O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, “Hurriyat” mustaqil gazetasi va “Boshlangich ta’lim” jurnali tahririyatlari hamkorlikda bu yil huquqiy mavzuga ixtisoslashga

Halim Saidov shogirdlari davrasida                                                                                   Sholaziz Shoxidoyev fotosi

Talaba-jurnalistlar uchun tashkil etilgan mahorat saboqlarining navbatdagi bosqichi avjida. Tinglovchilar O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Safar Ostonov, “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori Halim Saidov, “Shuhrat” medali sohibi Husan Nishonov, taniqli muharrir va huquqshunos  Olim O‘sarov, jonkuyar jurnalist  Zilola Madatova kabi tajribali jurnalistlarning mahorat maktabida saboq olmoqda.

Quyida mahorat maktabi talabalarining ayrim materiallarini e’tiboringizga havola qilmoqdamiz.

 

Eski yo‘llar eskirdi

  Yoshlar o‘rtasida ma’rifatni keng yoyish, kitobga mehr uyg‘otish maqsadida turli tadbir va bellashuvlar tashkil etilyapti. Umuman bunday tadbirlarning o‘tkazilishi yaxshi. Birinchidan, o‘quvchining bo‘sh vaqti mazmunli kechadi. Ikkinchidan esa, katta hayotga tayyorlovchi eng yaxshi muallim — kitob bilan yaqindan do‘st tutinishga undaydi. Kitobxonlikka mehr bolada qachon shakllanadi?

 Inson biror faoliyatni o‘ziga odat qilib olishi yoki o‘sha faoliyatga mehr qo‘yishi muhitga bog‘liq. Ko‘p guvoh bo‘lganmizki, o‘qituvchining farzandi boshqa kasb vakillarining farzandidan ko‘ra kitobga ko‘proq mehr qo‘ygan bo‘ladi. Nega? Chunki o‘qituvchining oilasida muhit shunday shakllangan. Bu kasb egalarining faoliyati bevosita kitob bilan bog‘liq bo‘lganidan ko‘p mutolaa qilishi farzandining e’tiborini tortadi. Dastlab farzandi shunchaki oila a’zolariga taqlid qilib kitobni qo‘liga olgan bo‘lsa, keyinchalik albatta unga qiziqishi ortib, ichini varaqlashga o‘tadi va asta-sekin bu odatga aylanadi. 

Bugun aholining katta qatlami gazeta, jurnal mutolaasidan yiroqligi aytiladi. Bunga sabab qilib turli xil omillar ko‘rsatiladi. Emishki, rivojlangan mamlakatlarda gazetaga mehr kuchli va shuning uchun bosma nashrlarga ehtiyoj haligacha so‘nmagan. Bu fikr to‘g‘ri. Ammo bu O‘zbekistonda gazeta o‘qilmaydi, degani emas. Ko‘zingiz tushgan bo‘lsa, turk seriallari va yevropa filmlarida erta tongdan gazeta mutolaa qilib choy ichish odatga aylangan. Gazeta o‘qish odatining shakllanishiga sabab bor. 

O‘zbek xonadonlarida erta tongdan yo internetga kirish, yoki choy ichar mahalda televizorga termulish odat tusiga kirgan. O‘z-o‘zidan ma’lumki, oilaviy muhit umuman mutolaaga mehr uyg‘otgudek emas. Bunga sabab oilada gazetaga ehtiyoj yo‘qligi emas, davlat nashrlarining o‘zi yo‘qligi. Bir o‘ylab ko‘ring, qachon gazeta yoki jurnal olish uchun matbuot do‘koniga bordingiz? Umuman, xarid uchun alohida vaqt ajrata olasizmi? Bugungi shiddatli zamonda ha, men ulguraman, gazeta olish uchun alohida vaqt topib matbuot do‘koniga boraman, deydigan odam kam. Unda rivojlangan mamlakatlarda gazeta sotib olishga vaqt bemalol ekan-da, degan noto‘g‘ri fikrga bormang. Ularda gazeta, jurnal kabi bosma nashrlar xaridi uchun alohida vaqt ajratishning umuman zarurati yo‘q. Chunki erta tongdan gazeta aholiga tekin tarqatiladi. Xonadonlargacha yetkazib berishdan tashqari, ko‘chalarda, metro bekatlarida, gavjum joylarda gazeta tarqatayotgan kishilarga duch kelasiz. Ertalabdan ishiga yoki o‘qishiga shoshib ketayotgan odam yo‘l-yo‘lakay gazeta olib, transportda o‘qib ketaverishi mumkin. 

Bizda gazeta tarqatishning mavjud tartibi yo‘qligi masalaning asosiy sababi. Biz gazeta olib o‘qishimiz uchun albatta matbuot do‘koniga kirib o‘tishimiz kerak. Matbuot do‘konlari yon-atrofingizda bo‘lsa vaqt topib sotib olarsiz. Lekin bunday do‘kon hozir anqoning urug‘i-ku! Siz kitobxonlikning gazetaga nima aloqasi bor deb ajablanmang. Bir o‘ylab ko‘ring, agar oilada ota-ona ertalabdan internet yoki televizordan yangilik axtarmay, qo‘liga gazeta olsa, farzandi ham shunga o‘rganishi tabiiy. Yoki ko‘chada tarqatilayotgan gazetani telefondan charchagan har qanday odam sotib olishi turgan gap. Gazeta yoshlarning ma’naviy ozuqa olishi uchun internetdan ko‘ra kafolatliroq. Bundan tashqari, gazetada kichik-kichik hayotiy hikoyalar, mulohazaga undovchi maqolalar beriladi. Bola shularni o‘qish orqali sekin-asta badiiy adabiyotga mehr qo‘ya boshlaydi. Kitobxonlar safiga kirishi ham shundan boshlanadi.

Bolani bir amallab kitob o‘qishga o‘rgatdik deylik, keyinchalik bu qiziqish so‘nmasligi uchun muhit yaratish kerak. Xususan, kitob do‘konlarining sonini ko‘paytirish va kitoblarning narxini biroz maktab yoshidagilarga mos belgilash mutolaa muhitini mustahkamlaydi. Har qadamda “Dorixona” va “Paynet” bo‘lgani kabi arzonlashtirilgan narxda kitob do‘konlarining ko‘paytirilishi ayni muddao. Bizda kitob do‘konlari birinchidan kam, ikkinchidan narxlari ancha qimmat. Masalan, 9-sinf darsligiga parcha kiritilgan Said Ahmadning “Ufq” romanini olaylik. Asar juda qiziqarli va o‘qishli. Asarning parchasini o‘qigan o‘quvchi romanning to‘liq shaklini mutolaa qilishga qiziqishi tabii. Kitob do‘koniga borib, uni xarid qilish uchun sarflanadigan pulni esa hammaning cho‘ntagi ko‘tarmaydi. “Chorsu” savdo majmuasidagi kitob do‘konlarida kamida 40 ming so‘mdan sotilayotgan bu kitob 9-sinf o‘quvchisiga qimmatlik qiladi, albatta. 

Kitobxonlikning susayib borayotganiga yana bir sabab reklamaning yo‘qligi. Televizorda aylanayotgan reklamalarning ta’siri ancha katta. Masalan, turk seriallarini olaylik. Oynai jahonda efirga uzatilayotganiga qanoatlanmay, darrov disklarini qidirishga tushamiz. Bejiz emas, qaysidir ma’noda bu ham reklamaning natijasi. Aytaylik, kitobni ham mashhurlar orqali reklama qilsak. Taniqli xonanda yoki aktyor, yo yozuvchining o‘zi kitobning nima haqidaligini qiziqarli roliklarda namoyish qilsa, ko‘rgazmali reklamalar osilsa, aktsiyalar o‘tkazilsa muvaffaqiyatga erishsa bo‘ladi. Shunda ham tadbirkorlik, ham savodxonlik oshadi. Bu tajriba jahonda allaqachon sinab ko‘rilgan. Qolaversa, tijoriy davrda yozuvchilar ham o‘z tovarlarini aholi o‘rtasida yoyishni bilishi zarur. Ha, yoshlarni kitobxonlikka o‘rgatish oddiy odatlardan boshlanadi. 

Ha. Mutasaddi tashkilotlar gazeta va jurnallarni tezroq va ko‘proq yetkazish yo‘llarini izlashi, kitoblarning narxlari ustidan qattiq nazorat o‘rnatishi, qolaversa internet rivojlangan davrda har qanday nashrning elektron nusxasini o‘qish yo‘llarini ochishi va turli xalqlar adabiyotini o‘zbek tilidagi tarjimasini topish imkoniyatini yaratishi lozim. Chunki bozor iqtisodiyoti davrida kitob savdosida, umuman kitobxonlik darajasining ijobiy mezoniga erishishda eski yo‘llardan yurish yaramaydi.

 E’tibor YUSUPOVA

 

 Davlat kimniki?

—Jumrakni yopib yuringlar, qizlar!

—Sizga nima, xalal beryaptimi?

—Qarang, qancha suv uvol bo‘ldi. Shunday pastga bosib qo‘ysangiz, jumrak yopiladi, qiyin emas-ku?

Suv siznikimi, davlatniki? Sizdan ketayotgani yo‘q, ishingiz bo‘lmasin.

 Qozonga suv solayotgan qiz kosasini to‘ldirib to olib borib quyib kelguncha suv oqib turibdi. Kim bilsin kosalab yana qancha qatnaydi. 5-6 qadam naridagi qozoniga borib kelguncha ham qancha suv behuda ketyapti. Senga nima, davlatniki bo‘lsa bemalol ishlataveraman, deya fikrlaydiganlarga bas kelib bo‘larmidi? Gap talashishni ep bilmay, jumrakni yopib qo‘ydim…

Yotoqxonada turadigan qizlarning ko‘pchiligi o‘zim kabi qishloqdan kelgan. Qishloq desa hammaning ko‘z oldiga tandir-o‘choq, mevali bog‘lar, sut-qatiq, suv sepilgan, rayhon ekilgan hovlilar keladi. Ammo hamma ham bir necha ko‘chani piyoda kesib o‘tib, mahalla boshidan suv tashishni tasavvur qilmaydi. To‘g‘ri, hozir qishloqlar ham shahardan kam emas. Ammo biz tomonlarda hanuzgacha suv ta’minoti yaxshi emas. Ko‘pchilik aholi quduq qazdirgan. Suvi loyqa. Loyqasini tindirib ishlatiladi. Chanqog‘ingiz qonmaydi. Hovliga o‘rnatilgan krandan esa faqat qish oylarida suv keladi. Shunisiga ham shukr qilamiz. Chunki bolalikda qo‘lim og‘rib bir mahalla naridan suv tashigan kunlarim esimdan chiqmaydi. Bir kuni hech qaerdan suv topolmadik. Yoz. Issiq. Yosh bola emasmanmi, chanqoqqa chidolmayapman. U vaqtda mahallamizga ichimlik suvi quvurlari o‘tkazilmagan edi. Kechroq kelinoyim olib kelgan suvini moyli idishga solib ketgan. Ichay desam, suv yuzasida yog‘ qalqiydi, ichmay desam, tashnalikka chidolmayman. Shunday alam qilgandiki… doim katta hovuzimiz bo‘lsa, yomg‘ir yoqqanida shu suvni yig‘ib qo‘ysak, deb orzu qilardim…

Shaharga kelgan kunlarimni yaxshi eslayman. Issiq suv, sovuq suv xonangizga kelib tursa. Yuvinish uchun alohida suv isitib vaqt sarflamasangiz. Qanday yaxshi! Har safar jumrakni ochganda beixtiyor:

“Oqar suvlar uyingga,

Kelganiga shukr qil” satrlari yodimga tushadi. Ammo shukr qilish u yoqda tursin, bu ne’matni isrof qilganlarini ko‘rsam… 

Suv yer yuzining 70 foizini tashkil qilsa-da, uning faqat 3 foizi ichish uchun yaroqli ekanligini bilmaydigan odam kam bo‘lsa kerak. Shu zahira tugab borayotganidan xabardormisiz? Nega unda bir stakan suv bilan yuvsa bo‘ladigan tishingizga jumrakni ochib qo‘yib litrlab suv sarf qilasiz? E, ha suv davlatniki-da, shundaymi? Xo‘p, suv davlatniki deylik, unda davlat kimniki? Sizniki, meniki, bizniki! Bizniki bo‘lsa, nega o‘z boyligimizni o‘zimiz isrof qilyapmiz? Behuda oqib turgan suvga boqib, qurg‘oqchilikdan nobud bo‘lgan ekinlar, tashnalikdan halok bo‘layotgan odamlar, go‘daklar ko‘z oldingizga kelmaydimi? Siz bir harakat bilan ochadigan suvning chiqishi uchun minglab insonlar mehnat qilayotganidan xabaringiz yo‘qmi?

Shularni o‘yladimu, ammo gapirolmadim. Jumrakni yana bee’tibor ochib qo‘yganda, balki aytarman.

 Charos YOQUBOVA

 

 Arzon uy-joylar kimlarga beriladi?

2018 yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining nufusi 33 milliondan oshgan. Shundan 50,6 foizi shaharda yashaydi. Qolgani — qishloqda.

Aholining o‘sishi jahoniy muammo. 2050 yilga borib dunyo aholisining soni 9,6 milliardga yetishi aytilmoqda. Tabiiyki, aholi soni o‘sib borar ekan, o‘z-o‘zidan uy-joy muammosi yuzaga keladi.  

Davlatimiz ushbu masalani hal etishda uy-joy qurilishini yanada kengaytirish, birinchi navbatda, muhtoj oilalarni imtiyozli boshpana bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 noyabrdagi “Qishloq joylarda va fuqarolarning ayrim toifalari uchun arzon uy-joylarni qurishni kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2019-2020 yillarda arzon uy-joy mavzelarida tashqi muhandislik tarmoqlari, inshootlari va transport kommunikatsiyalari qurilishi bo‘yicha loyihalar tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2019 yilda jami 15 ming arzon uy-joy va xonadon qurilishi rejalashtirilgan. Ularning 11 mingtasi muhtoj oilalarga beriladi. 

Uy olish uchun ipoteka kreditlari 2020 yilning 1 yanvarigacha 20 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr hamda birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi, undan keyingi davrda Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi miqdori ko‘rsatilgan holda belgilanadi. 

Arzon uylardan olishga huquqi borlar quyidagicha tavsiflangan: 

turar-joyi yo‘q va turar-joyda ijara shartlarida yoki yashash uchun yaroqsiz turar-joyda yashayotgan oila;

boshqa oila yoxud boshqa oilalar bilan bir uyda birgalikda yashovchi oila;

ko‘p bolali oila;

to‘liq bo‘lmagan oilada bolani (bolalarni) yolg‘iz tarbiyalayotgan onalar (otalar);

daromadi yuqori bo‘lmagan oila (bir oydagi jami daromadi har bir oila a’zosiga belgilangan eng kam oylik ish haqining 3 baravari miqdorigacha to‘g‘ri keladigan oila);

tarkibida birinchi guruh nogironi bo‘lgan yoxud surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va qonun hujjatlariga muvofiq alohida xonada yashashga ehtiyoj sezuvchi shaxs bo‘lgan oila.

 Sabohat UZOQOVA

 

 Ota-onalar mamnun

Toshkent radiotexnika va avtomatika kasb-hunar kolleji — yurtimizda maishiy texnika va elektronika bo‘yicha o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash yo‘lida yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik qilib kelayotgan ilg‘or muassasalardan.

 — 2012 yildan buyon 19 korxona va tashkilot bilan tuzilgan ikki tomonlama uzoq muddatli hamkorlik shartnomalari muassasamiz bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashda qo‘l kelmoqda, — deydi kollej direktori Bahodir Ziyomuhammedov. — Ta’lim maskanimizda to‘rt qavatli o‘quv binosidan tashqari ikki qavatli o‘quv-amaliyot ustaxonasi mavjud. O‘quvchilar bu yerda amaliy mashg‘ulotlar olib boradi. Bitiruvchilarning bandligi asosan 3-kursdagi ishlab chiqarish amaliyoti davridayoq to‘rt tomonlama shartnoma asosida ta’minlanadi. 2017 yilda 361 nafar bitiruvchining 337 nafari muqim ish o‘rniga ega bo‘ldi. Shu tariqa muvaffaqiyatli ishga joylashgan shogirdlarimizning munosib ish o‘rni va yaxshi maosh bilan ta’minlanayotganidan ota-onalari ham mamnun.

Ushbu ta’lim muassasasida radiotexnika, elektronika, avtomatika, maishiy texnika, tibbiyot uskunalariga texnik xizmat ko‘rsatish, yig‘ish va sozlash faoliyat turlari o‘rgatiladi.

— Asosiy faoliyatimiz “Artel”, “Samsung” brendlari ostida maishiy texnikaga elektron plita ishlab chiqarishga qaratilgan, — deydi “Domestic Desire” korxonasi rahbari Murodjon Xudoyqulov. — Toshkent radiotexnika va avtomatika kasb-hunar kolleji bilan o‘rnatilgan hamkorlikdan asosiy maqsadimiz bitiruvchi-yoshlarni o‘z sohasi bo‘yicha ishga  jalb etish hamda zamonaviy texnika va texnologiyalar imkoniyatlarini puxta o‘zlashtirgan, yetuk malakaga ega mutaxassislar tayyorlashga ko‘maklashishdan iborat. Bitiruvchilarni ishga qabul qilishdan avval kollejdagi sharoit bilan yaqindan tanishganimizda o‘quvchilarga dars berish usullari, amaliyot xonalari va bo‘lajak xodimlarimizning bilimi bizga ma’qul kelgan. Korxonamizda ishchilarga barcha qulayliklar yaratilgan. Korxona hisobidan tushlik va kechki ovqat, mavsumiy ish kiyimlari, yoz faslida oromgohlarga imtiyozli yo‘llanma berish shular jumlasidandir. Har oyda eng ilg‘or ishchilar saralanib, muntazam rag‘batlantirib boriladi.

Korxona va kollej o‘rtasidagi hamkorlik Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 6 iyuldagi “Kasb-hunar kollejining Vasiylik kengashi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida”gi 201-sonli qarori asosida, Toshkent radiotexnika va avtomatika kasb-hunar kollejining Vasiylik kengashi to‘g‘risidagi Nizom va 2 may 2015 yildagi “Vasiylik kengashini tashkil etish to‘g‘risida”gi ta’sis shartnomasi asosida yo‘lga qo‘yilgan. Kompaniyalar kollej ma’muriyatiga nafaqat bandlikni ta’minlash masalasi, balki pedagog-xodimlarning malakasini oshirish, kasb ixtisosliklari bo‘yicha o‘quv rejalarni muhokama qilish borasida ham o‘z takliflari, ko‘magini ayamaydi. 

Zamonaviy mehnat bozorida xorijdan sotib olinayotgan tibbiyot uskunalarni yig‘ish, o‘rnatish va ta’mirlashga ehtiyoj yuqori. Shu bois, “Magnum medical service” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan kollejga tibbiyot texnikasi bo‘yicha kadrlar yetkazib berish taklifi kiritilgan edi. 2017-2018 o‘quv yilida “Tibbiyot apparatlarini o‘rnatish, ta’mirlash va xizmat ko‘rsatish texnigi” mutaxassisligi ochildi. Talab yuqori. Ushbu soha bitiruvchilari kelgusida to‘liq ishga joylashishi shubhasiz.

Aslida korxonalar bilan tanishuv o‘quvchilarning 2-kursdagi o‘quv amaliyotidanoq boshlanadi. Amaliyot davrida korxona sinovidan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘z bilimi va mahoratini namoyon eta olgan o‘quvchilarga yil boshidanoq korxonalarning o‘zi ish o‘rni taklif etadi.

Kollejda har yili o‘tkaziladigan “Kasb va mutaxassislik” festivalida o‘quvchilar tomonidan yaratilgan eng yaxshi g‘oya, ixtiro va texnik-ijodiy ishlar namoyish etiladi. Eng sara ishlanma va ratsionalizatorlik takliflari hamkor tashkilotlar ko‘magida rag‘batlantiriladi.

 Farzona KOMILOVA

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − 10 =