Uyushma faoliyati tobora takomillashmoqda

O‘zbekiston Jurnalistlari  ijodiy uyushmasi  boshqaruvining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda boshqaruv a’zolari, uyushma  faollari va uning hududiy bo‘limlari rahbarlari ishtirok etdi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi  joriy yilning to‘qqiz oyi  davomida olib borgan  faoliyat  haqida hisobot  tinglandi, galdagi vazifalar  belgilab olindi.
Qayd etilganidek,  uyushma tomonidan hisobot davrida milliy jurnalistikani rivojlantirish, soha xodimlari malakasini oshirish, qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ularning amaliy bilim-ko‘nikmalarini mustahkamlash, faxriylarga e’tibor qaratish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish hamda hayotning barcha sohalarini liberallashtirish bo‘yicha  qabul qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi maqsad-vazifalarini targ‘ib etish, uning doirasida olib borilayotgan ishlarni keng yoritishda OAVning rolini
mustahkamlashga qaratilgan qator konferentsiya, davra suhbatlari va o‘quv seminarlari tashkil etildi.
Ularda jurnalistlarning  bu boradagi mahoratini, xabardorligini oshirish, ularning o‘zaro tajriba almashishlariga alohida e’tibor qaratildi.
— Jamiyat hayotida demokratik qadriyatlar qaror topishida ommaviy axborot vositalari — muhim va ta’sirchan omil. Mamlakatimizda keyingi yillarda bu borada g‘oyat muhim  amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqildi va samarali amalga oshirilmoqda, — dedi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov. — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 9 avgustdagi “O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi, 2017 yil 10 avgustdagi “O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirishchora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2017 yil 14 avgustdagi “Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bunga yorqin misoldir.
Hisobotda ta’kidlanganidek, madaniyat va san’at muassasalari hamda yirik kompaniya va banklar hamkorligida “Do‘stlar klublari”, “O‘zbekiston-24” telekanali, “Xalqaro press-klub”, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy  kommunikatsiya  vositalari universiteti, “Turon 24” axborot agentligi tashkil etilgani milliy media muhit  tarixida
muhim voqealar bo‘ldi. “Ilhom” jamoat fondi tashkil etilguniga qadar Uyushmani saqlash, xodimlar mehnatiga haq to‘lash, shuningdek “Oltin qalam” tanlovi g‘oliblarini mukofotlash, uni o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan ajratilgan subtsidiya va mablag‘, “Yilning eng faol jurnalisti” ko‘rik-tanlovi esa hukumat ko‘magida homiylik mablag‘lari hisobiga o‘tkazib kelinar edi. Endilikda bunday sarf-xarajatlarning barchasi “Ilhom” jamoat fondi tomonidan qoplanmoqda. Hisobot  davrida uyushma tomonidan  qator milliy va xalqaro  hamkor  tashkilotlar bilan birgalikda jurnalistika sohasida “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro  tanlov, “Yilning eng faol jurnalisti”, “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovlari tashkil etildi. Bu tanlovlarda jami mingga yaqin jurnalist 11 mingdan ortiq ijtimoiy ahamiyatga molik materiallari  bilan ishtirok etdi. 60 nafarga yaqin  jurnalist g‘olib va sovrindorlar sifatida taqdirlandi. Bir misol. “Oltin qalam” XIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovida 523 nafar
jurnalist 7100  dan ortiq  ijodiy ishi bilan qatnashdi. Ular orasidan televidenie, radio, bosma ommaviy axborot vositalari va internet-jurnalistika yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblar, shuningdek, “OAVda kitobxonlik madaniyati targ‘ib qilingan eng yaxshi material uchun”, “Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun”, “Eng yaxshi  matbuot xizmati” va “Eng yaxshi fotoreportaj uchun” rag‘batlantiruvchi  mukofotlar sohiblari  aniqlandi. Bosh mukofot Tanlov hay’ati qaroriga ko‘ra berilmadi. Asosiy va rag‘batlantiruvchi mukofotlarga 456,7 million so‘m sarflandi.
Shuningdek, Uyushma hamda O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi o‘rtasida tuzilgan «Do‘stlar klubi» loyihalaridan biri faxriylarni ijtimoiy himoyalash qaratilgan. Ushbu loyiha doirasida hisobot davrida respublika bo‘yicha 190 nafar faxriy holidan xabar olinib, ularning har biriga 300 ming so‘mdan ziyod oziq-ovqat mahsulotlari berilgan. 100 nafar faxriy esa “Hurriyat” gazetasiga homiylik asosida obuna qilindi. Milliy matbuot markazi kompyuter texnikalari va axborot tizimlariga texnik xizmat ko‘rsatish,  yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga bog‘lash muammolari hal etildi. “Do‘stlar klubi” qaroriga binoan har bir viloyatdan bittadan ehtiyojmand tuman gazetasi tahririyati zamonaviy kompyuter jamlanmasi bilan taqdirlanadigan bo‘ldi. Hozirda Samarqand viloyatining “Paxtachi”, Sirdaryo viloyatining “Sirdaryo” tumani gazetalari tahririyatlariga kompyuter jamlanmalari sovg‘a qilindi.
Uyushma faoliyatida mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi mazmun-mohiyatini  aholining turli qatlamlariga yetkazishda OAV xodimlari faolligini oshirish, bilim-ko‘nikmalarini mustahkamlash va mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida qator konferentsiyalar, davra
suhbatlari va seminar-treninglar tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tadbirda boshqaruv a’zolari amalga oshirilgan ishlarni ijobiy baholagan holda, qilinishi lozim bo‘lgan ishlar, mavjud muammolarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Chunonchi, Uyushma boshqaruvi, uning markaziy apparati, hududiy bo‘limlar, Milliy matbuot markazi va “Hurriyat” gazetasi tahririyati faoliyatini bugungi yangilanishlar jarayoni talablari asosida tashkil etish borasidagi ishlar yetarli emas. Hayot qaynab turgan tumanlar miqyosidagi ommaviy axborot vositalarida ishlayotgan jurnalistlarning ijodiy izlanishlari muntazam tahlil etib borilmayapti, ularning ish, ijod va turmush sharoitlari bilan bog‘liq muammolarni  o‘rganish va hal etish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.
Tadbirlar ko‘p hollarda odatiy — mutaxassislarning chiqishlaridan iborat bo‘lib qolmoqda. Tadbirga taklif etilgan qalam ahlining fikr-mulohazalariga kam e’tibor berilmoqda. Bahs-munozara, fikrlar xilma-xilligi yetishmaydi. Ommaviy axborot vositalari tahlili orqali jurnalistlarning ijodiy ishlariga ko‘maklashish izchil tashkil etilmayapti. Hududiy bo‘limlarda aniq reja, tashabbuskorlik yetishmaydi, sohalar bo‘yicha kengashlar muntazam o‘tkazilmayapti. Tanlovlarni yanada ochiq va oshkor o‘tkazish borasida mutaxassislar va jamoatchilik fikrini o‘rganish ham dolzarb muammolardan. Uyushmaga a’zolik tartiblari to‘g‘risida Nizomni  milliy jurnalistika istiqboli va rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqish va amalga oshirish ham kun tartibida turibdi.
Boshqaruv yig‘ilishida ushbu dolzarb muammolar yuzasidan fikrlar bildirildi. Xususan, Uyushmaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ehtiyojmand va faol jurnalistlarni imtiyozli ipoteka kreditlari asosida uy-joy yoki yer uchastkalari bilan ta’minlash  borasidagi ishlar yuzasidan takliflar bildirildi.
Uyushmaning joriy yilning to‘rtinchi choragida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Anjuman yakunida ko‘rib chiqilgan masallar yuzasidan tegishli qarorlar  qabul qilindi.

Jobir XO‘JAQULOV
Sholaziz SHOXIDOYEV fotosi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen − two =