Gdlyanning millionlari: afsonami, haqiqat? Mafiyaning chapak chalishi va Gdlyan sog‘lig‘i uchun qadah ko‘tarishigina qolgandi

Gdlyan bilan Ivanov nima sababdan shunday qilishdi, desangiz, ular shunchaki jinoyatchi shaxslar bilan til biriktirib, ularni sudga tortmaslikni va’da qilishgan, evaziga boshqa shaxslarga nisbatan guvohlik berishlari kifoya edi. Ularning bergan guvohliklari nechog‘li to‘g‘riligi bilan hech kimning ishi bo‘lmagan. Gdlyan sermashaqqat ishdan, xo‘jalik faoliyatini, savdodagi ahvolni atroflicha o‘rganishdan shunchaki voz kechdi. U shug‘ullanganida edi, o‘zi uchun ko‘p narsalarni kashf etardi. O‘z vaqtida Davlat xavfsizlik qo‘mitasi tergovchilari Buxoro shahar sanoat mollari savdosi tashkilotida taftish o‘tkazishni belgilagan edilar. 1983 yil 12 dekabrda 1610 varaqdan iborat akt Gdlyanga yuboriladi. Taftish davomida bir necha yuz ming so‘mlik kamomad, 87 ming so‘mlik ortiqcha qimmatbaho narsalar borligi va 200 ming so‘mlikdan ziyod tovar hech bir asossiz  qayta baholangani aniqlanadi. Ammo, taftish aktini Gdlyan ishga tirkamaydi, aksincha uni gumdon qiladi.

 

Buxoroda savdoning ahvoli o‘sha vaqtda prokuraturani g‘oyatda qiziqtirib qolganligi bejiz emasdi. Hisobdan tashqari, yashirin ishlab chiqarish tsexlarida tayyorlangan mahsulotning savdo orqali o‘tishi davlatga yuz millionlab zarar yetkazmoqda edi.  Buning payini qirqish payti kelgandi. Ammo, Gdlyan bilan Ivanov ularning yanada uzoqroq yashashiga qulay sharoit yaratib berishdi.

Biz yuqorida nomini tilga olgan tergovchi Kalinin  quyidagilarni gapirib berdi: “O‘g‘riliklar bilan bizni guruhimiz shug‘ullanmasdi. Gdlyan Moskvadan kelib, operativ kengashlarda ishni tezroq tugallashimizni bizdan talab qilardi. Nazarimda, savdo bilan alohida shug‘ullanish, buning uchun guruh tashkil qilish, boshqa rahbar tayinlash va savdo ishini chuqurroq tekshirish kerak edi. Chunki, u serdaromad joy. Respublika prokuraturasi Qudratovning ishini o‘zlariga topshirishni so‘radi, ammo Gdlyan bunga rozi bo‘lmadi”.

Gdlyan bilan Ivanov o‘zlari yo‘l qo‘ygan qonunbuzarliklarni oqlab ko‘rsatib, ikkinchi darajali, kichik jinoyatchilarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilganliklari haqida fikr-mulohaza yuritishga tushadilar. Ularning bunday mulohazalari ishning haqiqiy ahvolidan bexabar kishilarga qaratilgan bo‘lib, ularni shunchaki aldashdan iborat edi. Bir qarashda ashaddiy talonchilar, o‘g‘rilarni, poraxo‘rlarni suddan olib qolgan bo‘lsalar, boshqa holda go‘yo qimmatbaho buyumlarni saqlayotgan qilib ko‘rsatib begunoh odamlarni, ko‘p bolali onalarni, qartayib qolgan chollarni, homilador ayollarni turmaga tiqdilar, aybi bo‘lmagan bu odamlarni bir necha kunlab, oylab va yillab hibsda saqladilar. Demak, go‘yo Gdlyan bilan Ivanov mafiya haqiqatan ham avj olgan joylarda uni payqamasdilar. Tergovchi D. Oloresko so‘roq qilinganda tuzilgan protokoldan parcha keltiraman: 

“Aniq sanasi esimda yo‘q, ammo chamasi 1987 yil edi, biz tergovchilardan olganmidik yoki biron kimsa yuborganmidi, hozir eslolmayapman. Navoiy non mahsulotlari ishlab chiqarish birlashmasida olti vagon g‘alla yetishmayotganligi haqida xabar topgandik. Menimcha, o‘shanda moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish natijalariga ko‘ra, 1,5 million so‘m miqdorida kamomad aniqlangandi”.

D. Oloresko haq edi. Kamomad juda katta edi. Taftish akti bo‘lgan, unga ko‘pdan-ko‘p hujjatlar tirkalgan. Gdlyan tergovchilari tekshirish ishlarini boshlaganlar, birlashmadagi poraxo‘rliklar haqida guvohliklar olinadi. Ammo, oradan ko‘p vaqt o‘tmay noma’lum sabablarga ko‘ra, ishni “yopti-yopti” qiladilar, kamomad sabablari aniqlanmay qoladi.  Ishga tirkalgan ko‘pgina buxgalteriya  hujjatlari yo‘qoladi. Ularni biz ham topolmadik. Shuning natijasida davlatga yetkazilgan zararni tekshirib, ishni nihoyasiga yetkazish imkoni bo‘lmadi.

Non mahsulotlari birlashmasi bo‘yicha ishni yopish sabablari biz uchun qorong‘u bo‘lib, uni chuqur tekshirmasdan turib bir nima deyish qiyin edi.

Biz Gdlyan guruhidagi Buxoro uchastkasida ishlagan deyarli hamma tergovchilarni qayta so‘roq qilib chiqdik. Ulardan ko‘plari to‘g‘risini aytib qo‘ya qolishdi: “Gdlyan aniqlangan o‘g‘riliklar bo‘yicha tekshiruv olib borishni ta’qiqladi, davlat, jamoat mulkini talon-taroj qilish bo‘yicha materiallarni alohida ajratib olib, tekshirishga rozilik bermadi”.

Biz bir muncha vaqt uchastkaga boshchilik qilgan tergovchi M. Rahmonovdan olgan guvohlik e’tiborga loyiq. Uning aytishicha, 1984 yildayoq ular Qudratovning  Toshkent shahridagi savdo bazalari bilan aloqa bog‘laganligi, u yerda pora evaziga katta hajmda kamyob mollarni olib turishi haqida rasmiy ma’lumotlarga ega bo‘lishgan. Bu ortiqcha mollar bo‘lib, yashirin usulda ishlab chiqarilgan. Tergov  materiallari boshdan-oxir Gdlyanga ma’lum qilib turilgan, ammo u bu xususda hech qanday qaror qabul qilmagan.  Bunga qo‘shimcha qilib shuni aytmoqchimanki, gdlyanchilarning tergov materiallarida kavkazlik odamlar, shu jumladan, armanlar tez-tez ko‘rinib qolardi. Ammo, jiddiy gumon  va jinoyat qilganligi haqida ishonchli ma’lumotlar bo‘lishiga qaramay, birortasi jinoiy javobgarlikka tortilmasdi.  

Tbilisidan Buxoroga mahalliy aholining talabi katta bo‘lgan qimmatbaho material “laxtak gazlama” niqobi ostida olib kelinayotganligi haqida Gdlyan atroflicha tergov axborotiga ega edi. Hujjatlar “laxtak material” sifatida rasmiylashtirilardi, aslida esa gazmol olinar va laxtakka  nisbatan ancha yuqori baholarda sotilardi. Narxidagi farqlar o‘zi yuz minglab so‘mni tashkil qilar va o‘zlashtirilardi. Gazmol yetkazib bergani uchun Tbilisiga bir necha marta katta miqdorda pora olib borib berishadi.

Tergovchilar Gruziyaga borishi va u yerda tekshirish ishlarini bajarishi qolgandi. Ammo, Gdlyan ularning Tbilisiga borishiga ruxsat bermadi. Shundan so‘ng mafiya erkin nafas oldi.

Faqat shugini emas, tergovchilar arman millatiga mansub kishilar Buxoroga Eron matosini olib kelishganini aniqladilar. Mato savdo peshtaxtalarida tez sotilib ketadi. Uni sotishdan Qudratov yaxshigina foyda oladi. Bu haqda Buxoro magazinlarining sotuvchilari so‘roq qilingandi. Endi molni olib kelgan “olg‘irlar”ni  so‘roq qilishgina qolgandi. Ular matoni qaerdan va qanday qilib sotib olganliklarini, nima sababdan uni aynan Buxoroga olib kelganliklarini aniqlash kerak edi. Ularning turar joyini  aniqlaganimizda Gruziyada yashashlari ma’lum bo‘ldi. Ammo Gdlyan safarga chiqishga yana ruxsat bermadi, ularni so‘roq qilishga va g‘oyatda “istiqbolli” ana shu ulkan ishni oxiriga yetkazishga imkon bermadi. Uning ko‘rsatmasi bilan tergov materiallari ishdan ajratib olinib, jarga tashlandi. Boshqacha aytganda, ularni yo‘q qilishdi, na prokurorga, na sudga ko‘rsatishdi. Mafiyaning esa chapak chalishi va Gdlyan sog‘lig‘i uchun qadah ko‘tarishigina qolgandi.

Shu o‘rinda Gdlyan  guruhidan tergovchi Suxobrusning  aytgan gaplarini keltirib o‘tish joiz. U Gdlyan  bilan Ivanovning ish usullarini tavsiflar ekan, bunday deydi: “Professional nuqtai nazardan qaralganda, ularni ojiz odamlar desa bo‘ladi. Qonunga suyangan holda poraxo‘rlikka, mafiyaga va umuman jinoyatchilikka qarshi kurash olib borishdan manfaatdor ekanligini men ko‘rgan emasman. Hamma ishdan boshqacha maqsadlar ko‘zlanardi.  O‘sha kezlar deputatlik, demokratiya haqida gap bo‘lgan-bo‘lmaganligini bilmayman, ammo oshkoralik avj olib borayotgandi, ular ana shu oshkoralik to‘lqinida o‘z mansab mavqelaridan foydalanib qolishga harakat qildilar. Buni mafiyaga qarshi kurash deb bo‘lmasdi. Kurash ikkinchi o‘rinda turardi”.

Oxiri. Boshi 42-49-sonlarda.

Dilchehra O‘RALOVA 

tayyorladi.

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + 17 =