Gdlyanning millionlari: afsonami, haqiqat? Ular mafiyaning panohida ish yuritgan

Ishni arz qilgan odamdan boshladik. U tergovchilar o‘zi bilan qanday “muomalada” bo‘lganliklarini oqizmay-tomizmay gapirib berdi. O‘g‘lini qamash bilan qo‘rqitishganlaridan keyin u o‘ziga tuhmat qilishga majbur bo‘ladi. Gdlyan doim undan pul talab qilardi. Salim Rahmonov shunday xotirlaydi: “…1987 yil qishda meni yana Moskvaga, Butirka turmasiga olib kelishdi. Bu yerda Gdlyan mendan 300 ming so‘m berishimni talab qila boshladi. Buning evaziga o‘g‘limni bo‘shatib yuborishni va’da qildi. O‘g‘lim 10 kundan beri qamoqda edi. Menga beriladigan jazoni esa bor-yo‘g‘i besh-olti yilga kamaytirishini aytdi.

 

Bahorda Gdlyan o‘g‘lim Anvarni xonasiga chaqirtirdi. Haqiqatan ham, Gdlyan uyushtirgan ana shu uchrashuv chog‘ida men o‘g‘limdan Moskvaga, SSR Ittifoqi prokuraturasi tergov bo‘limiga 100 ming so‘m pul olib kelishini so‘radim”. Shundan so‘ng Salim Rahmonov oradan ko‘p vaqt o‘tmay o‘g‘li ana shu pullarni olib kelganligini aytdi. Tergov bo‘limida Gdlyan ular uchun qisqa muddatli uchrashuv uyushtirgan. Anvar keltirgan pullarini diplomatda qoldirgan-u, o‘zi chiqib ketgan. Salim Rahmonov bir oz fursat o‘tib, ro‘znomaga o‘ralgan pullarni olib Gdlyanga bergan. U pullarni olib stolining o‘ng tortmasiga solib qo‘ygan. Biz Anvar Rahmonovni ham so‘roqqa chaqirdik. Uni 1987 yil bahorida Buxoro shahar F. Xo‘jaev rayon prokuraturasiga tergovchi Moroz taklif qilib, Moskvaga prokuraturaning tergov bo‘limiga otasi bilan uchrashtirish uchun Gdlyan chaqirayotganini aytadi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, aytilganlarning hammasini Moroz ham tasdiqladi. Tergov bo‘limiga yetib kelganidan keyin, ikki soatlar chamasi o‘tgach, Anvar Rahmonovni otasi bilan uchrashtirishadi. Otasi unga qarindosh-urug‘laridan pul qarz ko‘tarish, o‘zidagi bor pullarni qo‘shib 100 ming so‘m qilib, Moskvaga olib kelishi kerakligini aytadi. Gdlyan yana uchrashuvga ruxsat beradi. O‘g‘lining otasiga peshonasidagi tirtiq qaerdan paydo bo‘ldi, deb bergan savoliga, u so‘roq paytida Gdlyan bilan Ivanov uni kaltaklaganliklarini aytadi. “Gdlyan oyog‘i bilan shunday teptiki, peshonamning terisi shilinib ketdi”, — deydi u.

Anvar uyga qaytib kelgach, qarindosh-urug‘lari yuz ming so‘m yig‘ib berishadi. Biz ularni ham so‘roq qildik, kim qancha pul berganligini aytishdi.

O‘n kunlardan keyin Anvar samolyotda yana Moskvaga keladi. Pullar ro‘znomaga o‘ralgan bo‘lib, diplomatga joylangandi, uni Hamroqul Shukurov poezdda o‘zi bilan olib keladi. Biz uni ham izlab topdik va u so‘roqda pullarni Moskvaga olib kelish bilan bog‘liq hamma gapni to‘la tasdiqladi. Anvar bilan birga SSSR prokuraturasi tergov bo‘limi binosiga borishganini, Anvar pul solingan diplomatni olib ketganini, binoning ichiga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘lganini, oradan uncha vaqt o‘tmay diplomat va pulsiz qaytib chiqqanini gapirib berdi. Moskvada Anvar va Hamroqul Shukurov SSSR Fanlar akademiyasi yotoqxonasida aspirant Islom Ramzatov xonasida turishadi. U ham buni tasdiqladi. Anvar diplomatni olib, Shukurov bilan birga yotoqxonadan chiqqanini, otasi bilan uchrashgani ketganini aytdi.

Anvar Rahmonov shundan keyin bo‘lgan voqealarni esladi. U tergov bo‘limiga kelgach, uni to‘rtinchi qavatdagi xonaga boshlab kirishadi, ko‘p o‘tmay shu yerga otasini ham olib kelishadi. 

 “Ikkalamizni yolg‘iz qoldirishdi. Yo‘lakda tarjimon Dilya u yoqdan bu yoqqa yurardi, familiyasi yodimda yo‘q. U bilan Dadajonov suhbatlashardi. Taxminan yarim soatlar chamasi men otam bilan suhbatlashib o‘tirdim, yuz ming so‘m pul olib kelganligimni aytib, diplomatga ishora qildim. Yangi kostyum olib kelganligimni aytuvdim, otam uni olmadi, o‘zim bilan olib kelgan oziq-ovqat mahsulotlarini, ozroq non (uy noni), yana hammasi esimda yo‘q, u-bu narsalarni berdim. Keyin Moroz kirib, menga ketishim kerakligini aytdi. Otam xonada qoldi. Men to‘rxaltani o‘zim bilan oldim. Diplomatni xonada qoldirdim. Pullar ikkita “Sovet O‘zbekistoni” ro‘znomasiga o‘rog‘liq holda diplomatda edi. U yerda 15 dasta 50 talik va 10 dasta 25 talik pullar bor edi. Bu pullar turmada otamga nima uchun kerak bo‘lib qolganini aytmadi, faqat kerak bo‘lib qoldi, dedi, vassalom. Men diplomatni stolning deraza tomonidagi chekkaga qo‘ydim va u qaerda turganligini otamga aytdim”.

Uzul-kesil xulosaga kelish uchun biz tergov tadbirlarining rejasini tuzib olgan edik. Ulardan ayrimlarini bajardik, ishimiz tugatilganligi sababli boshqalarini nihoyasiga yetkaza olmadik. Ammo, maxbus Salim Rahmonovni qachon va necha marta tergov izolyatoridan so‘roqqa olib kelganlarini tahlil qilib chiqdik. Ular son jihatidan ham, vaqt jihatidan ham Rahmonovlar bizga so‘zlab bergan holatlar bilan bir vaqtga to‘g‘ri keladi. Shu narsa ham ko‘zga tashlanardiki, yana so‘roqqa olib kelish vaqtida Salim Rahmonov bilan tergov harakatlari bajarilmagan. Oradan ancha vaqt o‘tganligi sababli Anvar olgan avia biletlarning qiyqim qismini topishning iloji bo‘lmadi, aeroportlarda bunga tegishli arxiv yo‘q qilib bo‘lingan edi. Ammo bizning baxtimizga ittifoq prokuraturasi buxgalteriyasida Gdlyanning safar guvohnomalari saqlanib qolgan ekan. Ular biz so‘z yuritgan voqealar paytida Gdlyan Moskvada turganligini tasdiqlash imkonini berdi.

 Salim Rahmonov hamxonalaridan birini ham so‘roq qildik. Bu odam To‘ra Hayitov bo‘lib chiqdi. U Salim Rahmonov bilan birga O‘zbekiston Respublikasi DHQ tergov izolyatoriga qarashli qamoqxonada yotganligini aytdi. “So‘roq olib borganlaridan keyin kameraga qaytgach, odatga ko‘ra, so‘roqning mohiyati haqida bir-birimizga gapirib berardik. Gdlyan bilan Ivanov Salim Rahmonovni rahbarlar haqida guvohlik berishga majbur etayotganlarini aytdi. Agar shunday qilsa, har qanaqasiga shafqat qilishga va’da berayotganliklarini so‘zlab bergan edi. Yana u menga Gdlyan undan pul talab qilayotganini aytgandi. Qancha so‘mligi yodimda yo‘q, har qalay Gdlyanga pul berishi kerak ekan. U bu pulni berdimi yo yo‘qmi, buni men bilmayman. Biz bir oydan ko‘proq bir kamerada bo‘ldik. Rahmonovning tobi qochib qoldi va uni kasalxonaga olib ketishdi”.

 Biz bo‘lsak tergov bo‘limi xonalarini Anvar taniy olarmikin degan maqsadda unga ko‘rsatishga, u bilan otasi bergan guvohliklarni joyning o‘zida tekshirib ko‘rishga ulgurmadik. O‘zimiz yiqqan “diplomatlar” kollektsiyasini Anvar bergan guvohliklari asosida bo‘lib o‘tgan voqealarning qatnashchilariga ko‘rsatishga ham ulgurmadik.

 Rahmonovning yuz ming so‘m puli bilan bog‘liq voqealar haqida men uzul-kesil xulosa chiqarishga shoshilmadim, chunki hali tergov davom etmoqda edi. Ustiga-ustak Bosh prokuror ham ular bo‘yicha qaror qabul qilmagandi. Masala yana ochiq qoldi. Bizning tergovchilarimiz shunday fikr-mulohaza yuritishardi: “Gdlyan bunday ishlarni Salim Rahmonovning yuz ming haqidagi arznomasi bo‘yicha to‘plangan dalillari bilan sudga yo‘llagan va odamlarni og‘ir jazoga tortganlar. Basharti Gdlyan bu voqeani tekshirib ko‘rganida, pulni olgan odam o‘zi bo‘lmay, boshqa bo‘lib chiqqanida, u allaqachon koloniyada o‘tirgan bo‘lar edi”. 

 Ehtimol shundaydir. Hozir bu haqida folbinlik qilib o‘tirishdan va ortiqcha fikr-mulohazalarga berilishdan foyda yo‘q. Ko‘pincha o‘zimga-o‘zim shunday savol beraman: “Bordiyu yuz ming so‘mni keltirishgan ham deylik, agar bu pullar pora tariqasida emas, balki yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun keltirilgan bo‘lsa, nega endi bu haqida protokol tuzilmagan? Agar haqiqatda bu pullarni keltirgan bo‘lishsa, ular qayoqqa gumdon bo‘lgan? Gdlyan hech bir asossiz ravishda barchani baravar poraxo‘rlikda, “Kreml ishini” barbod qilishda ayblayotgani, orqa-o‘ngiga qaramay barchani qoralayotgani, o‘zi bo‘lsa ularning panasida yashirinayotganining sababi ham shunda emasmikin? Axir, “o‘g‘rini ushlanglar”, deb hammadan ko‘ra ko‘proq baqiradigan odam aslida kim bo‘lishini hamma yerda yaxshi bilishadi-ku”. Bunday savollar ketma-ket quyilib kelaverardi. Gdlyan millionlari yetishmayotganligi chog‘ida ham shunaqa savollar ko‘plab tug‘ilardi…

Gdlyan millionlarini ba’zi birovlarga ko‘pincha ikki tergovchining O‘zbekistondagi mafiyaga qarshi kurashishining natijasi qilib ko‘rsatishadi. Boshqalar esa Gdlyan bilan Ivanov mafiyaga umuman tekkanlari yo‘q, basharti odamlarni jinoiy javobgarlikka tortgan bo‘lsalar, ular ham faqat mafiya qaramog‘ida bo‘lgan kishilardir, deb mulohaza yuritishga moyildirlar.

(Davomi bor)

Viktor ILYuXIN

yuridik  fanlar doktori,

professor

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 2 =