“Sen jahon chempioni bo‘lasan!”

Vengriyaning Budapesht shahrida o‘tgan “First Saturday GM” xalqaro turnirida Javohir Sindorov uchunchi grossmeysterlik talabini bajardi va 12 yoshida jahonning eng yosh xalqaro grossmeysteri bo‘ldi.

 Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning dunyoning eng yosh grossmeysteriga yo‘llagan tabrigida: “Bunday ulkan e’tirof yurtimiz yoshlarining barcha sohalarda, jumladan, aql-zakovat musobaqasi bo‘lgan shaxmat bo‘yicha  ham katta marralarni zabt etishga qodir ekanini yana bir bor yaqqol namayon etmoqda.

Ayni vaqtda bu tarixiy vaqea o‘zining buyuk ilmiy kashfiyotlari, ma’naviy-intellektual salohiyati va tafakkuri bilan dunyoni hayratga solgan ulug‘ allomalarimizning munosib vakillari yurtimizdan yetishib chiqayotganini ko‘rsatadi.

Ishonchim komil, sen erishgan bu yuksak natija ming-minglab o‘g‘il-qizlarimizni marrani doimo baland olib, o‘z kuchi, bilimi va iste’dodiga ishonib, turli sohalarda katta g‘alabalarni qo‘lga kiritishga intilib yashashga ruhlantiradi”, deyiladi.

Javohirning ulkan g‘alabasi oilasiga katta shodiyona olib keldi. Unga Toshkent shahar, Sergeli tumani, Chorbog‘ mahallasidagi 102-uydan 3 xonali kvartira kaliti topshirildi.

 “BIRINCHI BO‘LISHGA INTILAMAN”

 Bolaning beg‘ubor onlarini tabarruk bilib, istagini bajarishdan oldin, qiziqishlariga e’tibor qaratib, foydali mashg‘ulotga yo‘naltirilsa, kelajakda yetuk shaxs bo‘lib voyaga yetadi. 

— Javohir, 2012 yil dekabr oyida Dehlida bo‘lib o‘tgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritib, Vatanimiz sha’nini himoya qilgandingiz. Osiyo chempioni unvoni kelajakdagi ulkan g‘alabaga kichik zina vazifasini o‘tashini bilganmidingiz? 

— Yo‘q, albatta. O‘shanda men oldimga bobomning ishonchini oqlayman degan maqsad qo‘ygandim. Chunki, bobom uch yoshimdan boshlab shaxmat taxtasida dona surishni o‘rgatib keladi. Va bolaligimda: “Sen jahon chempioni bo‘lasan!” — derdi. Men faqat birinchi bo‘lishga intildim. Va bugun maqsadimga yetdim.

— Jahon reytingida yuksak cho‘qqini zabt etib, eng yosh grossmeyster bo‘lishingizda ukangiz Islombekning ham xizmati bor. Eslaysizmi, 2013 yil iyun oyida Eronda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida Islombek rekord o‘rnatgandi, ya’ni 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida shaxmatning rapid, klassik, blits yo‘nalishda 21 partiyaning 20 tasida g‘olib bo‘lib, uchta oltin medalni qo‘lga kiritgandi. 

— To‘g‘risini aytsam, ukam mendan bir yosh kichik. Rekordni esa men o‘rnatmoqchi edim, omad unga kulib boqdi. Ustozim, imkoniyati cheklangan yoshlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Sirojiddin aka Zayniddinov bilan shaxmatning sir-sinoatlarini qattiq o‘rgana boshladim. Sirojiddin akaning singlisi Sabohat opa ham ko‘p yordam berdi. Bobom shaxmatda turli himoya usullarini qo‘llashimni nazorat qilib turdilar. Natijani esa o‘zingiz ko‘rib turibsiz…

— Maqsadingizga erishdingiz, kelajak orzularingiz haqida nima deya olasiz?

— Men erishgan natija — jahonning eng yosh grossmeysteri unvoniga loyiq dona surishim kerak. Bunga erishaman deb o‘ylayman. Chunki, shaxmat men sevgan sport o‘yini. Juda qiziqaman, kelajakda bundanda yaxshi natija ko‘rsatishga harakat qilaman.    

USTOZ

Biz Javohirni shaxmat olamiga olib kirgan, unda xotira mashqi — shaxmatga qiziqish uyg‘ota olgan bobosi — O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi prezidentining o‘rinbosari, yuridik fanlari doktori, professor Komil aka Sindorovning fikrlarini ham eshitdik. 

— Bir gal xizmat safaridan qaytayotuvdim, samolyotda bolali ayol yonimdagi o‘rindiqqa o‘tirdi. Chaqalog‘i negadir yig‘lay boshladi. Ayol shosha-pisha qo‘lidagi sumkasini titkiladi. Va planshetini chiqarib, nimanidir qo‘ydi. Buni qarang, chaqaloq yig‘idan to‘xtadi. Kompyuterga tikilib qoldi.

Bu vaqea menga ta’sir qildi. O‘sha paytda Javohir 2 yoshda edi. Kompyuterni ko‘rsa, to yoniga bormaguncha tinchimasdi. Avvaliga, uning murakkab o‘yinlarni mahorat bilan boshqarishi o‘ylantirib qo‘ydi. Xotirasi kuchli edi. 3 yoshida karra jadvalini yodlab oldi.

Kunlarning birida Javohirni sport do‘koniga olib kirdim, shaxmat taxtasini sotib oldik. Uyga kelib donalarni taxtachaga tizib chiqdim va yurishni o‘rgata boshladim. Bir pasda o‘rganib oldi. Keyin ishdan kelishimni poylab o‘tiradigan bo‘ldi. Stolida shaxmat taxtasi, donalar tartib bilan terilgan bo‘lardi. 

Keyin murabbiy Sabohat Zayniddinovaga olib bordim. Qarang, kompyutersiz turolmaydigan nevaram besh yoshga to‘lmasdan shaxmatchi bo‘ldi. Undan bir yosh kichik ukasi — Islombek ham akasidan o‘rnak oldi. 

Shaxmat — aql jangi, deb bekor aytishmaydi. Bir joyda ko‘p o‘tiriladi, buning salomatlikka ta’siri bor. Sog‘lig‘ini mustahkamlash uchun nevaralarim bilan har kuni futbol o‘ynayman. Kichik nevaram Humoyun futbolga qatnaydi. Zarbasi zo‘r. 

Men bir narsani angladim: bolalarni sport bilan shug‘ullantirish uchun, ularda qiziqish uyg‘ota bilish kerak ekan…  

 

Yusuf JO‘RAYEV

“Hurriyat” muxbiri

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 1 =