Shijoat, yuksak mahorat, xolislik, chuqur tahlil jurnalist faoliyatining bosh mezoni

Men ommaviy axborot vositalari faoliyatini muntazam kuzatib boraman. Lekin, afsuski, islohotlar mohiyati, qabul qilinayotgan qonun va qarorlar ijrosi bilan bog‘liq muammolar, aholi murojaatlari yuzasidan gazeta, tele va radiokanallarda tanqidiy maqola, ko‘rsatuv va eshittirishlar juda kam.

Vaholanki, islohotlar jarayonida ommaviy axborot vositalari xalq manfaatlarining chinakam himoyachisiga aylanishi lozim. Buning uchun ulardan shijoat, professional mahorat, xolislik va chuqur tahliliy salohiyat talab etiladi.

Shavkat MIRZIYOYEV

 

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan hamkorlikda davra suhbati tashkil etildi. 

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbir Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishdagi “Bilimli avlod — buyuk kelajakning, tadbirkor xalq — farovon hayotning, do‘stona hamkorlik esa taraqqiyotning kafolatidir” ma’ruzasida bayon etilgan fikrlardan kelib chiqadigan vazifalarga bag‘ishlandi. 

 Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida keng ko‘lamli yangilanishlar jarayoni amalga oshirilmoqda. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi bugungi kunda respublikamiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishda, innovatsion va industrial rivojlanish sari odimlashda muhim omil bo‘lmoqda. 

Xalq bilan doimiy muloqotda bo‘lish, odamlarning tashvish-muammolarini hal etish, ularni rozi qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur jarayonda ommaviy axborot vositalarining o‘rni va mas’uliyati tobora oshmoqda.

 — Prezidentimiz ma’ruzasida jamoatchilik nazoratini tashkil etish borasida OAV va jurnalistlar oldida turgan vazifalar, bu borada aynan nimalarga e’tibor qaratishimiz zarurligi aniq va tiniq belgilab berildi, — dedi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov. — Ayniqsa, dolzarb mavzularni ko‘tarib chiqishda, ularni ta’sirchan yoritishda shijoat, professional mahorat va muammoga yondashuvda xolislik shuningdek, teran tahliliy salohiyat yetishmayotganiga urg‘u berildi. Bu talablarning barchasi jurnalist shaxsiga, ya’ni har bir qalam ahliga qaratilgani e’tiborga molik. Barcha muammo bizning o‘zimizda. Bugungi muloqotdan maqsad ham shu xususda fikrlashib olish. Biz ma’ruzada ko‘tarilgan muammolar yuzasidan ko‘proq joylarda jonli muloqotlar o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. Shu bilan birga, ijtimoiy dolzarb mavzularga oid tanqidiy-tahliliy chiqishlarni ko‘paytirish uchun ommaviy axborot vositalari tavsiyasiga ko‘ra iste’dodli jurnalistlarni O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi yo‘llanmasi bilan «Ilhom» fondi va «Do‘stlar klubi» hisobidan xizmat safarlariga yuborishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Provardida, el og‘ziga tushgan shunday maqolalarni kitob holida chop etish ham rejamizda bor.

Anjumanda teleradiokanallar, gazeta-jurnallar, internet-nashrlarning faoliyati atroflicha tahlil etildi, bu boradagi muammolar va ularning yechimlari haqida so‘z yuritildi. Qayd etilganidek, amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyati, maqsad-vazifalari, ijrosi, joylarda islohotlar yo‘lida to‘g‘anoq bo‘layotgan muammolar va ularning yechimlari haqidagi tahliliy va tanqidiy materiallar kamligi ta’kidlandi.

— Islohotlar mohiyati, qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlar ijrosi bilan bog‘liq muammolar, aholi murojaatlari gazeta va jurnallar sahifalari, tele va radiokanallarda yoritilishi borasida juda ko‘p mehnat qilishimiz kerak, — dedi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov. — Bizning agentlik respublikadagi nufuzli rasmiy axborot mahkamasi hisoblanadi. Albatta, jamoamiz islohotlar mohiyatini ochib berishda g‘ov bo‘layotgan muammolarni yoritishda faol ishtirok etib kelmoqda. Shuningdek, agentlikning rasmiy saytida har kuni tanqidiy-tahliliy materiallar berilyapti. Lekin, ishimizni yanada jonlantirishimiz zarur. Bu borada ma’ruzadan kelib chiqib rejalarimizni tuzib oldik. Faoliyatimizga berilgan tanqidiy fikrlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, ishimizni yangicha shaklda tashkil etishga kirishamiz. 

Ommaviy axborot vositalari jamiyat hayotida faol bo‘lishi, davlat boshqaruvida bevosita yoki bilvosita ishtirok etishi fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning muhim negizi hisoblanadi. Tadbir ishtirokchilari aholi murojaatlari asosidagi tanqidiy-tahliliy materiallar sifatini oshirish mamlakatimizda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda muhim omil ekani, xalq manfaatlariga xizmat qilishiga e’tibor qaratdilar.

— Konstitutsiyamizning 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanada Prezidentimiz ma’ruzasini katta qiziqish bilan tingladim. Ma’ruzada ommaviy axborot vositalari xususida bildirilgan fikrlar mening ham yuragimga o‘t soldi, — dedi jurnalist Xurshid Do‘stmuhammad. — Meni tashvishga solayotgani — istibdod zamonida jurnalistlar o‘z vazifasini juda yaxshi bilar, eplar edi. Nega bugun bu masalada oqsayapmiz? Tahlilga tayanib, fakt va raqamlar bilan asoslab yozsak, har qanday tanqidiy maqola ta’sir kuchiga ega bo‘ladi. Aytilgan fikrlardan zarur xulosa chiqarib, davlatimiz rahbarining haqiqiy yordamchisiga aylanaylik. Men taklif etilayotgan imkoniyatdan foydalanib, uyushma yo‘llanmasiga binoan viloyatlarga chiqib turkum maqolalar yozish niyatidaman.

 Davra suhbatida tahririyatlar faoliyatini takomillashtirish bilan bog‘liq masalalar, xususan, zamonaviy bilim-ko‘nikmalarga, kreativ yondashadigan yosh kadrlarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi, jurnalist kadrlar tayyorlovchi oliy o‘quv yurtlarida bu borada olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

— Biz davlatimiz rahbarining ushbu ma’ruzasida bildirgan taklif va ko‘rsatmalarini talabalarga chuqur o‘rgatish yuzasidan o‘z rejamizni ishlab chiqdik, — deydi O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzod Qudratxo‘jaev. — Jumladan, shijoat, professional mahorat, xolislik va chuqur tahliliy salohiyat tushunchalari har bir bo‘lg‘usi jurnalist faoliyatining mazmun-mohiyatiga aylanishi lozimligini ularning ongiga singdirishimiz shart. Bu borada universitetda barcha imkoniyatlar yaratilgan. Yurtimizdagi ommaviy axborot vositalarini malakali va professional jurnalistlar bilan ta’minlash bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rgangan holda o‘quv jarayonini tashkil qilayapmiz. Bundan tashqari universitetda oliy ma’lumotli dizaynerlar tayyorlash uchun 13 nafar talaba o‘qitilmoqda. Bugungi kunda aksariyat gazetalarning dizayni bir xil. Ya’ni dizaynerlarimiz bir vaqtning o‘zida bir nechta tahririyatda ishlaydi. O‘z-o‘zidan ular tomonidan yasalgan maket o‘xshash bo‘lib qolayapti. Yangilikka intilish kam. Yaqin yillar ichida talabalarimiz bu muammoni hal etadi degan umiddaman. Shuningdek, davlat organlarining matbuot xizmatlari uchun 144 soatlik malaka oshirish kurslarini tashkil qildik.

— Davra suhbatida ko‘tarilgan masalalar, haqiqatan ham, bugungi kunda dolzarb, — dedi «O‘zbekiston ovozi» gazetasi bosh muharriri Safar Ostonov. — To‘g‘risi, joylarga borib tanqidiy-tahliliy maqola tayyorlash uchun barcha tahririyatlarda ham mablag‘ yetarli emas. Xonada o‘tirib esa yaxshi maqola yozish mushkul. Uyushma rahbariyati tomonidan aytilgan taklifga biz qo‘shilamiz. Agar uyushmamiz tomonidan muxbirlarning joylarga chiqib, shikoyat-arizalar yuzasidan jurnalist tekshiruvini o‘tkazilishida moliyaviy yordam berilsa, bundan ko‘pchilik xursand bo‘ladi. Gazetamiz sahifalarida tanqidiy-tahliliy materiallarni ko‘paytirish uchun tahririyat qoshida jamoatchilik guruhini tuzish va ularni dolzarb mavzularda chiqishlarini tashkil etishni rejalashtirayapmiz. Bundan tashqari, o‘z sohasining yetuk mutaxassislari, deputat va senatorlarni jamoatchi sharhlovchi sifatida jalb etishdan samarali foydalanish niyatimiz bor. 

Anjumanda yirik media tuzilmalar, OAV rahbarlari va yetakchi jurnalistlar, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika hamda O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetlari professor-o‘qituvchilari, talabalari ishtirok etdi. Bildirilgan fikr va takliflar bo‘yicha tegishli dastur va tavsiyalar ishlab chiqishga kelishib olindi.

 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − 6 =