Gdlyanning millionlari: afsonami, haqiqat? “O‘zingni, xotining va bolalaringni qamaymiz!” “Diplomat pul bilan liq to‘la edi.”

“Garov”da ushlab turilganlarga taalluqli materiallarni sudga taqdim etishmaganligining yana bir sababi — ular tergov soxtalashtirilganligini oshkor qilib qo‘yishdan xavfsirashgan.

 

Qonunga xilof usullarni qo‘llash orqali jinoyatga hech bir aloqasi bo‘lmagan odamlarni tuxmat qilish darajasigacha olib borganlar. O‘zlarining shaxsiy jamg‘armalarini tergovchilarga topshirishga, qarindosh-urug‘laridan, tanish-bilishlaridan pul qarz olishga, butun qishloq bo‘ylab mahallama-mahalla yurib, pul yig‘ishga majbur etganlar. Ko‘p hollarda ular magazinlardan zargarlik buyumlarini sotib olib, qamalishdan qo‘rqib, jinoiy yo‘l bilan topilgan buyum deb topshirganlar. Hech bir mubolag‘asiz aytish mumkinki, pul va buyumlarni ana shunday “musodara” qilish O‘zbekiston bo‘ylab amalga oshirilgan.

 Bu holatni Bekchonov misolida ko‘rish mumkin. 2-guruh nogironi bo‘lgan bu odam bir necha bor so‘roqqa chaqiriladi, undan 500 ming so‘m pora berishni talab qilishadi. U jinoyatga qo‘l urmaganini, shuncha pulni umrida ko‘rmaganini va qo‘liga ushlamaganini aytib, rad javobini beradi. Ammo: “O‘zingni, xotining va bolalaringni qamaymiz”, degan do‘q-po‘pisadan keyin yuz ming so‘m topib, keltirib berishga rozi bo‘ladi. U qarindosh-urug‘laridan, tanish-bilishlaridan qarz ko‘taradi. Kimdan qancha qarz olganini notarius idorasida tasdiqlatadi (keyinchalik biz bu hujjatlar bilan tanishdik, notariusni, pul qarz bergan kishilarni so‘roq qildik). Olgan qarzlariga Bekjonov o‘zining jamg‘armasini qo‘shib, tergovchiga 97 ming so‘m keltirib beradi. Ammo, noinsof tergovchilar bu pul jinoiy yo‘l bilan topilgan, poraxo‘rning iltimosiga ko‘ra, Bekjonov keltirib berayotgan pul sifatida rasmiylashtiradi. 

“Garov”dagi yana bir kishi — Bekembetovni 11 kecha-kunduz hibsda saqlashadi, bir necha yuz ming berishga “ko‘ndirishadi”. So‘ngra ozod qilib yuborishadi va “basharti va’da qilingan pulni keltirib bermasa, o‘zini yana qamoqqa tushishi va oila a’zolari ham qo‘shib qamalishi” haqida ogohlantirishadi. Bekembetov 50 ming so‘m pul yig‘adi va singlisi bilan birga prokuraturaga olib keladi. Tergovchi shu zahotiyoq guvohlar huzurida pullarni qabul qilib oladi, ammo soxta bayonnoma tuzib, undan bu pullar Bekembetov uyi yonidagi binodan topildi, deb yozadi. Biz bu hodisani tekshirgan chog‘imizda o‘sha guvohlarni qidirib topdik. Ular voqea aslida qanday bo‘lganligini darhol aytib berishdi. Uyda hech qanday tintuv bo‘lmagan, pullarni prokuraturaga keltirib berishgan. Biz shu bilan kifoyalanib qolmadik. Holbuki, soxtalikka yo‘l qo‘yilganligini aniqlash uchun Bekembetov, uning singlisi, qarindosh-urug‘lari bergan guvohliklarining o‘zi ham kifoya edi. Bekembetovning uyiga bordik, ne ko‘z bilan ko‘raylikki, uning uyi yonida hech qanaqa qo‘shimcha bino yo‘q edi. Tergovchining o‘zi ham Bekembetov bilan yuzlashtirilganida bayonnomani soxtalashtirganligini tan olishga majbur bo‘ldi.

Gdlyan bilan bog‘liq tergov hujjatlarini o‘rganish chog‘ida “jinoiy yo‘l bilan topilgan buyumlarni, katta mablag‘ni yashirganligi haqida” o‘z aybini bo‘yniga olgan “garovdagi” odamlarning bergan guvohliklari diqqatimizni tortdi. Ular qimmatbaho buyum va pullarni qaerda saqlaganliklari, qancha miqdordaligi, “o‘g‘irlik” buyum va pullar yashirilgan joylarini ipidan-ignasigacha batafsil tushuntiradi va qanday qilib topish mumkinligi haqida gapiradi. Ammo, bizni hayratga solgan narsa shu bo‘ldiki, tergovchilar ana shu pul va buyumlar yashirilgan joyga borib, tintuv o‘tkazish va ularni musodara qilishga shoshilishmaydi. Buni Gdlyan o‘zining tergov “taktikasi” deb izohlaydi. Ammo ko‘p hollarda tintuv umuman o‘tkazilmagan, chunki berilgan guvohliklar soxtaligini tergovchilar bilishgan, ular aytilgan joylarda hech vaqo saqlanmasligini ham bilishgan. Oddiy usulni qo‘llashgan — qo‘lga olingan odamni qamoqdan bo‘shatishgan va “saqlayotgan” narsani olib kelishga majbur qilishgan. Undan keyingi voqealarning qay tarzda rivojlanishi yuqorida keltirilgan misollardan ham ko‘rinib turibdi. 

Ashyoviy dalillar — Gdlyanning eng nozik joylaridan biri edi. Biz ularni tekshirishga astoydil kirishgandik, ammo Bosh prokuror N.Trubinning ishni yotqizganligi kamomad, qimmatbaho buyumlarni almashtirilganidan dalolat beruvchi ko‘pgina faktlarni oxirigacha batafsil tekshirib chiqishga xalal berardi.

Yodimda, 1989 yil oxirida SSSR Prokuraturasida o‘tkazilgan partiya yig‘ilishida men minbardan turib hammaning huzurida Gdlyan juda ko‘p pul va qimmatbaho buyumlarni qaytarishiga to‘g‘ri kelishini aytgan edim. O‘shanda sukut saqlagan, e’tiroz bildirmagan, so‘zlarimni rad qilmagandi, holbuki, odati bo‘yicha u o‘ziga xos qat’iyatlilik va shijoat bilan o‘zinikini ma’qullashga o‘rgangan edi. Basharti e’tiroz bildira boshlaganda, men ham o‘z navbatida aniq misollar keltirgan bo‘lardim.

Gdlyan guruhi o‘tkazgan tintuv bayonnomalarida “60 ta va undan ko‘proq tilla tanga musodara qilindi”, “Diplomat pul bilan liq to‘la edi”, degan yozuvlarga ko‘zingiz tushadi. Xo‘sh, aniqrog‘i tilla tanga qancha edi? Anig‘ini hech kim bilmasdi.

Gdlyan qimmatbaho buyumlarni musodara qilishdagi tartibsizliklarni oqlash uchun bir necha bor ularni topilgan yerda sanab o‘tirish xatarli edi, axir qimmatbaho buyumlarning o‘zi ko‘p edi-da, deb aytgandi. Topilgan buyumlarning ko‘pligi haqida uning aytganlariga qo‘shilsa bo‘lar, ammo xavf-xatarga kelsak, biron marta bunday hol yuz bermagan. Yoki boshqa bir misol, tintuvlardan birida tilla tangalar bilan to‘ldirilgan ikki yuz grammli shisha bankani topishgan, tangalarga tushirilgan gerb, burgut tasvirini qayd etishgan-u, ammo tangalarning o‘zini sanashga hech kimsaning fursati bo‘lmagan. Tintuv soat 1800 dan 1830 ga qadar o‘tkazilgan, buni normal hol deyish mumkin. Chunki ko‘p narsa emas, bor-yo‘g‘i yuz grammli shisha banka ro‘yxatga olingan.

Qimmatbaho buyumlarning ayrimlari olingandan keyin umuman ko‘zdan kechirilmagan, idishga joylanib, surg‘uchlanmagan. Shunday faktlar ham aniqlandi — tintuv o‘tkazilgan vaqtda topilgan pullar, qimmatbaho buyumlar idishga joylanganidan keyin muhr bilan surg‘ichlangan bo‘lsa, ko‘zdan kechirish uchun uni ochishganda mutlaqo boshqa muhr nusxasi borligi ma’lum bo‘lgan.

1984 yil mart oyida Izzatov ishi bo‘yicha topilgan qimmatbaho buyumlarning umumiy miqdori taftish qilinganda 5274 so‘mlik tilla buyum (24 dona), 1049 so‘mlik 15 dona qo‘l soati aniqlandi. Unga bu buyumlar qaerga gumdon bo‘lganligi oynadek ravshan bo‘lishi kerak edi. 

Meyleyev ishi bo‘yicha “Sharp” magnitafoni, “Soni” fotoapparati, ikkita “Italiya” signali va “Sharp” avtomobil magnitafoni, jami 5200 so‘mlik buyum yetishmayotganligi aniqlangan (ular 1984 yilda ro‘yxatga olingan edi).

(Davomi bor)

 

Viktor ILYUXIN

yuridik  fanlar doktori,

professor

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + 12 =