orqaga surib yubordi. O‘tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab jahondagi taraqqiy etgan mamlakatlar innovatsion rivojlanish yo‘lini tanladi. E’tibor qaratsak, biz bu sohada ilg‘or mamlakatlardan ancha orqadamiz. Chunki, bizning rivojlanishimiz, asosan, ekstensiv omillarga asoslangan edi. Sababi — bizda bepoyon yerlar, qazilma boyliklar, mehnat va boshqa resurslar mo‘l edi. Bu intensiv rivojlanish, innovatsiyaning “ko‘zi”ni yopib qo‘ydi.
To‘g‘ri, keyingi yillarda iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik yangilash, rivojlanishda kuchli omil bo‘ladigan va jahon bozorida raqobatbardoshlikni ta’minlaydigan innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha maqsadli dasturlar ishlab chiqildi. Ammo bular hali kam, hayot «yorib o‘tadigan» texnologiyalar loyihasi ustida bosh qotirishni talab qilmoqda.
Gap shundaki, innovatsiya yaratiladigan yangilikgina emas, balki mavjud iqtisodiy tizimning samaradorligini jiddiy oshiradigan omildir. Innovatsiyaning ilm-fan, kashfiyot va ixtirodan farqi shundaki, ilm-fanning yo‘li muayyan mablag‘ni bilim va g‘oyaga aylantirishdan iborat bo‘lsa, innovatsiya — bu bilim va g‘oyani mablag‘ga (pulga), kapitalga aylantirishni taqozo etadi. Ixtiro — yangi kontseptsiya yaratish, innovatsiya esa ixtiro yoki kashfiyotni sotiladigan tovar va xizmatga aylantirish demakdir. Innovatsiya — bozor bilan bog‘liq jarayon. Murakkabligi shundaki, qo‘yilgan vazifa alohida innovatsiya emas, balki butun boshli milliy iqtisodiyotni innovatsion, ya’ni intellektual iqtisodiyotga aylantirishdir.
Ma’lumki, innovatsion jarayon jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy tizimidan kelib chiqadi. Iqtisodiyotning turi, shakli innovatsion jarayon turlarini shakllantiradi. Hozirgi paytda dunyodagi ko‘pchilik rivojlangan mamlakatlarda milliy innovatsion modellar shakllangan. Milliy innovatsion modellar o‘sha mamlakatning tarixiy-madaniy rivojlanish darajasi, tabiiy-geografik sharoiti, ishlab chiqarish, iqtisodiyot, sanoat, ilmiy-texnika salohiyati, xalqning mentaliteti singari o‘ziga xos jihatlardan iboratdir.
Lekin bu davlatning innovatsion siyosatini, innovatsion jarayonni boshqarishi zaruratini inkor etmaydi. Innovatsion siyosat iqtisodiy siyosatning muhim qismidir.
Davlat, birinchi navbatda, innovatsion tizimning me’yoriy-huquqiy bazasini yaratish orqali faoliyatning rivojlanishiga keng yo‘l ochadi. Boshqacha aytganda, davlat bu borada barchaga baravar «o‘yin qoidalari»ni yaratib beradi.
Ikkinchidan, davlat investitsiyalash, soliq va soliq imtiyozlari orqali innovatsion faollikni rag‘batlantiradi. AQSh, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Xitoyda innovatsion jarayon qatnashchilari uchun innovatsiyalarni joriy etish bosqichlari va murakkablik darajasini hisobga olib, progressiv soliq tizimi joriy qilingan.
Uchinchidan, davlat maqsadli dasturlar, loyihalar ishlab chiqish orqali innovatsion jarayonga ta’sir ko‘rsatadi. Xitoyda 2006–2020 yillarda Fan va texnologiyalarni rivojlantirishning o‘rta va uzoq muddatli milliy dasturi, Rossiyada 2006–2020 yillarga qaratilgan uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish kontseptsiyasi, Yevropa Ittifoqida Lissabon rivojlanish dasturi. Xitoyliklar mamlakatni yaqin yillarda dunyo innovatsion markaziga aylantirish vazifasini o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yganlar.
Ta’kidlash joizki, jahonning ilg‘or mamlakatlarida amal qilayotgan innovatsion rivojlanish milliy modellari umumiy iqtisodiy qonuniyatlar asosida harakatlansa-da, ularning o‘ziga xos xususiyatlari ham ko‘zga tashlanib turadi. Masalan, bu modellarning asosiy maqsadi va yo‘nalishi milliy innovatsion tizim tarkibini maqsad yo‘lida  muvofiqlashtirish, milliy fan va biznesni innovatsion kooperatsiyalashni rag‘batlantirish, xalqaro innovatsion tarmoqqa integratsiyalashuv, ichki innovatsion tarmoqlarni yo‘lga qo‘yish, milliy innovatsion tizimni shakllantirish va rivojlantirishdan iborat. Shu bilan birga, AQSh, Germaniya, Frantsiya va Yaponiyada innovatsion sohada davlat boshqaruv va rejalashtirish tartibotiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Avstraliya, Daniya, Norvegiyada fan va innovatsion sohalarni davlat tomonidan moliyalashtirishni takomillashtirishga, Angliya, Shvetsiyada fundamental tadqiqotlarni rivojlantirishga muhim ahamiyat berilayotir. Fan va ta’lim integratsiyasini rag‘batlantirish, kichik va o‘rta biznesni innovatsion sohaga tortish sobiq sho‘ro mamlakatlarga xos modellardir.
Albatta, qaror topgan milliy innovatsion modellar qotib qolgan, o‘zgarmas qolip emas, davr talabi, ichki va tashqi vaziyat hamda yangi omillar hisobiga boyib, zamonaviy xususiyatlar kasb etadi.
O‘tgan asrning oxirlaridagi fan va ta’lim, ilg‘or, ilmtalab yuqori tarmoqlar rivojlanishiga asoslangan muntazam o‘sish Yangi industrial davlatlar – Janubiy Koreya, Gongkong, Tayvan va Singapurga xos edi. Bu mamlakatlarda qulay investitsion muhit, ilmiy tadqiqotlar rivojlanishining yuqori sur’atlari, aholi uchun barcha ta’lim turlariga, ayniqsa, oliy texnik ta’limga keng yo‘l ochilishi ham muhim ahamiyat kasb etdi. Ayni paytda qulay innovatsion va investitsion iqlim yarata olmagan, fan va ta’limning izdan chiqishiga yo‘l qo‘ygan qator rivojlanayotgan mamlakatlarda inflyatsiya, orqaga ketish darajalari chuqurlashib ketdi. Ayniqsa, o‘tish davrini boshidan kechirayotgan mamlakatlarda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham bu jarayon og‘ir kechdi.
Insoniyat shiddat bilan ilgarilab bormoqda. O‘tgan asrning ikkinchi yarmida ilmiy-texnik jihatdan yetakchi mamlakatlar innovatsion iqtisodiy sektor va xizmat ko‘rsatish sohasi yetakchi bo‘lgan postindustrial jamiyatni qurgan edilar. Mana shu jamiyatni innovatsion jamiyat deb atash qabul qilingandi. Ammo, hozir IV-intellektual, axborot jamiyatiga o‘tish ravshanlanmoqda. Ilgari beshta texnologik ukladni (ishlab chiqarishning rivojlanish darajasini belgilaydigan texnologiyalar majmui) bilardik. Bugun IX texnologik uklad hisoblanadigan kosmik tsivilizatsiya haqida gap bormoqda. Odamlar nano va biotexnologiyalar, genlar injeneriyasidan keng foydalanmoqda.
To‘g‘ri, innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish oson ish emas. Unga faqat shior va chaqiriqlar bilan erishib bo‘lmaydi. Buning uchun yuqori texnologiyali sektor barpo etilishi, davlatning investitsiya va soliq siyosatiga tegishli o‘zgartishlar kiritilishi, nanoindustriya, biotexnologiya va genlar injeneriyasini rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiya darajasini keskin ko‘tarish, mablag‘ni nafaqat ilmiy, tajriba-konstruktorlik, balki tayyor mahsulot va xizmatlarni tijoratlashtirishga ham yo‘naltirish kerak. Chunki, agar ilmiy tadqiqot ishlari bozordan mustahkam joy olmasa, u innovatsiya bo‘la olmaydi.
Shunday qilib, innovatsion iqtisodiyot quyidagi tayanch printsiplar, belgilar va indikatorlar bilan xarakterlanadi. Iqtisodiy erkinlikning yuqori indeksi, ta’lim va fan rivojlanishining yuqori darajasi, milliy iqtisodiyotning 4–6 texnologik ukladga muvofiq kelishi, yuqori raqobatbardoshli hayot kechirish sifati, inson kapitalining yuqori sifati va qiymati, iqtisodiyotning yuqori raqobatbardoshlik darajasi, innovatsion korxonalar va mahsulotlarning yuqori ulushi (60 foizi), bilimlar industriyasining rivojlanish darajasi, past inflyatsiya (3 foizdan yuqori bo‘lmagan), qulay tadbirkorlik iqlimi, iqtisodiyotning diversifikatsiyalashganligi, jozibali investitsion iqlim, samarali, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan venchur tizimi, ijtimoiy-siyosiy barqarorlik mavjudligi. Bu mezonlarning ko‘pchiligi shukrki,  O‘zbekistonda bor. Ammo, bu boradagi to‘siqlar ham talaygina. Moliyaviy vositalar, malakali innovator, venchurist kadrlar, yangi texnika va texnologiyalar haqidagi axborotlarning yetishmasligi innovatsion korxona va mahsulotlar ulushining past darajasi, inflyatsiyaning yuqoriligi, innovatsion mahsulotlar bozorining nisbatan torligi, yangilikni joriy etish xarajatlarining yuqoriligi, korxonalarning innovatsiyalarni joriy etishga tayyor emasligi ana shunday muammolar jumlasidandir.
Ilmiy, ilmiy-texnika va innovatsion salohiyat yagona ilmiy-innovatsion tsiklda bo‘lishi kerak. Ilmiy g‘oyaning paydo bo‘lishi – fundamental va amaliy tadqiqot – konstruktorlik va tajriba-texnologik ishlanmalar – tajriba – namuna nusxa – sanoat sinovi – ishlab chiqarishga tatbiq etish – yalpi ishlab chiqarish – sotish – amalda foydalanish kabi jarayonlarga kamida 6–7 yil, ba’zan esa 9–11 yil kerak bo‘ladi. Vaqt esa tig‘iz. Demak, o‘zgarishlar harakatda amalga kiritilishi kerak. Buning ustiga ko‘pgina fundamental tadqiqot natijalari javonlarda qolib ketmoqda.
Shukrki, davlatimiz rahbarining g‘oyat katta sa’y-harakati bilan vaziyat o‘nglanmoqda. Innovatsiyalar vazirligi tuzildi. Innovatsion turdagi sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda, qator oliy o‘quv yurtlarida innovator kadrlar tayyorlanmoqda. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi faoliyatini yanada takomillashtirish, umuman respublika fanini, innovatsion jarayonni rivojlantirish va unga iste’dodli yoshlarni jalb qilish bo‘yicha keyingi ikki yilda o‘ndan ortiq qonun hujjatlari, hukumat darajasidagi dasturlar qabul qilindi. «Fan to‘g‘risida»gi qonun loyihasini tayyorlashga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Shu yilning 21 sentyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanishini tasdiqlash to‘g‘risidagi farmoni imzolandi.
Innovatsiyaning drayverlaridan hisoblanadigan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qayta tashkil qilindi. Bundan asosiy maqsad mamlakat xo‘jalik sub’ektlari va aholisini axborot-kommunikatsiya xizmatlari bilan to‘la ta’minlashdir. Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar tomonidan taklif etilayotgan hamda kompyuter dasturlari bilan bog‘liq interaktiv xizmatlar yildan yilga o‘smoqda. Internetning o‘tkazuvchanlik darajasi va tezligi bir necha barobar ortdi. Lekin, mamlakat yalpi ichki mahsuloti tarkibida axborot kommunikatsiya texnologiyalari ulushi jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan ikki barobar past ekanligini hisobga olsak, hali qilinajak ishlar naqadar ko‘pligi ayon bo‘ladi.
Kremniy vodiysi AQShning texnologik va innovatsion markazlaridan biri bo‘lib, hisoblash texnikasi va elektronika bo‘yicha barcha ilmiy tadqiqotlarning yarmini o‘zida birlashtirgan. Bunda yuqori texnologiyali kompaniyalar zich joylashib, kompyuterlar va ularga dasturlar, mikroprotsessorlar, mobil aloqa vositalari ishlab chiqaradi, biotexnologiya rivojlangan. Xuddi shu yerda jahon innovatsiyalari, yuqori ilmtalab startaplar dunyoga keladi, venchur investorlarining o‘zaro aloqalari o‘rnatiladi. Hewlett-Packard, Intel, General Electric, Apple, Facebook, Google  singari dunyoga mashhur firma va kompaniyalar xuddi shu yerda joylashgan. Kremniy (Silikon) vodiysiga o‘xshash yuqori texnologiyalar markazni yaratishga urinishlar Angliya, Rossiya (Skolkovo), Xitoy, Tayvan, Hindiston kabi mamlakatlarda ham davom etmoqda.      
Bunday xayrli, ayni paytda o‘ta dolzarb ishlarga yurtimizda ham tamal toshini qo‘yish fursati yetdi. Xususan, Navoiy shahrida «Zarafshon innovatsiyalar vodiysi»ni (ZIV) shakllantirish ayni muddao bo‘lardi. Buning uchun mazkur hududda talay imkoniyatlar mavjud.  ZIV, masalan, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Fanlar akademiyasining Navoiy filiali, Navoiy kon instituti va Navoiy erkin industrial zonasi negizida tashkil etilishi mumkin. Navoiy kon institutini Stenford (Kaliforniya) universitetiga o‘xshash texnologiyalar universitetiga aylantirib, uning huzurida tashkil etiladigan gimnaziya, litsey va kollejga selektiv tarzda iqtidorli o‘quvchilar tanlab olinib ularga universitet ta’limini berish, keyin ZIVda amaliyotini o‘tkazish, tayyor innovator, venchurist kadrlardan istiqbolda o‘sha yerning o‘zida, «aqlli shaharlar»da, butun respublikada foydalanish mumkin. Asaka, Yangier, Muborak, Denov, Hazorasp kabi o‘rta shaharlar hamda viloyatlar markazlarida yana boshqa «aqlli shaharlar» barpo etish mumkin.
ZIVga keng miqyosda chet el venchur kapitali va mutaxassislarini jalb etish oson kechadi. Navoiy shahrida logistika va infrastruktura mavjud. U boshqa hududlardagi innovatsion klassterlarga yordam ko‘rsatadi. Sohada yetakchi bo‘ladi.
Istiqbolda mamlakatimiz qiyofasini, iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga hissa qo‘shadigan innovatsion ishlab chiqarish sari dadil qadamlar qo‘yilmoqda. Bu Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan ulkan vazifalarga juda mos.

Nurislom TO‘XLIYEV
iqtisodiyot fanlari doktori,
professor

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − 8 =