Uzoq davom etadigan muolaja

Sakson birga kirgan bobom har kuni Qur’oni karim xatm qiladilar, yana, oyiga uchta-to‘rtta kitob o‘qiydilar. O‘qiganlarini bizga aytib ham beradilar. Yaqinda toblari qochib qoldi. Vrach har kuni chorakta ichib turasiz degan dorining yarimtasini ichirib qo‘yibdilar. Bir hafta reanimatsiyada yotdilar. So‘ngra o‘n besh kun muolaja qilishdi va “mana endi qondan o‘sha dorining asoratini yuvib bo‘ldik”, deb davolab, javob berishdi. Chorakta dorining yuqini…

 

Aristotel davlat haqidagi nazariyasida uqtirishicha, har bir davlatning xuddi inson kabi tanasi va ruhi bo‘ladi. Iste’molchilik ehtiyojini qondirish bilan mashg‘ul mehnatkashlar — dehqonlar, hunarmandlar, savdogarlar, yollanma ishchilar — davlatning “tana”si. Davlatning “ruh”i esa — harbiylar, sudyalar, qonun chiqaruvchi kengash va ilm ahli. Bamisli inson uchun muhim bo‘lganidek, davlatning “ruh”i “tana”sidan muhimroqdir, deydi alloma.

Davlat sifatida, millat sifatida bizning tanamizda, ruhimizda, qonimizda qanday-qanday illatlar borki, sanab adog‘iga yetolmayapmiz. Qaysi “dori”dan qancha ichib qo‘yganimizni, ularni qondan qanday yuvib tashlashni, bunga qancha vaqt kerakligini bilmaymiz. Bizga berilganmi, o‘zimiz topib ichganmi, yo bizni nashavandga aylantirib, shu dorisiz yasholmaydigan qilib qo‘yganmi — o‘sha “dori”larning o‘zi nima edi? 

Gapni cho‘zmay, “dori”larning kattasi — hadik ekanligini aytib qo‘ya qolay.

Ma’lumki, o‘g‘rilik eng qadimiy hunarlardan. Dunyodagi eng katta urush ham o‘g‘rilikdan boshlangan. Troya urushi. Homer “Iliada”sini albatta o‘qigansiz. Troya shahzodasi Paris Sparta podshohi Menelayning uyiga mehmon bo‘lib borganida mezbonning rafiqasi Yelenaga oshiq bo‘lib, uni o‘g‘rilab ketadi. Keyin yunonlar Troya ustiga bostirib boradilar. “Panchatantra”, “Avesto”, “Ming bir kecha”, “Kalila va Dimna”… hammasida o‘g‘rilik haqida bor.

O‘sha-a-a-a zamonlardan buyon o‘g‘ridan qo‘rqamiz, o‘g‘rilikdan qo‘rqamiz, bir-birimizdan qo‘rqamiz. 

Bir-birimizdan qo‘rqmasak, bir-birimizni o‘g‘ri deb o‘ylamasak, uylarga, supermarketlarga, mashinalarga kameralar, signalizatsiyalar o‘rnatishgacha, hamma joyga devor, panjara, simto‘r tortishgacha yetib kelarmidik?

Barcha nimasiningdir o‘g‘rilanishidan xavotirda. Bunday ihotalangan ashyolarni o‘g‘irlovchilarga qonunlar, jazolar ham o‘ylab topganmiz.

Ammo biz nashavandga o‘xshab ko‘nikib ketgan, qo‘rquv — qo‘rquvligini yo‘qotgan, bizni beparvo, befarq qilib qo‘ygan, na jinoyat kodeksida moddasi, na jazosi mavjud o‘g‘riliklar bor.

Jazolanmaydiganlari — gap, vaqt, qalb, umr, taqdir o‘g‘rilikarini qo‘yaturib, eng kichigidan boshlaylik. Ota-onalar bolasining ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanmasdan, unga kitob o‘qitmasdan — kelajagini o‘g‘rilaydi. Bunga nom qo‘yib olganmiz — vaqt yo‘q. Olimu ishbilarmonlardan tortib, ko‘p sohaning odamlari fikrni, g‘oyani o‘g‘rilaydi. Bunga ham nom qo‘yib olganmiz — yashash uchun kurash.  Bilimlining o‘rniga bilimsiz o‘qishga kiradi — nimalar evaziga hamma biladi — orzular o‘g‘rilanadi. Buning ham nomi bor — hamma shunday qilyapti… Bularning o‘g‘rilik ekanligini esimizdan ham chiqarib yuborganmiz. Oldini olishga jur’at nari tursin, hafsalamiz ham yo‘q, 

Chunki — endi kattasiga keldik — ishonch o‘g‘rilangan. Bu kabi o‘g‘riliklarning jazolanishiga ishonmaymiz.  Adolatga ishonmaymiz. O‘zimizga ishonmaymiz. Hech kimga ishonmaymiz.

Shuning uchun tish doktoriga ishimiz tushsa, tanish orqali bormoqchi bo‘lamiz. O‘g‘limiz a’lochi bo‘lsa ham, o‘qishga kiritishga tanish izlaymiz — o‘zi kirishiga ishonmaymiz. Ishga kirmoqchi bo‘lsak tanish izlaymiz, bankdan kredit olmoqchi bo‘lsak, mashina olmoqchi bo‘lsak, hatto biror tanlovga qatnashmoqchi bo‘lsak, tanish izlaymiz. 

Qonimizdagi illatdan yana biri — beparvolik. Nimalarga beparvomiz?

Qadimda mahallalarda, qishloqlarda bitta-ikkita o‘g‘ri bo‘lgan. El ularni o‘g‘ri bo‘lsayam o‘zimizni o‘g‘ri deb, otni qashqasiday tanigan-bilgan. Odamlar begona o‘g‘ridan qo‘rqqan — boshqa qishloqdan, boshqa viloyatdan keladigan o‘g‘ridan. Hozir bizda begona o‘g‘rilar ko‘payib ketdi. Hayomizni, nomusimizni, madaniyatimizni, dunyoqarashimizni o‘g‘rilab, xuddi brilliant ko‘zli uzugimizni soxtasi bilan almashtirib qo‘yayotgandek, o‘z musiqasi, kinosi, klipi, urf-odatlari, aqidalari, yashash tarzi, kiyimi bilan almashtirib qo‘ymoqda. Biz esa ong, qalb, ketma-ket kelayotgan avlodlar o‘g‘rilanayotganidan, bolalarimiz soxtasiga “almashtirib” qo‘yilayotganidan, shafqatsiz, xudbin, hayotdan lazzatlanib qolishga chorlayotgan ideallar yaratilayotganidan tashvishga tushayapmiz.

Kamerani qaerga qo‘ysak ekan? Devorni qaerdan tortsak ekan? Sim bilan qaysi hududni o‘rab olsak ekan? Qaerga signalizatsiya o‘rnatsak ekan?..

Katta-katta amaldorlarning o‘g‘irliklarini eshitib vahimaga tushardik. Falon ming, falon million… endi milliardlab summalarni eshitib ham hayratlanmay qo‘yayapmiz. Katta-kichik amal egalari porayu o‘g‘irlik bilan qo‘lga tushgandan keyin…

 Ishonch o‘g‘irlangan.

Bundan olti-etti yil ilgari, talabalik paytimda men va til biladigan ikki kursdoshim Oliy Majlisda amaliyot o‘taganmiz. Rus tilida tayyorlangan qonun loyihalarini o‘zbek tiliga tarjima qilardik. Har kuni darsdan chiqib, Oliy Majlis hovlisini o‘rab turgan panjara tashqarasida ruxsatnoma beriladigan mo‘’jazgina bino bor — shu yerdan ruxsat qog‘ozini olib kirardik. Qabul va murojaatlarni tinglash uchun eshiksiz, xonasifat, ochiq bir joy ham bor edi. Oftobda mayiz bo‘lib qolgan, qo‘lidagi dasta-dasta qog‘ozga qandaydir tashkilotlarning, kaftiga va yuziga esa mashaqqatli mehnatning muhrlari bosilgan odamlarning mulozimlar qarshisida adolat istab ko‘ziga yosh olganlarini ko‘p ko‘rganman. Tasavvur qiling. Tepada qonunlar yozilyapti. Biz o‘tirvolib tarjima qilyapmiz. Pastda haqiqat istab kelgan chorasiz, ishonch o‘chib qolgan ko‘zlar… Chidolmay tashlab ketdim.

Birinchi Prezidentimiz “O‘g‘ri bo‘l, insofli bo‘l” degan gapni ko‘p takrorlardi. Muqaddas kitoblarda “insofli”, “oz-moz” degan joyi yo‘q, o‘g‘rilikdan butunlay qaytarilgan. 

Shavkat Mirziyoyev “O‘g‘ri bo‘lma” deyapti. O‘sha mansabini suiiste’mol qilgan korchalonlarga muttaham, o‘g‘ri, xalqning puli bu, joyiga qo‘y, deyapti. O‘sha o‘g‘rilangan ishonchni qaytaraman, deyapti. Fikrlashni o‘zgartiraman, deyapti. Portallar,  “Xalq qabulxonalari” — ularning qanday ishlayotgani alohida mavzu — hech bo‘lmasa gapirish qo‘rquvi yo‘qolishiga xizmat qilyapti.

Bular qondagi va ongdagi qo‘rquvni, hafsalasizlikni, beparvolikni yuvish, ishonchni qaytarish muolajasi.

 Bu muolaja hali uzoq davom etadi. 

Men najotni ma’rifatda, inson o‘z-o‘zini o‘zgartirishga qadam tashlashida, badiiy kitoblar qalblarni ezgulik, insof, vatan, millat manfaati tuyg‘usi bilan davolashida deb bilaman.

Shuning uchun diqqat-e’tibor qaratilayotgan kitob mutolaasi sa’y-harakatlariga qo‘shimcha taklifim bor. 

Deylik, chiqarish, yetkazib berish vazifalari bajarildi, millionlab mablag‘ sarflanib kitoblar yoshlarning eshigiga qadar keltirib berildi. Endi savol tug‘iladi — ular o‘qiydimi?

Adabiyotga, kitobxonlikka qiziqqan yoshlarni, bir ikki tadbirlar va tanlovlarni nazarda tutib “O‘qiydi” deb javob berishdan oldin, ochiq tan olish kerakki, bugungi dunyoqarash: “Kitob o‘qishdan menga nima foyda?” degan savolni qo‘yadi. Bu “foyda” degani “menga nima zarurati bor” degani. “Ma’naviyating yuksaladi, dunyoqarashing kengayadi” kabi ma’rifiy javoblar uni qoniqtirmaydi. Uni kelajakdagi hayotiy niyatlarini amalga oshirish uchun kitob o‘qish zaruratini, “foyda”sini his qildiradigan aniq Sabab kerak. 

Shu bois kitobxonlik va kitob mutolaasi madaniyatini oshirish borasidagi harakatlar aniq natija berishi uchun aholining barcha qatlamlarida, ayniqsa, yoshlarda kitob mutolaasiga Ehtiyoj, Zarurat va Majburiyat vaziyatini yaratish lozim. 

Buning uchun yo‘nalishidan qat’i nazar barcha oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun sinov testlari topshirishdan oldin insho yozish imtihonini joriy qilish hamda barcha mutaxassisliklardagi o‘quv dasturlariga adabiyot darslarini kiritish zarur.

Chunki, inshoga tayyorlanish maktab davridanoq kitob o‘qib borishni taqozo qiladi. Adabiyot bilan muntazam tanishib borish esa fikrni, dunyoqarashni, orni, nomusni, o‘z-o‘ziga ishonchni, el-ulusga ishonchni tarbiyalaydi. Qalbdan qo‘rquvni, beparvolikni, loqaydlikni yuvadi, o‘zini millat deb his qilishni o‘rgatadi.

Ibrohim AZIZ

Jurnalist

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + 2 =